Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XALQARO MOLIYA TASHKILOTLARIGA KIRISHI BOʻYICHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
“Oʻzbekiston Respublikasining Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Xalqaro tiklash va taraqqiyot banki, Xalqaro rivojlanish uyushmasi, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Investitsiyalar kafolati koʻp tomonlama agentligiga aʼzoligi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq hamda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mazkur tashkilotlarning moliyaviy yordamidan foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xalqaro valyuta jamgʻarmasining respublikaga 133 mln. SDR (maxsus hisob-kitob birligi) miqdorida kvota belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik bildirilsin.
2. Xalqaro tiklash va taraqqiyot banki va Xalqaro rivojlanish uyushmasi aksionerlik sarmoyasining har biri 120,6 ming AQSH dollari qiymatiga ega boʻlgan umumiy quvvati 138610 ming AQSH dollaridan iborat 1149 aksiyasini sotib olishga doir Oʻzbekistonning majburiyatini hisobga olib:
Vazirlar Mahkamasining valyuta jamgʻarmasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga ularni keyinchalik Xalqaro tiklash va taraqqiyot bankining “A schyoti — umumiy” (AVA № 0210—81383) hisobiga oʻtkazish uchun 1212834 AQSH dollari hamda ularni keyinchalik Nyu-Yorkdagi Federal rezerv bankining chet el boʻlimidagi Xalqaro rivojlanish uyushmasining “B—schyot” (№ 0210—82104) hisobiga oʻtkazish uchun 148381 AQSH dollari miqdorida badalning majburiy qismini toʻlash uchun ajratilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida 10915,5 ming AQSH dollariga ekvivalentli 927,9 ming soʻmni (bir dollar uchun 85 soʻm kursi boʻyicha) Xalqaro tiklash va taraqqiyot bankining “A schyot — umumiy” hisobiga hamda 1335,4 ming AQSH dollariga ekvivalentli 113,6 million soʻmni Xalqaro rivojlanish uyushmasining “B—schyot” hisobiga oʻtkazsin, ularni keyinchalik foizsiz vekselga — Xalqaro tiklash va taraqqiyot banki tomonidan belgilangan tartibdagi majburiyatga almashtirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Yevropa tiklash va taraqqiyot bankiga kirishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining schyotidan ushbu bankning AQSHning Morgan Garanti Trast Kompani of Nyu-Yorkdagi № 65000632 schyotiga bankning aksionerlik sarmoyasini sotib olish boʻyicha 1992-yil uchun badal toʻlash hisobiga 735,2 ming AQSH dollari, shuningdek, 1992-yilgi vekselning 1/3 qismini toʻlash hisobiga 245,1 ming AQSH dollari miqdorida toʻlov toʻlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Xalqaro moliya korporatsiyasi va Investitsiyalar kafolati koʻp tomonlama agentligi tomonidan taklif qilingan sotib olish boʻyicha majburiyatlarga rozilikni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tasdiqlasin.
5. AQSHning Vashington shahriga Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Xalqaro tiklash va taraqqiyot bankining rasmiy hujjatlarini imzolash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisi oʻrtoq F. M. Mullajonov va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvining raisi oʻrtoq R. S. Azimovdan iborat tarkibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan vakil qilingan delegatsiya yuborilsin. Delegatsiya qayd etilgan xalqaro moliya tashkilotlari bilan valyutada va soʻmlarda aʼzolik badallari toʻlash shartlari va muddatlari, shuningdek, respublikaga imtiyozli kreditlar berishni jadallashtirish masalalarini qoʻshimcha ravishda ishlab chiqsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari oʻrtoq B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 2-sentabr,
404-son