Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-apreldagi 313-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018-yil 10-dekabrdagi PQ-4056-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 31-oktabrdagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazini tuzish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq:
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq va uning xodimlari soni 28 nafar etib (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Maqomi, mehnatga haq toʻlash, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shartlari borasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Oʻzbekiston Respublikasi vaziriga, direktor oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi vazirining birinchi oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
Milliy markaz xodimlariga yagona tarif setkasi va mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvining rahbar xodimlari, mutaxassislari va xizmatchilari uchun belgilangan razryadlar joriy etilsin.
Toshkent shahar hokimligi 1997-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi bilan kelishgan holda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazini Mustaqillik maydoni, 5-uy, 3-korpusga joylashtirish masalasini hal qilsin, bino va unga tutash hududni rekonstruksiya qilish va tuzatishni amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazini joylashtirish, tuzatish ishlarini amalga oshirish, Milliy markazni ofis mebeli, kompyuter texnikasi, kichik bosmaxona bilan taʼminlash, oʻzbek, ingliz va rus tillarida “Oʻzbekistonda demokratiyalash va inson huquqlari” jurnalini va boshqa bosma mahsulotlarni nashr etish, qogʻoz sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun mablagʻ ajratsin;
xorijiy ekspertlarni kontrakt boʻyicha ishga taklif etish, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz mutaxassislarining chet ellarda tajriba orttirishi, malaka oshirishi, ularning xalqaro anjumanlarda ishtirok etishi, shuningdek davriy nashrlarga obuna boʻlish, kompyuter dasturlari, xorijiy mamlakatlarda nashr etiladigan adabiyotlarni sotib olish, “Internet” xalqaro tarmogʻi hamda boshqa axborot-kompyuter tarmoqlari xizmatidan foydalanish uchun har yili milliy va xorijiy valyutada zarur mablagʻlar ajratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazini telefon va telefaks, shu jumladan hukumat ATS aloqasi bilan taʼminlasin.
6. Moliya vazirligi, “Toshshaharyoʻlovchitrans” uyushmasi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga xizmat koʻrsatish uchun ikkita yengil avtomobil xarajatlariga zarur limitlar va bitta mikroavtobus xarid qilishga mablagʻ ajratsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi:
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazini respublikada inson huquqlari boʻyicha nashr etiladigan bosma asarlar va kitob mahsulotlarining nazorat nusxalarini (1 nusxa) bepul oladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritsin;
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga “Oʻzbekistonda demokratiyalash va inson huquqlari” jurnalini va inson huquqlari sohasida boshqa bosma mahsulotlarni nashr etishda koʻmaklashsin.
8. Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga inson huquqlari sohasidagi xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan aloqa oʻrnatishda yordam koʻrsatsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Prokuraturasi va Oliy Sudi, Milliy axborot agentligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga inson huquqlarini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish masalalariga oid maʼlumotlar, takliflar, xulosalar va boshqa zarur materiallarni taqdim etsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi B.H. Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 13-noyabr,
399-son
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) xalqaro huquqning inson huquqlari va erkinliklari sohasida umumeʼtirof etilgan prinsiplari va meʼyorlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalarini va qonunlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini, davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha davlatga qarashli tahlil, maslahat, idoralararo muvofiqlashtirish organi hisoblanadi.
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, shuningdek xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va meʼyorlariga amal qiladi, oʻz faoliyatini mazkur Nizom bilan belgilangan vazifalar va funksiyalardan kelib chiqqan holda amalga oshiradi.
II. MARKAZNING VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
3. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari hisoblanadi:
fuqarolarning huquq va erkinliklari sohasida milliy harakat rejasini ishlab chiqish;
inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorligini rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etilishi va bu huquqlarning muhofaza qilinishi yuzasidan milliy maʼruzalar tayyorlash;
inson huquqlarini muhofaza qilish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari boʻyicha xalqaro va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
inson huquqlari sohasida davlatlararo ikki tomonlama va koʻp tomonlama bitimlarni ishlab chiqish va ekspert baholash hamda ularni kelishishda qatnashish;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga, shuningdek inson huquqlari boʻyicha jamoat birlashmalariga maslahatlar berib turish faoliyatini amalga oshirish;
davlat organlarining inson huquqlarini ragʻbatlantirish va muhofaza qilish sohasida taʼlim berish, targʻibot, oʻquv-uslubiy adabiyotlarni nashr etish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish va rivojlantirish boʻyicha maʼlumotlarning axborot bazasini barpo etish;
fuqarolarning huquq va erkinliklarini rivojlantirish yuzasidan sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish va ularda qatnashish;
davlat organlarining inson huquqlariga rioya etish va bu huquqlarni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan ularga tavsiyalar tayyorlash;
inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilish boʻyicha milliy dasturlarni ishlab chiqish;
aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish strategiyasini ishlab chiqish;
inson huquqlarini ragʻbatlantirish va muhofaza qilish sohasida jamoatchilik tashabbuslarini ragʻbatlantirish va muvofiqlashtirish;
inson huquqlari boʻyicha adabiyotlar, telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar, shuningdek “Oʻzbekistonda demokratiyalash va inson huquqlari” davriy nashrini tayyorlash va chiqarish;
milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda inson huquqlariga rioya etish va ularni muhofaza qilish sohasida ilmiy tadqiqotlar tashkil etish;
inson huquqlari boʻyicha oʻqitish, dasturlar tayyorlash, konferensiyalar, seminarlar va oʻquv kurslarini birgalikda tashkil etish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
inson huquqlari sohasida hukumatga qarashli boʻlmagan jamoat, huquqni muhofaza qilish tashkilotlari va siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining insonning huquqlari va asosiy erkinliklariga rioya qilish, muhofaza qilish va ragʻbatlantirish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisida aholini, shuningdek xalqaro jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilish.
III. MARKAZNING HUQUQLARI
4. Markaz quyidagi huquqlarga egadir:
inson huquqlari boʻyicha xalqaro va xorijiy milliy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
inson huquqlari toʻgʻrisida axborot tayyorlash va tarqatish masalalari boʻyicha xorijiy davlatlarning vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar bilan, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan va shu erdagi missiyalar bilan bevosita oʻzaro hamkorlik qilish;
davlat va jamoat birlashmalariga, Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalariga soʻrovlar yuborish hamda inson huquqlari sharoitlarini ragʻbatlantirish va muhofaza qilish boʻyicha axborot, taklif, xulosa va boshqa zarur materiallarni majburiy tartibda olish;
inson huquqlarini muhofaza qilishning ahvolini tadqiq etish boʻyicha muvofiqlashtirish kengashi va boshqa kengashlar, ekspert komissiyalari tashkil etish;
inson huquqlari sohasida axborot-tahlil materiallari tayyorlash boʻyicha olimlar, mutaxassislardan vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish;
inson huquqlari sohasidagi takliflarni maslahatlashish, oʻrganish va tayyorlash uchun ham Vatanimiz, ham chet el olimlari, mutaxassislari va ekspertlarini jalb etish;
inson huquqlari sharoitlarini ragʻbatlantirish va muhofaza qilish masalalari boʻyicha dasturlar ishlab chiqishga koʻmaklashish;
jahon hamjamiyatida Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari toʻgʻrisidagi axborotni nashr etish va tarqatish;
Oʻzbekiston Respublikasining BMTdagi vakolatxonasidan va boshqa xalqaro tashkilotlardan inson huquqlari boʻyicha masalalarning koʻrib chiqilishi va qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisidagi axborotlarni majburiy tartibda olish;
xalqaro va milliy huquqiy muhofaza qilish tashkilotlari bilan zarur axborotlarni ayirboshlash;
inson huquqlari boʻyicha xalqaro anjumanlarda qatnashish, Markaz mutaxassislarini chet elga xizmat safariga va oʻqishga yuborish;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va normativ hujjatlarini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalaridan zarur yoʻriqnoma, hisobot, axborot va tahliliy materiallarni majburiy tartibda tekin olish.
IV. MARKAZNING TUZILMASI VA UNI BOShQARISh
5. Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz nomi yozilgan muhrga, shtamplariga, blanklarga va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan boshqa rekvizitlariga ega boʻladi.
Markaz oʻz faoliyatini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining banklarida va chet elda milliy va xorijiy valyutada schyotlar ochishi mumkin.
6. Markaz respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlardan, shuningdek turli ixtiyoriy badallardan taʼminlanadigan davlat notijorat muassasasi hisoblanadi,
7. Aniq muammolarni hal etish uchun tashkil etiladigan boʻlimlar va kotibiyat Markazning asosiy tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi.
Markaz tuzilmasida kutubxona, ilmiy-axborot fondi, tahririyat nashriyot boʻlimi faoliyat koʻrsatadi.
Markaz faoliyati doirasida Markaz tomonidan taʼsis etiladigan tahrir hayʼati va davriy nashrlar tahririyati tuziladi.
8. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tayinlanadigan va ozod etiladigan direktor va uning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan va ozod etiladigan oʻrinbosari boshchilik qiladi.
Markaz direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, ijtimoiy-maishiy taʼminot, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi vaziriga, direktor oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi vazirining birinchi oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
9. Markaz direktori:
Markaz faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy Majlis palatalari qoʻmitalari va komissiyalari, Vazirlar Mahkamasi boʻlimlari, vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi hamda davlat hokimiyati va boshqaruvining barcha respublika va mahalliy organlarida, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari masalalari boʻyicha xalqaro va milliy tashkilotlarida Markaz nomidan vakillik qiladi;
Oliy Majlis palatalari majlislarida, palatalar qoʻmitalari va komissiyalarining, Vazirlar Mahkamasining, vazirliklar va idoralar hayʼatlarining, Fanlar akademiyasi Prezidiumining, ilmiy va oʻquv yurtlari ilmiy kengashlarining inson huquqlari masalalari boʻyicha majlislarida qatnashadi;
(9-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 26-maydagi 135-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 21-son, 154-modda)
Markaz vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Markaz boʻlinmalari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar olib boradi;
Markaz zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi va uning oʻz funksiyalarini amalga oshirishi uchun shaxsan javob beradi, xizmatlar rahbarlarining javobgarligi darajasini belgilaydi;
Markaz xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
belgilangan xodimlar soni va ish haqi fondi doirasida Markazning shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
Markaz mutaxassislarini xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlariga yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Markazning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi;
Markaz xodimlari oʻrtasida lavozim vazifalarini taqsimlaydi;
Markaz nomidan shartnomalar, bitimlar, shu jumladan mehnat boʻyicha ham, tuzadi;
mehnat qonunchiligi normalariga binoan Markaz xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi;
Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va taqdirlash shaklini aniqlaydi, Markazning yuqori malakali mutaxassislariga va maʼmuriy xodimlariga moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorda har yillik ustama belgilaydi;
inson huquqlari sohasida tadqiqotlarni tashkil etish uchun konsultantlar, ekspertlar va mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy mamlakatlardan, jalb etishning turli iqtisodiy shakllaridan, chunonchi, xorijiy mutaxassislar uchun kontraktlar boʻyicha erkin muomaladagi valyutada haq toʻlash shaklidan foydalanadi;
Markaz mablagʻlarini tasarruf etadi, mol-mulkni boshqarish boʻyicha qarorlar qabul qiladi, moliya, toʻlov-hisob-kitob hujjatlarini va boshqa hujjatlarni imzolaydi, ishonchnomalar beradi;
Markaz faoliyatining boshqa masalalarini koʻrib chiqadi va hal qiladi.
10. Direktor oʻrinbosari Markaz faoliyatining eng muhim yoʻnalishlariga tashkiliy va uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi, oʻziga biriktirilgan tarkibiy boʻlinmalar ishiga rahbarlik qiladi.
V. MARKAZNING MOL-MULKI, OʻZ MULKI VA MOLIYAVIY MABLAGʻLARI
11. Markazning mol-mulki asosiy fondlar (binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va shu kabilar)dan, aylanma mablagʻlardan, shuningdek mablagʻ bilan taʼminlashning barcha manbalari hisobiga sotib olingan moliyaviy resurslar va boshqa moddiy boyliklardan iborat boʻladi.
Markaz mol-mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
12. Markaz mablagʻlari:
Markazning ustavdagi faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan budjet ajratmalari;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllanadi.
13 Markaz faoliyatidan olingan daromadlarga, shuningdek xayriya, homiylik va xolisona tushumlar hisobiga sotib olingan mol-mulklar Markazning oʻz mulki hisoblanadi.
14. Markaz xorijiy mamlakatlarga joʻnab ketayotgan oʻz xodimlariga xizmat safari va boshqa xarajatlarni xorijiy valyutada toʻlash huquqiga ega.
15. Markaz asosiy fondlarni va aylanma mablagʻlarni, boshqa moddiy boyliklarni yuridik shaxslarga ijaraga berish va sotish, shuningdek ularni qonunda belgilangan tartibda balansdan chiqarish huquqiga ega.
16. Markaz oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga biriktirilgan, amaldagi qonunchilikka muvofiq toʻlov undirib olinishi mumkin boʻlgan mol-mulk bilan javob beradi.
17. Majburiy toʻlovlar toʻlangandan keyin Markaz ixtiyorida qoladigan mablagʻlar Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltiriladi.
VI HISOBGA OLISh, HISOBOT VA NAZORAT
18. Markaz oʻz faoliyati natijalarining operativ va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistik hisobotni yuritadi, hisobot maʼlumotlarining va balans hisob-kitoblarining toʻgʻriligini taʼminlaydi.
VII FAOLIYATNI QAYTA TAShKIL ETISh VA TOʻXTATISh
19. Markazni tugatish yoki qayta tashkil qilish (qoʻshish, birlashtirish, boʻlish, ajratish, qayta barpo etish) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi
TUZILMASI
Markaz rahbariyati
Direktor
Direktor oʻrinbosari
Axborot-huquq boʻlimi
Boʻlim mudiri
Axborot tuzuvchi — bosh konsultant
Bosh mutaxassis
Kutubxona mudiri
Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar boʻlimi
Boʻlim mudiri
Bosh ilmiy xodim — bosh konsultant
Katta ilmiy xodim — yetakchi konsultant
Katta mutaxassis
Inson huquqlari boʻyicha xalqaro hamkorlik boʻlimi
Boʻlim mudiri
Bosh mutaxassis
Katta mutaxassis
Inson huquqlari masalalari boʻyicha taʼlim boʻlimi
Boʻlim mudiri
Bosh mutaxassis — bosh uslubchi
Katta mutaxassis
Tahririyat nashriyot boʻlimi
Boʻlim mudiri
Katta muharrir
Muassih
Katta mutaxassis
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi
Boʻlim mudiri
Bosh mutaxassis
Bosh konsultant
Katta mutaxassis
Kotibiyat
Kotibiyat boshligʻi
Kadrlar boʻyicha katta inspektor
Katta inspektor — ish yurituvchi
Buxgalter
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 11-son, 32-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 21-son, 154-modda; 2013-y., 50-son, 653-modda)