Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Andijon viloyati Xonobod shahrida “Life Khonobod” investitsiya va turistik loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Andijon viloyatining Xonobod shahrida zamonaviy texnologiya asosida maʼdanli ichimlik suvi ishlab chiqarish, eksport geografiyasini kengaytirish va tarmoqqa investitsiyalarni keng jalb etish hamda zamonaviy dam olish majmuasini tashkil etish maqsadida:
1. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Andijon viloyati hokimligining “Water life mineral” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga (keyingi oʻrinlarda — investor) quyidagilarni nazarda tutuvchi loyihani (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish uchun Andijon viloyati, Xonobod shahri, “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yigʻini, “Xonobod” dahasi hududidagi zaxiradagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar hisobidan investorning asoslangan talabiga muvofiq bosqichma-bosqich 10 gektargacha boʻlgan yer uchastkasini doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
I bosqichda — “Life Khonobod” brendi ostida maʼdanli suv ishlab chiqarish, aholi va turistlar uchun ichimliklar galereyasi (byuvet), esdalik buyumlari (suvenir) doʻkoni va oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlar namoyish etiladigan shourumlarni;
II bosqichda — zamonaviy dam olish maskani (mehmonxona majmuasi) tashkil etishni.
2. Belgilansinki, loyihani amalga oshirish doirasida investor quyidagi majburiyatlarni bajarishni oʻz zimmasiga oladi:
I bosqichda (2020-2021-yillar) — oʻz mablagʻlari va xorijiy kreditlarni jalb qilish hisobiga 14,3 mln yevro miqdorida investitsiya kiritish va kamida 200 ta yangi ish oʻrnini yaratish;
II bosqichda (2022-2023-yillar) — oʻz mablagʻlari va bank kreditini jalb qilish orqali 20,0 mlrd soʻm investitsiya kiritish hisobiga zamonaviy 150 oʻrinli dam olish maskani (mehmonxona majmuasi)ni qurish va kamida 30 ta yangi ish oʻrnini yaratish.
3. Andijon viloyat hokimligi (Sh.K. Abduraxmanov):
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (X.S. Turaxujayev) bilan birgalikda loyihani amalga oshirish uchun zarur yer uchastkasi qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini loyihani ishga tushirish muddatiga qadar qoplash sharti bilan investorga ajratib berilishini;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Sh. Qudratov), Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (A.Oʻ. Akkulov) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning 2-bandida belgilangan shartlar asosida investor bilan toʻrt tomonlama investitsiya shartnomasi tuzilishini hamda investor tomonidan qabul qilingan majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan monitoring yuritilishini taʼminlasin.
Bunda, investor tomonidan investitsiya loyihalari, shuningdek, belgilangan ijtimoiy majburiyatlar lozim darajada bajarilmagan taqdirda, yer uchastkasiga boʻlgan huquqni bekor qilib, ushbu yer maydonida avval belgilangan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar parametrlaridan kam boʻlmagan yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun ajratib berilishini taʼminlasin.
4. Qurilish vazirligi (B.I. Zakirov):
Andijon viloyati hokimligi (Sh.K. Abduraxmanov) bilan birgalikda loyiha amalga oshirilishi munosabati bilan Xonobod shahri bosh rejasiga tegishli oʻzgartirish kiritilishini taʼminlasin;
loyihani amalga oshirish doirasida bajariladigan qurilish-montaj ishlari shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi yuzasidan nazorat oʻrnatsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining turizm va sport masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 26-noyabr,
PQ-4902-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2020-y., 07/20/4902/1564-son)