Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 30-iyuldagi PQ-4794-son qarori ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 30-iyuldagi PQ-4794-son qarori 5-bandiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzurida Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashining tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M. Umarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-oktabr,
681-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 681-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Gʻ.O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya institutining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida alohida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida yigʻiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-oktabrdagi 666-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2025-y., 09/25/666/0965-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-yanvar)
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
respublika budjetidan amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlari uchun ajratilgan grant mablagʻlari;
Vazirlar Mahkamasining hisob-kitoblariga asosan respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlari;
Jamgʻarmaning boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan asosiy yoʻnalishlar hisoblanadi:
seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga koʻmaklashish, tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar ajratish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda tashkil qilish va ularda ishtirok etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;
ilmiy laboratoriyalarni zarur asbob-uskunalar, hisoblash texnika vositalari hamda butlovchi materiallar bilan taʼminlash va ularni oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;
respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash sohasiga raqamlashtirilgan texnologiyalarni joriy etish, seysmik chidamli qurilish boʻyicha milliy dasturlarni ishlab chiqish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni moliyalashtirish;
seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlarining sohaga oid faoliyat yoʻnalishi boʻyicha moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlarning elektron texnik pasportlarini shakllantirish jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni moliyalashtirish;
yuksak ilmiy natijalarga erishgan va fan rivojiga munosib hissa qoʻshgan olimlarni, shu jumladan, yosh ilmiy xodimlarni qoʻllab-quvvatlash.
Oldingi tahrirga qarang.
seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida ilmiy tadqiqotlarni va kuzatuvlarni olib borayotgan tashkilot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-sentabrdagi 497-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan)
5. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizligini taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tomonidan tasdiqlangan Jamgʻarmaning daromad va xarajatlari yillik parametrlariga muvofiq xarajat qilinadi.
6. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga olib qoʻyilmaydi va ulardan keyingi yilda foydalaniladi.
3-bob. Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish
7. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish Kengash tomonidan amalga oshiriladi.
Kengash tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchisi Kengash raisi hisoblanadi.
9. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va sarflash Kengash qarori asosida amalga oshiriladi.
Kengashning qarori Kengash majlisining bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Kengashning majlislari rais tomonidan oʻtkaziladi. Kengash raisi boʻlmagan taqdirda, Kengash raisining oʻrinbosari tomonidan Kengash majlislari oʻtkazilishi mumkin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-sentabrdagi 497-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Kengash majlisining bayonlari Kengash raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 84-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2024-y., 09/24/84/0118-son)
11. Kengashning majlislari zaruratga qarab oʻtkaziladi.
12. Kengashning majlisi unda Kengash aʼzolari umumiy sonining 70 foizidan ortigʻi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
13. Kengash qarorlari ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Kengashning qarori majlisda ishtirok etgan aʼzolarning koʻpchiligi ovoz bergan taqdirda, qabul qilingan hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Kengash kotibi ovoz berish huquqiga ega.
14. Kengash:
Jamgʻarmaga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va uning faoliyatini nazorat qiladi;
Jamgʻarmaning daromad va xarajatlari yillik parametrlari, ularning ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni, shuningdek, Jamgʻarmaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaning yillik ish reja va dasturlarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan alohida tadbirlarni moliyalashtirish tartibini belgilaydi;
Jamgʻarmaga xorijiy investitsiyalar, grantlar hamda homiylik xayriyalarini jalb qilishda koʻmaklashadi;
Jamgʻarma faoliyatiga taalluqli masalalarni koʻrib chiqadi va ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Kengash aʼzolari Jamgʻarmani boshqarish boʻyicha faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Kengashning ishchi organi Vazirlar Mahkamasining Seysmik xavfsizlikni taʼminlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻlimi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi organ) hisoblanadi.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 84-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2024-y., 09/24/84/0118-son)
Ishchi organ:
Jamgʻarmaning daromad va xarajatlari yillik parametrlarini tayyorlaydi va Kengash majlislarida koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Jamgʻarmaning daromad va xarajatlari yillik parametrlariga oʻzgartirishlar kiritish hamda Jamgʻarma mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi va Kengash majlislarida koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Jamgʻarmadan mablagʻ ajratishga oid murojaatlarini umumlashtiradi va zarur tahliliy materiallar bilan birga Kengash majlislarida koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Jamgʻarmaning tushumlar manbalari boʻyicha daromadlari va asosiy xarajatlar yoʻnalishlari boʻyicha hisobotlarni tayyorlaydi hamda har chorak yakuni boʻyicha Kengashga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi;
Kengash majlislari bayonlarini rasmiylashtiradi va saqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali sarflanishini nazorat qiladi.
4-bob. Jamgʻarmaning mablagʻlarini hisobga olish va hisob-kitobini yuritish
Oldingi tahrirga qarang.
16. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Gʻ.O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya institutining buxgalteriyasi tomonidan belgilangan tartibda yuritiladi.
Jamgʻarma mablagʻlarining buxgalteriya hisobini yuritgan xodimlar Kengash qaroriga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan har yili ikki marta mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining toʻrt barobarigacha moddiy ragʻbatlantiriladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 84-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2024-y., 09/24/84/0118-son)
17. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanish uchun masʼuliyat Ishchi organ zimmasiga yuklatiladi.
18. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi hamda belgilangan muddatlarda hisobot beradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
19. Jamgʻarmani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 681-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashining
TARKIBI
|
1. |
A.N. Aripov |
— |
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Kengash raisi |
|
2. |
A.J. Ramatov |
— |
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Kengash raisining oʻrinbosari |
|
3. |
A.X. Qoʻldoshev |
— |
favqulodda vaziyatlar vaziri |
|
4. |
K.A. Sharipov |
— |
oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri |
|
5. |
Sh.R. Xamrayev |
— |
suv xoʻjaligi vaziri |
|
6. |
I.I. Norqulov |
— |
iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari |
|
7. |
D.K. Adilov |
— |
qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari |
|
8. |
S.Z. Mirzayev |
— |
Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti |
|
9. |
D.A. Bekmirzayev |
— |
Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimi, Kengash kotibi |
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 84-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2024-y., 09/24/84/0118-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 09/20/681/1448-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 13.02.2024-y., 09/24/84/0118-son; 23.10.2025-y., 09/25/666/0965-son)