Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH MASALALARI
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (Oʻzbekiston Respublikasi OAK)ni tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 31-martdagi Farmonga muvofiq hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (Oʻzbekiston Respublikasi OAK) respublika Fanlar akademiyasi, tarmoq akademiyalari, vazirliklari, idoralari, konsernlari, ilmiy tashkilotlari va muassasalarining, ularning qaysi idoraga boʻysunishidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiyadan oʻtkazish, ilmiy kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish ishida xalqaro hamkorlik boʻyicha davlat siyosatini roʻyobga chiqarish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarga va faoliyatining yoʻnalishlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga quyidagi huquqlar berilsin:
fan, texnika, taʼlim va madaniyatni rivojlantirishning yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlar ixtisoslari nomenklaturasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni, yoʻriqnomalarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengashlar, fan yoʻnalishlari boʻyicha ekspertlar kengashlari tuzish hamda ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlash, unvonlar berish yuzasidan ilmiy kengashlarning takliflarini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
ixtisoslashtirilgan kengashlar ishi ustidan muntazam va taʼsirli nazoratni amalga oshirish, ularning tarkibiga oʻzgartishlar kiritish, bir gallik dissertatsiyalar himoyasiga ruxsat berish, kengashlarning faoliyatini toʻxtatish yoki ularni yopish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
himoya qilingan dissertatsiyalarni zarur hollarda respublikaning yirik olimlari va mutaxassislarini, shuningdek, chet el mutaxassislarini jalb etgan holda davlat ekspertizasidan oʻtkazish;
respublika va davlatlararo ilmiy-uslubiy kengashlar va konferensiyalar tashkil qilish, respublika tashqarisida oʻtkaziladigan shu kabi tadbirlarda ishtirok etish uchun Oʻzbekiston OAK vakillarini yuborish;
vazirliklar va idoralardan, Fanlar akademiyasi, tarmoq akademiyalaridan, konsernlar, uyushmalar, tashkilotlar va muassasalardan yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan materiallarni olish;
“OAK axborotnomasi” jurnalini nashr etish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi apparatining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. OAK raisiga zarur boʻlganda tasdiqlangan xodimlar soni va mehnat haqi fondi doirasida apparat tuzilmasiga oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.
Oliy attestatsiya komissiyasi apparati xodimlarining cheklangan soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari), tegishli mehnat haqi fondi bilan 45 nafardan, shu jumladan, shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan OAK raisi, raisning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosari, shuningdek, bosh ilmiy kotibdan iborat qilib belgilansin.
Maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish boʻyicha OAK raisi — vazirga, raisning birinchi oʻrinbosari — vazirning birinchi oʻrinbosariga va oʻrinbosari — vazir oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
Fanlar akademiyasining rahbarlari va ilmiy boʻlinmalari uchun koʻzda tutilgan mehnatga haq toʻlash shartlari ilmiy ekspertiza bilan shugʻullanuvchi rahbarlarga va boʻlinmalarga nisbatan, boshqaruv organlari uchun koʻzda tutilgan shartlar esa — qolgan xodimlarga nisbatan qoʻllanilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Oʻzshartnomasavdo”, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi belgilangan tartibga muvofiq materiallar, asbob-uskunalar, buyumlar va boshqa moddiy-texnika resurslari yetkazib berilishi uchun OAKga kvotalar ajratilishini koʻzda tutsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Gogol koʻchasi, 70-uydagi Fanlar akademiyasi Rayosati binosiga joylashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi OAKni taʼminlash, berilayotgan binoni asosli tuzatish va jihozlash uchun 1992-yilda zarur mablagʻlarni ajratsin, shuningdek, OAK apparati uchun 2 ta yengil avtomobil saqlashga limitlarni koʻzda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi, Aloqa vazirligi OAK talabnomalari boʻyicha limitga muvofiq transport vositalari ajratsin va belgilangan tartibda telefon, shu jumladan, hukumat telefon aloqasi bilan taʼminlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq M. I. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-sentabr,
421-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi apparatining
TUZILMASI
Rahbariyat
Biologiya, qishloq xoʻjaligi, kimyo va tibbiyot fanlari boʻlinmasi
Fizika-matematika, texnika fanlari va Yer haqidagi fanlar boʻlinmasi
Gumanitar va ijtimoiy fanlar boʻlinmasi
Davlat inspeksiyasi
Meʼyoriy-axborot boʻlimi
Xalqaro aloqalar boʻlimi
Ishlar boshqarmasi
“OAK axborotnomasi” jurnali
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (Oʻzbekiston Respublikasi OAK) fan, texnika, taʼlim va madaniyat yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy, ilmiy-pedagog xodimlarga ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar beruvchi davlat organi hisoblanadi.
OAK Vazirlar Mahkamasi huzuridagi idora huquqlaridan foydalanadi va respublikada ilmiy, ilmiy-pedagog kadrlarni davlat yoʻli bilan attestatsiyadan oʻtkazishning ahvoli va tizimini takomillashtirish uchun masʼuldir.
2. OAKning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishga rahbarlik qilish hamda ilmiy darajalar va ilmiy unvonlarga qoʻyiladigan talablarning yagonaligini taʼminlash;
ixtisoslashtirilgan kengashlar ishi va dissertatsiya ishlari sifatini, ularning ilmiy va amaliy qiymatini nazorat qilib borish;
ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarga qoʻyiladigan malaka talablarini xalqaro andazalarga muvofiq holga keltirish.
3. OAK oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
vazirliklar va idoralarning, fanlar akademiyalarining taqdimnomalariga binoan yetakchi oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida fan doktori va nomzodi ilmiy darajalarini olish uchun dissertatsiyalar yoqlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengashlar tuzadi;
ixtisoslashtirilgan kengashlar raislarini va ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlaydi hamda kengashlarga dissertatsiyalarni yoqlash uchun qabul qilish huquqini beradigan ixtisosliklar roʻyxatini belgilaydi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, ilmiy texnika va ijtimoiy taraqqiyot talablarini hisobga olgan holda, rejalashtirilayotgan doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarining mavzularini nazorat qilish tartibida koʻrib chiqadi;
tegishli ixtisoslashtirilgan kengashning taqdimnomasi asosida fan doktori, nomzodi ilmiy darajasini beradi hamda tegishli kengashlarning taqdimnomasiga binoan professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlarini beradi;
boshqa davlatlarning ilmiy darajalari va ilmiy unvonlari haqidagi diplomlar va attestatlarni respublikanikiga tenglashtirish (nostrifikatsiyalash)ni amalga oshiradi, fan doktori va nomzodi diplomlarini hamda professor, dotsent va katta ilmiy xodim attestatlarini rasmiylashtiradi;
yoqlangan dissertatsiya ishlarining tahlilini oʻtkazadi hamda natijalari dissertatsiya ishlarida bayon etilgan bajarilgan ilmiy tadqiqotlar haqida, ularni amaliyotga joriy qilish imkoniyati toʻgʻrisidagi tegishli tavsiyalar bilan birgalikda, respublika vazirliklari, idoralariga muntazam ravishda axborot yuborib turadi.
4. OAK yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning attestatsiyasi masalalari boʻyicha axborotnoma nashr etadi. Axborotnoma, shuningdek, dissertatsiyalar yoqlanishi va ilmiy darajalar berilishi haqidagi axborotlar ham eʼlon qilib turiladi.
5. OAK quyidagi huquqlarga egadir:
ilmiy kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish masalalari boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengashlar va ilmiy kengashlar faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
OAK ilmiy kengashi va rayosati majlislarida ish tajribalarni oʻrganish va umumlashtirish maqsadida ixtisoslashtirilgan kengashlar raislarining hisobotlarini eshitish;
ixtisoslashtirilgan kengashlarga nisbatan, ishlar sifatsiz olib borilgan yoki dissertatsiya yoqlash yuzasidan belgilangan tartib qoʻpol ravishda buzilgan hollarda, ularni yopib qoʻyishgacha choralar koʻrish;
ixtisoslashtirilgan kengashlar faoliyatini tekshirib turish, ayrim dissertatsiyalarni nazorat ekspertizasidan oʻtkazish uchun zarur hollarda opponentlar va taqrizchilar tayinlash, oliy oʻquv yurtlari, Fanlar akademiyalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning, ularning qaysi idoraga boʻysunishidan qatʼi nazar, yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilish. Ixtisoslashtirilgan kengashlar faoliyatini tekshirishda qatnashish, opponent va taqrizchi vazifalarini ado etish vaqtida jalb etilgan olimlar va mutaxassislar oʻz xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etilib, ularning doimiy ish joylaridagi ish haqlari saqlanadi. Olimlarning ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimida ishtirok etishlari ularning ijtimoiy-ilmiy faoliyatining muhim jihati deb baholanadi va hisobga olinadi;
nomzodlik imtihonlarini tashkil qilish va ularning saviyasi ustidan nazoratni amalga oshirish;
ilmiy darajalar va unvonlar beruvchi kengashlar ishlab turgan tashkilotlar va muassasalardan, ularning qaysi idoraga boʻysunishidan qatʼi nazar, belgilangan tartibda har yilgi hisobotlarni hamda respublikada ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash va chora-tadbirlar koʻrish uchun vazirliklar hamda idoralardan zarur axborotlar olib turish;
yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimini takomillashtirish, dissertatsiyalarning ilmiy saviyasi va amaliy qiymatini oshirish bilan bogʻliq muammolarni hal qilish uchun belgilangan tartibda idoralararo kengashlar chaqirish;
yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni tayyorlash hamda attestatsiyadan oʻtkazish masalalari boʻyicha xalqaro tashkilotlar, kengashlar, konferensiyalar ishida qatnashish, boshqa mamlakatlarning tegishli tashkilotlari bilan tajriba almashishni amalga oshirish;
dissertatsiyalarga qoʻyiladigan talablarga muvofiq fan va xalq xoʻjaligi uchun ahamiyati yuzasidan qoʻshimcha xulosa olish maqsadida dissertatsiya ishlarini zarur boʻlib qolgan hollarda ixtisoslashtirilgan kengashlarga yuborish;
belgilangan tartibda ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni ilmiy darajalar va ilmiy unvonlardan mahrum qilish.
6. OAK oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, oʻz faoliyati sohasiga taalluqli boshqa meʼyoriy hujjatlarga amal qiladi.
7. OAKga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tayinlanadigan rais boshchilik qiladi. OAK Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan bir nafar birinchi oʻrinbosarga va bir nafar oʻrinbosarga, shuningdek, bosh ilmiy kotibga ega boʻladi. Rais oʻrinbosari va bosh ilmiy kotib oʻrtasida vazifalarni OAK raisi taqsimlaydi.
8. OAK raisi, uning oʻrinbosarlari, bosh ilmiy kotib OAK zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun masʼuldirlar. OAKning ekspertlar kengashlari, boʻlimlari va boshqa boʻlinmalarining ishini yoʻnaltiradilar va nazorat qilib boradilar.
OAK raisi amaldagi qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari asosida va ularni ijro etish maqsadida malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil qilish yuzasidan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar tomonidan, ularning qaysi idoraga boʻysunishidan qatʼi nazar, bajarilishi shart boʻlgan buyruqlar va yoʻriqnomalar chiqaradi, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qiladi.
9. OAK ilmiy kengashi ilmiy-ijtimoiy organ hisoblanadi, u respublika oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari, vazirliklar, idoralar, fanlar akademiyalarining takliflari asosida fanning asosiy yoʻnalishlari olimlari va mutaxassislaridan tuziladi. Ilmiy kengashning tarkibiy soni va shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi va vaqti-vaqti bilan yangilanib turiladi.
OAK ilmiy kengashi rayosat, ekspertlar kengashlari, ixtisoslashtirilgan kengashlar, ilmiy unvonlar beruvchi kengashlar faoliyati haqidagi hisobotlarni eshitadi, yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishga oid hujjatlarni tasdiqlash uchun tavsiya etadi.
OAK ilmiy kengashining fanning turli muammolari va yoʻnalishlariga muvofiq tarzda guruhlar va seksiyalarga birlashgan aʼzolari zarur hollarda ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar berish toʻgʻrisida rayosatga tavsiyanomalar tayyorlashga, shuningdek, yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlar attestatsiyasini takomillashtirish yuzasidan takliflarni, OAKga tushadigan norozilik arizalarini va shikoyatlarni koʻrib chiqishga jalb etiladilar. OAK ilmiy kengashi yiliga kamida ikki marta chaqiriladi. OAK ilmiy kengashi oʻz vakolatlari doirasida qarorlar chiqaradi.
10. OAK raisi, uning oʻrinbosarlari, bosh ilmiy kotib va OAK ilmiy kengashi boshqa aʼzolaridan iborat rayosat OAKning rahbarlik qiluvchi ijro organi hisoblanadi. Rayosatning tarkibiy soni va shaxsiy tarkibini Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
OAK rayosati ixtisoslashtirilgan kengashlarni tashkil qilish tartibini ishlab chiqadi, ixtisoslashtirilgan kengashlarni tashkil etish uchun ruxsat beradi, ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlaydi, ularga tegishli ixtisoslar boʻyicha dissertatsiya ishlarini koʻrib chiqish huquqini beradi; ekspertlar kengashini tuzish haqida qarorlar kiritadi va oʻz ishida ularga tayanadi, ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar berish haqida qarorlar qabul qiladi, ixtisoslashtirilgan kengashlar va ilmiy unvonlar beruvchi kengashlar raislarining ishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni, davlat inspeksiyasi boʻlimi axborotlarini vaqti-vaqti bilan eshitib turadi. OAK plenumi koʻrib chiqishi uchun kiritilgan hujjatlar loyihalarini muhokama qiladi, OAK ixtiyoridagi boshqa masalalarni hal etadi.
11. OAK faoliyatiga oid kundalik masalalarni koʻrib chiqish va hal etish, OAK boʻlimlari, boʻlinmalari ishiga tezkor rahbarlik qilish va ularni nazorat qilib borish, qabul qilingan qarorlarning ijrosini tekshirish, OAK apparati kadrlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyish uchun OAK raisi, uning yordamchilari, bosh ilmiy kotib hamda davlat bosh inspektoridan iborat OAK hayʼati tuziladi.
12. Ilmiy kengash, rayosat, hayʼat ishiga OAK raisi rahbarlik qiladi.
13. Ilmiy kengash, rayosat, uning hayʼati qarorlari ochiq ovoz berish orqali majlis ishtirokchilarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
14. Taqdim etilgan dissertatsiyalarni ilmiy ekspertizadan oʻtkazish, shuningdek, ilmiy unvonlar berish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni koʻrib chiqish uchun OAK fan tarmoqlari boʻyicha xalq xoʻjaligi va madaniyatning yetakchi mutaxassis olimlaridan iborat ekspertlar kengashlari tuzadi. Ekspertlar kengashlarining shaxsiy tarkibi oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va muassasalarining, fanlar akademiyalari, shuningdek, manfaatdor vazirliklar va idoralarning tavsiyalari hisobga olingan holda belgilanadi va keyinchalik kengashning kamida uchdan bir qismini yangilash sharti bilan, OAK rayosati tomonidan 3 yil muddatga tasdiqlanadi.
15. OAK apparati tuzilmasi va shtatdagi xodimlari soni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. OAK apparatining xodimlari roʻyxati, shuningdek, boʻlimlar, ekspertlar kengashlari toʻgʻrisidagi nizomlar OAK rayosati tomonidan tasdiqlanadi. OAKning ishdan ozod etilmagan aʼzolarining, ekspertlar kengashlarining, shuningdek, opponentlar va taqrizchilarning, jalb etilgan mutaxassislarning mehnatiga belgilangan tartibda haq toʻlanadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi OAK Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.