Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 22-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 7-avgustda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi 436–II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 12, 217-modda; 2003-yil, № 9–10, 149-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 6, 262-modda; 2008-yil, № 9, 481-modda, № 12, 630-modda; 2009-yil, № 12, 470-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 7, 431-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 9, 589-modda, № 12, 880-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 7-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari bilan oʻqish davri uchun kelgusida ularning ofitsyerlar tarkibi lavozimlarida harbiy xizmatni kamida besh yil majburiy oʻtashi sharti bilan kontraktlar tuziladi”;
2) 9-moddaning:
toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qurolli Kuchlarda quyidagi harbiy unvonlar joriy etiladi:
| Kema tarkibidagi unvonlar | ||
| I. Oddiy askarlar tarkibi | ||
| oddiy askar | matros | |
| II. Serjantlar tarkibi | ||
| kichik serjant III darajali serjant II darajali serjant I darajali serjant katta serjant | starshina III darajali starshina II darajali starshina I darajali starshina bosh starshina | |
| III. Ofitsyerlar tarkibi | ||
| Kichik ofitsyerlar tarkibi | ||
| leytenant katta leytenant kapitan | leytenant katta leytenant kapitan-leytenant | |
| Katta ofitsyerlar tarkibi | ||
| mayor podpolkovnik polkovnik | III rang kapitani II rang kapitani I rang kapitani | |
| Generallar tarkibi | ||
| general-mayor general-leytenant general-polkovnik | ||
| armiya generali | ”; | |
oltinchi qismi “ixtisoslikka ega boʻlgan” degan soʻzlardan keyin “ofitsyerlar tarkibidagi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
toʻqqizinchi va oʻninchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Harbiy burchni jiddiy tarzda buzganlik, hokimiyatni suiisteʼmol qilganlik, qonunlar va umumharbiy nizomlar bilan oʻz zimmasiga yuklatilgan talablar va majburiyatlarni favqulodda vaziyatlarda bajarmaganlik uchun generallar tarkibidagi shaxslarning harbiy unvoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan pasaytirilishi mumkin.
Ofitsyerlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarni, shu jumladan rezerv yoki zaxiradagi shaxslarni harbiy unvondan ular ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat uchun hukm etilganida faqat sudning qaroriga koʻra mahrum etish mumkin”;
quyidagi mazmundagi oʻn birinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarni harbiy unvondan harbiy xizmatchi tomonidan nojoʻya xatti-harakatlar sodir etilganligi uchun boshqa intizomiy jazo choralari yetarli boʻlmagan taqdirda, sudning yoki vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlarining qaroriga koʻra mahrum etish mumkin”;
3) 10-moddaning beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Harbiy xizmatchilar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda harbiy xizmatda qoldirilgan, shuningdek harbiy xizmatchilar uchun belgilangan taʼminotning barcha turlari, kafolatlar va imtiyozlar saqlangan holda davlat-huquq hamda mudofaa yoʻnalishidagi ishlarni bajarish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, boshqa tashkilotlarga yuborilishi mumkin”;
4) 11-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Harbiy kiyim-kechakda yurish qoidalari harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning rahbarlari tomonidan belgilanadi”;
5) 12-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisidagi “harbiy taʼlim muassasalariga” degan soʻzlar “oliy harbiy taʼlim muassasalariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
6) 15-modda:
nomidagi “Harbiy taʼlim muassasalariga” degan soʻzlar “Oliy harbiy taʼlim muassasalariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
birinchi qismining ruscha matnidagi “visshiye voyenno-obrazovatelnie uchrejdeniya” degan soʻzlar “visshiye voyennie obrazovatelnie uchrejdeniya” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
7) 16-moddaning birinchi qismidagi “(harbiy kafedralar, sikllar va fakultetlarda)” degan soʻzlar “(harbiy taʼlim fakultetlari, harbiy tayyorgarlik boʻyicha oʻquv markazlari, harbiy kafedralar, sikllar va kurslarda)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
8)24-modda:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga quyidagi talablarga javob beruvchi fuqarolar kiradi:
oʻttiz yoshgacha boʻlgan harbiy xizmatga majburlar va ayollar, shuningdek muddatli harbiy xizmatni oʻtagan harbiy xizmatchilar — oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlariga;
muqaddam kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtagan oddiy askarlar va serjantlar tarkibidagi qirq yoshgacha boʻlgan harbiy xizmatga majburlar — oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlariga;
muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtagan va oliy maʼlumotga ega oʻttiz yoshgacha boʻlgan harbiy xizmatga majburlar — oddiy askarlar, serjantlar va ofitsyerlar tarkibi lavozimlariga;
oʻn yetti yoshdan yigirma uch yoshgacha boʻlgan, shu jumladan oʻqishga qabul qilingan yili oʻn yetti yoshga toʻladigan fuqarolar, shuningdek oʻn sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha boʻlgan, oʻqishga qabul qilingan yili mazkur yoshga toʻlgan, ofitsyerlar tarkibi harbiy unvonlariga ega boʻlmagan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar, shuningdek yigirma olti yoshgacha boʻlgan hamda oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining talabalari — oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari lavozimlariga;
qirq yoshgacha boʻlgan rezervdagi va zaxiradagi ofitsyerlar — ofitsyerlar tarkibi lavozimlariga”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Yuqori professional tayyorgarlikka va katta ish tajribasiga ega fuqarolar ham kontrakt boʻyicha harbiy xizmatda boʻlishning belgilangan yosh chegarasiga yetguniga qadar kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga qabul qilinishi mumkin”;
ikkinchi — toʻrtinchi qismlari tegishincha uchinchi — beshinchi qismlar deb hisoblansin;
beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kontraktlar tuzish, shu jumladan oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari bilan kontraktlar tuzish, shuningdek kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga saralab olish va uni oʻtash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi”;
9) 25-moddaning:
nomidagi “fuqarolarga” degan soʻz chiqarib tashlansin;
beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan, shuningdek kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirgan fuqarolarga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa imtiyozlar va kafolatlar ham belgilanishi mumkin”;
10) 26-moddaning:
ikkinchi qismi uchinchi xatboshisining oʻzbekcha matnidagi “(I darajadagi kapitanlar)” degan soʻzlar “(I rang kapitanlari)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Harbiy xizmatda boʻlish yoshi chegarasiga yetgan, ilmiy darajasi va ilmiy unvoni, shuningdek egallab turgan lavozimida yuksak kasbiy tayyorgarligi, katta amaliy ish tajribasi boʻlgan, sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli harbiy xizmatchilarning xizmat muddati harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlari yoki shunday vakolatlar berilgan boshqa mansabdor shaxslar tomonidan harbiy xizmatda boʻlish yoshining chegarasidan besh yilgacha boʻlgan muddatga uzaytirilishi mumkin”;
11) 27-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Haqiqiy harbiy xizmatda boʻlishning boshlanishi deb:
muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan chaqiriluvchilar hamda zaxiradagi ofitsyerlar uchun — harbiy qismga joʻnash maqsadida mudofaa ishlari organida hozir boʻlgan kun;
kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirgan shaxslar uchun — harbiy xizmatni oʻtash toʻgʻrisidagi kontrakt kuchga kirgan kun;
oliy harbiy taʼlim muassasalariga, shuningdek vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning oʻqish harbiy xizmatga tenglashtiriladigan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan chaqiriluvchilar, harbiy xizmatga majburlar uchun — tegishli taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan kun;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan harbiy lavozimga tayinlangan shaxslar uchun — tegishli farmon, qaror yoki farmoyish imzolangan kun hisoblanadi”;
12) 28-moddaning:
nomidagi “Harbiy-taʼlim muassasalari” degan soʻzlar “Oliy harbiy taʼlim muassasalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
birinchi qismidagi “Harbiy-taʼlim muassasalarida” degan soʻzlar “Oliy harbiy taʼlim muassasalarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismidagi “Harbiy-taʼlim muassasasiga” degan soʻzlar “Oliy harbiy taʼlim muassasasiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi qismidagi “Harbiy-taʼlim muassasasidan” degan soʻzlar “Oliy harbiy taʼlim muassasasidan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
beshinchi qismidagi “Harbiy-taʼlim muassasasidan” degan soʻzlar “Oliy harbiy taʼlim muassasasidan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻqishning ikkinchi yilida oliy harbiy taʼlim muassasasidan chetlashtirilgan kursantlar (bundan intizomsizligi tufayli va sogʻligʻining holatiga koʻra chetlashtirilganlar mustasno) oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirishi mumkin”;
13) 29-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan boʻshatish quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:
1) yosh boʻyicha — u harbiy xizmatda boʻlish yoshi chegarasiga yetganida, shu jumladan unga belgilangan tartibda uzaytirilgan harbiy xizmat muddati tugaganda;
2) muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda — chaqiruv boʻyicha muddatli harbiy xizmatning qonun hujjatlarida belgilangan muddati tugaganda (boʻshatish uchun boshqa asoslar mavjud boʻlmaganda);
3) kontrakt muddati tugaganda — boʻshatish uchun boshqa asoslar mavjud boʻlmaganda, agar amaldagi kontraktning tugashi paytiga kelib harbiy xizmatchi yoki vazirlik, davlat qoʻmitasi va idora tomonidan yangi kontrakt tuzmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa;
4) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan — harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish mumkin boʻlmagan taqdirda, uni boʻshatish uchun boshqa asoslar mavjud boʻlmaganda;
5) sogʻligʻining holatiga koʻra — u harbiy-tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganligi munosabati bilan;
6) taraflardan birining tashabbusiga koʻra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;
7) intizomsizligi sababli oliy harbiy taʼlim muassasasidan chetlashtirilishi munosabati bilan — uni boʻshatish uchun boshqa asoslar mavjud boʻlmaganda;
8) harbiy xizmatchi nomiga dogʻ tushiruvchi nojoʻya xatti-harakat sodir etganda;
9) davlat sirlaridan foydalanishdan mahrum qilinganda;
10) ozodlikdan yoki harbiy unvondan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazo choralari tayinlangan sud hukmi qonuniy kuchga kirganda;
11) qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini yoʻqotganligi yoxud boshqa davlatning fuqaroligi mavjudligi munosabati bilan.
Harbiy xizmatchilarni harbiy xizmatdan boʻshatish ularni tegishli lavozimlarga tayinlash vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Harbiy xizmatchilar harbiy xizmatdan rezervga, harbiy hisobdan chiqarilgan hollarda esa isteʼfoga boʻshatiladi.
Rezervda boʻlish yoshi chegarasiga yetgan yoki sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy-tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan yoxud boshqa davlatning fuqaroligiga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar isteʼfoga boʻshatiladi”;
14) 31-moddaning uchinchi qismidagi “jangovar qoʻshilmalari va qismlari, jangovar taʼminot boʻlinmalari” degan soʻzlar “jangovar qoʻshilmalari, qismlari va jangovar taʼminot boʻlinmalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
15) 44-moddaning beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Harbiy xizmatga chaqirilgan yoki kirgan shaxslar, shuningdek vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarga xizmatga maxsus unvonlar berilgan holda, xodimlar lavozimlariga kirgan shaxslar rezervdagilar va zaxiradagilarning harbiy roʻyxatidan chiqarilishi lozim”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat toʻgʻrisida”gi 478–II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 2003-yil, № 5, 65-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 6, 262-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 4-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “(harbiy kafedralar, sikllar yoki fakultetlarda)” degan soʻzlar “(harbiy taʼlim fakultetlari, harbiy tayyorgarlik boʻyicha oʻquv markazlari, harbiy kafedralar, sikllar va kurslarda)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 8-moddaning uchinchi qismidagi “(harbiy kafedralar, sikllar yoki fakultetlarda)” degan soʻzlar “(harbiy taʼlim fakultetlari, harbiy tayyorgarlik boʻyicha oʻquv markazlari, harbiy kafedralar, sikllar va kurslarda)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-avgust,
OʻRQ-634-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2020-y., 03/20/634/1218-son)