Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Toshkent shahrida Kreditanstalt fur Wiederausbau (KfW)ning mahalliy byurosini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari oʻrtasidagi mavjud munosabatlarni inobatga olib,
iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va chuqurlashtirish muhimligini anglagan holda,
2001-yil 3-aprelda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasida texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (keyingi oʻrinlarda “Texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim” deb ataladi) hisobga olib,
sherikchilik ruhidagi hamkorlikni rivojlantirish orqali mazkur doʻstona munosabatlarni mustahkamlash va faollashtirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mahalliy byuroni tashkil etish
Mahalliy byuroni tashkil etish
Rivojlanish maqsadidagi hamkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlar Toshkent shahrida Kreditanstalt fur Wiederausbau (KfW)ning mahalliy byurosini (keyingi oʻrinlarda “KfW byurosi” deb ataladi) tashkil etadilar.
2-modda
Texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning qoʻllanilishi
Texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning qoʻllanilishi
Agar mazkur Bitimda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim qoidalari KfW byurosi faoliyatiga nisbatan tadbiq etiladi.
3-modda
KfW byurosining vazifalari
KfW byurosining vazifalari
KfW byurosi quyidagi vazifalarni bajaradi:
(a) Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati nomidan amalga oshiriladigan moliyaviy hamkorlik loyihalari va dasturlarini (keyingi oʻrinlarda “loyiha va dasturlar” deb ataladi) tayyorlash va amalga oshirishda hamkor davlat hamda loyihani ijro etuvchi agentliklarga koʻmaklashish,
(b) KfW tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy hamkorlik loyiha va dasturlari bilan bogʻliq amaliy hamda maʼmuriy muvofiqlashtirish,
(c) mintaqada loyiha va dasturlar doirasiga kirmaydigan boshqa hududiy vazifalarni bajarish,
(d) Oʻzbekiston Respublikasida KfW nomidan vakillik qilish,
(e) zarur hollarda, loyiha va dasturlarni amalga oshiradigan boshqa tashkilotlarga imkoniyatlar yaratish hamda maʼmuriy yordam koʻrsatish.
4-modda
Germaniya Federativ Respublikasi Hukumatining majburiyatlari
Germaniya Federativ Respublikasi Hukumatining majburiyatlari
Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati mazkur Bitimni amalga oshirishga quyidagi tarzda hissa qoʻshadi:
(a) KfW byurosining barcha investitsion va boshqaruv xarajatlarini qoplaydi,
(b) KfW byurosi faoliyatini amalga oshirish uchun qisqa va uzoq muddatga yuborilgan mutaxassislarning va KfW byurosi tomonidan yollangan xodimlarning xarajatlarini qoplaydi,
(c) Texnik hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning 4-moddasida koʻrsatilgan majburiyatlar bajarilishini kafolatlaydi,
(d) mutaxassislarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda anʼana va urf-odatlarini hurmat qilishlarini taʼminlaydi.
5-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati quyidagi tarzda hissa qoʻshadi:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining KfW byurosining xavfsizligi hamda himoyasini kafolatlash uchun lozim darajada harakat qilishini taʼminlaydi,
(b) KfW byurosi uchun import qilinib, yuqoridagi 3-moddada qayd etilgan KfW byurosining faoliyatlari uchun foydalaniladigan buyumlar, xususan, materiallar, avtotransport vositalari, tovarlar va asbob-uskunalar, shuningdek, ehtiyot qismlarini barcha bojxona bojlari va yigʻimlaridan, shu jumladan, import va eksport bojlaridan, shuningdek, litsenziyalar, aeroport va port yigʻimlaridan, omborxonada saqlanganlik uchun davlat toʻlovlari hamda boshqa davlat yigʻimlaridan ozod qiladi va mazkur buyumlarning kechiktirmasdan chiqarilishini taʼminlaydi,
(c) KfW va KfW byurosini yuqoridagi 3-moddada qayd etilgan KfW byurosining faoliyatlari bilan bogʻliq boʻlgan barcha toʻgʻridan- toʻgʻri soliqlardan ozod qiladi,
(d) yuqoridagi 3-moddada qayd etilgan KfW byurosining faoliyatlari uchun zarur boʻlgan buyumlar, xususan, materiallar, avtotransport vositalari, tovarlar va asbob-uskunalar, shuningdek, ehtiyot qismlari va Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻrsatilgan xizmatlar uchun qoʻshimcha qiymat soligʻi yoki shunga oʻxshash bilvosita soliqlar undirilmasligini taʼminlaydi. Shu munosabat bilan undiriladigan har qanday alohida isteʼmol soliqlari, soʻrovga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan qoplanadi,
(e) KfW byurosining telekommunikatsiya aloqalarini, shu jumladan radio va sunʼiy yoʻldoshlarni oʻrnatish boʻyicha arizalarini imkon qadar qoʻllab-quvvatlaydi,
(f) KfW byurosining soʻroviga binoan, chet ellik mutaxassislarni yollash uchun ruxsatnomalar va chet ellik mutaxassislarga ishlash ruxsatnomalari berilishini va/yoki yangilanishini oʻrnatilgan tartibda taʼminlaydi,
(g) KfW byurosining soʻroviga binoan, yuborilgan mutaxassislar va ular bilan birgalikda yashayotgan oila aʼzolari uchun yashash ruxsatnomalarini va vizalarni bepul hamda garov talab qilmagan holda berilishini kafolatlaydi,
(h) zarur hollarda, KfW ijro etuvchi tashkilotining byuroda mahalliy xodimlarni yollash uchun ishlash ruxsatnomalarini olish toʻgʻrisidagi arizalarini qoʻllab-quvvatlaydi,
(i) Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati tomonidan ijro etish vazifasi yuklatilgan KfW tomonidan yuborilgan mutaxassislarga va ular bilan birgalikda yashayotgan oila aʼzolariga, Texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni mutatis mutandis qoʻllagan holda, bunday Bitimga muvofiq yuborilgan har qanday mutaxassislar va ular bilan birgalikda yashayotgan oila aʼzolariga berilgan barcha imtiyozlarni taqdim etadi.
6-modda
Mulk huquqi
Mulk huquqi
KfW byurosining shaxsiy foydalanishi uchun yetkazib berilgan tovarlar va transport vositalari KfW ijro etuvchi tashkilotining v> mulki boʻlib qoladi. KfW byurosi yopilgan taqdirda, ular Oʻzbekiston Respublikasining mulkiga aylanadi.
7-modda
Ijro etuvchi tashkilot
Ijro etuvchi tashkilot
Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati KfW ijro etuvchi tashkiloti orqali oʻz hissalarini qoʻshadi. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati hamkorlikni muvofiqlashtirish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligini mazkur ijro etuvchi tashkilot bilan aloqa uchun masʼul organ etib belgilaydi.
8-modda
Yakuniy qoidalar
Yakuniy qoidalar
(1) Mazkur Bitim Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki protseduralarni bajarilganligi toʻgʻrisida Germaniya Federativ Respublikasi Hukumatini xabardor qilgan sanadan boshlab kuchga kiradi. Tegishli sana xabarnoma qabul qilingan kun hisoblanadi.
(2) Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro kelishuv asosida ushbu moddada koʻrsatilgan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar orqali mazkur Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
(3) Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilish orqali mazkur Bitimni tugatishi mumkin. Bitim boshqa Ahdlashuvchi Tomon yozma xabarnoma olgan sanadan olti oy oʻtgach tugatiladi.
(4) Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq nizolarni Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan muloqot yoki muzokaralar orqali doʻstona hal qilinadi.
(5) Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi.
(6) Mazkur Bitimni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kotibiyatida roʻyxatdan oʻtkazish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 102-moddasiga muvofiq, Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati tomonidan uning kuchga kirganidan soʻng darhol amalga oshiriladi. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida va Birlashgan Millatlar Tashkilotining roʻyxatga olish raqami toʻgʻrisida, bu haqida Kotibiyat tomonidan tasdiqlanishi bilanoq xabardor qilinadi.
Toshkent shahrida 2019-yil 24-dekabrda ikki nusxada oʻzbek, nemis va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha uchchala matnlar autentikdir. Oʻzbek vanemis tilidagi matnlar turlicha talqin etilgan hollarda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)