Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatda taʼlim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, bogʻcha tarbiyalanuvchilari, oʻquvchi va talaba yoshlarda zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish, taʼlim tizimlari hamda ilm-fan sohasi oʻrtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, taʼlimning uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, milliy taʼlim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-maʼrifat egalari, jismoniy va maʼnaviy sogʻlom insonlar etib tarbiyalash, taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda.
Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini takomillashtirish, jamiyatimizda oʻqituvchi va pedagog xodimlar, ilmiy va ijodkor ziyolilarga boʻlgan hurmat-eʼtiborni yanada oshirish, oʻquvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, tizimda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
mamlakat taraqqiyoti uchun yangi tashabbus va gʻoyalar bilan maydonga chiqib, ularni amalga oshirishga qodir boʻlgan, intellektual va maʼnaviy salohiyati yuksak yangi avlod kadrlarini tayyorlash, taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari zamonaviy kasb egalari boʻlishlari uchun ularda zarur koʻnikma va bilimlarni shakllantirish;
dunyo miqyosidagi bugungi keskin raqobatga bardosh bera oladigan milliy taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish, ularning yangi avlodini yaratish, oʻquv dasturlari va standartlarini optimallashtirish;
taʼlim-tarbiya muassasalarining rahbar xodimlari, pedagog va murabbiylari, professor-oʻqituvchilari va ilm-fan sohalari vakillarining jamiyatimizdagi oʻrni va maqomini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va faoliyat samaradorligiga qarab moddiy ragʻbatlantirish;
pedagog xodimlarning kasbiy mahorati va faoliyat samaradorligini muntazam oshirib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, malaka oshirish tizimini “hayot davomida oʻqish” tamoyili asosida takomillashtirib borish;
ilmiy-tadqiqot va taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha xususiy sektorning salmogʻini kengaytirish, hududlarda nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashkil etish orqali raqobat muhitini shakllantirish, taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan xolda taʼlimni boshqarishni avtomatlashtirish va har tomonlama tahlil qilib borish tizimini yaratish, elektron resurslar va masofaviy taʼlimni yanada rivojlantirish, taʼlim oluvchilar oʻrtasida IT-sohasidagi kasblarni ommalashtirish;
ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish, ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish, iqtidorli yosh olimlarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish, mavjud ilmiy tashkilotlar salohiyatini yanada mustahkamlash va rivojlantirish;
taʼlim tizimiga yuqori samarali xalqaro amaliyotni joriy etish, respublika taʼlim tashkilotlarini nufuzli xalqaro reytinglarga kiritish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish.
2. Xalq taʼlimi vazirligi:
a) Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar malakali pedagog, ilmiy xodimlar, psixolog va xorijiy ekspertlarni (shu jumladan, Finlyandiyaning malakali mutaxassislarini) jalb qilgan holda Milliy oʻquv dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ishlab chiqsin va unda quyidagilarni nazarda tutsin:
tayanch oʻquv rejasini takomillashtirish hamda oʻzaro uzviy bogʻliq fanlarni birlashtirish hisobiga ularning sonini optimallashtirish;
oʻquvchilarni kelgusi hayotga tayyorlash va ularga oʻz bilim va koʻnikmalaridan amaliyotda foydalanishni oʻrgatuvchi malaka talablarini sinflar kesimida ishlab chiqish;
fanlararo oʻzaro aloqadorlik va sinflar kesimida davriylikka toʻliq rioya qilgan holda oʻquv dasturlari oʻrtasida uzviylikni taʼminlash;
yangi avlod darsliklarini oʻqituvchining metodik qoʻllanmasi, oʻquvchining mashq daftari va multimedia ilovasi bilan birga kompleks tarzda yaratish va nashr etish;
oʻquvchilarning fan boʻyicha egallagan bilimlari bilan bir qatorda savodxonlik, kompetensiya va shaxsiy sifatlarini baholash hamda kasblarga boʻlgan qiziqishini aniqlash tizimini joriy etish;
b) 2021-yil 1-mayga qadar Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda Dasturning ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalarida ekspertizadan hamda keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tayanch umumtaʼlim muassasalarini belgilasin hamda Dasturni 2021/2022 oʻquv yilida ularning taʼlim jarayoniga tajriba-sinov tariqasida joriy qilsin.
3. 2021-yil 1-martdan boshlab pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda litsenziyaga ega nodavlat taʼlim tashkilotlariga xalq taʼlimi sohasida faoliyat koʻrsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning (keyingi oʻrinlarda — xalq taʼlimi xodimlari) malakasini oshirish huquqi berilsin.
Bunda:
xalq taʼlimi xodimlari oʻz ixtiyoriga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarida yoki litsenziyaga ega nodavlat taʼlim tashkilotlarida malakasini oshirishi mumkin;
oliy taʼlim tashkilotlari va nodavlat taʼlim tashkilotlarining pedagog kadrlar malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan ushbu maqsadlar uchun Xalq taʼlimi vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab:
maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari davlat taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarini (keyingi oʻrinlarda — pedagog xodimlar) attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifasini berish boʻyicha hujjatlarni qabul qilish Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytidagi maxsus portal orqali amalga oshiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
pedagog xodimlarga barcha malaka toifalarini berish, shuningdek, talabgorlarni attestatsiyadan oʻtkazish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, pedagog xodimlarning oliy maʼlumot yoki qayta tayyorlash kurslaridan oʻtganligi haqidagi diplomida koʻrsatilgan tayyorlov, taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassislik yoki ixtisosliklarga mos keladigan fanlardan imtihonlar tashkil qilinadi va axborot tizimlarini qoʻllagan holda ularning faoliyat samaradorligi baholanadi;
pedagog xodimlarga malaka toifalarini berish boʻyicha navbatdagi attestatsiyadan oʻtkazganlik uchun yigʻim undirilmaydi, navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
5. Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining umumtaʼlim muassasasini saqlash uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar miqdorini kamaytirmagan holda Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Nukus shahri va viloyatlar markazlaridagi navbatlilik koeffitsiyenti 0,7 dan past boʻlgan umumtaʼlim muassasalarini tajriba-sinov tariqasida xususiy sektor vakillariga 5 yilga ishonchli boshqaruvga (keyinchalik uzaytirish huquqi bilan) berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda:
ishonchli boshqaruvchi umumtaʼlim muassasasida taʼlim olayotgan hamda unga biriktirilgan mikrohudud oʻquvchilarini bepul oʻqitish, ularning raqobatbardoshligini taʼminlash, taʼlim sifatini oshirish, umumtaʼlim muassasasining koʻrsatkichlarini yuqori darajaga olib chiqish, binolarini taʼmirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy oʻquv jihozlari va laboratoriya uskunalari bilan taʼminlash boʻyicha investitsiya majburiyatlarini oladi;
ishonchli boshqaruvchiga umumtaʼlim muassasasining boʻsh turgan binolari va yer maydonlari nodavlat taʼlim, sport va madaniyat tashkilotlari (shu jumladan, toʻgaraklar, seksiyalar, kurslar, markazlar) faoliyatini tashkil etish uchun ajratiladi;
umumtaʼlim muassasasining boʻsh turgan binolari va yer maydonlarini ishonchli boshqaruvchiga ajratish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xalq taʼlimi vazirining qabul qilgan qaroriga asosan amalga oshiriladi.
6. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4306-son qarorida roʻyxati belgilangan xalqaro fan olimpiadalarida gʻoliblik (oltin, kumush, bronza medali)ni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni tayyorlagan umumtaʼlim muassasalarining oʻqituvchilariga — oliy, akademik litsey va kasb-hunar maktablarining oʻqituvchilariga — bosh oʻqituvchi malaka toifasi beriladi;
respublika fan olimpiadalarida va koʻrik-tanlovlarning respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni tayyorlagan oʻqituvchilarning malaka toifasi bir pogʻonaga oshiriladi;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va kasb-hunar maktablari pedagoglariga 2020-yil 1-noyabrdan boshlab sinf (guruh) rahbarligi uchun qoʻshimcha toʻlovlar 1,5 baravarga oshiriladi;
2021-yil 1-apreldan boshlab Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori — oliy toifali oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga, kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilarining ish haqi miqdori — bosh oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan va oliy pedagogik maʼlumotga ega boʻlmagan oʻqituvchilar uchun bakalavriatning sirtqi taʼlim shakli boʻyicha alohida maqsadli qabul parametrlari ajratiladi;
2021-yil 1-yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarida har oylik pul kompensatsiyasi beriladi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilarining oliy hamda professional taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirish hamda ishga joylashish koʻrsatkichlari asosida direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan umumtaʼlim muassasalari rahbar xodimlari quyidagi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida ragʻbatlantiriladi:
oʻquvchilarining 90 foizi va undan ortiq qismi oliy hamda professional taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan umumtaʼlim muassasalarining direktorlari — 12 baravar, direktori oʻrinbosarlari — 6 baravardan;
oʻquvchilarining 85 — 89 foiz qismi oliy hamda professional taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan umumtaʼlim muassasalarining direktorlari — 9 baravar, direktori oʻrinbosarlari — 4,5 baravardan;
oʻquvchilarining 80 — 84 foiz qismi oliy hamda professional taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan umumtaʼlim muassasalarining direktorlari — 6 baravar, direktori oʻrinbosarlari — 3 baravardan.
Bunda:
oʻquvchilarning umumiy sonini hisoblaganda muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan oʻquvchilar hisobga olinmaydi;
umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashish koʻrsatkichlari ular maktabni tamomlagan vaqtdan boshlab joriy yil yakuniga qadar boʻlgan davrda 3 oydan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritgan hollarda shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi maʼlumotlari asosida shakllantiriladi.
8. Moliya vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 2024/2025 oʻquv yiliga qadar faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan umumtaʼlim muassasalari pedagoglarining oylik maoshini mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 15 baravarigacha bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Belgilansinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan har yili tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingi tuziladi;
Keyingi tahrirga qarang.
tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi oʻrinni egallagan umumtaʼlim muassasalari direktorlari mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik ragʻbatlantiriladi;
xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari va metodistlariga, umumtaʼlim muassasalari direktorlariga hamda tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi beshta oʻrinlarni egallagan umumtaʼlim muassasalarining 2 nafar oʻqituvchilariga Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hisobidan sanatoriylarda dam olish uchun bepul yoʻllanmalar beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi (diplom ilovasi)ga majburiy 11 yillik taʼlimning soʻnggi 6 yillik baholari oʻrtacha koʻrsatkichi kiritiladi va ushbu koʻrsatkich oliy taʼlim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Xalq taʼlimi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan birgalikda 2022/2023 oʻquv yiliga qadar oʻquvchilar bilimini baholash jarayonini raqamlashtirish va shaffofligini taʼminlash maqsadida barcha umumtaʼlim muassasalarida “Elektron kundalik” dasturini joriy qilsin.
Davlat test markazi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar keng jamoatchilik bilan muhokama qilgan holda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy taʼlim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. 2021-yil 1-yanvardan boshlab umumtaʼlim muassasalari direktorlarini lavozimga tayinlash hamda ish beruvchining tashabbusiga koʻra lavozimidan ozod etishning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar boshqarmalari va Toshkent shahar bosh boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda — hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari) tomonidan tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda:
umumtaʼlim muassasalarining boʻsh direktor lavozimlari uchun hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari kiritgan nomzodlar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlovdan oʻtkaziladi;
umumtaʼlim muassasasi direktorligi uchun nomzodlar tanlovda tegishli umumtaʼlim muassasasi koʻrsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish boʻyicha oʻz dasturi (keyingi oʻrinlarda — 3 yillik dastur) bilan ishtirok etadi;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlov natijalariga koʻra umumtaʼlim muassasasi direktori lavozimiga tayinlash uchun eng yaxshi 3 yillik dastur egasi shaffoflik tamoyillari asosida tanlab olinadi hamda lavozimga tayinlash uchun hududiy xalq taʼlimi boshqarmalariga taqdim etiladi;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlab olingan nomzod hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan umumtaʼlim muassasasi direktori lavozimiga tayinlanadi;
umumtaʼlim muassasasi direktori yil yakuni boʻyicha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari va jamoatchilik vakillariga 3 yillik dasturning ijrosi yuzasidan hisobot beradi va hisobot natijasiga koʻra uning faoliyatiga xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan baho berib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmasi boshliqlari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi boshligʻi, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari bir vaqtning oʻzida tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining taʼlim va tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilari hisoblanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
13. 2021-yil 1-yanvardan boshlab har bir umumtaʼlim muassasasida Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi joriy etilsin.
Belgilansinki:
a) Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar, oliy taʼlim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va oʻqituvchilari jalb qilinadi;
b) Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimiga tayinlangan:
taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlarning mehnatiga — umumtaʼlim muassasalaridagi “Yoshlar yetakchisi” lavozimining 0,25 shtat birligi hisobidan;
Keyingi tahrirga qarang.
oliy taʼlim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va oʻqituvchilarining mehnatiga — mazkur oliy taʼlim muassasalarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan haq toʻlanadi;
v) Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilarga yosh avlodni maʼnan barkamol etib tarbiyalash, maktab oʻqituvchilari va faol oʻquvchilarining ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka yetkazishga koʻmaklashish, turli xildagi viktorinalar, mushoiralar, adabiy kechalar, qiziqarli darslar, kitobxonlik va sheʼrxonlik musobaqalarini tashkil etish vazifalari yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
umumtaʼlim muassasalari direktorlarining maʼnaviy maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarini lavozimga tayinlash tuman (shahar) maʼnaviyat-maʼrifat markazi tavsiyasiga asosan amalga oshiriladi;
umumtaʼlim muassasalari direktorlarining maʼnaviy maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari yil yakuni boʻyicha tuman (shahar) maʼnaviyat-maʼrifat kengashiga hisobot beradi va hisobot natijasiga koʻra uning faoliyatiga baho berib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilari oʻz iqtidori va qiziqishlariga mos kasbni tanlab olishi, mehnat bozorida munosib oʻrnini topishi, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatga erishishi uchun “Kasbga yoʻnaltirish tizimi” joriy etilsin.
Mazkur tizim doirasida:
a) Xalq taʼlimi vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
Keyingi tahrirga qarang.
7-sinfdan boshlab oʻquvchilar oʻrtasida interaktiv soʻrovnomalar oʻtkazsin, kasb-hunarga boʻlgan qiziqishini aniqlasin va ularning maʼlumotlar bazasini yaratsin;
7-sinf oʻquvchilari uchun har oyda bir marta “Kasblar olamiga sayohat” mavzusida maxsus kurslar olib borsin;
8-sinf oʻquvchilari uchun har chorakda kamida bir marotaba “Mening kelajakdagi kasbim” mavzusida seminar-treninglar olib borsin hamda oʻquvchilarni kelajakda egallamoqchi boʻlgan kasblarga yoʻnaltirsin;
9-sinf oʻquvchilarining kasbiy moyilligi boʻyicha oʻtkazilgan pedagogik-psixologik tashxislar natijalari asosida kelgusida aniq ishchi kasblar boʻyicha kasb-hunar maktablarida taʼlim olishi mumkin boʻlgan oʻquvchilar oʻrtasida kasbga yoʻnaltirish ishlarini olib borsin;
b) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
Keyingi tahrirga qarang.
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblari klassifikatorida umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilari shugʻullanishi mumkin boʻlgan kasb va lavozimlarni belgilasin hamda ularning professional standartlarini ishlab chiqsin;
umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun maxsus kasbiy tayyorgarlikni talab qilmaydigan mutaxassisliklarga oʻqitish boʻyicha qisqa muddatli kurslarni tashkil qilsin;
oʻquvchilarning maktab fanlari boʻyicha amaliy darslarini salohiyatli ish beruvchilar, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi korxonalari, klasterlar va kooperatsiyalarda oʻtkazilishini taʼminlasin;
tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari hamda yaqin masofada joylashgan kasb-hunar maktablarida umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilarini kasbga yoʻnaltirish boʻyicha maxsus “situatsion xona”larni tashkil etsin, elektron dastur va koʻrgazmali materiallarni ishlab chiqsin;
tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlari rahbarlari tomonidan umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun kasbga yoʻnaltirish boʻyicha amaliy darslar oʻtkazilishini taʼminlasin.
16. Belgilansinki, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:
amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish maqsadida professional taʼlim muassasalarida dual taʼlim tizimi joriy etiladi;
dual taʼlim tizimi asosida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtayotgan oʻquvchilarga ish beruvchi bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasiga muvofiq ish haqi toʻlanadi;
professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning kasbiy malakasini “WorldSkills” standartlari asosida baholash tartibi bosqichma-bosqich joriy qilinadi va ishchi kasblar boʻyicha “WorldSkills Uzbekistan” musobaqalari oʻtkaziladi;
professional taʼlim muassasalariga xorijiy mamlakatlardagi taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlashni tashkil etish vakolati beriladi.
17. Oliy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingi nufuzini oshirish maqsadida:
milliy reytingda soʻnggi 3 yil davomida doimiy ravishda birinchi 3 ta oʻrindan birini egallab kelayotgan oliy taʼlim tashkilotlariga oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash boʻyicha akademik va moliyaviy mustaqillik berilsin hamda mustaqillik mezonlari Yevropa universitetlari assotsiatsiyasi standartlariga muvofiq qabul qilinsin;
milliy reytingda birinchi 10 ta oʻrindan birini egallagan oliy taʼlim tashkilotiga mavjud ixtisosliklar boʻyicha ilmiy unvonlarni mustaqil berish vakolati berilsin.
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va tizimida oliy taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar 2021-yil 1-fevralga qadar 2030-yilgacha xalqaro reytinglarda 2 ta oliy taʼlim tashkilotini — birinchi 500 ta oʻrindagi, 8 ta oliy taʼlim tashkilotini — birinchi 1 000 ta oʻrindagi oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatiga kiritish uchun tegishincha “2+500” va “8+1 000” loyihalarini ishlab chiqsin va taqdimot qilsin.
18. Oliy taʼlim sohasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar har bir hududda nodavlat, jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida kamida bittadan oliy taʼlim tashkilotini tashkil qilsin.
19. Axborot texnologiyalari, biologiya, kimyo va geologiya-mineralogiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini berish vakolati taqdim etiladigan ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
20. Belgilansinki, 2021-yildan boshlab oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar buyurtmasiga muvofiq ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi tematik grantlar koʻlami kengaytiriladi, doktoranturaga qabul bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
21. Mazkur Farmonning alohida bandlari ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha harakatlar rejasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5538-son Farmoni 4-bandining beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
23. Xalq taʼlimi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
24. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-noyabr,
PF-6108-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi PF-6108-son Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
Axborot texnologiyalari, biologiya, kimyo va geologiya-mineralogiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Dsc) ilmiy darajalarini berish vakolati taqdim etiladigan ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlari
roʻyxati
|
T/r |
Ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkiloti nomi |
|
Kimyo fanlari | |
|
1. |
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti |
|
2. |
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti |
|
3. |
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti |
|
Biologiya fanlari | |
|
1. |
Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo instituti |
|
2. |
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti |
|
3. |
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti |
|
Geologiya-mineralogiya fanlari | |
|
1. |
Mineral resurslar instituti |
|
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari | |
|
1. |
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti |
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2020-y., 06/20/6108/1483-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2021-y., 07/21/5234/0826-son; 11.05.2022-y., 06/22/134/0407-son; 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son; 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son; 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son; 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son)