Chortoq tumani hokimining
Qarori
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2021-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-martdagi “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasi toʻgʻrisida”gi PQ-4227-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 10-maydagi 19-2019-B-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga (roʻyxat raqami 3163, 2019-yil 31-may) asosan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida tumanda 2021-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman
1. Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash boʻyicha komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
2021-yilda mazkur toifadagi shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdori belgilangan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asosan tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar (Keyingi oʻrinlarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar deb yuritiladi) uchun ish oʻrinlarining eng kam miqdori (2-ilova) xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha 299 nafar ish oʻrnini tashkil etadigan 10 foiz miqdorida,
shu jumladan:
nogironlar uchun 3,0 foiz (89 nafar yuqorida koʻrsatilgan ish oʻrinlariga tumanda 3-gurux nogironlari ishga joylashish boʻyicha talab 29 ta boʻlganligi sababli kelgusida 60 ta ish oʻrni bitiruvchilar uchun band qilib qoʻyilsin);
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari uchun 2,3 foiz (70 ta);
oʻn toʻrt yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar uchun 2,1 foiz (64 ta);
pensiyaoldi yoshidagi shaxslar uchun 0,9 foiz (27 ta);
safarbarlik chaqiruvi zahirasida xizmatni oʻtagan va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 0,7 foiz (20 ta);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sudning qaroriga koʻra tibbiy tusdagi majburlov choralari qoʻllanilishidan ozod qilingan shaxslar uchun 0,7 foiz (20 ta);
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari, shu jumladan odam savdosi qurbonlari uchun 0,3 foiz (9 ta) miqdorida ish oʻrinlari zahirasi belgilansin.
3. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar uchun ish oʻrinlari sanitariya-gigiyena meʼyorlariga va xodim oʻz mehnat majburiyatlarini toʻsiqsiz bajarishini taʼminlaydigan mehnat qilish sharoitlariga, shu jumladan, quyidagilarga muvofiq boʻlishi kerak:
14 yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar uchun — bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha majburiyatlar bajarilishini birga qoʻshib olib borish imkonini beruvchi ishning moslashuvchan jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagandan keyin kasbni egallagan yoshlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari uchun — ularning kasbiy tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
safarbarlik chaqiruvi zahirasida xizmatni oʻtagan va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun — ularning professional tayyorgarligi;
nogironlar uchun — mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan va xodimga ularning sogʻligʻi holatini va mehnat faoliyatiga toʻgʻri kelmaydigan belgilangan zidliklar hisobga olingan holda mehnat operatsiyalarini toʻsiqsiz bajarish imkonini beradigan;
pensiyaoldi yoshidagi shaxslar uchun — ularning kasbiy tayyorgarligiga mos boʻlgan yoki maxsus malakani talab etmaydigan;
jazoni ijro etish muassasalaridan yoki sudning qaroriga koʻra tibbiy tusdagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar uchun — ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malakani talab etmaydigan;
odam savdosi qurbonlari uchun — ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malakani talab etmaydigan;
4. Quyidagi ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar:
muhandis, iqtisodchi, hisobchi, huquqshunos, zootexnik, agronom, shifokor, hamshira, kichik tibbiy xodim, ish yurituvchi, oʻqituvchi, tarozibon, elektrik, farrosh, oʻtyoqar, obodonlashtirish ishchisi, omborchi, EHM operatori, yukchi, ishchi, bogʻbon, qorovul.
5. Tumandagi mavjud korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zahiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq ushbu qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasin;
2021-yil boshlanishidan kamida 10 kun oldin, zaxiraga qoʻyiladigan umumiy ish oʻrinlari sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarni ishga joylashtirish uchun zaxiraga qoʻyilishini va tayyorligini taʼminlasin, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazini xabardor qilsin;
muhtoj shaxslar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini zaxiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan 2021-yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlasin, bu haqda tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga birinchi chorak tamom boʻlgandan keyin 10 kundan kechikmay xabardor qilsin;
har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-kunigacha tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zahiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha axborot taqdim etsin;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlari tayyorligi toʻgʻrisida axborot taqdim etilmasligi, teng darajada zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan soni hisobiga ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining amalda tayyor emasligi tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan tuman hokimining qarori bajarilmasligi sifatida qaralishi lozimligi qayd etilsin.
6. Tuman hokimining ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash boʻyicha ushbu qarori bajarilmaganda, shuningdek, bunday shaxslarni ishga qabul qilish asossiz ravishda rad etilganligi uchun tashkilot, korxona va muassasalarning mansabdor shaxslariga nisbatan qonun hujjatlariga asosan maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.
7. Tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi (Q. Akbarov) mazkur qarorni besh kun muddatda qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan tashkilot, korxona va muassasalarning rahbarlari eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlasin.
8. Tuman hokimligining axborot xizmati (R. Ummatov)ga mazkur qaror “Chortoq haqiqati” gazetasida rasman eʼlon qilinishi va tuman hokimligining rasmiy veb saytiga joylashtirilsin.
9. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab 3 oydan keyin kuchga kiradi.
10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A. Umurzaqov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi A. OTAXODJAYEV
Namangan viloyati,
2020-yil 18-sentabr,
1045-son
Tuman hokimining 2018-yil 18-sentabrdagi 1045 sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash boʻyicha komissiya tarkibi
|
Komissiya raisi: | |||
|
1. |
J. Bahodirov |
— |
Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari |
|
Komissiya raisining oʻrinbosari: | |||
|
2. |
B. Mallayev |
— |
Tuman bandlikka koʻmaklashish markazi direktori |
|
Komissiya aʼzolari: | |||
|
3. |
N. Bozorova |
— |
Tuman hokimininng oʻrinbosari |
|
4. |
V. Gʻiyosov |
— |
Tuman hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiya masʼul kotibi |
|
5. |
A. Qayumov |
— |
Tuman Xalq taʼlim muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi mudiri |
|
6. |
N. Poʻlatov |
— |
Tuman �okimligi huzuridagi jazoni ijro etish joylardan boʻshatilgan shaxslarda ijtimoiy koʻnikmalar hosil qilish markazi rahbari oʻrinbosari |
|
Komissiya kotibi: | |||
|
7. |
S. Karimov |
— |
Tuman bandlikka koʻmaklashish markazining Ishsizlarni ishga joylashtirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻlimining boshligʻi |
Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning oʻrniga yangi tayinlangan shaxslar komissiya aʼzosi hisoblanadi.