Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
qarori
Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3271]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son “Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladi:
1. Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri Sh. SHERMATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-iyun,
8-mh-son
Moliya vaziri T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-iyun,
28-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-iyun,
124/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2020-yil 20-iyundagi 8-mh, 28, 124/1-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son “Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bazaviy tarif stavkasi ― bir stavka dars soati uchun oʻqituvchining maʼlumoti va malaka toifasiga koʻra belgilangan bazaviy haq miqdori;
oʻqituvchining tarif stavkasi ― oʻqituvchiga biriktirilgan dars soatlari asosida bir stavka uchun belgilangan bazaviy tarif stavkadan kelib chiqib aniqlanadigan miqdor;
sinf komplekti ― oʻquvchilarni belgilangan meʼyorlar asosida bitta sinfga jamlash;
dars soatlari setkasi ― umumiy oʻrta taʼlimning tayanch oʻquv rejasi asosida umumtaʼlim muassasasining sinflar soni, sinf komplektidagi oʻquvchilar soni va tegishli mutaxassislik boʻyicha oʻqituvchilar mavjudligini inobatga olgan holda barcha fanlar boʻyicha shakllantirilgan jami dars soatlari;
elektron dastur ― umumtaʼlim muassasalari toʻgʻrisida zarur maʼlumotlar kiritiladigan va istalgan vaqtda Internet jahon axborot tarmogʻi orqali ushbu maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatini yaratib beruvchi dastur.
2. Ushbu Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi umumtaʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash
3. Umumtaʼlim muassasalarining sinflari oʻquvchilar sonidan kelib chiqib, quyidagi meʼyorlar asosida komplektlanadi:
shahar hududi va tuman markazlarida 25 ― 35 nafargacha;
qishloq hududlarida 20 ― 35 nafargacha (olis (togʻli, choʻlli) hududlarda joylashgan umumtaʼlim muassasalari bundan mustasno).
Oʻquvchilar soni mazkur meʼyorlardan kam boʻlgan hollarda umumtaʼlim muassasasi hamda tuman (shahar) xalq taʼlimi va moliya boʻlimlari bilan kelishilgan holda sinflar komplektlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari, Respublika oʻgʻil bolalar oʻquv-tarbiya muassasalari, Respublika qiz bolalar oʻquv-tarbiya muassasalari hamda ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalarida sinflar tegishliligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgustdagi 173-son “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi, 2011-yil 13-sentabrdagi 256-son “Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi, 2019-yil 17-oktabrdagi 880-son “Respublika oʻquv-tarbiya muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq komplektlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Kam komplektli umumtaʼlim muassasalarida (filiallarda) boshlangʻich sinf oʻquvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:
oʻquvchilar soni 8 nafargacha boʻlgan I ― IV sinflar;
oʻquvchilar soni 12 nafargacha boʻlgan uchta boshlangʻich sinf;
oʻquvchilar soni 24 nafargacha boʻlgan ikkita boshlangʻich sinf (I va III, II va IV sinflar).
5. Namunaviy loyihalar boʻyicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda joylashgan, oʻquvchilar soni yetarli boʻlmagan umumtaʼlim muassasalarida, olis (togʻli, choʻlli) hududlarda joylashgan umumtaʼlim muassasalarida, shuningdek, oʻzbek tilida oʻqitilmaydigan umumtaʼlim muassasalarida oʻquvchilar soni sinflarni komplektlashning oʻziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqib, hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Umumtaʼlim muassasalarida sinflar komplektlarini shakllantirishda sinflar boʻyicha jami oʻquvchilar soni, shu jumladan oʻgʻil va qiz bola oʻquvchilar, inklyuziv taʼlim va yakka tartibda uyda taʼlim oluvchi oʻquvchilar sonining mazkur Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan meʼyorlarga muvofiq boʻlishi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi talab etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan oqilona foydalanish va ortiqcha xarajatlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida umumtaʼlim muassasalarida mazkur Nizomda belgilangan meʼyorlardan ortiq sinflar komplektlarini shakllantirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Umumtaʼlim muassasalari har yili 30-avgustga qadar taʼlim olayotgan hamda I sinfga qabul qilinayotgan oʻquvchilarning nomma-nom roʻyxatini shakllantiradi hamda elektron dastur orqali maʼlumotlarni tegishliligi boʻyicha hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlariga koʻrib chiqish uchun yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sinflar komplektini shakllantirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻgʻri va haqqoniy kiritilishi uchun umumtaʼlim muassasasining direktori masʼul hisoblanadi.
8. Umumtaʼlim muassasalari tomonidan elektron dastur orqali yuborilgan sinflar komplektini shakllantirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari tomonidan quyidagi mezonlar asosida koʻrib chiqiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hudud (mikrohudud) boʻyicha bir-biriga yaqin boʻlgan umumtaʼlim muassasalaridagi oʻquvchilar soni va sinf komplektini oʻzaro taqqoslash;
boshqa umumtaʼlim muassasalaridan kelgan va ketgan oʻquvchilarning umumtaʼlim muassasasi direktori buyrugʻi asosida sanoqqa kiritilganligi yoki sanoqdan chiqarilganligi oʻrganish;
har bir sinf boʻyicha oʻtgan yilga nisbatan sinf sonining oʻsishi yoki kamayishini tahlil qilish;
qiz va oʻgʻil bolalar sonidan kelib chiqib, sinf oʻquvchilarining guruhlarga toʻgʻri ajratilganligi oʻrganish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan samarali foydalanish hamda sunʼiy ravishda sinflar sonining koʻpayishi holatlariga yoʻl qoʻymasligini oʻrganish.
9. Hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari tomonidan koʻrib chiqilgan sinflar komplektini shakllantirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har yili 15-sentabrga qadar tasdiqlanadi yoki aniqlangan xato va kamchiliklarni asoslantirgan holda qayta ishlash uchun yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qayta ishlash uchun yuborilgan sinflar komplektini shakllantirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar umumtaʼlim muassasasi tomonidan qayta koʻrib chiqiladi va hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari hamda hududiy moliya organlariga ikki ish kuni ichida elektron dastur orqali tasdiqlash uchun qaytadan yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari hamda hududiy moliya organlari tomonidan koʻrib chiqilgan va tasdiqlangan sinflar komplektini shakllantirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida hududiy xalq taʼlimi boʻlinmasining oʻz hududidagi umumtaʼlim muassasalarida tashkil etiladigan sinflar komplektlari toʻgʻrisidagi tegishli buyrugʻi qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Har yili yanvar oyida zarurat tugʻilganda sinflar komplektlari mazkur Nizomga asosan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
12. Tegishli moliya yili uchun tuzilgan xarajatlar smetasida koʻzda tutilgan sinflar sonidan ortiq sinflarni tashkil etish, hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish
13. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish uchun umumiy oʻrta taʼlimning tayanch oʻquv rejasi ishlab chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Umumtaʼlim muassasalari umumiy oʻrta taʼlimning tayanch oʻquv rejasi asosida har yili 10-sentabrga qadar umumtaʼlim muassasasining dars soatlari setkasini shakllantiradi.
Bunda taʼlim qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, qirgʻiz, turkman tillarida olib boriladigan kam komplektli umumtaʼlim muassasalarida oʻqish, ona tili va adabiyot fanlari boʻyicha dars soatlari setkasi oʻquvchilar taʼlim olishni xohlagan tildan kelib chiqib, umumtaʼlim muassasalari tomonidan hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari bilan kelishilgan holda shakllantiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Umumtaʼlim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqilib, har yili 15-sentabrga qadar oʻqituvchilarga dars soatlari quyidagi koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:
xalqaro olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar;
oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʻoliblari;
chet tili va STEAM fanlaridan mutaxassisligi boʻyicha xalqaro sertifikatlarga ega oʻqituvchilar (TESOL Level 5, CEFR B2, IELTS 6 va undan yuqori, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadigan boshqa sertifikatlar);
Keyingi tahrirga qarang.
TOP-1000 universitetlar reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlarini bitirgan oʻqituvchilar;
asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar;
oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblari;
respublika bosqichidagi koʻrik tanlovlarda (yil oʻqituvchisi) sovrinli oʻrinlarga ega boʻlgan oʻqituvchilar;
oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar;
birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar;
asosiy olimpiadalarning viloyat va tuman bosqichi gʻoliblarining oʻqituvchilari;
ikkinchi malaka toifaga ega oʻqituvchilar;
pedagogik yoʻnalish boʻyicha magistr darajasiga ega oʻqituvchilar;
belgilangan tartibda oʻz fanidan oʻtkazilgan nazariy va amaliy sinovlar natijasi boʻyicha aʼlo baholarga ega oʻqituvchilar;
oliy maʼlumotli toifasiz oʻqituvchilar;
qayta tayyorlash boʻyicha diplomga ega oʻqituvchilar;
oliy taʼlim muassasalarining pedagogik yoʻnalish boʻyicha bitiruvchi bosqich talabalari;
pedagogik yoʻnalish boʻyicha xorijiy davlatlarning oliygohlarini bitirgan, biroq diplomi tan olinmagan oʻqituvchilar;
oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar oʻrta maxsus, professional maʼlumotga ega oʻqituvchilar;
oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar umumtaʼlim muassasasining tegishli mutaxassisligi boʻyicha rahbar xodimlari.
Umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Yuqoridagi koʻrsatkichlar ketma-ketlik asosida ustunlikka ega boʻlgan oʻqituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi.
Maksimal dars soati olish imkoniyatiga ega boʻlgan oʻqituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin boʻlgan dars soatlari boshqa oʻqituvchilarga berilishi mumkin.
Oʻqituvchi mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan koʻrsatkichlarning bir nechtasiga ega boʻlganda, koʻrsatkichlarning eng ustuvorini inobatga olgan holda dars soatlari taqsimlanadi.
Aynan bir xil koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan bir nechta oʻqituvchilar oʻrtasida dars soatlari teng taqsimlanadi.
17. Umumtaʼlim muassasalarining oʻqituvchilariga yillik bir yarim stavkadan (yillik 2 322 soat) ortiq dars soatlari belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan taqsimlangan dars soatlari har yili 17-sentabrga qadar elektron dasturga kiritiladi.
19. Homiladorlik va tugʻish taʼtili hamda bola parvarishidan qaytgan oʻqituvchilarga, shuningdek, ishlovchi pensionerlarga dars soatlari mehnat qonunchiligiga asosan mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan koʻrsatkichlar ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
20. Oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxatini shakllantirish maqsadida umumtaʼlim muassasasi tomonidan har yili 20-sentabrga qadar elektron dasturga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
oʻqituvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan ismi, familiyasi, otasining ismi, diplom boʻyicha maʼlumoti, malaka toifasi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
bazaviy tarif stavkalari toʻgʻrisida maʼlumotlar, shu jumladan oʻqituvchining tarif stavkalari toʻgʻrisida maʼlumotlar (bunda oʻqituvchining har bir fan uchun maʼlumoti va tegishli malaka toifasi berilgan sanasi va amal qilish muddati koʻrsatiladi);
pedagogik kengash tomonidan oʻqituvchilar oʻrtasida taqsimlangan dars soatlari;
daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun qoʻshimcha haq toʻlovlari;
informatika kabineti mudirligi uchun qoʻshimcha haq toʻlovlari;
oʻqituvchiga biriktirilgan sinf va sinf rahbarligi uchun qoʻshimcha haq toʻlovlari;
uyda yakka tartibda mashgʻulotlar olib borayotgan oʻqituvchilarga taqsimlangan dars soatlari va ular boʻyicha oʻqituvchi xodimning tarif stavkalari;
oʻqituvchilarga direktor jamgʻarmasi hisobidan belgilangan har oylik ustamalar miqdorlari (foizi va miqdori koʻrsatiladi);
amaldagi meʼyoriy hujjatlarga muvofiq belgilanadigan boshqa ustama va qoʻshimcha toʻlovlar.
21. Umumtaʼlim muassasasi direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari tomonidan elektron dasturga kiritilgan oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxati tegishliligi boʻyicha hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlariga har yili 20-sentabrga qadar koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Elektron dasturga oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxatining toʻgʻri va haqqoniy kiritilishi uchun umumtaʼlim muassasasi direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari masʼul hisoblanadi.
22. Hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari har yili 25-sentabrga qadar oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxatini koʻrib chiqadi va ularni tasdiqlaydi yoki tasdiqlashni rad etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari tomonidan oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxati quyidagi mezonlar asosida koʻrib chiqiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
bir stavkada ishlovchi oʻqituvchi uchun boshlangʻich I ― IV sinflardagi haftalik oʻquv yuklamasi ― 18 soat va pedagogik yuklamasi ― 18 soatni hamda yuqori V ― XI sinflardagi haftalik oʻquv yuklamasi ― 20 soatni va pedagogik yuklama ― 16 soatni tashkil etadi, bunda oʻqituvchining pedagogik yuklamasi haftalik oʻquv yuklamasiga mos ravishda boshlangʻich I ― IV sinflarda 1,0 koeffitsiyentga, yuqori V — XI sinflarda 0,8 koeffitsiyentga koʻpaytirilgan holda hisoblanganligi;
umumtaʼlim muassasasining rahbar xodimi (direktor va uning oʻrinbosarlari) tomonidan asosiy lavozimning bir haftada 10 soatgacha hajmda oʻqituvchi lavozimi bilan qoʻshib olib borilganligi (oʻquv yuklamasi yuritilishiga) hamda ular tomonidan bajarilgan dars soatlariga soatbay haq toʻlanganligi;
umumtaʼlim muassasalarining uyda yakka tartibda mashgʻulotlar olib borayotgan oʻqituvchilariga haq toʻlash bazaviy tarif stavkasini oʻquv va pedagogik yuklamalarga boʻlish, ularni yakka tartibda oʻtkazilgan haqiqiy dars soatlariga koʻpaytirish va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 29-sentabrdagi 490-son “Xalq taʼlimi tizimi xodimlariga haq toʻlashni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan oʻqituvchining tarif stavkasi hamda lavozim maoshlari miqdoriga qoʻshimcha oyiga 50 foiz toʻlov amalga oshirilganligi (bunda yakka tartibda oʻquvchini uyda oʻqitayotgan oʻqituvchilarning asosiy oylik yuklamasi maktabda boʻlishi shart);
daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun qoʻshimcha haq oʻqituvchining daftarlar va yozma ishlar boʻyicha tekshiriladigan fanlarning umumiy soatlari va sinf komplektidagi oʻquvchilar sonidan kelib chiqqan holda hisoblanganligi;
sinf rahbarligi uchun qoʻshimcha haq sinfdagi oʻquvchilar soniga koʻra belgilangan miqdorlar boʻyicha hisoblanganligi;
umumtaʼlim muassasalarida oʻqituvchilarga bittadan ortiq sinfga rahbarlik qilishga va mehnatini soatbay asosda olib boruvchi oʻqituvchilarga sinfga rahbarlik qilishga yoʻl qoʻyilmasligi (bunda boshlangʻich sinflarda sinf rahbarligi ona tili, oʻqish va matematika fanlaridan dars oʻtadigan oʻqituvchilarga yuklatiladi);
informatika kabineti mudirligi uchun qoʻshimcha toʻlovlar belgilangan miqdorlar asosida umumtaʼlim muassasasidagi mavjud jihozlangan informatika kabineti soniga koʻra hisoblanganligi;
informatika kabineti mudirligi informatika fani oʻqituvchisiga yuklatilganligi (bunda informatika fani boʻyicha mutaxassis boʻlmagan hollarda matematika yoki fizika fanlari oʻqituvchilariga biriktirilishi mumkin, bir nafar informatika fani oʻqituvchisiga bittadan ortiq informatika kabineti yuklatilganda faqat bitta informatika kabineti mudirligi uchun qoʻshimcha haq belgilanadi);
direktor jamgʻarmasi hisobidan har oylik ustamalar belgilanadigan oʻqituvchilar roʻyxati umumtaʼlim muassasasida tashkil etilgan Ustamalar belgilash, moddiy ragʻbatlantirish va moddiy yordam berish boʻyicha ishchi guruh tomonidan belgilangan talablarga koʻra aniqlanishi va ustamalar miqdorlari oʻqituvchining tarif stavkasiga nisbatan hisoblanganligi;
umumtaʼlim muassasalari oʻqituvchilariga har oylik qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar amaldagi meʼyoriy hujjatlarga muvofiq belgilanganligi;
umumtaʼlim muassasasida fanlar boʻyicha vakant soatlar uchun mablagʻlarni rejalashtirish barcha ustama va qoʻshimchalarni (direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadigan ustamalar bundan mustasno) inobatga olib, bir stavkada ishlovchi oliy maʼlumotli oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi hisobidan kelib chiqqan holda elektron dastur orqali hisoblanganligi;
vakant sinf rahbarligi boʻyicha qoʻshimcha haq toʻlovlari sinfdagi oʻquvchilar soniga koʻra belgilangan miqdorlarda hisoblanganligi.
24. Oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxati mazkur Nizomning 23-bandidagi mezonlarga muvofiq holda toʻldirilgan boʻlsa, ular hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizomning 23-bandidagi mezonlarga nomuvofiq holda toʻldirilgan oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxatini tasdiqlash rad etiladi.
Hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari tomonidan tasdiqlash rad etilgan oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxati xato va kamchiliklarni asoslantirgan holda qayta ishlash uchun umumtaʼlim muassasasiga qaytariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari tomonidan qaytarilgan oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxati umumtaʼlim muassasasi tomonidan ikki ish kuni ichida qayta koʻrib chiqiladi va elektron dastur orqali qayta yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qayta yuborilgan oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxati hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari tomonidan bir ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Oʻqituvchilarining tarifikatsiya roʻyxati oʻzgartirilishi va qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Bunda oʻqituvchilar oʻrtasida jami dars soatlari rejasi doirasida kiritiladigan oʻzgartirishlar umumtaʼlim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxatidagi sinf sonining koʻpayishi yoki kamayishi oqibatida kiritiladigan oʻzgartirishlar tegishli hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari tomonidan qayta tasdiqlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Budjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga muvofiq oshirilgan taqdirda xalq taʼlimi muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari (lavozim maoshlari) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda qayta koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qayta koʻrib chiqilgan bazaviy tarif stavkalari (lavozim maoshlari) asosida oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxati elektron dastur orqali qayta shakllantiriladi.
4-bob. Yakuniy qoida
27. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2020-y., 10/20/3271/1117-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 28.10.2025-y., 10/25/3271-1/0989-son)