Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik qilishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida
Bitim
Ishtirokchi-davlatlar hukumatlari — mazkur Bitim ishtirokchilari, keyingi oʻrinlarda — Tomonlar,
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlar oʻrtasida savdo aloqalarini faollashtirish zarurligini inobatga olgan holda,
Hamdoʻstlik ishtirokchi-davlatlari oʻrtasida iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish maqsadida,
1994-yil 15-apreldagi Erkin iqtisodiy zonani yaratish toʻgʻrisidagi Bitim va mazkur Bitimga 1999-yil 2-apreldagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi Bayonnomani amalga oshirish kabi yoʻnalishlarda harakat qila turib,
Oʻz davlatlari aholisi turmush darajasini doimiy oshirishga harakat qilgan holda,
Hamdoʻstlik ishtirokchi-davlatlarning sifatsiz tovar, ish, xizmatlardan isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishda oʻzaro hamkorligini muhimligini anglab yetgan holda,
jamoat tashkilotlari faoliyatining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishdagi oʻrnini inobatga olgan holda,
xalqaro huquqning amaldagi normalarini, xususan, BMT Bosh Assambleyasining 1985-yil 9-apreldagi “Isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish boʻyicha rahbarlik qiluvchi tamoyillari” rezolyutsiyasini eʼtirof etgan va hisobga olgan holda,
isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida muvofiqlashtirilgan siyosatni olib borish maqsadida quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun quyidagi tariflar qoʻllaniladi:
isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi milliy qonunchilik — mamlakatda amal qiluvchi va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar majmui;
isteʼmolchi — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan holda faqat shaxsiy (maishiy) extiyoj uchun tovarga (ishga, xizmatga) buyurtma berish, sotib olish niyatida boʻlgan yoki buyurtma bergan, sotib olgan yoxud foydalanayotgan fuqaro;
ishlab chiqaruvchi — mulk shaklidan qatʼiy nazar, isteʼmolchiga realizatsiya qilish uchun tovar ishlab chiqaradigan tashkilot, shuningdek yakka tartibda faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkor;
ijrochi — mulk shaklidan qatʼiy nazar, isteʼmolchi uchun ish bajaradigan yoki xizmat koʻrsatadigan tashkilot, shuningdek yakka tartibda faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkor;
sotuvchi — mulk shaklidan qatʼiy nazar, oldi-sotdi Bitimsi boʻyicha isteʼmolchiga tovar realizatsiya qiladigan tashkilot, shuningdek yakka tartibda faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkor;
insofsiz xoʻjalik subyektlari — oʻz faoliyatida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzadigan, ish muomalasi odatlariga zid boʻlgan holatlariga yoʻl qoʻyuvchi, agar bu qonunbuzarliklar fuqaro-isteʼmolchilarga va/yoki atrof-muhitga mulkiy yoki nomulkiy zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin boʻlsa, sotuvchi, ishlab chiqaruvchi, ijrochilar;
isteʼmolchilar jamoat tashkilotlari — mazkur Bitimning ishtirokchi-davlatlari milliy qonunchiliklariga muvofiq, isteʼmolchilarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida tuzilgan fuqarolar va/yoki yuridik shaxslarning notijorat birlashmalari (tashkilot) hamda mazkur Bitimning barcha yoki bir nechta ishtirokchi-davlatlari hududida faoliyat yurituvchi xalqaro nodavlat tashkilotlar;
2-modda.
Mazkur Bitimning maqsadi boʻlib Tomonlarning mazkur Bitim ishtirokchi-davlatlari hududida faoliyat yurituvchi hoʻjalik subyektlarining insofsiz faoliyatidan Hamdoʻstlik ishtirokchi-davlatlar fuqarolari manfaatlarini himoya qilish boʻyicha teng sharoitlarni shakllantirishga qaratilgan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida muvofiqlashtirilgan siyosatni amalga oshirish boʻyicha hamkorligining huquqiy va tashkiliy asoslarini yaratishdan iborat.
3-modda.
Isteʼmolchilar huquqlari va ularning himoyasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi milliy qonunchilik va mazkur Bitim bilan kafolatlanadi.
MDH har bir ishtirokchi-davlati fuqarolari, shuningdek ularning hududida istiqomat qiluvchi boshqa shaxslar, Hamdoʻstlik ishtirokchi-davlatlarning hududlarida oʻz isteʼmolchilik huquqlari boʻyicha mazkur davlatlar fuqarolari kabi bir xil huquqiy himoyadan foydalanadilar va ushbu davlat fuqarolari kabi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish uchun ayni oʻsha shartlarda davlat va jamoat tashkilotlariga, boshqa tashkilotlarga murojaat qilish, sudlarga daʼvo arizasi kiritish va boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega.
4-modda
Tomonlar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy qonunchilikni, ushbu sohadagi xalqaro huquqning umumiy qabul qilingan normalarini inobatga olgan holda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda quyidagi asosiy yoʻnalishlarda hamkorlik qiladilar:
isteʼmolchilar, davlat organlari va isteʼmolchilarning jamoat birlashmalarini tovar (ish, xizmat), ishlab chiqaruvchilar (sotuvchilar, ijrochilar) toʻgʻrisida dolzarb va ishonchli maʼlumot bilan taʼminlash;
mazkur Bitim ishtirokchi-davlatlari hududida insofsiz tadbirkorlik subyektlari faoliyatini oldini olish va past sifatli tovarlar (xizmatlar) kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
insofli raqobatni rivojlantirish orqali isteʼmolchi uchun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) erkin tanlash imkon beradigan sharoit yaratish;
davlatlar taʼlim tizimida fuqarolar taʼlimining ajralmas qismi sifatida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida taʼlim dasturlarini amalga oshirish;
ommaviy axborot vositalarini, shu jumladan radio va televideniyani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish masalalarini targʻib qilish va tizimli yoritishga jalb qilish;
mazkur Bitim ishtirokchi-davlatlarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonunchiligini mazkur Bitimni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan darajada yaqinlashtirish.
5-modda.
Tomonlar isteʼmolchilarning mustaqil jamoat birlashmalari faoliyati, shu jumladan ularning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi siyosatni shakllantirishda, isteʼmolchilar qonuniy huquqlari va manfaatlariga taʼsir koʻrsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlar va isteʼmolchilar shikoyatlarini koʻrib chiqish tartiblarini ishlab chiqishda, shuningdek, Tomonlar oʻrtasida isteʼmolchilik maʼlumotlari almashinuvi tizimini yaratishda ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashadi.
6-modda.
Mazkur Bitim mazkur Bitim ishtirokchi-davlatlarining tegishli milliy organlari tomonidan oʻz davlatlarining milliy qonunchiligida belgilangan vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Mazkur Bitimni amalga oshirish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish maqsadida Tomonlar MDH ishtirokchi-davlatlar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha Maslahat kengashini (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) tuzadilar.
Kengash maqomi va uning vazifalari mazkur Bitimning ajralmas qismi boʻlgan MDH ishtirokchi-davlatlarning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha maslahat kengashi toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi (ilova qilinadi).
Kengash mazkur Bitimni amalga oshirish jarayonida isteʼmolchilar jamoat birlashmalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
Isteʼmolchilar jamoat birlashmalari mazkur Bitimni amalga oshirishda oʻz ustavlari va oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq ishtirok etishlari mumkin.
7 -modda.
Mazkur Bitim shartlari Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalarga muvofiq qabul qilgan huquq va majburiyatlariga taʼsir koʻrsatmaydi.
8 -modda.
Mazkur Bitim imzolangan paytdan boshlab, qonunchiligi ushbu hujjatni kuchga kirishi uchun ichki tartib-taomillarini bajarilishini talab qiladigan davlatlar uchun — tegishli hujjatlar depozitariyga topshirilgan kundan boshlab kuchga kiradi.
9 -modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning umumiy roziligi bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular Bitimning ajralmas qismi boʻlgan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
10 -modda.
Mazkur Bitimni qoʻllash yoki talqin qilish bilan bogʻliq bahsli masalalar manfaatdor Tomonlarning maslahatlashuvi va muzokaralar orqali hal qilinadi.
11 -modda.
Mazkur Bitim kuchga kirgan kundan boshlab besh yil davomida amal qiladi. Bu muddat tugagandan soʻng, agar Tomonlar boshqa qaror qabul qilmagan boʻlsa, Bitim besh yillik muddatga avtomatik tarzda yangilanadi.
12 -modda.
Tomonlarning har biri depozitariyga chiqish sanasidan olti oy oldin yozma xabarnoma yuborish orqali mazkur Bitimdan chiqishi mumkin.
13 -modda
Mazkur Bitim uning maqsadlari va prinsiplarini qoʻllab-quvvatlaydigan boshqa davlatlarning depozitariyga qoʻshilish haqida hujjatlar berish orqali qoʻshilishi uchun ochiq.
2000-yil 25-yanvarda Moskva shahrida yagona asl nusxada rus tilida imzolandi. Asl nusxasi Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasida saqlanadi, u tasdiqlangan nusxani mazkur Bitimni imzolagan har bir davlatga yuboradi.
(imzolar)
2020-yil 25-yanvardagi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik qilishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi Bitimga
ILOVA
ILOVA
MDH ishtirokchi-davlatlarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha maslahat kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Umumiy boʻlim
1.1. MDH ishtirokchi-davlatlarning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha Maslahat kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) — 2000-yil 25-yanvardagi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorligining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida bitimni amalga oshirish maqsadida MDH ishtirokchi-davlatlar boshqaruv organlarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish uchun tuzilgan MDH tarmoqlararo hamkorlik organi hisoblanadi.
1.2. Kengash oʻz faoliyatida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ustavi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasida qabul qilingan shartnoma va qarorlar hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
2. Kengashning vazifalari va faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
2.1. Kengashning vazifalari:
hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishga koʻmaklashish, shuningdek, MDH ishtirokchi-davlatlarida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida samarali siyosatni shakllantirish;
MDH ishtirokchi-davlatlari fuqarolari uchun teng sharoitlarni shakllantirishga, ularning isteʼmolchilar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun shaffof shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashish;
MDH ishtirokchi-davlatlarining tovar va xizmatlar sifati va xavfsizligiga doir qonun hujjatlari talablarini buzuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar insofsiz faoliyati toʻgʻrisida ogohlantirish maqsadida isteʼmol bozorida samarali nazorat tizimini yaratishga yordamlashish;
MDH doirasida belgilangan yoʻnalishda birgalikda ishlash mexanizmlarini yanada rivojlantirish uchun sharoit yaratish.
2.2. Kengashning faoliyatining asosiy yoʻnalishlari:
MDH ishtirokchi-davlatlarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida kelishilgan hamkorlik siyosatini yuritish tamoyillari va qoidalarini ishlab chiqish, uni amalga oshirishda koʻmaklashish;
MDH ishtirokchi-davlatlarining davlat organlari va jamoat tashkilotlari oʻrtasida, shu jumladan MDH ishtirokchi-davlatlar fuqarolarining tegishli huquqlarini taʼminlash boʻyicha milliy tajriba, shuningdek isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha jahon tajribasi toʻgʻrisida maʼlumot almashishning samarali tizimini yaratish;
faoliyatning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma loyihalar va tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
qonunchilikni uygʻunlashtirish va MDH ishtirokchi-davlatlarining huquqni qoʻllash amaliyotida tajriba almashishda koʻmaklashish.
3. Kengashning funksiyalari va huquqlari
3.1. Kengashning asosiy funksiyalari boʻlib:
MDH ishtirokchi-davlatlarida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimining samarali ishlashi uchun MDH ishtirokchi-davlatlari oʻzaro hamkorligining ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash;
MDH ishtirokchi-davlatlarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va uni qoʻllash amaliyotini, iqtisodiyotning barcha sohalarida yuzaga keladigan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq huquqiy munosabatlarni tartibga solish muammolarini tahlil qilish, ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi oʻzaro hamkorlikning istiqbolli shakllarini ishlab chiqish;
oʻtkazilgan tahlil asosida Kengash vazifalarini hal etish boʻyicha takliflarni tayyorlash;
milliy va davlatlararo darajada “ishlab chiqaruvchi-isteʼmolchi” munosabatlarini tashkil etish va shakllantirishning umumiy yondashuvlarini aniqlash;
isteʼmolchilar huquqlariga taʼsir etuvchi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va xalqaro shartnomalar loyihalarini tahlil qilish;
isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha MDH ishtirokchi-davlatlarining xalqaro shartnomalari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
MDH ishtirokchi-davlatlari tomonidan muvofiqlashtirilgan isteʼmol siyosatini amalga oshirish boʻyicha tavsiyalarni tayyorlash va amalga oshirish;
MDH ishtirokchi-davlatlarida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish holatini tahlil qilish hisoblanadi.
3.2. Kengash oʻz vazifalarini bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
MDH ishtirokchi-davlatlarining tegishli davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq maʼlumotlarni soʻrash;
oʻz vakolatlari doirasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik qilish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini tashkil etish va faoliyatini yuritishga boʻlgan umumiy yondashuvlarni shakllantirish boʻyicha qarorlar va tavsiyalar berish;
belgilangan tartibda MDH Hukumat rahbarlari kengashiga Kengash vakolatiga kiradigan faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha takliflar kiritish;
oʻz vazifalarini bajarish uchun Kengashning doimiy va vaqtinchalik ishchi guruhlarini tuzish, ularning rahbarlarini tayinlash va ularning faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirish;
oʻz ishining Nizomini ishlab chiqish va tasdiqlash;
isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etish va oʻtkazish;
isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashga koʻmaklashish;
MDHning boshqa sohaviy hamkorlik organlari, shuningdek, MDH ishtirokchi-davlatlarining qonun chiqaruvchi va boshqa organlari hamda tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshirish.
4. Kengash tarkibi va tuzilishi
4.1. Kengash MDH ishtirokchi-davlatlarining faoliyatning ushbu yoʻnalishiga masʼul boʻlgan tegishli davlat organlari rahbarlaridan shakllantiriladi. Bunda, har bir davlat bitta ovozga ega boʻladi.
Kengash aʼzolari oʻrnini almashtiruvchi shaxslar Kengash majlisiga yuborilganda, ularning vakolatlari yuboruvchi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
4.2. Kengash tarkibiga maslahat ovozi bilan isteʼmolchilar jamoat birlashmalarining vakillari (MDHga aʼzo davlatlarning tegishli davlat organlari tavsiyalari boʻyicha) va MDH Ijroiya qoʻmitasi vakili kirishi mumkin.
5. Kengash ishini tashkil etish
5.1. Kengash raisligi, MDHga aʼzo davlatlar nomlarining rus alifbosi tartibida, Bitim ishtirokchi-davlatlar vakillari tomonidan navbatma-navbat, agar Kengash qarori bilan oʻzgacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, bir yildan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Boshqaruv raisi:
Kengash ishini tashkil etadi;
Kengash majlislarini oʻtkazadi va Kengash qabul qilgan hujjatlarga imzo chekadi;
MDH ishtirokchi-davlatlarining davlat hokimiyati va MDHning sohaviy hamkorlik organlari bilan munosabatlarda Kengash nomidan qatnashadi.
Kengashning oldingi va keyingi raislari uning hamraislari hisoblanadi. Kengash raisi vaqtincha yoʻq boʻlganda, uning vazifalari hamraislardan biriga yuklatiladi.
5.2. Kengash faoliyatini tashkiliy, texnik va axborot taʼminoti Kengash kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi.
Kengash kotibiyatining funksiyalarini MDH ishtirokchi-davlatlarining Kengashga raislik qiluvchi davlat organi rahbari amalga oshiradi.
Kengash kotibiyatining rahbari Kengashda raislik qiladigan davlatning hukumat vakili, kotibiyat boshligʻining oʻrinbosari esa MDH Ijroiya qoʻmitasi vakili hisoblanadi.
MDH ishtirokchi-davlatlari Kengash va Kengash kotibiyatiga oʻz vazifalarini bajarishda zaruriy yordamni koʻrsatadi.
5.3. Kengash ishining reglamenti Kengash majlisida tasdiqlanadi.
5.4. Kengash majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida bir marta oʻtkaziladi.
5.5. Kengashning navbatdan tashqari yigʻilishi bir yoki bir necha davlatlar vakillari tashabbusi bilan Kengash aʼzolarining kamida uchdan bir qismi rozi boʻlganda chaqirilishi mumkin.
5.6. Kengash majlisi unda Kengash aʼzolarining yarmidan koʻpi qatnashganda huquqiy vakolatli hisoblanadi.
5.7. Kengash majlislariga kuzatuvchi va ekspert sifatida MDH sohaviy hamkorligining manfaatdor organlari, davlat hokimiyati va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va ommaviy axborot vositalari vakillari taklif qilinishi mumkin.
5.8. Kengashning navbatdagi yigʻilishining vaqti, joyi va kun tartibi uning oldingi yigʻilishida belgilanadi.
Kengash aʼzolarining takliflarini inobatga olgan holda, Kengashning navbatdagi yigʻilishining kun tartibi ushbu yigʻilishni tayyorlash paytida aniqlanishi mumkin.
Kengashning navbatdan tashqari yigʻilishining sanasi va kun tartibi, bunday yigʻilishni oʻtkazish tashabbusi berilayotgan Kengash aʼzosining taklifiga muvofiq Kengash raisi tomonidan belgilanadi.
5.9. Kengash majlisining kun tartibi yigʻilish ishtirokchilariga yigʻilish boshlanishidan 30 kun oldin kechiktirmay yuboriladi.
5.10. Kengash qarorlari tavsiya xususiyatiga ega boʻladi.
5.11. Kengash tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihalari va kun tartibidagi masalalar boʻyicha Kengash qarorlari oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Kengashning har qanday aʼzosi koʻrib chiqilayotgan masala yuzasidan oʻz davlatining manfaatdor emasligini eʼlon qilishga haqli, bu esa bunday masala boʻyicha qaror qabul qilishga toʻsqinlik qilmaydi.
5.12. Kengash majlisi natijalari bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, Kengash raisi tomonidan imzolanadi.
5.13. Kengash majlislari bayonnomalari va boshqa hujjatlarning asl nusxalari MDH Ijroiya qoʻmitasida saqlanadi.
5.14. Kengash har yili MDH Ijroiya qoʻmitasiga oʻz faoliyati va kelgusi yil uchun rejalashtirilgan tadbirlari toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etadi.
6. Yakuniy qoidalar
6.1. Kengash majlislarini oʻtkazishni moliyalashtirish bilan bogʻliq xarajatlar qabul qiluvchi MDH ishtirokchi-davlatining tegishli davlat organlari tomonidan qoplanadi.
6.2. Kengash aʼzolari, vakolatli vakillar, shuningdek yigʻilish ishtirokchilarini xizmat safariga yuborish xarajatlari MDH ishtirokchi-davlatining yuboruvchi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qoplanadi.
6.3. Kengashning ish tili — rus tili hisoblanadi.