Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“IPAK YOʻLI TURIZMI” XALQARO TURISTIK YaRMARKANI TAYYORLASh VA OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasining jahon turistik tashkiloti homiyligida Toshkent shahrida 1995-yil 3 — 6-oktabrda “Ipak yoʻli turizmi” xalqaro turistik yarmarka oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Yarmarkani oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Tashkiliy qoʻmita xalqaro yarmarkani tayyorlash va oʻtkazishga doir tadbirlar dasturi hamda rejasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi “Ipak yoʻli turizmi” turistik yarmarkani tayyorlash va oʻtkazish boʻyicha vaqtinchalik direksiya tashkil qilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi bilan birgalikda “Ipak yoʻli turizmi” xalqaro turistik Yarmarkani tayyorlash va oʻtkazishga doir tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xalqaro Yarmarka qatnashchilari uchun kelish vizalarini boj olmasdan rasmiylashtirishni taʼminlasin.
6 “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik temir yoʻl kompaniyasi, “Oʻzavtotrans”, “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyalari, “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi yarmarkada mustaqil ekspozitsiya stendlari bilan qatnashsinlar.
7. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, Tashqi ishlar vazirligi:
xalqaro turistik yarmarka qatnashchilarini kutib olish va kuzatib qoʻyishni VIR zali orqali, xizmat koʻrsatish haqi va tegishli yigʻimlarni olmasdan tashkil etsinlar;
“Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi bilan birgalikda imtiyozli tariflar boʻyicha soʻm bilan haq olgan holda Toshkent — Samarqand — Buxoro — Urganch — Toshkent charter reysini tashkil etsinlar.
8. Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi xorijiy firmalar va kompaniyalar keltirishgan yarmarkaning koʻrgazma eksponatlari va tovarlarining boj olmasdan keltirilishi hamda olib ketilishini taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi, Madaniyat ishlari vazirligi “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi bilan birgalikda turli folklor guruhlari ishtirokidagi maxsus madaniy dasturni ishlab chiqsin va yarmarka oʻtkaziladigan joylarda ularning chiqishlarini tashkil qilsin.
10 Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yarmarka oʻtkaziladigan va qatnashchilar yashaydigan joylarda jamoat tartibini saqlashni, shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi transportning harakat xavfsizligini taʼminlasin.
11. “Oʻzdavteleradio”, OʻzA turistik yarmarkani tayyorlash va oʻtkazishning borishini ommaviy axborot vositalarida keng yoritsinlar.
12. Turar joy, ovqatlanish, koʻrgazma maydonchalarini ijaraga olish, reklama-badiiy bezash va boshqa qoʻshimcha xizmatlar xarajatlari qatnashchilar hisobidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi hisobidan amalga oshiriladi.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari S Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 2-mart,
78-son