Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikada xizmatlar sohasining tezkor oʻsish surʼatlarini taʼminlash, mazkur yoʻnalishda tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash va aholi uchun yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun tijorat banklariga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million AQSH dollari ekvivalentida kredit liniyasini ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
kredit liniyasi tijorat banklariga 7 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davri bilan 10 foiz stavkada beriladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-apreldagi PQ-212-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.04.2022-y., 07/22/212/0324-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tijorat banklari tomonidan kreditlar xizmat koʻrsatish sohasidagi tadbirkorlik subyektlariga, ayniqsa maishiy, taʼlim, tibbiy, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori boʻlgan sohalarda faoliyat koʻrsatadigan korxonalarni tashkil etish (moliya va savdo sohalaridagi tadbirkorlik subyektlari bundan mustasno) va jihozlash uchun 14 foiz stavkada 1 milliard soʻmgacha miqdorda ajratiladi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-apreldagi PQ-212-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.04.2022-y., 07/22/212/0324-son)
mazkur qarorda nazarda tutilgan kredit liniyasi mablagʻlarining kamida 20 foizi ayollar va yosh tadbirkorlarga ajratiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4742-son qarori bilan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan 67 ta faoliyat (ishlar va xizmatlar) turlari uchun “Har bir oila ― tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Mazkur qarorga muvofiq tijorat banklariga taqsimlangan mablagʻlardan “Turonbank” ATBga kredit resursi sifatida qayta moliyalashtirilgan qismining 2021-yil 1-avgust holatiga qoldiq qismi Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining bank ustav kapitalidagi ulushini oshirish uchun yoʻnaltirilsin.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-avgustdagi PQ-5207-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2021-y., 07/21/5207/0750-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi va qaytarilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 16-iyun,
PQ-4752-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 07/20/4752/0769-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2021-y., 07/21/5207/0750-son; 20.04.2022-y., 07/22/212/0324-son, 10.06.2022-y., 06/22/152/0507-son)