Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Favqulodda vaziyatlardan jabr koʻrgan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishning qoʻshimcha choralari toʻgʻrisida
Favqulodda vaziyatlar oqibatida zarar koʻrgan fuqarolarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek ularning oʻziga bogʻliq boʻlmagan tarzda yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarini tiklashda amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlash mexanizmlarini joriy etish maqsadida:
1. Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar, noturar-joyning yongʻini yoki qulashi, transport vositasining yongʻini) (keyingi oʻrinlarda — ofatlar) yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarini tiklash uchun tegishli vakolatli davlat organiga murojaat qilinganda, ularni toʻlovlardan ozod qilish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslar mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda davlat boji va yigʻim (gerb, konsullik yigʻimi va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻim va davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun belgilangan narx)lardan (keyingi oʻrinlarda — toʻlovlar) ozod qilinadi.
Ofatlar yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan va tiklanishda tegishli toʻlovlardan ozod qilinadigan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, ofatlar yuz berganligi holatlarini tasdiqlash, zarurat boʻlganda, muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatni tiklash vakolati boʻlgan davlat organining soʻroviga asosan:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida — Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan beriladigan maʼlumotnoma asosida;
xorijiy davlatlar hududida — xorijiy davlat vakolatli idoralari tomonidan berilgan va legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan yoxud Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq rasmiylashtirilgan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
Mazkur bandning uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan maʼlumotnomalar mavjud boʻlmagan taqdirda, muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklash Tashqi ishlar vazirligi orqali Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalaridan olinadigan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ofatlar yuz berganligi oqibatida yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklaganlik uchun undirilmagan toʻlovlar va boshqa haqiqiy xarajatlar, basharti mazkur holatlar yuzasidan aybdor boʻlgan shaxslar (tashkilotlar) mavjud boʻlsa, keyinchalik ulardan regress tartibida undiriladi;
ofatlar yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlari yoʻqotilsa yoki yaroqsiz holga kelsa, ularga nisbatan jazo choralari qoʻllanilmaydi.
5. Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi ikki hafta muddatda tegishli ravishda ushbu qarorning 2-bandida belgilangan tartibning oʻrnatilishi munosabati bilan qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Adliya vazirligiga takliflar kiritsin.
Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-oktabr,
PQ-4871-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-oktabrdagi PQ-4871-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ofatlar yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan va tiklanishda tegishli toʻlovlardan ozod qilinadigan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxs va xorijiy fuqaro identifikatsiya ID-kartasi (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti).
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti.
3. Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun guvohnoma.
4. Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxsning xorijga chiqish uchun biometrik harakatlanish hujjati.
5. Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan chet el fuqarosiga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga pasportning yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatning yoʻqolganligi haqidagi maʼlumotnoma.
6. Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet ellik fuqarolarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yashash uchun ruxsatnoma.
7. Oʻzbekiston Respublikasiga taklif qilish toʻgʻrisidagi hujjatlar.
8. Chaqiruv uchastkasida qayd etilganlik haqidagi guvohnoma.
9. Harbiy guvohnoma va zaxiradagi ofitserning guvohnomasi.
10. Transport vositasining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik guvohnomasi.
11. Haydovchilik guvohnomasi.
12. Yoʻqotilgan haydovchilik guvohnomasi oʻrniga vaqtinchalik ruxsatnoma.
13. Tugʻilganlik haqida guvohnoma.
14. Nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma.
15. Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma.
16. Oʻlim haqida guvohnoma.
17. Notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlari, hujjatlarning koʻchirma nusxalari hamda reyestrlardan koʻchirmalar.
18. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan rasmiylashtiriladigan maʼlumotnomalar.
19. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan talab qilib olinadigan ushbu roʻyxatning 8 — 17-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarning koʻchirma nusxasi, dublikati hamda ularning mavjudligi haqida maʼlumotnomalar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2020-y., 07/20/4871/1405-son)