Jizzax viloyati Xalq deputatlari Zomin tumani Kengashining
qarori
Tumandagi “Sharof Rashidov” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi nomsiz koʻchaga nom berish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 41-son 448-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 41-42-son 483-modda) ijrosini taʼminlash, shuningdek geografik obyektlarni nomlash sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 6-moddasiga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Tumandagi “Sharof Rashidov” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi nomsiz koʻchaga nom berish boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻinining arizasiga asosan bildirilgan takliflari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tuman statistika boʻlimi (Q. Keldibekov), Tuman yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi (D. Shodmonbekov), Tuman davlat arxitektura va qurilish boʻlimi (B. Yuldoshev) hamda tegishli mutasaddi davlat organlariga amaldagi tartibda nom berilgan koʻchaning tarkibiy qismlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va elektron bazasini shakllantirish, ish yuritish hujjatlariga oʻzgartirish kiritish bilan bogʻliq barcha tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatilsin.
3. Tuman ichki ishlar boʻlimi (F. Toʻychiyev) Sharof Rashidov mahalla fuqarolar yigʻinidagi nom berilgan koʻchada yashovchi aholining fuqarolik pasportlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish ishlarini tashkiliy ravishda amalga oshirsin.
4. Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha tuman komissiyasiga yangi nom berilgan koʻchaning tarkibiy qismlariga uning nomlari yozilgan koʻrsatgich va belgilar, peshlavhalarni bosqichma-bosqich oʻrnatilishini taʼminlasin.
5. Tuman “Sharq tongi” gazetasi (Oʻ. Berdibekov)ga ushbu qaror gazeta sahifasida yoritilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash xalq deputatlari tuman Kengashining ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati va sogʻlom avlodni tarbiyalash masalalari doimiy komissiyasi (I. Toʻpchiyeva) zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Tuman Kengashi raisi, tuman hokimi A. Abdugʻaniyev
Zomin t.,
2019-yil 17-dekabr,
52/2-son