Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklarida korporativ boshqaruv toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3254]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-may,
12/8-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/8-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklarida korporativ boshqaruv toʻgʻrisida
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom tijorat banklarida, shu jumladan mikromoliya banklarida, shuningdek islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar va mikromoliya banklarida (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) korporativ boshqaruvni tashkil etish asoslarini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Korporativ boshqaruv deganda bank strategik maqsadlarini aniqlash va ularga erishish ustidan nazorat qilish uchun zarur tashkiliy tuzilmani, shuningdek, boshqaruvga oid qarorlar qabul qilish imkonini taʼminlovchi, bank boshqaruv organlari va boshqa manfaatdor tomonlar oʻrtasidagi munosabatlar majmui, shu jumladan, boshqaruv organlarining vakolatlarini va javobgarligini taqsimlash hamda boshqaruvga oid qarorlar qabul qilish imkonini yaratish tushuniladi.
2. Quyidagilar samarali korporativ boshqaruvning asosi hisoblanadi:
bankning ichki hujjatlarida belgilanadigan vakolat va vazifalarning aniq tarzda taqsimlanishi;
yetarli darajadagi hisobdorlik;
oʻzaro nazorat qilish hamda bank uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan qarorlar qabul qilinishining oldini olishni taʼminlovchi, bank boshqaruvi organlari va (yoki) tarkibiy tuzilmalar oʻrtasidagi vakolatlarning taqsimlanishi;
oʻzining vakolatlari va vazifalarini yaxshi biluvchi, funksional vazifalarini bajarishda yuqori darajadagi ishbilarmonlik va odob-axloq qoidalariga rioya etuvchi, bank kuzatuv kengashining (bundan buyon matnda kengash deb yuritiladi) va ijroiya organining (bundan buyon matnda boshqaruv deb yuritiladi) yuqori malakali aʼzolari mavjudligi.
3. Kengash va boshqaruv aʼzolari oʻz faoliyatini amalga oshirayotganda masʼuliyatni his qilgan holda javobgarlikni va jonkuyarlikni namoyon qilishi hamda sodiqlik bilan xizmat qilishi lozim.
Kengash va boshqaruv aʼzolarining masʼuliyat bilan javobgarlikni va jonkuyarlikni namoyon qilishiga quyidagilar kiradi:
qarorlarni ongli ravishda qabul qilishi va oʻz xatti-harakatlari uchun javobgarlikni his qilish, shu jumladan, qarorlarni oʻz vakolatlari doirasida va mavjud maʼlumotlarni har tomonlama baholagan holda qabul qilish;
xizmat vazifalarini bajarishga masʼuliyat bilan yondashish;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari, bank ustavi va bankning ichki hujjatlari talablariga rioya qilish.
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Kengash va boshqaruv aʼzolarining sodiqlik bilan xizmat qilishiga quyidagilar kiradi:
oʻzlari bilan bogʻliq barcha mavjud va ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini oshkor qilish;
oʻz xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanmaslik;
manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlganda va bank manfaatlari yoʻlida oʻz vazifalarini toʻlaqonli bajarishiga toʻsqinlik qilgan taqdirda, qaror qabul qilishda qatnashmaslik.
2-bob. Kengash faoliyati
4. Kengashning vakolatiga Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarida belgilangan masalalar kiradi.
5. Kengash aʼzolaridan oʻz vazifalarini amalga oshirishlari doirasida quyidagilar talab etiladi:
faoliyat yuritayotgan bank korporativ boshqaruvining tashkiliy tuzilmasini, kengashning funksiyalarini bilishi, korporativ boshqaruvdagi oʻzining oʻrnini anglashi, bank faoliyatiga xos boʻlgan tavakkalchiliklar haqida tasavvurga ega boʻlishi, shuningdek, bank-moliya sohasidagi, tavakkalchiliklarni boshqarish va korporativ boshqaruvni tashkil etish borasidagi bilim va malakasini doimiy ravishda oshirib borishi;
bank faoliyatida faol qatnashishi, uning faoliyatidagi va tashqi sharoitlardagi muhim oʻzgarishlarni kuzatib borishi, shuningdek, uzoq muddatli istiqbolda bank manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni oʻz vaqtida koʻrishi;
bankning korporativ madaniyati va qadriyatlari shakllanishida yetakchi oʻrinni tutishi;
koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan kengashning boshqa aʼzolari, boshqaruv aʼzolari va bank xodimlarining qarashlaridan qatʼi nazar oʻzining asoslangan fikrini bildirishi;
masʼuliyatni his qilgan holda javobgarlikni va jonkuyarlikni namoyon qilishi va sodiqlik bilan xizmat qilishi, bank va uning barcha aksiyadorlari manfaatlarini koʻzlab, yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni vijdonan va oqilona amalga oshirishi, oʻzining yoki ayrim shaxslar manfaatlari yoʻlida oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilmasligi;
manfaatlar toʻqnashuviga olib keluvchi harakatlardan qochishi, shuningdek, manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelganligi haqida darhol kengashga xabar berishi va uni bartaraf etish yuzasidan chora koʻrishi;
kengash va uning qoʻmitalari majlislarida oʻz vakolatlarini uchinchi shaxsga oʻtkazmagan holda ishtirok etishi;
kengashga aʼzoligi chogʻida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan tijorat, bank siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarning maxfiyligiga rioya etishi.
6. Kengash raisligiga, agar bank ustavida oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, koʻpchilik ovoz bilan kengash aʼzolarining biri saylanadi.
7. Kengash raisi uning faoliyatini boshqarish va samaradorligini taʼminlashga javobgar, shuningdek, kengash aʼzolari oʻrtasida ishonchli munosabatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Kengash yigʻilishlarida rais toʻliq va keng qamrovli maʼlumotlarni tahlil qilgan holda mustaqil fikr almashinuvlari, tanqidiy qarashlar va ijodiy yondashuvlar asosida qarorlar qabul qilinishini taʼminlashi lozim.
8. Kengash aʼzolari soni va uning tarkibi bank faoliyatining miqyosi va xususiyati, uning rivojlanish maqsadlari va strategiyalaridan kelib chiqib, shuningdek, quyidagilarni taʼminlashni nazarda tutgan holda shakllantirilishi lozim:
kengash yigʻishlarini kvorum borligida qarorlarni qabul qilish imkonini beruvchi davriylikda (chorakda kamida bir marta) oʻtkazish imkoniyati mavjudligi;
samarali boshqarishni amalga oshirish va qarorlar qabul qilish uchun kerakli boʻlgan tajriba va bilimlarga kollektiv darajada egaligi;
kengash tomonidan qoʻmitalar tashkil qilinishi va ularning ish faoliyati yoʻlga qoʻyilishi.
9. Kengash oʻz faoliyatining samaradorligini taʼminlash uchun davriy ravishda (yilda kamida bir marta) quyidagilarni amalga oshirishi zarur:
kengashning har bir aʼzosini kasbiy masʼuliyati ular amalga oshirgan ishlarning samaradorlik koʻrsatkichlari va natijalari asosida baholashi;
oʻzining boshqaruv usullari va siyosatining samaradorligini koʻrib chiqishi, ulardagi muammoli jihatlarni aniqlash va tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritishi.
10. Oʻzining vazifa va majburiyatlarini bajarishda kengash ichki nazorat hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimlariga tayanishi va ularning faoliyati ustidan samarali nazoratni amalga oshirishi lozim.
11. Oʻz ishining samaradorligini taʼminlash uchun kengash maxsus qoʻmitalar (bundan buyon matnda qoʻmitalar deb yuritiladi), jumladan, audit qoʻmitasi, tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasi, mukofotlash qoʻmitasi, shuningdek, boshqa qoʻmitalar tashkil etishi mumkin.
12. Kengash tomonidan tashkil etilgan qoʻmitalarning asosiy vazifasi vakolat doirasida masalalarni chuqur oʻrganish hamda ular boʻyicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish, shuningdek, kengashning nazoratga doir vazifalarini bajarishida unga koʻmaklashish hisoblanadi.
Qoʻmitalar kengash qarorlarining ijrosi, bank strategiyasi va maqsadlarining bajarilish jarayonini tahlil qiladi, bank faoliyatiga oid muntazam hisobotlar va oʻzlarining tavsiyalarini kengashga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
13. Har bir qoʻmitaning ishlash tamoyillari, vakolatlari, majburiyatlari, vazifalari, ish tartibi, yigʻilishlar davriyligi hamda kengashga hisobotlar taqdim qilish tartibi va muddatlari, shuningdek, boshqa masalalarni qamrab olgan qoʻmita toʻgʻrisida nizom kengash tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
14. Qoʻmitalar tarkibi kengashning uchtadan kam boʻlmagan aʼzolaridan tashkil topishi zarur. Qoʻmita boshqa qoʻmita aʼzoligida boʻlgan aynan bir shaxslar tarkibidan iborat boʻlishiga, shuningdek, kengashning bir aʼzosi bir vaqtning oʻzida turli qoʻmitalar raisi boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Kengash qoʻmitalarga yuklatilgan vazifalar va majburiyatlarning ijrosini doimiy ravishda nazorat qilib borishi va buning uchun yetarli vaqt ajratishi hamda qoʻmitalarni tajribali aʼzolar bilan butlanishini taʼminlashi lozim.
3-bob. Maxsus qoʻmitalar
1-§. Audit qoʻmitasi
16. Ichki nazorat tizimini samarali tashkil etish maqsadida kengash audit qoʻmitasini tashkil etishi zarur. Qoʻmitaning koʻpchilik aʼzolari bankka aloqador shaxslar boʻlmasligi kerak, bundan ularning kengashdagi aʼzoligi mustasno. Audit qoʻmitasining raisi kengash raisi boʻlmasligi lozim.
17. Audit qoʻmitasining aʼzolari oliy maʼlumotga, audit xizmati maqsadlari va vazifalariga mos keluvchi malaka va tajribaga ega boʻlishi lozim. Audit qoʻmitasining kamida bitta aʼzosi audit, buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot boʻyicha kamida 5 yillik tajribaga ega boʻlishi kerak.
18. Audit qoʻmitasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
moliyaviy hisobot va ichki audit siyosatini ishlab chiqish hamda tasdiqlash jarayonida ishtirok etish;
nazoratga oid, moliyaviy va boshqa hisobotlarning taqdim etilishini, toʻliqligini, ishonchliligini nazorat qilish;
oʻz vakolati doirasidagi masalalar yuzasidan kengash yigʻilishlariga maʼlumotlar tayyorlash va kengashga hisobotlar taqdim etish;
bankning ichki va tashqi auditorlar bilan oʻzaro aloqasini nazorat qilib borish;
ichki audit xizmati rahbarini tayinlash (lavozimidan ozod qilish) masalasini koʻrib chiqib, kengashga taklif kiritish;
ichki audit xizmatining choraklik hisobotlarini oʻrganib chiqish va kengashga taqdim etish;
bankning ichki nazorat tizimi va ichki auditi faoliyati samaradorligi va monandligini taʼminlash uchun ularni baholash, ichki audit tekshiruvlari rejasi va ularning davriyligini koʻrib chiqish, ichki audit xizmati rahbari oʻz vazifa va majburiyatlarini qay darajada amalga oshirayotganligini baholashda ishtirok etish va oʻz fikrlarini bildirish;
har chorakda kamida bir marta ichki audit xizmati rahbari bilan uchrashuv oʻtkazib, ichki audit xizmati faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilish;
tashqi auditor takliflarini baholashda kengashga amaliy yordam berish, tashqi auditorni tanlashda kengashga tavsiyalar tayyorlash;
tashqi auditorlarning xizmatlariga toʻlanadigan eng koʻp haq miqdori va u bilan shartnoma tuzilishi (bekor qilinishi) toʻgʻrisida kengashga takliflar kiritish;
tashqi auditorlar uchun texnik vazifalarni ishlab chiqishda kengashga amaliy yordam berish;
Oldingi tahrirga qarang.
ichki va tashqi audit hisobotlarini qabul qilib olish hamda ularda va boshqa nazoratni amalga oshiruvchi boʻlinmalar tomonidan aniqlangan qonunchilik hujjatlari, bankning siyosatlari va ichki hujjatlariga nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bank boshqaruvi tomonidan oʻz vaqtida bartaraf etilishini nazorat qilish;
(18-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
tashqi auditorlik hisobot va xulosalarni koʻrib chiqish va ularni kengashga taqdim etish;
tashqi auditorlar faoliyati qoniqarsiz deb baholangan taqdirda, ularni oʻzgartirish yuzasidan kengashga tavsiyalar berish;
bank faoliyatining shaffofligi va maʼlumotlarning oshkor qilinishi yetarli darajada va aniq ekanligini koʻrib chiqish;
oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot tayyorlash;
kengash tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarish.
2-§. Tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasi
19. Bankda tavakkalchilikni samarali boshqarish maqsadida kengash tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasini tashkil etishi mumkin. Qoʻmitaning (agar tashkil etilgan boʻlsa) koʻpchilik aʼzolari bankka aloqador shaxslar boʻlmasligi kerak, bundan ularning kengashdagi aʼzoligi mustasno. Tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasining raisi kengash raisi boʻlmasligi lozim.
20. Tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasining kamida bitta aʼzosi bank-moliya tashkilotlarida tavakkalchiliklarni boshqarish sohasi boʻyicha kamida 5 yillik tajribaga ega boʻlishi kerak.
21. Tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
tavakkalchiliklarni boshqarish masalalari va ichki nazoratga doir hujjatlar, shu jumladan, tavakkalchiliklarni boshqarishning tashkiliy tuzilmasi, tavakkalchiliklarni boshqarish strategiyasi va siyosati, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish siyosati va odob-axloq qoidalarini koʻrib chiqish, kengashga tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga oid tavsiyalarni kiritish;
boshqaruv va tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tarkibiy tuzilma tomonidan tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi, shu jumladan, risk-appetit va tavakkalchiliklarni boshqarish siyosatining ishlab chiqilishi, ularga rioya etilishi va ularning oʻz vaqtida yangilab borilishi ustidan nazorat qilish;
bank tomonidan ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan tavakkalchiliklarni baholash, shu jumladan, stress-test qilish uslublarini davriy ravishda koʻrib chiqish;
kengashga taqdim etiladigan tavakkalchiliklarga oid maʼlumotlarning (hisobotlarning) tuzilishi va shakli hamda ularni taqdim etish muddatlarini belgilash;
bankning tavakkalchiliklar sohasi (risk-proifili) tasdiqlangan risk-appetitga mos emasligi yoki meʼyordan chiqib ketishi kutilayotgan holatlarda, tavakkalchiliklarning kamaytirilishi va ular yuzasidan oʻz vaqtida choralar koʻrilishi boʻyicha qarorlar qabul qilish toʻgʻrisida kengashga takliflar berish;
bankning mukofotlash tizimi bankning risk-appetitiga muvofiqligini oʻrganib borish;
tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tarkibiy boʻlinma tomonidan taqdim etiladigan bankda yuzaga kelgan va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklar boʻyicha hisobotlarni kamida har chorakda bir marta qabul qilib borish va tavakkalchiliklarni kamaytirish boʻyicha ishlarni amalga oshirish;
tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha masʼul boʻlgan xodimlarning boshqaruv va tavakkalchiliklarni qabul qiluvchi boshqa tarkibiy boʻlinmalardan mustaqilligini baholab borish;
tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tarkibiy boʻlinma rahbarlari faoliyatini baholash jarayonida qatnashish yoki fikr bildirish;
oʻz faoliyati toʻgʻrisida choraklik hisobotlarni tayyorlash;
kengash tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarish.
22. Bankda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklar boʻyicha maʼlumotlarni oʻzaro almashish, shuningdek, tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga oʻz vaqtida oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha choralarni koʻrish maqsadida tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasi (agar tashkil etilgan boʻlsa) va audit qoʻmitasi oʻrtasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi zarur.
3-§. Mukofotlash qoʻmitasi
Oldingi tahrirga qarang.
23. Mehnatga haq toʻlashning ichki tizimi bankning tavakkalchiliklarni qabul qilish darajasiga, uzoq muddatli strategiyani amalga oshirishga, risk-appetitiga, moliyaviy natijalarga, ichki nazoratning tizimiga, qonunchilik hujjatlari talablariga va bank ichki meʼyoriy hujjatlariga muvofiqligi boʻyicha kengashga yordam koʻrsatish va tavsiyalar kiritib borish maqsadida mukofotlash qoʻmitasi tashkil etilishi mumkin.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
24. Mukofotlash qoʻmitasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oldingi tahrirga qarang.
kengash va boshqaruv, shuningdek bank islomiy moliya kengashining aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarni mukofotlash boʻyicha siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etish va uni kamida bir yilda bir marotaba qayta koʻrib chiqish;
(24-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
mukofotlash siyosati hamda turli xil ragʻbatlantirish dasturlarining joriy qilinishi va amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish;
mehnatga haq toʻlash va kompensatsiya qilishga oid qabul qilingan qarorlarning ijrosini nazorat qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
kengash va boshqaruv, shuningdek bank islomiy moliya kengashining aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarga mukofot toʻlovlarini belgilashda ularning majburiyatlari va mos ravishda tavakkalchiliklarni qabul qilish darajasini hisobga olgan holda ularning samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish;
(24-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
Oldingi tahrirga qarang.
agarda kengash tomonidan ushbu vazifa yuklatilgan boʻlsa, mukofotlash siyosatida aks ettirilgan mezonlar asosida kengash, boshqaruv va bank islomiy moliya kengashining aʼzolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarning yil yakunlari boʻyicha faoliyatini dastlabki baholashdan oʻtkazish, shuningdek, ushbu shaxslarning uzoq muddatli belgilangan maqsad va vazifalarga erishganini tahlil qilish;
(24-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
mehnatga haq toʻlash va kompensatsiya tizimi ichki hujjatlarga muvofiqligini baholab borish;
kengash tomonidan yuklatilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
4-bob. Mehnatga haq toʻlash tizimi
25. Bankning mehnatga haq toʻlash tizimi korporativ boshqaruv tizimining samaradorligini oshirish va tavakkalchiliklarni boshqarish madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
26. Mehnatga haq toʻlash tizimi bankning biznes-rejasi, bankni rivojlantirish strategiyasi, maqsadi va bank tavakkalchiliklarini boshqarish siyosati hamda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga qaratilgan choralarga muvofiq boʻlishi, shuningdek, yuqori darajadagi tavakkalchiliklarni qabul qilishini cheklashi lozim.
27. Kengash yoki mukofotlash qoʻmitasi (agar mavjud boʻlsa) boshqaruv tomonidan mehnatga haq toʻlash tizimiga rioya qilish darajasini nazorat qilib boradi va yiliga kamida bir marta mehnatga haq toʻlash tizimining samaradorligini qayta koʻrib chiqadi.
28. Boshqaruv aʼzolari, muhim ahamiyatga ega xodimlar va boshqa xodimlarning mehnatiga haq toʻlash tizimi kengash tomonidan bank strategiyasi, biznes-rejasi, moliyaviy koʻrsatkichlar, prudensial talablar hamda tavakkalchiliklarni boshqarish holatidan kelib chiqib tasdiqlanadi, bundan toʻlanadigan haq va kompensatsiyalar miqdorlari bank aksiyadorlar umumiy yigʻilishining vakolatida boʻlgan hollar mustasno.
Kengash aʼzolariga toʻlanadigan haq aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarori bilan tasdiqlanadi.
Tavakkalchiliklarning tegishli hisobini yuritish maqsadida tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha tarkibiy tuzilma va komplayens-nazorat xizmati mehnatga haq toʻlash tizimining ishlab chiqilishida ishtirok etadi.
29. Mehnatga haq toʻlash tizimi quyidagilarni qamrab olishi zarur:
bank xodimlariga mukofot va kompensatsiya toʻlovlari miqdori va tartibini belgilashda xodimlarning ish faoliyatidagi natijasi, tavakkalchiliklarni qabul qilish darajasi, bankning tavakkalchiliklar sohasi (risk-profili) va faoliyati miqyosidan kelib chiqib belgilanishi;
Oldingi tahrirga qarang.
tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi va oʻrnatilgan tavakkalchilik meʼyorlari hamda qonunchilik hujjatlari talablari buzilganda, bankning xodimlari va (yoki) kollegial organlari tomonidan qabul qilingan tavakkalchiliklar oqibatida yoʻqotishlar yuzaga kelganda, shuningdek, bank samarasiz va (yoki) zarar bilan faoliyat yuritayotgan hollarda kompensatsiya va ragʻbatlantirish xususiyatiga ega toʻlovlarni bekor qilish yoki ularning miqdorini pasaytirish;
(29-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishi tomonidan oʻrnatilgan vazifalar va koʻrsatkichlarga erishilmaganda kengash tomonidan boshqaruv va muhim ahamiyatga ega xodimlarga belgilangan kompensatsiya va ragʻbatlantirish xususiyatiga ega toʻlovlarni bekor qilish yoxud umumiy miqdorini kamaytirish.
30. Mehnatga haq toʻlash tizimi bankning ichki siyosatlarida tegishli tarzda hujjatlashtirilgan boʻlishi va kamida quyidagilarni qamrab olishi lozim:
doimiy va oʻzgarib turuvchi kompensatsiya va ragʻbatlantirish xususiyatiga ega toʻlovlarni;
kompensatsiya va ragʻbatlantirish xususiyatiga ega toʻlovlarning eng yuqori miqdori;
Oldingi tahrirga qarang.
kengash va boshqaruv, shuningdek bank islomiy moliya kengashining aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar faoliyatini baholash mezonlari;
(30-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
oʻzgaruvchan mukofotlarni (bayram munosabati bilan, xodimni taqdirlash va boshqalar) toʻlash tartibi va muddati.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Kengash va boshqaruv, shuningdek bank islomiy moliya kengashining aʼzolari, muhim ahamiyatga ega xodimlarning mehnatiga haq toʻlash tizimi aksiyadorlar uchun aniq, ochiq va oshkora boʻlishi kerak.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
5-bob. Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga doir choralar
32. Bank va quyidagi shaxslar oʻrtasida oʻzaro munosabatlar va aloqalar natijasida manfaatlar toʻqnashuvi vujudga kelishi mumkin:
bank mijozlari;
bank aksiyadorlari;
kengash yoki boshqaruv aʼzolari;
bank xodimlari;
bankka aloqador shaxslar;
Oldingi tahrirga qarang.
bank islomiy moliya kengashining aʼzolari;
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
boshqa manfaatdor tomonlar (omonatchilar, kreditorlar va bankdan manfaatdor boʻlgan boshqa shaxslar), shu jumladan, oxirgi benefitsiar mulkdorlar.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Kengash qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishini taʼminlash maqsadida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish siyosatini ishlab chiqishi, uni amalga oshirish tartibini oʻrnatishi hamda uning amalga oshirilishini nazorat qilishi lozim.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
34. Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish siyosati oʻz ichiga quyidagilarni olishi lozim:
manfaatlar toʻqnashuviga olib keluvchi holatlardan chetlanish yoki u yuzaga kelgan hollarda bartaraf etish yuzasidan kengash aʼzolarining majburiyatlari;
Oldingi tahrirga qarang.
kengash va boshqaruv, shuningdek bank islomiy moliya kengashining aʼzolari hamda boshqa xodimlarning oʻz xizmat vazifasini bajarishida yuzaga keladigan manfaatlar toʻqnashuvini aniqlashda uning tushunchasi va shakllari (bankda yuzaga keladigan holatlardan misollar bilan);
(34-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
manfaatlar toʻqnashuviga olib kelgan yoki keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan masalalarni koʻrishda kengash yoki boshqaruvning tegishli aʼzolari oʻz ovozlari bilan ishtirok etishini cheklash;
rahbarlar va boshqa xodimlar bilan vujudga kelgan yoki kelishi mumkin boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvlarini nazorat qilish va oldini olish mexanizmlari;
noqonuniy, adolatsiz yoki salbiy holatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan maxfiy maʼlumotlardan tegishli boʻlmagan shaxslarning foydalanishini cheklash tartibi;
manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan hollarda qoʻllaniladigan choralar va uni bartaraf etish tartibi;
rahbarlar va boshqa xodimlar bilan manfaatlar toʻqnashuvi vujudga kelganda yoki ehtimoliy paydo boʻlganda, ular tomonidan belgilangan tartibda maʼlumot taqdim etilmasa, ularga nisbatan qoʻllaniladigan choralar.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Kengash va boshqaruv, shuningdek bank islomiy moliya kengashining aʼzoligiga hamda muhim ahamiyatga ega xodim lavozimiga tayinlangan (saylangan) shaxsning yaqin qarindoshlarining roʻyxati bankning elektron bazasida shakllantirilishi va elektron baza muntazam yangilanib borilishi kerak.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
36. Bankda yuzaga kelgan va ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi holatlari hamda yuzaga kelgan salbiy holatlar haqida maʼlumotlar bazasi shakllantirilishi hamda kengash va boshqaruvga ushbu maʼlumotlar bazasi asosida davriy ravishda hisobotlar topshirib borilishi kerak.
6-bob. Bank xodimlarining odob-axloq qoidalari
37. Kengash bankda yagona korporativ madaniyatni yaratish maqsadida:
bank faoliyati qonuniy va odob-axloq qoidalari asosida yuritilishi uchun korporativ qadriyatlar va standartlarini oʻz ichiga olgan bankning odob-axloq kodeksini qabul qilishi va ularda belgilangan qoidalarga barcha xodimlar, shu jumladan, bankning boshqaruv organlari tomonidan rioya etilishini taʼminlashi;
korporativ qadriyatlar va standartlari, odob-axloq kodeksi hamda bank tomonidan ishlab chiqilgan tegishli siyosatlar barcha xodimlarga tushuntirilishi va ijro uchun yetkazilishi ustidan nazorat qilishi;
nomaqbul xatti-harakat va (yoki) qoidabuzarlikni amalga oshirgan xodimlar, shu jumladan, bank boshqaruviga nisbatan intizomiy choralar qoʻllanilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi lozim.
38. Odob-axloq kodeksi korporativ boshqaruvning quyidagi jihatlarini oʻz ichiga olishi lozim:
kengash, boshqaruv va boshqa xodimlar uchun majburiy hisoblangan odob-axloq qoidalari hamda ularni buzganlik uchun tegishli choralar;
noqonuniy va nomaqbul faoliyat yoki xatti-harakatlar, shu jumladan, notoʻgʻri moliyaviy va statistik hisobotlarni taqdim etish, manipulyatsiya qilish yoki bunga urinish, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qoʻllanilgan choralarga rioya qilmaslik, shuningdek, insofsiz raqobat va korrupsiya holatlarining taqiqlanishi va ular yuzasidan koʻriladigan choralar;
isteʼmolchilar huquqlarini buzish, shu jumladan, bank xizmatlarini koʻrsatishda mijozlarni chalgʻitishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha talablar;
kengash, boshqaruv va boshqa xodimlar tomonidan bankning mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish tartibi;
kengash, boshqaruv va boshqa xodimlarning xizmat mavqeyidan foydalangan holda shaxsiy ustunlikni qoʻlga kiritish yoki bunday ustunlikni uchinchi shaxslarga taqdim etish uchun foydalanishlariga taqiqlar;
korrupsiya haqida xabar berish mexanizmi;
konfidensial axborotni qayta ishlash, saqlash va tarqatish tamoyillari;
xodimlarning rahbar xodimlar tomonidan noqonuniy, nomaqbul yoki shubhali xatti-harakati yuzasidan fikrlarini yetkazish imkoniyatini yaratuvchi va bunda rahbarlarning mazkur xodimga nisbatan salbiy taʼsiridan himoyalash mexanizmi.
39. Odob-axloq kodeksiga bank tashkiliy tuzilmasining barcha pogʻonalaridagi xodimlari, shu jumladan, kengash va boshqaruv aʼzolari rioya etishlari zarur.
40. Odob-axloq kodeksida kengash va boshqaruv aʼzolari hamda boshqa barcha xodimlar oʻz faoliyatini odob-axloq normalari asosida olib borishi hamda masʼuliyatni his qilgan holda javobgarlikni, jonkuyarlikni va sodiqlikni namoyon qilgan holda faoliyatini amalga oshirishi belgilab berilishi lozim.
7-bob. Nooʻrin xatti-harakatlar haqida xabar qilish tizimi
Oldingi tahrirga qarang.
41. Bankda qonunchilik hujjatlari va odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan xatti-harakat sodir boʻlganda, tegishli choralarni oʻz vaqtida koʻrish maqsadida nooʻrin xatti-harakatlarni aniqlash va ular haqida xabar berishning samarali tizimi ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilishi lozim.
(41-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Mazkur tizim xodimlarga bankda sodir boʻlgan nooʻrin va qonunga xilof xatti-harakatlar toʻgʻrisida maxfiylik va xavfsizlik taʼminlangan holda kengashni xabardor qilish imkonini yaratishi kerak.
Nooʻrin xatti-harakatlar haqida xabardor qilish tizimining maqsadlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ehtimoliy nooʻrin xatti-harakatlar haqida oʻz vaqtida xabardor qilishni ragʻbatlantirish;
nooʻrin xatti-harakatlar haqida maxfiy tartibda va xavfsiz xabar qilish uchun vosita (kanal) bilan taʼminlash;
nooʻrin xatti-harakatlarga doir xabar yuzasidan izchil va oʻz vaqtida chora koʻrilishini taʼminlash hamda xabardor qiluvchi shaxslarni oʻz huquqlari toʻgʻrisida boxabar qilish;
kengash tomonidan xodimlar nooʻrin xatti-harakatlar yuzasidan maxfiy tarzda xabar qilishlarini belgilovchi qoidalarga rioya etilishi ustidan tegishli nazorat taʼminlanishi;
bank va uning aksiyadorlari huquqlarini himoya qilish.
42. Nooʻrin xatti-harakatlar haqida xabar qilish tizimi samaradorligini taʼminlash maqsadida kengash quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
oʻz aʼzolaridan biriga yoki tegishli qoʻmitaga nooʻrin xatti-harakatlarga oid xabarlarni qabul qilish vazifasini yuklaydi;
nooʻrin xatti-harakatlar haqida xabar qilish mexanizmlari va ular yuzasidan keyingi amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlarni belgilaydi;
nooʻrin xatti-harakatlarning aniqlanishi va oʻrganib chiqilishiga oid choralar koʻrilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
43. Xabar qilinayotgan (maʼlum qilinayotgan) axborot ehtimoliy nooʻrin xatti-harakatlar sodir boʻlganligi yoki sodir boʻlishi toʻgʻrisida dalolat beruvchi, tekshirish imkoni mavjud boʻlgan faktlarga yoki shart-sharoitlarga asoslangan boʻlishi lozim.
44. Nooʻrin xatti-harakatlar haqida xabardor qilish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
mansabni suiisteʼmol qilish yoki nomaqbul xatti-harakat, shu jumladan, firibgarlik yoki korrupsiya;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari va (yoki) bank ichki hujjatlariga rioya etmaslik;
(44-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
nomaqbul yoki odob-ahloq qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan xatti-harakat;
huquqiy majburiyatlarga amal qilmaslik;
bank ustaviga asosan boshqa holatlar.
45. Basharti maʼlumot haqqoniy va ishonchli boʻlsa, bankning har qanday xodimi yoki manfaatdor shaxs nooʻrin xatti-harakatlar yuzasidan xabar qilishi lozim.
46. Xabar qiluvchi nooʻrin xatti-harakatlarga doir oʻz kuzatuvlari yuzasidan quyidagi usullardan biri orqali arz qilishi mumkin:
ehtimoliy yoki amalda sodir boʻlgan qoidabuzarlik yuzasidan bevosita rahbarni xabardor qilish. Bunda, agar xabar qiluvchi oʻzining bevosita rahbarini xabardor qilishni istamasa, u bankda yuqoriroq darajadagi rahbar lavozimini egallab turuvchi shaxsni, shu jumladan, kengashning tegishli aʼzosini yoki tegishli qoʻmitani boxabar qilishi mumkin;
kengashni yoki tegishli qoʻmitani bevosita yoki bilvosita (ichki audit yoki komplayens-nazorat xizmati orqali) yozma tarzda boxabar qilish;
oʻrnatilgan aloqa kanali, shu jumladan, elektron pochta orqali xabar berish. Bunda xabar qilish uchun elektron pochta manzili bankning veb-saytida aniq belgilangan boʻlishi lozim.
8-bob. Boshqaruv faoliyati
47. Boshqaruv bankni boshqarishning ijro etuvchi organi boʻlib, u bankning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan faoliyat strategiyasi va uni boshqarish tizimiga muvofiq bankning faoliyatiga operativ boshqaruvni amalga oshiradi hamda bankning faoliyati uchun javobgarlikni toʻliq zimmasiga oladi.
48. Boshqaruv raisi bank faoliyatini boshqarish va bank xodimlari ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur bilim, malaka va yaxshi xulq-atvorga ega boʻlishi kerak.
49. Boshqaruv oʻz vazifalarini amalga oshirish doirasida quyidagilar talab etiladi:
bankning strategik maqsadlari, biznes-rejasi va korporativ boshqaruvga oid siyosatda belgilangan vazifalarni amalga oshirishi;
tashkiliy tuzilmaning barcha darajalarida kengash tomonidan tasdiqlangan siyosatlarga, tartib va lavozim yoʻriqnomasiga rioya etishi yuzasidan samarali monitoring tizimini oʻrnatish va davriy ravishda ushbu tizim samaradorligini tekshirishi;
boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun muhim axborotning tegishli tarzda tayyorlanishi va oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlovchi ishonchli axborot tizimlarini oʻrnatishi;
biznes-reja koʻrsatkichlari va bank strategiyasi bajarilishini baholash imkonini beruvchi, oʻz ichida moliyaviy va boshqa faoliyatning amaldagi natijalarini aks ettirgan hisobotlarning oʻz vaqtida kengashga taqdim etilishini taʼminlash;
bankning moliyaviy ahvoli yomonlashuvi yoki bunday holat yuz berishi xavfi hamda biznes-reja, strategik maqsadlar, tavakkalchiliklarni boshqarish strategiyasi va risk-appetitdagi oʻzgarishlar, tavakkalchilik chegaralari (limiti) va prudensial talablar buzilishi, ichki nazoratdagi xatoliklar, huquqiy yoki tartibga solish bilan bogʻliq muammolar yuzasidan kechiktirilmagan tarzda kengashga xabar berish;
bankni boshqarishning tegishli va ochiq tashkiliy tuzilmasini, shuningdek, oʻz vakolatlari doirasida bank xodimlari oʻrtasida vakolatlar va majburiyatlar taqsimlanishini taʼminlash;
bank xodimlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
xodimlarni, jumladan, boshqaruv aʼzolari, agar bank ustavida oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, muhim ahamiyatga ega xodimlarni ishga qabul qilish va boʻshatish, ularning oʻzgartirilishi (rotatsiyasi) va lavozim boʻyicha koʻtarilish, malakasini oshirish, malakali xodimlarni saqlab qolish tartibini ishlab chiqish, shuningdek, xodimlar oʻz majburiyatlari, odob-ahloq qoidalarini buzgan hollarda ularga nisbatan choralar koʻrish;
Oldingi tahrirga qarang.
bank ustavi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarni bajarishi lozim.
(49-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
50. Boshqaruv aʼzolari bank manfaatlari yoʻlida vijdonan va oqilona harakat qilishga majbur boʻlib, ular quyidagi fidutsiar majburiyatlarga rioya etishlari lozim:
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari, bank ustavi hamda bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishi hamda kengash tomonidan qabul qilingan strategiya va siyosatlarni amalga oshirishga doir qarorlarga rioya etgan holda majburiyatlarini oʻz vakolatlari doirasida bajarish;
(50-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
oʻzlarining vazifa va funksiyalarini amalga oshirishi uchun oʻz vakolatlari doirasida faoliyat yuritish;
zarur va oshkora maʼlumotni belgilangan muddatlarda olish, ular bilan bogʻliq tegishli chora-tadbirlarni koʻrish hamda shaxsiy malaka va tajribaga tayangan holda qarorlar qabul qilish;
manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarmaslikka oid talablarga rioya etish;
bank boshqaruvi organlari, shu jumladan, bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishi va kengashga nisbatan tenglik tamoyiliga rioya etish;
benuqson ishchanlik obroʻsiga ega boʻlish.
9-bob. Maʼlumotlar oshkoraligi va ochiqlik
51. Bankni korporativ boshqarish jarayoni uning manfaatdor tomonlari va bozor ishtirokchilari uchun shaffof, ochiq va oshkora boʻlishi kerak.
Korporativ boshqaruvning ochiqligi va oshkoraligi deganda manfaatdor tomonlarga kengash va boshqaruvning samaradorligini baholash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni taqdim etish va yetkazish tushuniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Korporativ boshqaruvning ochiqligini taʼminlash maqsadida bank ushbu Nizom va qonunchilik hujjatlarida belgilangan maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-sayti va boshqa axborot vositalarida joylashtirib boradi.
(51-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
52. Banklar va (yoki) bank guruhlarining asosiy bank tomonidan manfaatdor tomonlarga oshkor etiladigan maʼlumotlar va ularni joylashtirish quyidagi tamoyillarga asoslanishi lozim:
ishonchlilik va aniqlik — bank yoki bank guruhi va uning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumot dolzarb, haqiqiy, taqqoslanuvchi va oʻzgartirilmagan holda oʻqish uchun qulay shaklda boʻlishi, bank faoliyati va uning moliyaviy holati bilan bogʻliq jarayonlar va faktlarning amaldagi iqtisodiy mazmunini baholash imkonini yaratishi;
toʻliqlilik — manfaatdor tomonlar tomonidan qarorlarni qabul qilish uchun yetarli hajmda va ahamiyatga ega boʻlishi;
maʼlumotni olish erkinligi — maʼlumot bank va (yoki) bank guruhi bosh tashkilotiga tegishli binosida, rasmiy veb-saytida joylashtirilishi, ommaviy axborot vositalarida chop etilishi hamda manfaatdor tomonlarning murojaatiga koʻra taqdim qilinishi orqali oshkor etilayotgan maʼlumotlarni erkin, sodda va qulay tarzda yetkazish imkonining yaratilishi;
oʻz vaqtida va davriy ravishda taqdim etish — maʼlumotlar oʻz vaqtida va davriy ravishda chop etilishi;
tezkorlik — bank faoliyati bilan bogʻliq holatlar, hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisidagi muhim axborot qisqa muddatlarda oshkora etilishi;
Oldingi tahrirga qarang.
bank siri va maʼlumot maxfiyligini taʼminlash — bank siri, tijorat siri va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa sir saqlanishi zarur boʻlgan maʼlumotlar oshkora etilmasligi.
(52-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
53. Bank maʼlumotlarini ochiq va oshkor boʻlishini taʼminlash maqsadida quyidagi maʼlumotlarni oʻzining veb-saytida joylashtirib borishi zarur:
bankning strategik maqsadlari va korporativ qadriyatlari;
bank faoliyati tarixi, jumladan, bankni tashkil etish, qayta tashkil etish, qayta nomlash, faoliyati, oʻziga xos xususiyatlari yoki yoʻnalishi oʻzgarganligini aks ettiruvchi maʼlumotlar;
Oldingi tahrirga qarang.
bankning davlat roʻyxatiga olinganligi, bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya toʻgʻrisida maʼlumot (tartib raqami, berilgan sanasi, bank operatsiyalari roʻyxati), shuningdek, faoliyatini toʻxtatib turishi, uni tiklash hamda bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan chaqirib olinishi haqida (agar bunday holatlar yuzaga kelgan boʻlsa);
(53-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
bank ustavining toʻliq matni;
bank bosh ofisi ish tartibi, joylashgan joyi va kontakt maʼlumotlari, shuningdek, bankning hududlar (viloyat va shahar) kesimida tashkiliy tuzilmasi — bank infratuzilmasi (filial, ofis) nomi, joylashgan yeri, ish tartibi va maʼlumot uchun telefonlari. Filial (yoki boshqa infratuzilma) faoliyati vaqtinchalik toʻxtatilishi yoki tugatilishi holatlarida, bank veb-saytining bosh varagʻida bu haqda xabar, yaʼni ushbu filial (yoki boshqa infratuzilma) nomi va joylashgan yeri, faoliyati vaqtinchalik toʻxtatilishi yoki tugatilishi toʻgʻrisidagi tegishli qaror sanasi, ushbu hodisa yuzasidan toʻliq maʼlumot olish uchun aloqa vositalari hamda mijoz boshqa filialga yoki infratuzilmaga murojaat qilishi haqida maʼlumot;
bank faoliyati, tashkiliy va mulkiy tuzilmasi hamda holatiga doir oʻzgarishlarga oid press-relizlar va xabarlar;
bankning mulkiy tuzilmasi;
bankka tegishli boʻlgan bank guruhi tarkibi va uning tuzilishi: yuridik shaxslar nomi, bank guruhi tuzilmasi, ustav kapitalidagi ishtiroki, nomi, joylashgan yeri va bosh tashkilotning rasmiy veb-sayti;
bankning ichki tashkiliy tuzilmasi;
kengash qoshida tashkil qilingan barcha qoʻmitalar tarkibi, shu jumladan, qisqa shaklda maʼlumot, qoʻmita aʼzolarining boshqa tashkilotlarda egallab turgan lavozimi, malakasi va ish tajribasi hamda ushbu qoʻmitalarning asosiy vazifalari;
Oldingi tahrirga qarang.
kengash va boshqaruv, shuningdek bank islomiy moliya kengashining aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarning tarkibi, qisqa shakldagi shaxsiy maʼlumot, egallab turgan lavozimi, malakasi va ish tajribasi;
(53-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 3254-1, 18.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)
korporativ boshqaruvga oid ichki meʼyoriy hujjatlari: odob-axloq qoidalari (standartlari, kodeksi va boshqalar), maʼlumotlarni oshkor qilish boʻyicha bank siyosati, bankning dividendlar toʻlash siyosati va boshqalar;
bankka reyting agentliklari tomonidan reyting taqdim qilingan boʻlsa, ushbu reyting agentliklarining roʻyxati, oxirgi 3 yil ichida olingan reytinglari va ular boʻyicha reyting agentliklarining hisobotlari (tushuntirishlar);
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlariga muvofiq rasmiy veb-saytida joylashtirilishi kerak boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
(53-bandning oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Bankning mulkiy tuzilmasi toʻgʻrisidagi oshkor qilinadigan maʼlumotlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
bank ustav kapitalining kamida besh foiziga bevosita egalik qiluvchi aksiyadorlar haqida maʼlumot, ularning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi miqdori, aksiyasi turi (oddiy, imtiyozli), joylashgan joyi (yashash joyi), faoliyat turi (yuridik shaxslar uchun);
bank ustav kapitalining kamida besh foiziga bilvosita egalik qiluvchi aksiyadorlar haqida maʼlumot, joylashgan joyi (yashash joyi), faoliyat turi (yuridik shaxslar uchun) va bank aksiyalariga egalik qilishiga sabab boʻlgan boshqa maʼlumotlar;
oxirgi benefitsiar mulkdor (agar mavjud boʻlsa) familiyasi, ismi va sharifi.
10-bob. Yakuniy qoida
Oldingi tahrirga qarang.
54. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(54-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2020-y., 10/20/3254/1045-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 09.08.2025-y., 10/25/3658/0713-son; 20.07.2026-y., 10/26/3254-1/0754-son)