Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbek adabiyotining bugungi taraqqiyotida 80 yildan ziyod tarixga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi nufuzli ijodiy tashkilotlardan biri hisoblanadigan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining munosib oʻrni bor. Mustabid tuzum davridagi turli mafkuraviy tazyiqlarga qaramasdan, ushbu ijodiy uyushma millatimizning ruhi boʻlgan ona tilimiz, azaliy qadriyatlarimizni saqlab qolish va avlodlarga bezavol yetkazish, xalqimizning ongu tafakkurini yuksaltirish, mustaqilligimizning maʼnaviy asoslarini yaratish, soʻz sanʼatkorlarini birlashtirish, ularning manfaatlarini himoya qilish, yosh isteʼdod egalarining salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida katta ishlarni amalga oshirdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalar kabi milliy adabiyotimiz rivojini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Doʻrmon” ijod uyi va poliklinikasi tubdan rekonstruksiya qilindi. Uyushma qoshida “Ijod” jamoat fondi tuzildi. Poytaxtimizda Adiblar xiyoboni barpo etildi, Yozuvchilar uyushmasi uchun yangi bino qurilib, hududlarda ulugʻ adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablari, madaniyat va istirohat bogʻlari bunyod qilinmoqda. Adabiyotimiz atoqli namoyandalarining yubiley sanalari munosib nishonlanmoqda, isteʼdodli yoshlarni tarbiyalash, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida turli ijodiy anjumanlar oʻtkazilmoqda. Yosh shoir va yozuvchilarning birinchi kitoblari davlat hisobidan koʻp ming nusxalarda nashr etilib, taʼlim maskanlari va kutubxonalarga yetkazib berilmoqda.
Ayni vaqtda taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining asosiy faoliyat yoʻnalishlari, uning Nizomi va tarkibiy tuzilmasi bugungi shiddatli davr talablariga toʻla javob bermayapti. Bozor iqtisodiyoti va globallashuv jarayonlari bilan bogʻliq hozirgi murakkab sharoitda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolarining hayotiy manfaatlarini taʼminlash, ularning jamiyat taraqqiyoti uchun beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan mashaqqatli ijodiy mehnatini munosib qadrlash, adabiyot va sanʼat sohasini har tomonlama rivojlantirish, badiiy ijod ahlining jamiyatimiz hayotidagi oʻrni va taʼsirini kuchaytirish, isteʼdodli yosh ijodkorlarni tizimli asosda tarbiyalash va boshqa oʻta muhim yoʻnalishlarda oqsoqlikka yoʻl qoʻyilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasini 2017 ― 2021-yillarda rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan asosiy vazifalarni, jumladan, “Davlat ― maʼnaviyatning bosh homiysi”, degan ustuvor tamoyilni hayotga izchil joriy qilish, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish va uning ish samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
1. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda ijodiy jamoatchilikning:
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining (keyingi oʻrinlarda — Uyushma deb ataladi) jamiyatimizda milliy gʻoya, yangicha tafakkur va dunyoqarashni rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
Uyushma aʼzolarining ijtimoiy-maʼnaviy faolligi va masʼuliyatini oshirish, ularni xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini, el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan tub oʻzgarishlarni teran aks ettirishga qaratilgan yuksak badiiy asarlar yaratishga ragʻbatlantirish;
Uyushma aʼzolarining moddiy va maʼnaviy manfaatlarini, mualliflik huquqlarini himoya qilish, ular uchun har tomonlama sharoit yaratib berish, mashaqqatli ijodiy mehnatini adolatli baholash;
Uyushmaning obroʻ-eʼtibori va yuksak maqomini munosib saqlash, uning sifat tarkibini yaxshilash maqsadida ushbu tashkilotga aʼzolikka qabul qilish boʻyicha zamonaviy va taʼsirchan mezonlarni belgilash;
katta isteʼdod va yuksak grajdanlik pozitsiyasiga ega boʻlgan keksa avlod vakillarining ijodiy salohiyati va mahoratidan yoshlarni keng bahramand etish;
yosh isteʼdod sohiblarini izlab topish, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish uchun chuqur oʻylangan, zamonaviy ilm-fan yutuqlariga asoslangan innovatsion usullarni ishlab chiqish va joriy etish;
dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish va chop etish, mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga oʻgirish va chet ellarda targʻib etish tizimini yaratish;
oʻzbek tilidagi Internet adabiyotini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
mumtoz adabiyotimizni, xususan, Alisher Navoiy asarlarini xalqimizga yanada yaqinlashtirish, bu noyob merosni maʼnaviyatimizning hayotbaxsh manbai va tarkibiy qismiga aylantirish haqidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining oliy organi — Konferensiyasining Uyushmaning tarkibiy tuzilishini qayta koʻrib chiqish va yangi tahrirdagi Nizomini tasdiqlash, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi boʻlimlariga qoʻshimcha shtatlar ajratish haqidagi qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Uyushma aʼzolarining moddiy va maʼnaviy manfaatlarini taʼminlashni kuchaytirish maqsadida:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Intellektual mulk agentligi, Matbuot va axborot agentligi hamda Uyushma bilan birgalikda ijodkorlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, mulk shaklidan qatʼi nazar, barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan, elektron OAV, nashriyotlar tomonidan mualliflik gonorari toʻlashni qonuniy asosda taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqsin va ularning ijrosini qatʼiy nazoratga olsin;
kitob savdosi tizimini takomillashtirish, jumladan, Uyushma aʼzolarining yangi nashr etilgan asarlari mamlakatimizning barcha hududlaridagi oʻquvchilarga oʻz vaqtida yetib borishini, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari ishlab topilgan mablagʻlari, shuningdek, korxona va tashkilotlar, xoʻjalik birlashmalarining oʻz mablagʻlari hisobidan ushbu kitoblarni sotib olishini va ular bilan oʻz tasarrufidagi axborot-resurs markazlari, kutubxonalar, madaniyat saroylari, maʼnaviyat xonalarini taʼminlashi boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 23-oktabrdagi PQ-3350-son qaroriga muvofiq Uyushma aʼzolari uchun:
Toshkent shahrida imtiyozli ipoteka krediti asosida 110 ta kvartirali uy-joy qurish ishlari boshlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda viloyatlar hokimliklari 2018 ― 2021-yillarda hududlarda yashab faol ijod qilayotgan, uy-joyga muhtoj Uyushma aʼzolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joylar ajratish boʻyicha aniq rejalar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin. Vazirlar Mahkamasi mazkur rejalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini qatʼiy nazoratga olsin;
Mazkur uy-joylarni taqsimlashda qonuniylik va adolat mezonlariga qatʼiy amal qilishga alohida eʼtibor qaratilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Uyushma aʼzolari, jumladan, viloyatlarda yashayotgan ijodkorlarga sifatli va imtiyozli tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksi bir oy muddatda Uyushmaga qarashli ijod uylari va oshxonalarni arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha aniq reja ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
7. Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimliklari Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Doʻrmon” ijod uyi hamda yangi bunyod etilayotgan “Parkent” va “Zomin” ijod uylaridan maqsadli va samarali foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Ijod” jamoat fondining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda ushbu fondning hududiy boʻlimlarini tuzish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Amaldagi tartibga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri “Ijod” jamoat fondi Vasiylik kengashiga raislik qilishini inobatga olgan holda, fondning hududiy boʻlimlari Vasiylik kengashlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi va viloyatlar hokimlari rais, hududiy universitet va institutlar rektorlari rais oʻrinbosarlari sifatida biriktirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda “Ijod” jamoat fondi hududiy boʻlimlarining moliyaviy manbalarini aniqlasin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
Uyushmaning hududiy boʻlimlari faoliyatini samarali tashkil etishga koʻmaklashish;
oʻz hududida yashayotgan Uyushma aʼzolari hamda isteʼdodli va istiqbolli yosh ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
Uyushma aʼzolari ishtirokida mahallalar, harbiy qismlar va taʼlim muassasalarida muntazam maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalarida shartnoma asosida ijodiy uchrashuvlar tashkil etish ishlariga shaxsan masʼul ekani belgilab qoʻyilsin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Uyushma bilan birgalikda bir oy muddatda Uyushma hududiy boʻlimlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda Uyushma huzuridagi “Ijod” jamoat fondi mablagʻlari hisobidan hududiy boʻlimlarni 1 ta (bitta)dan yengil xizmat avtotransport vositalari bilan taʼminlash choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda Uyushma muassisligida nashr etiladigan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, “Sharq yulduzi” — “Zvezda Vostoka”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik”, “Amudaryo” jurnallari tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda ushbu nashrlarni qogʻoz bilan taʼminlash, bosmaxona xarajatlarini qoplash va ularning obunasiga koʻmaklashish uchun “Ijod” jamoat fondiga qoʻshimcha mablagʻlar ajratish nazarda tutilsin.
Mamlakatimizdagi bir qator ishlab chiqarish korxonalari, xoʻjalik birlashmalari, kompaniyalar va banklar bilan madaniyat va sanʼat tashkilotlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan “Doʻstlar klublari” faoliyatining ijobiy samara berayotganini inobatga olgan holda:
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi va “AKFA” MCHJ;
“Sharq yulduzi” ― “Zvezda Vostoka” jurnallari va “IMZO” MCHJ;
“Jahon adabiyoti” jurnali va “Delta-Qurmah” MCHJ;
“Yoshlik” jurnali va “Universal Pasking Masters” MCHJ;
“Amudaryo” jurnali va “Oʻzqurilishmateriallari” AJ oʻrtasida “Doʻstlar klublari”ni tuzish, shartnoma asosida doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflar qoʻllab-quvvatlansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Doʻstlar klublari”ni tashkil etish boʻyicha tajribani Uyushmaning hududiy boʻlimlari uchun ham joriy etsin va bir oy muddatda bu masala boʻyicha aniq choralar koʻrsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Uyushmaning hududiy boʻlimlari oʻz tadbirlarini oʻtkazish uchun tegishli bino va zallarga ega emasligini inobatga olib, ularning joylardagi universitet va institutlar imkoniyatlaridan begʻaraz foydalanishini taʼminlasin;
Uyushmaning hududlardagi oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida ijodkor yoshlar va talabalar jamoalari bilan faol maʼnaviy-maʼrifiy ish olib borish haqidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda hududlarda tashkil etilgan Isʼhoqxon Ibrat, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf nomlari bilan atalgan ijod maktablarining oʻquv dasturlarini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin. Bunda Yozuvchilar uyushmasi oʻquv dasturlarini ilmiy va ijodiy jihatdan shakllantirish, mazkur maktablarga iqtidorli oʻquvchilarni tanlab olish, koʻzga koʻringan yozuvchi va shoirlar tomonidan ijodiy seminarlar olib borishni taʼminlash boʻyicha asosiy ijrochi va javobgar ekani belgilab qoʻyilsin.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyatini kuchaytirish, harbiy qismlar, harbiy yoʻnalishdagi bilim yurtlari, xususan, “Temurbeklar maktablari”da tizimli ravishda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishga doir takliflari maʼqullansin.
16. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining Uyushma huzurida “Zulfiyaxonim qizlari” klubini tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin.
“Zulfiyaxonim qizlari” klubi aʼzolarining Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining taklifiga asosan Toshkent shahriga klub mashgʻulotlariga har chorakda bir marta kelib-ketishi bilan bogʻliq xarajatlar “Ijod” jamoat fondi mablagʻlari hisobidan qoplanishi inobatga olinsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Oliy adabiyot kursini tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2018-yilning 1-avgustiga qadar Oliy adabiyot kursi mutaxassisliklari boʻyicha tegishli malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
18. Belgilab qoʻyilsinki, 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Oliy adabiyot kursiga bakalavr darajasiga ega boʻlgan va adabiyot sohasida oʻz ijodiy qobiliyatini namoyon etgan ijodkorlar Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq tanlov asosida qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan kelishilgan holda, Oliy adabiyot kursiga yillik qabul kvotalarini (40 foizi budjet va 60 foizi toʻlov-kontrakt boʻyicha) belgilangan tartibda shakllantirsin.
19. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda bir oy muddatda Adiblar xiyobonida muntazam maʼnaviyat darslari, kitob mutolaasi soatlari, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik tanlovlarini oʻtkazish, ushbu hududda joylashgan Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati koʻrgazmasi binosida atoqli ijodkorlarga bagʻishlangan ekspozitsiyalar uyushtirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirish tavsiya etilsin.
20. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligining:
isteʼdodli ijodkorlarga “Ijod” jamoat fondi mablagʻlari hisobidan aniq ijtimoiy buyurtmalar berish tizimini shakllantirish;
badiiy asarlarni xorijiy tillarga tarjima qilish maqsadida milliy adabiyotimizning eng yaxshi namunalarini aniqlash boʻyicha maxsus komissiya tuzish;
komissiya tomonidan saralangan asarlarni “Ijod” jamoat fondi mablagʻlari hisobidan xorijiy tillarga yuqori sifat bilan tarjima qilish va chet ellarda nashr ettirish;
badiiy adabiyot boʻyicha yosh tarjimonlarni tayyorlash, faoliyat koʻrsatayotgan tarjimonlarning professional malakasi va mahoratini oshirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
respublika boʻyicha “Kitob aksiyasi” tadbirlarini muntazam yoʻlga qoʻygan holda, mahalla va maktablar, “Mehribonlik uylari”ga “Ijod” jamoat fondi homiyligida chop etilgan kitoblarni bepul yetkazib berish haqidagi takliflari maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda Internet tarmogʻi orqali milliy adabiyotimizni keng targʻib etish choralarini koʻrsin.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
22. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda audiokitoblar ishlab chiqarish va ularni tarqatish, shuningdek, oʻzbek adabiyoti targʻibotiga bagʻishlangan telekoʻrsatuv va radioeshittirishlarni tizimli ravishda eʼlon qilib borish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
24. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-aprel,
PQ-3652-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2018-y., 07/20/3652/0882-son; 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)