Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati oʻrtasida
Bitim
Bojxona ishlarida hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati (keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
Bojxona qonunchiligiga qarshi huquqbuzarliklar ikkala davlatning iqtisodiy, savdo, moliyaviy, ijtimoiy va madaniy manfaatlariga ziyon yetkazishini hisobga olib,
tovarlarni olib kirish va olib chiqishda undiriladigan bojxona bojlari, soliqlar va boshqa yigʻimlarni toʻgʻri hisoblashni hamda undirishni taʼminlash, shuningdek ularga nisbatan taʼqiqlash, cheklash va nazorat qilishga doir shartlarning belgilangan tartibda ijrosini taʼminlash muhimligini inobatga olgan holda,
oʻz bojxona organlari oʻrtasida yaqindan hamkorlik orqali bojxona huquqbuzarliklari bilan kurashish ishlarini yanada samarali amalga oshirish mumkinligini anglab,
giyohvanldik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi aholi salomatligi va jamiyatga xavf solishini hisobga olgan holda, uning qoʻlami va oʻsish tendensiyalaridan havotirda boʻlib,
Ahdlashuvchi Tomonlar uchun amalda boʻlgan oʻzaro yordam koʻrsatishni ragʻbatlantirishga qaratilgan tegishli xalqaro konvensiyalar, shuningdek, Jahon Bojxona Tashkilotining tavsiyalariga muvofiq,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Mazkur Bitim maqsadlarida qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
a) “Bojxona maʼmuriyati”: Oʻzbekiston Respublikasi uchun Davlat bojxona qoʻmitasi va Birlashgan Arab amirliklari uchun Fedaral bojxona maʼmuriyati;
b) “Bojxona qonunchiligi”: tovarlarni olib kirish, olib chiqish, tranzit tarzida oʻtkazishga taalluqli yoki bojxona maʼmuriyatlari tomonidan undiriladigan bojxona bojlari, soliqlar hamda boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq yohud bojxona maʼmuriyatlari tomonidan qoʻllaniladigan cheklash, taʼqiq qoʻyish yoki nazorat qilish boʻyicha choralar bilan bogʻliq bojxona tartiblariga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan qoidalar;
s) “Bojxona talabi”: Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida jismoniy yoki yuridik shaxslar Tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan, lekin istalgan sababga koʻra toʻliq yoki qisman qoplanish imkoni mavjud boʻlmagan har qanday miqdordagi bojxona boji;
d) “Bojxona bojlari”: bojxona qonunchiligiga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlarning davlatlari hududiga tovarlarni olib kirish paytida bojxona maʼmuriyati tomonidan undiriladigan barcha bojlar, soliqlar yigʻimlar va har qanday boshqa toʻlovlar;
e) “Bojxona huquqbuzarligi”: bojxona qonunchiligining har qanday tarzda buzilishi yoki uni buzishga urinish;
f) “Soʻrayotgan Tomon”: yordam koʻrsatishni soʻrayotgan bojxona maʼmuriyati;
g) “Soʻralayotgan Tomon”: yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovni olgan bojxona maʼmuriyati;
h) “Giyohvandlik vositasi”: 1961-yildagi Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisidagi yagona konvensiyaning I va II roʻyxatlariga (tegishli tuzatishlari bilan) kiritilgan har qanday tabiiy yoki sintetik modda;
i) “Psixotrop modda”: 1971-yildagi BMTning Psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi konvensiyaning I, II, III va IV roʻyxatlariga kiritilgan har qanday tabiiy yoki sintetik modda;
j) “Prekursor”: 1988-yildagi BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi konvensiyaning I va II roʻyxatlariga kiritilgan narkotik va psixotrop moddalarni ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan nazorat qilinadigan kimyoviy moddalar;
k) “Alohida eʼtibor qaratiladigan tovarlar”: mazkur Bitimning 4-moddasida nazarda tutilgan ashyolar;
l) “Maʼlumotlar”: ishlov berilgan yoki berilmagan, tahlil qilingan yoki qilinmagan maʼlumotlar hamda hujjatlashtirilgan hisobotlar va har qanday shakldagi, shu jumladan, elektron shakldagi boshqa yozishmalar yoxud ularning tasdiqlangan nusxalari;
m) “Shaxs”: basharti matnning mazmunidan oʻzgacha maʼno kelib chiqmasa, jismoniy va yuridik shaxs;
n) “Shaxsiy maʼlumotlar”: identifikatsiya qilingan yoki identifikatsiya qilinadigan jismoniy shaxsga tegishli har qanday maʼlumotlar.
2-modda
Bitimning qoʻllanilish doirasi
Bitimning qoʻllanilish doirasi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar bojxona qonunchiligini qoʻllash maqsadida va mazkur Bitim qoidalariga muvofiq quyidagilarga intiladilar:
a) bojxona qonunchiligiga qarshi huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni surishtirishda hamkorlik va oʻzaro yordam koʻrsatish;
b) soʻrovga koʻra bojxona qonunchiligini qoʻllashga doir maʼlumotlarni takdim qilish;
c) yangi bojxona tartiblarini tadqiq qilish, takomillashtirish va qoʻllash, kadrlar tayyorlash va ular bilan almashinuv hamda boshqa oʻzaro manfaatli masalalarda hamkorlik qilish.
2. Mazkur Bitimga muvofiq oʻzaro yordam koʻrsatish Soʻralayotgan Tomon davlati hududida amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq va bojxona maʼmuriyatining vakolatlari va imkoniyatlari doirasida amalga oshiriladi.
3. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar ishtirokchi hisoblanadigan boshqa har qanday xalqaro shartnomadan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
4. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududlarida qoʻllaniladi.
3-modda
Shaxslar, tovarlar va transport vositalari ustidan nazorat
Shaxslar, tovarlar va transport vositalari ustidan nazorat
1. Bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga koʻra quyidagilar ustidan nazoratni amalga oshiradilar:
a) bojxona huquqbuzarligini sodir etganligi maʼlum boʻlgan yoki bunda gumon qilinayotgan yoxud giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va. prekursorlarning noqonuniy muomalasiga jalb etilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
b) bojxona huquqbuzarligini sodir etishda yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasida foydalanilganligi maʼlum boʻlgan yoki bunda gumon qilinayotgan tovarlar;
c) bojxona huquqbuzarligini sodir etishda yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasida foydalanilganligi maʼlum boʻlgan yoki bunda gumon qilinayotgan har qanday transport vositalari;
d) noqonuniy maqsadlarda foydalanilganligi maʼlum boʻlgan yoki bunda gumon qilinayotgan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari.
2. Bojxona maʼmuriyatlari noqonuniy muomalaga jalb qilingan tovarlarni, oʻzaro rozilik asosida va kelishuvga koʻra hamda oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq, bunday noqonuniy muomalani bartaraf qilish maqsadida oʻz nazorati ostida ularning tegishli davlatlari bojxona hududiga olib kirish, undan olib chiqish yoki hudud orqali tranzit tarzda oʻtkazishga ruxsat berishi mumkin. Agar ushbu ruxsatni taqdim etish soʻralayotgan maʼmuriyat vakolatiga tegishli boʻlmasa, ushbu maʼmuriyat bunday vakolatga ega boʻlgan milliy organlar bilan hamkorlik qilishga intiladi yoki ishni bunday organga taqdim etadi.
4-modda
Alohida eʼtibor qaratiladigan tovarlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi harakatlar
Alohida eʼtibor qaratiladigan tovarlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi harakatlar
Bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga koʻra Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining bojxona qonunchiligiga qarshi quyidagilar bilan muomalaga oid huquqbuzarlik hisoblangan yoki hisoblanishi mumkin boʻlgan, rejalashtirilgan yoki amalga oshirilgan har qanday uyushtirilgan harakat toʻgʻrisida bir-birlariga barcha tegishli maʼlumotlarni taqdim etishga intiladilar:
a) giyovandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar;
b) qurollar, oʻq-dorilar, portlovchi va yadroviy materiallar, shuningdek, atrof-muhit va aholi salomatligi uchun xavfli boʻlgan ashyolar;
c) madaniy obyektlar yoki tarixiy va arxeologik jihatdan ahamiyatga molik sanʼat asarlari;
d) yuqori stavkadagi bojxona bojlari va soliqlarga tortiladigan tovarlar;
e) qimmatbaho metallar, qimmatbaho toshlar va ulardan yasalgan buyumlar;
f) banknotlar, tangalar va hisob-kitob instrumentlari;
g) dinga qarshi, pornografik va buzgʻunchilik ruhidagi adabiyotlar;
h) intellektual mulk huquqlariga daxldor soxtalashtirilgan, oʻxshatilgan yoki kontrafakt tovarlar;
i) yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan oʻsimlik va hayvonot turlari, shuningdek, ularning mahsulotlari;
j) maʼlumot almashishning oʻzaro kelishilgan har qanday boshqa ustuvor sohalari.
5-modda
Maʼlumot almashish
Maʼlumot almashish
1. Bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga koʻra quyidagilar boʻyicha yanada samarali tartibotlarni amalga oshirishga koʻmaklashishi mumkin boʻlgan har qanday maʼlumot va tegishli hujjatlarning nusxalarini oʻzaro taqdim etishga intiladilar:
a) tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash;
b) tovarlarni bojxona tariflari boʻyicha tasniflash;
c) tovarlarning kelib chiqqan joyini aniqlash.
2. Mazkur Bitimga muvofiq almashiladigan har qanday maʼlumotlar ularni talqin qilish va foydalanish uchun zarur boʻlgan barcha tegishli maʼlumotlar bilan birga taqdim qilinishi lozim.
6-modda
Nazorat qilishda oʻzaro yordam koʻrsatish
Nazorat qilishda oʻzaro yordam koʻrsatish
Bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga koʻra bir-birlariga quyidagilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadilar:
a) bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga olib kirilgan tovarlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududidan qonuniy ravishda olib chiqilganligi;
b) bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan olib chiqilgan tovarlar boshqa Axdlashuvchi Tomon davlatining hududiga qonuniy ravishda olib kirilganligi;
c) Soʻrayotgan Tomon bojxona masalalari boʻyicha vakolatli xodim tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligidan shubhalanadigan holatlar.
7-modda
Bojxona huquqbuzarliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
Bojxona huquqbuzarliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
Bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga koʻra ikki davlat hududida amalda boʻlgan bojxona qonunchiliklariga qarshi huquqbuzarliklarga tegishli maʼlumotlarni, xususan, quyidagilarga taalluqli maʼlumotlarni taqdim qilishga intiladilar:
a) bojxona huquqbuzarligini sodir etganligi maʼlum boʻlgan yoki bunda gumon qilinayotgan yoxud giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga jalb etilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
b) bojxona huquqbuzarligini sodir etishda yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasida foydalanilganligi maʼlum boʻlgan yoki bunda gumon qilinayotgan tovarlar;
c) bojxona huquqbuzarligini sodir etishda yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasida foydalanilganligi maʼlum boʻlgan yoki bunda gumon qilinayotgan har qanday transport vositalari.
8-modda
Soʻrovni ijro etish
Soʻrovni ijro etish
Agar Soʻralayotgan Tomon soʻralayotgan maʼlumotga ega boʻlmasa, u oʻz nomidan harakat qilayotgandek va oʻz davlatining hududida amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq bunday axborotni olish uchun tegishli choralar koʻrishga intiladi.
9-modda
Bojxona hujjatlari
Bojxona hujjatlari
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati soʻrovga koʻra boshqa Axdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyatiga ushbu boshqa davlat hududida amalda boʻlgan bojxona qonunchiligiga qarshi huquqbuzarlik hisoblangan yoki hisoblanishi mumkin boʻlgan, amalga oshirilgan yoki rejalashtirilayotgan harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettiradigan bojxona hujjatlari, tashish hujjatlari, guvohlik koʻrsatmalari yoki ularning tasdiqlangan nusxalarini taqdim etadilar.
2. Boshqa Axdlashuvchi Tomonga takdim etiladigan maʼlumotlar mazkur Bitimda nazarda tutilgan hujjatlar oʻrniga har qanday elektron vositalar orqali uzatilishi mumkin. U ushbu maʼlumotlarni talqin qilish va ulardan foydalanish uchun zarur boʻlgan izohlarni oʻz ichiga olishi lozim.
10-modda
Bojxona huquqbuzarliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
Bojxona huquqbuzarliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
1. Bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga koʻra yoki oʻz tashabbuslari bilan bir-birlariga bojxona huquqbuzarligi hisoblanadigan yoki hisoblanishi mumkin boʻlgan, rejalashtirilgan, amalga oshirilayotgan yoki amalga oshirilgan harakatlar toʻgrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadilar.
2. Bojxona maʼmuriyatlaridan birining davlati iqtisodiyoti, aholisining sogligi, jamoat xavfsizligi yoki har qanday boshqa hayotiy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan holatlar mavjud boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati imkon qadar bunday maʼlumotni oʻz tashabbusi bilan kechiktirmasdan takdim etadi.
11-modda
Yordam koʻrsatish uchun soʻrovlarning shakli va mazmuni
Yordam koʻrsatish uchun soʻrovlarning shakli va mazmuni
1. Mazkur Bitimga muvofiq soʻrovlar yozma shaklda amalga oshirilishi lozim. Soʻrovlarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar ularga ilova qilinishi lozim. Alohida holatlarda soʻrovlar ogzaki amalga oshirilishi mumkin, biroq ular zudlik bilan 72 soatdan kechiktirmasdan yozma shaklda tasdiqlanishi lozim.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan soʻrovlar quyidagilarni oʻzida aks ettirishi lozim:
a) soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatining nomi;
b) amalga oshirilishi soʻralayotgan choralar;
c) coʻrov maqsadi va sabablari;
d) soʻrov mazmuniga aloqador qonunchilik va boshqa huquqiy hujjatlar;
e) surishtiruvda ishtirok etayotgan jismoniy va yuridik shaxslar toʻgʻrisida aniq va batafsil maʼlumotlar;
f) soʻrov mazmuni bilan bogliq boʻlgan faktlarning qisqacha bayoni;
g) soʻrovni ijro etishga koʻmaklashishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa faktlar.
3. Soʻrovlar yozma yoki elektron shaklda ingliz tilida taqdim etilishi lozim.
4. Agar soʻrov mazkur moddaning 2 va 3-bandlari talablariga javob bermasa, unga tuzatish kiritish talab qilinishi mumkin.
12-modda
Bojxona talablarini qoplashda yordam koʻrsatish
Bojxona talablarini qoplashda yordam koʻrsatish
1. Bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga koʻra, basharti soʻrov taqdim etilgan paytda ikkala Ahdlashuvchi Tomon davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq bu ruxsat etilgan boʻlsa, bojxona talablarini qoplashda bir-birlariga yordam koʻrsatishga intiladilar.
2. Bojxona talablarini qoplashda yordam koʻrsatish ad hoc asosda va mazkur Bitimning 22-moddasi 4-bandiga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
13-modda
Bojxona surishtiruvlari
Bojxona surishtiruvlari
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati soʻroviga asosan, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati Soʻrayotgan Tomon davlatining hududida amalda boʻlgan bojxona qonunchiligini buzayotgan yoki buzishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlar ustidan surishtiruvlar oʻtkazadi. U bunday surishtiruv natijalarini Soʻrayotgan Tomon eʼtiboriga taqdim qiladi.
2. Mazkur surishtiruvlar Soʻralayotgan Tomon davlatining hududida amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq oʻtkaziladi. Bunda Soʻralayotgan Tomon oʻz nomidan harakat qilayotgandek ish tutishi lozim.
3. Soʻrayotgan Tomonning mansabdor shaxslari alohida holatlarda Soʻralayotgan Tomonning roziligi bilan uning davlati hududida tegishli davlatning bojxona qonunchiligiga qarshi huquqbuzarliklar boʻyicha surishtiruvlarda hozir boʻlishlari mumkin. Ular oʻzlarining rasmiy vakolatga ega ekanliklarini tasdiqlashlari lozim.
4. Soʻrayotgan Tomonning mansabdor shaxslari mazkur moddaning 3-bandiga muvofiq Soʻralayotgan Tomon davlati hududida hozir boʻlganda faqat maslahat berish tarzida ish tutishi mumkin, biroq xech bir holatda surishtiruvda faol ishtirok etmaydi, soʻroq qilinayotgan shaxs bilan uchrashmaydi yoki boshqa har qanday surishtiruv faoliyatida ishtirok etmaydi.
14-modda
Maʼlumotlar va hujjatlardan foydalanish
Maʼlumotlar va hujjatlardan foydalanish
1. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga oid maʼlumotlar va hujjatlar mazkur Bitimning 15-moddasi qoidalariga muvofiq Ahdlashuvchi Tomon davlatining giyohvandlik vositalarini suisteʼmol qilish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishi ustidan nazorat qilishga masʼul boʻlgan boshqa davlat organlari va tartibga soluvchi idoralarga ham topshirilishi mumkin.
2. Mazkur Bitimga muvofiq maʼlumotlar va hujjatlar bilan taʼminlangan bojxona maʼmuriyati ularning maqsadi va hajmiga qarab, bunday maʼlumotlar va hujjatlardan maʼmuriy va sud jarayonlarida dalillar sifatida foydalanishi mumkin.
3. Bunday hujjatlar va maʼlumotlar sudda dalillar keltirish uchun foydalanilishi mumkin va ularning huquqiy maqomi qabul qilayotgan bojxona maʼmuriyati davlatining qonunchiligiga muvofiq belgilanadi.
4. Mazkur Bitimga muvofiq qabul qilingan har qanday maʼlumot yoki axborotdan faqatgina Bitim maqsadlari uchun va faqatgina bojxona maʼmuriyati tomonidan foydalaniladi, bunday maʼlumotlarni taqdim etgan bojxoka maʼmuriyati ulardan boshqa maqsadlarda yoki Ahdlashuvchi Tomonning boshqa davlat organlari tomonidan foydalanilishini yozma ravishda aniq tasdiqlagan holatlar bundan mustasno. Lekin ular uchinchi davlatlarga takdim etilmaydi.
15-modda
Maʼlumotlarning maxfiyligi
Maʼlumotlarning maxfiyligi
13-moddaning 2-bandi qoidalarini hisobga olgan holda, mazkur Bitim doirasida qabul qilingan har qanday maʼlumot yoki axborot maxfiy deb hisoblanadi hamda ularni qabul qilgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining milliy qonunchiligida aynan shu turdagi maʼlumot yoki axborot uchun nazarda tutilganidan kam boʻlmagan himoya va maxfiylik bilan taʼminlanadi.
16-modda
Shaxsiy maʼlumotlar
Shaxsiy maʼlumotlar
Mazkur Bitim doirasida shaxsiy maʼlumotlar almashilganda, Axdlashuvchi Tomonlar milliy qonunchiliklariga muvofiq maʼlumotlarning standart himoyasini taʼminlaydilar.
17-modda
Ekspertlar va guvohlar
Ekspertlar va guvohlar
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrovga koʻra oʻz mansabdor shaxslariga ularning roziligi bilan Soʻrayotgan Tomonning sud yoki maʼmuriy organlarida ekspertlar yoki guvohlar sifatida hozir boʻlish uchun ruxsat berishi mumkin. Bunday mansabdor shaxslar oʻz xizmat vazifalarini bajarish paytida olingan dalillarni taqdim etadilar.
2. Soʻrayotgan Tomon oʻz davlati hududida mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq mansabdor shaxslarning boʻlib turishlari mobaynida ularning shaxsiy xavfsizligi uchun zarur boʻlgan barcha choralarni koʻrishga majbur. Bunday mansabdor shaxslarning transport va kundalik xarajatlari Soʻrayotgan Tomon tarafidan qoplanadi.
3. Hozir boʻlish toʻgʻrisidagi soʻrovda mansabdor shaxsning qaysi ish yuzasidan, qayerda va qanday malakada hozir boʻlishi lozimligi aniq koʻrsatilishi shart.
4. Bojxona mansabdor shaxslarining ekspertlar yoki guvohlar sifatida hozir boʻlishlari toʻgʻrisidagi soʻrov Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
18-modda
Yordam koʻrsatish buyicha majburiyatlardan istisnolar
Yordam koʻrsatish buyicha majburiyatlardan istisnolar
1. Agar Soʻralayotgan Tomon soʻrovni qanoatlantirish oʻz davlatining suvereniteti, xavfsizligi yoki boshqa muhim manfaatlariga zarar yetkazadi deb hisoblasa, u mazkur Bitim doirasida soʻralgan yordam koʻrsatishni toʻliq yoki qisman rad etishi yoxud soʻralgan yordamni muayyan shart va talablarga bogʻliq ravishda koʻrsatishi mumkin.
2. Agar Soʻrayotgan Tomon yordam koʻrsatish uchun soʻrov yuborsada, ammo uning oʻzida boshqa Ahdlashuvchi Tomonga bunday yordam koʻrsatishning imkoni boʻlmasa, bu fakt soʻrovda koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Bunday soʻrovni qanoatlantirish Soʻralayotgan Tomonning oʻz ixtiyorida boʻladi.
3. Basharti yordam koʻrsatishni rad etilsa, bu haqida Soʻrayotgan Tomonga imkon qadar tez fursatda yozma ravishda xabar berilishi lozim.
19-modda
Texnik yordam
Texnik yordam
Bojxona maʼmuriyatlari bir-birlariga quyidagi tarzda bojxona masalalarida texnik yordam koʻrsatishlari mumkin:
a) bojxona nazoratida qoʻllanilayotgan ilgʻor vositalar bilan tanishtirish maqsadida bojxona mansabdor shaxslari bilan almashish;
b) bojxona nazorati uchun texnik vositalardan foydalanish boʻyicha axborot va tajriba bilan almashish;
c) bojxona mansabdor shaxslarini tayyorlash va qayta tayyorlash;
d) bojxona masalalarida zkspertlar bilan almashish;
e) bojxona qoidalarini qoʻllash bilan bogʻliq maxsus, ilmiy va texnik maʼlumotlar bilan almashish;
f) savdoni soddalashtirish choralarini qoʻllash boʻyicha ilgʻor tajribalar bilan almashish;
g) texnik koʻmak koʻrsatishning boshqa oʻzaro kelishilgan sohalari.
20-modda
Vakolatli iqtisodiy operator
Vakolatli iqtisodiy operator
Bojxona maʼmuriyatlari oʻz roziligi bilan va kelishuvga muvofiq Vakolatli iqtisodiy operatorni (AYEO) oʻzaro tan olish toʻgrisidagi kelishuv (MKA) boʻyicha muzokaralarni boshlashlari mumkin.
21-modda
Xarajatlar
Xarajatlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitimga muvofiq vujudga kelgan xarajatlarni qoplash boʻyicha barcha talablardan voz kechadilar, ekspertlar va guvohlar, ogzaki va yozma tarjimonlar yoki Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligida maʼlum boʻlgan yoki unda belgilangan, davlat xizmati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa xizmat koʻrsatuvchilarning xarajatlari bundan mustasno.
2. Agar soʻrovni ijro etish jiddiy yoki juda koʻp mikdordagi xarajatlarni talab qiladigan boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlar soʻrovni ijro etishning talab va shartlarini, shuningdek, xarajatlarni qoplash tartibini belgilash uchun maslahatlashib oladilar.
22-modda
Bitimni amalga oshirish
Bitimni amalga oshirish
1. Mazkur Bitimda nazarda tutilgan hamkorlik va oʻzaro yordam koʻrsatish bojxona maʼmuriyatlari tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu organlar bunday maqsadlar uchun hujjatlashtirish masalalarini oʻzaro kelishib oladilar.
2. Bojxona maʼmuriyatlari mazkur Bitim doirasida oʻzlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni yoki har bir Ahdlashuvchi Tomonning tegishli idoralaridan olingan maʼlumotlarni takdim qilishga intiladilar.
3. Bojxona maʼmuriyatlari vakillari zarur hollarda, mazkur Bitim qoidalarining amalga oshirilishini tahlil qilish hamda bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasidagi hamkorlik va oʻzaro yordam koʻrsatishga taalluqli boshqa amaliy masalalarni hal etish maqsadida uchrashuv oʻtkazadilar.
4. Mazkur Bitim maqsadlarida bojxona maʼmuriyatlari aloqa uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarni tayinlaydilar va ushbu shaxslarning ism-sharifi, lavozimi, pochta manzili, telefon va faks raqamlari, elektron pochta manzili yoki boshqa aloqa vositalari koʻrsatilgan roʻyxat bilan almashadilar. Ahdlashuvchi Tomonlar yuqorida koʻrsatilgan roʻyxatdagi har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
23-modda
Nizolarni hal qilish
Nizolarni hal qilish
1. Mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq barcha nizolar Axdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida muzokaralar orqali hal etiladi.
2. Hal etilmay qolgan nizo va kelishmovchiliklar diplomatik vositalar orqali hal qilinadi.
24-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro kelishuvga koʻra alohida bayonnomalar tuzish orqali mazkur Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. Ular 25-modda qoidalariga muvofiq kuchga kiradi.
25-modda
Bitimning kuchga kirishi va uning tugatilishi
Bitimning kuchga kirishi va uning tugatilishi
1. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan barcha davlat ichki protseduralarini yakunlaganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingandan boshlab oʻttiz kundan soʻng kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim Axdlashuvchi Tomonlardan biri uni tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali Bitimning tugatilishidan kamida uch oy oldin yozma xabarnoma yubormaguniga qadar nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, tegishli hukumat tomonidan lozim darajada vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Abu-Dabi shahrida 2019-yil 25-martda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqtsirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)