Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki obligatsiyalarining chiqarilishi va muomalada boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 24-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3080-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-noyabrdagi PF-5877-son “Inflatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 22-sentabrdagi 30/14-son qarori (roʻyxat raqami 3080, 2018-yil 25-oktabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2018-y., 10/18/3080/2114-son) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki obligatsiyalarining chiqarilishi va muomalada boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 7-sentabr,
18/15-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 7-sentabrdagi 18/15-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki obligatsiyalarining chiqarilishi va muomalada boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Markaziy bank obligatsiyalari (bundan buyon matnda obligatsiyalar deb yuritiladi) — obligatsiya egasiga belgilangan tartibda daromad olish huquqini beruvchi Markaziy bank tomonidan elektron shaklda chiqariladigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar;”;
toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilardagi “foiz stavkasi” degan soʻzlar “narxi” degan soʻz bilan almashtirilsin;
oʻn birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“chegirish narxi — auksion savdolari natijalariga koʻra tijorat banklarining qondiriladigan raqobatli buyurtmalarida taklif etilgan minimal narx;”.
2. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Obligatsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida nominal qiymati koʻrsatilgan holda qatʼiy belgilangan kupon stavkasi bilan yoki diskont obligatsiyalar shaklida chiqariladi.
Bunda, diskont obligatsiyaning nominal qiymati hamda xarid qiymati oʻrtasidagi farq diler uchun daromad boʻlib hisoblanadi.”.
3. 9-banddagi “kunning keyingi kunidan” degan soʻzlar “kundan” degan soʻz bilan almashtirilsin.
4. 12-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Obligatsiyalarni joylashtirish boʻyicha auksion savdolari shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar auksion savdosi oʻtkaziladigan kundan kamida 1 ish kuni oldin Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.”.
6. 19-banddagi “foiz stavkasi” degan soʻzlar “narxi” degan soʻz bilan almashtirilsin.
7. 20-bandda:
birinchi xatboshidagi “foiz stavkasida” degan soʻzlar “narxda” degan soʻz bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻrtacha tortilgan narx auksion savdolari yakunlari boʻyicha toʻliq yoki qisman qondirilgan raqobatli buyurtmalar narxi hamda sotib olingan obligatsiyalar miqdorlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.”.
8. 21-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “foiz stavkalari” degan soʻzlar “narxlar” degan soʻz bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “foiz stavkasi” degan soʻzlar “narxi” degan soʻz bilan almashtirilsin.
9. 22-banddan “mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
10. 23-banddagi “foiz stavkalaridan” va “foiz stavkasini” degan soʻzlar tegishli ravishda “narxlardan” va “narxini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
11. 24 va 25-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Auksion savdolari natijalarida belgilangan chegirish narxidan past narxdagi buyurtmalar qondirilmaydi.
25. Markaziy bank auksion savdolari natijalari boʻyicha tijorat banklarining avval raqobatsiz buyurtmalarini toʻliq, shuningdek taklif etilgan narxi chegirish narxidan past boʻlmagan raqobatli buyurtmalarni qondirish boʻyicha valyuta birjasiga topshiriq beradi.
Raqobatli buyurtmalar ularda taklif qilingan maksimal narxlardan chegirish narxigacha boʻlgan tartibda qondiriladi.”.
12. 26-banddagi “foiz stavkasi” va “foiz stavkasiga” degan soʻzlar tegishli ravishda “narxi” va “narxiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
13. 45-bandning birinchi va oltinchi xatboshilaridagi “foiz stavkasi” degan soʻzlar “kupon stavkasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
14. 1 va 2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2020-y., 10/20/3080-1/1312-son)