O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON NEFT MAHSULOTLARI BILAN TA’MINLASh DAVLAT-AKSIONERLIK BIRLAShMASI (“O‘ZDAVNEFTMAHSULOT”) FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-dekabrdagi 523-sonli “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Neft mahsulotlarini sotishda tartib o‘rnatish va tarmoqni boshqarish tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 1992-yil 7-sentabrdagi 470-son Farmonni bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zdavneftmahsulot” davlat-aksionerlik birlashmasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan iborat tarkibda tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston neft mahsulotlari bilan ta’minlash davlat aksionerlik birlashmasi (“O‘zdavneftmahsulot”) yopiq xildagi aksionerlik jamiyati shaklida, mustaqil yuridik shaxs sifatida tashkil etiladi;
“O‘zdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasining ta’sis etilayotgan paytdagi ustav jamg‘armasini asosiy fondlari qiymati qayta hisoblab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining tugatilgan neft mahsulotlari bilan ta’minlash davlat qo‘mitasi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar, tashkilotlar balansida bo‘lgan davlat mulki tashkil etadi;
“O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi aksiyalarining kamida 60 foizi davlatga tegishli bo‘ladi va saqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi davlat mulki jamg‘armasiga o‘tkaziladi;
aksiyalarning 40 foizgachasi birlashmaning ishini ta’minlovchi yuridik shaxslar — “O‘zbekneftgaz” konserni, Toshkent va Farg‘ona neft mahsulotlarini tashish korxonalari, shuningdek, uning mahsulotlarining asosiy iste’molchilaridan bo‘lgan birlashmaning boshqa muassasalari o‘rtasida joylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi unga qonunchilik bilan berilgan huquqiga muvofiq, ishonch (trast) shartnomasi asosida mulkdorlik vakolatini davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalarning nazorat paketiga mos ulush doirasida amalga oshirishni “O‘zdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasiga bersin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasi:
O‘zbekiston Respublikasining tugatilgan Neft mahsulotlari bilan ta’minlash davlat qo‘mitasi bilan tuzgan majburiyat va shartnomalar bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi va o‘zining xo‘jalik faoliyati to‘g‘risida “O‘zbekneftgaz” konserniga hisob beradi;
moliyaviy iqtisodiy, xo‘jalik va ijtimoiy faoliyatga doir masalalarni mustaqil ravishda hal qiladi, belgilangan tartibda o‘ziga qarashli korxona va tashkilotlarni tashkil etadi, qayta tashkil etadi va tugatadi;
kapital mablag‘lar, moddiy-texnika resurslari va moliya mablag‘lari, shu jumladan, davlat ehtiyojlari, respublika xalq xo‘jaligini va aholisini neft va neftni qayta ishlash mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash uchun buyurtmalarni bajarish maqsadida birlashmaga markazlashgan tartibda ajratiladigan valyuta mablag‘larining fond saqlovchisi hisoblanadi;
“O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, “O‘zdavzaxira” va Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda davlat hamda safarbarlik zaxiralari neft mahsulotlarini to‘plash, maxsus ajratib qo‘yish va to‘ldirish topshiriqlari loyihalarini har yili ishlab chiqadi hamda tasdiqlash uchun respublika Hukumatiga taqdim etadi;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradi, zarur bo‘lganda MDH a’zolari bo‘lgan davlatlarda filiallar va vakolatxonalar tashkil etadi, respublikaning o‘zida ham, boshqa mintaqalarda ham ishlab chiqaruvchi korxonalar va neft mahsulotlari bilan ta’minlovchi tashkilotlar bilan neft mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha kontraktlar tuzadi.
4. “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Xodimlarning cheklangan soni, mehnatga haq to‘lashning tegishli fondi bilan, 71 nafar etib va boshqaruv a’zolarining soni 9 kishidan iborat qilib belgilansin.
5. Neft mahsulotlari bilan ta’minlash viloyat korxonasining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq hamda ularning boshqaruv apparati xodimlarining cheklangan soni 480 nafardan iborat qilib tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki, shahar va nohiyalarda joylashgan korxonalarning rahbarlari neft mahsulotlari bo‘yicha viloyat korxonalarining taqdimnomalari asosida “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi buyrug‘i bilan tayinlanadilar.
“O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi boshqaruvi hamda viloyat korxonalari direktorlariga obro‘sini to‘kkan yoki ishonchni yo‘qotgan xodimlarni tegishli nomenklatura bo‘yicha ishdan bo‘shatish haqida uzil-kesil qaror chiqarish huquqi berilsin.
6. “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi Ustavi va viloyat neft mahsulotlari korxonalari to‘g‘risidagi namunaviy Nizom loyihalarini Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqish uchun 20 kun muddat ichida taqdim etsin.
7. Bir oy muddat ichida barcha joylarda “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi tizimidagi rahbarlar va mutaxassislarni navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazish maqsadga muvofiq deb topilsin, ushbu sohada ishlash uchun kadrlarni puxta tanlash ta’minlansin, tarmoqda har qanday salbiy holatlarga qarshi kurash kuchaytirilsin. Attestatsiyani o‘tkazish “O‘zbekneftgaz” konserni zimmasiga yuklatilsin.
8. “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi apparati O‘zbekiston Respublikasi Neft mahsulotlari bilan ta’minlash davlat qo‘mitasi egallab kelgan binoga — Toshkent shahri, Oxunboboyev ko‘chasidagi 16-uyga joylashtirilsin.
9. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Avtotransport vazirligi, Aloqa vazirligi O‘zbekiston Respublikasi sobiq Neft mahsulotlari bilan ta’minlash davlat qo‘mitasi uchun belgilangan kapital mablag‘lar, moliya va transport vositalari limitlarini, o‘rnatilgan aloqa turlari va telefonlarni “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasida saqlab qolsinlar.
10. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSR Neft mahsulotlari bilan ta’minlash Davlat komiteti to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash hamda O‘zbekiston SSR xalq xo‘jaligida neft mahsulotlaridan foydalanishni nazorat qilish Davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom haqida” 1988-yil 28-noyabrdagi 445-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari “O‘zbekneftgaz” konserni raisi o‘rtoq Q. J. Haqqulov zimmasiga yuklatilsin.
Qarorning qanday bajarilayotgani 1992-yil noyabr oyida Vazirlar Mahkamasi majmui majlisida ko‘rib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-sentabr,
418-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-sentabrdagi 418-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi markaziy apparatining
TUZILIShI
Rahbariyat
Balanslar, resurslar va statistika bo‘limi
Tezkor-dispetcherlik bo‘limi
Aholiga neft mahsulotlari yetkazib berish bo‘limi
Tashqi iqtisodiy aloqalar va kontraktlar bo‘limi
Iqtisodiyot, moliya va buxgalteriya hisobi bo‘limi
Nazorat-taftish bo‘limi
Ishlab chiqarish, foydalanish va yangi texnika bo‘limi
Kapital qurilish bo‘limi
Moddiy-texnika ta’minoti bo‘limi
Texnika xavfsizligi va tabiatni muhofaza qilish guruhi
Kadrlar bo‘limi
Yuridik bo‘lim
Ikkinchi bo‘lim va maxsus qism
Ishlar boshqarmasi
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-sentabrdagi 418-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar
RO‘YXATI
I. “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasiga qarashli korxona, muassasa va tashkilotlar
Davlat neft inspeksiyasi Bosh boshqarmasi
Rahbarlar va mutaxassislar malakasini oshirish respublika kurslari
Axborot-hisoblash markazi
Moddiy-texnika ta’minoti respublika bazasi
Mexanika ustaxonalari
Ixtisoslashgan ko‘chma mexanizatsiyalashgan kolonnalar
Toshkent tashish-taqsimlash korxonasi
Farg‘ona neft mahsulotlari tashish korxonasi
Toshkent neft mahsulotlari tashish korxonasi
II. Neft mahsulotlari bilan ta’minlash viloyat korxonalari
Neft mahsulotlari bilan ta’minlash Qoraqalpog‘iston respublika korxonasi
Andijon viloyat neft mahsulotlari bilan ta’minlash korxonasi
Buxoro
Jizzax
Qashqadaryo
Navoiy
Namangan
Samarqand
Surxondaryo
Sirdaryo
Toshkent
Farg‘ona
Xorazm
III. Respublika shahar va nohiyalarida joylashgan korxonalar
Neft va neft mahsulotlarini saqlash korxonalari — 74
Avtoyoqilg‘i quyish stansiyalari — 935
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-sentabrdagi 418-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“O‘zdavneftmahsulot” davlat-aksionerlik birlashmasi neft mahsulotlari bilan ta’minlash viloyat korxonasi boshqaruvining namunaviy tashkiliy tuzilishi