O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY XAVFSIZLIK XIZMATI ChEGARA QO‘ShINLARINING O‘TKAZISh PUNKTLARI TO‘G‘RISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 28-martdagi 89-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tish tartibini belgilaydigan me’yoriy hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga hamda tuzilgan xalqaro shartnomalarga muvofiqlashtirish zaruriyati munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining o‘tkazish punktlari to‘g‘risida Nizom tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlari, davlat boshqa organlari va jamoat tashkilotlari Davlat chegarasini qo‘riqlashda chegara qo‘shinlariga zarur yordam ko‘rsatsinlar va ko‘maklashsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 2-oktabr,
347-son
O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining o‘tkazish punktlari to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali temir yo‘l, avtomobil, dengiz, daryo, havo va boshqa aloqalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan o‘tkazish punktlarida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘tkazish punktlari deganda xalqaro aloqalar (xalqaro parvozlar) uchun ochiq bo‘lgan chegara temir yo‘llari va avtomobil stansiyalari, dengiz va daryo portlari, aeroportlar va aerodromlarning hududlari, shuningdek shaxslar, transport vositalari, yuklar hamda boshqa mol-mulk va materiallarni chegara, bojxona nazoratidan va nazoratning boshqa turlaridan o‘tkazish amalga oshiriladigan va O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkaziladigan maxsus jihozlangan boshqa joylar tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) qarorlari bilan chegara qo‘shinlarining chegara nazorati bo‘linmalari va otryadlari tashkil etiladi.
2. Chegara nazorati otryadi (ChNO) — chegara qo‘shinlarining O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlashni, shaxslarni, transport vositalarini, yuklarni, boshqa mol-mulk va materiallarni bitta va undan ko‘p o‘tkazish punktlarida chegara nazoratidan va O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazishni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan qo‘shin qismidir.
Chegara nazorati otryadi, qoidaga ko‘ra, chegara nazorati bo‘linmalaridan: chegara nazorati divizionlari (ChND), bo‘limlari (ChN bo‘lim), postlari (ChNP) va guruhlari (ChNG)dan iborat bo‘ladi.
II. ChEGARA QO‘ShINLARI ChEGARA NAZORATI BO‘LINMALARINING VAZIFALARI
Chegara qo‘shinlarining chegara nazorati bo‘linmalari quyidagilarga majburdirlar:
a) qo‘shin guruhlari va to‘dalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga qurolli bostirib kirishlarini qaytarish, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi qurolli va boshqa ig‘vogarliklarning oldini olish, aholini, davlat mulkini va fuqarolarning shaxsiy mulkini ko‘rsatib o‘tilgan jinoiy tajovuzlardan himoya qilish;
b) tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda shaxslarni, transport vositalarini, yuklarni, boshqa mol-mulklarni va materiallarni belgilangan punktlarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tkazishni amalga oshirish;
v) o‘tkazish punktlarida shaxslar va transport vositalarining O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan noqonuniy usullar bilan o‘tishining oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik; O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini buzuvchilarni aniqlash va ushlash;
g) O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish yoki O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish taqiqlangan portlovchi, zaharlovchi, radioaktiv, giyohvandlik moddalari, qurol-aslahalar, o‘q-dorilar va buyumlarni, shuningdek kontrabanda buyumlarining O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali tashib o‘tilishining oldini olish;
d) o‘tkazish punktlarida O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tayotgan shaxslarning g‘arazli faoliyatini MXX organlari bilan birgalikda aniqlash va uning oldini olish, shuningdek operativ qiziqish tug‘diruvchi shaxslarga doir axborotlarni, ularni keyinchalik MXX chegara qo‘shinlarining razvedka apparatlari yoki organlari orqali tarqatish maqsadida to‘plash va o‘rganishni amalga oshirish;
e) bojxona organlari mavjud bo‘lmagan joylardagi o‘tkazish punktlarida mamlakatning siyosiy va iqtisodiy manfaatlariga, davlat xavfsizligiga, jamoat tartibiga, aholi salomatligiga va axloqiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga ega matbuot asarlari, klishe, qo‘lyozmalar, hujjatlar, video va ovozli yozuvlar, fotokino materiallari, boshqa bosma va tasviriy mahsulotlarning O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali tashib o‘tilishining belgilangan tartibda mustaqil ravishda oldini olish;
j) O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tadigan alohida shaxslar, transport vositalari, yuklar va boshqa mol-mulklarga doir operativ topshiriqlarni bajarish;
z) O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi rejimi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiquvchi majburiyatlar bajarilishini ta’minlash;
i) mustaqil ravishda yoki aeroportlar (aerodromlar) ma’muriyatlari bilan birgalikda xalqaro parvozlar uchun ochiq bo‘lgan aeroportlar (aerodromlarni, chegara, temir yo‘l stansiyalarini, dengiz va daryo portlarini, xalqaro avtomobil tashishlari xizmatlarini nazorat qilish, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tish punktlarida belgilangan rejimni bajarish;
k) O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tuvchi shaxslar to‘g‘risidagi axborotni belgilangan tartibda MXX tegishli organlariga o‘z vaqtida yuborish;
l) o‘tkazish punktlarida bunga maxsus vakil qilingan davlat organlariga ularning tabiiy muhitni ifloslanishdan muhofaza qilishga doir faoliyatiga ko‘maklashish.
III. ChEGARA QO‘ShINLARI ChEGARA NAZORATI BO‘LINMALARINING HUQUQLARI
Chegara qo‘shinlari chegara nazorati bo‘linmalari quyidagi huquqlarga egadir:
a) O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tuvchi shaxslarning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kelish huquqini beruvchi hujjatlarini tekshirish, ularga tegishli yozuvlarni qayd etish va zarurat bo‘lsa ushbu hujjatlarni vaqtincha olib qo‘yish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish yoki O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini bermaydigan haqiqiy hujjatlarga ega bo‘lmagan shaxslarni ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tish huquqini beruvchi hujjatlar zarur tartibda rasmiylashtirilgungacha yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan ularning chet elda bo‘lgan davrida hujjatlar yo‘qotilganligi holatlari va ularning shaxslari aniqlangungacha bunday shaxslarni O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazmaslik;
b) O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tuvchi shaxslarning yuklari va boshqa mol-mulkini belgilangan tartibda mustaqil ravishda yoki bojxona organlari bilan birgalikda ko‘zdan kechirish; inson tanasida o‘q otar qurol bor-yo‘qligini aniqlash uchun texnik vositalarni tanlab qo‘llash;
v) O‘zbekiston Respublikasi MXX normativ hujjatlari bilan belgilangan tartibda va chegara qo‘shinlari vakolatlari doirasida operativ faoliyatni amalga oshirish; O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini buzishlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha surishtiruv olib borish — zarur operativ-qidiruv choralarini ko‘rish, O‘zbekiston Respublikasining Jinoiy-protsessual qonunchiligiga, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi kodeksiga muvofiq ushlab turish, tekshirib ko‘rish, tintuv qilish, so‘roq qilish va boshqa zarur tergov harakatlarini olib borish;
g) chegara rejimini buzgan yoki O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi rejimni buzgan shaxslarni protokol tuzish uchun uch soatgacha bo‘lgan muddatga, zarur hollarda esa bu haqda ushlangan paytidan boshlab 24 soat ichida prokurorga yozma ravishda ma’lum qilgan holda uch kecha-kunduzgacha yoki, agar huquqni buzuvchi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmasa, prokurorning sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha bo‘lgan muddatga ma’muriy ushlab turish; ushlangan shaxslarni ko‘zdan kechirish, tintish, shuningdek zarur bo‘lganda ularning mol-mulkini olib qo‘yish;
d) mazkur bandning “g” kichik bandida nazarda tutilgan muddatlarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan g‘ayriqonuniy o‘tgan ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘ash uchun yetarli asoslar bo‘lmagan taqdirda ma’muriy tartibda ushlab turish, agar ushbu shaxslarga nisbatan ularni qo‘shni davlatning chegara ma’murlariga topshirish yoki ularni O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan bo‘lsa, prokurorning sanksiyasi bilan ushbu shaxslarni berish yoki chiqarib yuborish uchun zarur bo‘lgan vaqt mobaynida ushlab turish;
e) ma’muriy tartibda ushlangan shaxslarni ushbu maqsadlar uchun maxsus jihozlangan o‘tkazish punktlari binolarida saqlash. Ma’muriy tartibda ushlab turishning har bir holati, ushlanganni shaxsiy tintish, tekshirish va uning buyumlarini olib qo‘yish to‘g‘risida protokol tuziladi;
j) Davlat chegarasidan, uning rejimidan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tish chegara rejimi yoki o‘tish punktlari rejimidan g‘ayriqonuniy o‘tish hollarini aniqlash uchun o‘tkazish punktlariga shaxslarni taklif etish. Ko‘rsatib o‘tilgan qonunni buzish holatlarini aniqlash zarur hollarda boshqa joylarda ham amalga oshiriladi;
z) bojxona organlari mavjud bo‘lmagan o‘tkazish punktlarida O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tayotgan shaxslar tomonidan olib o‘tilayotgan bosma asarlar, klishe, qo‘lyozmalar, hujjatlar, video va ovoz yozish materiallari, fotokino materiallarini, boshqa bosma va tasviriy mahsulotlarni tekshirish; zarur hollarda sanab o‘tilgan materiallarni tekshirish uchun ushlash va ularning amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasiga olib kelinishi va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketilishi mumkin bo‘lmaganlarini olib qo‘yish;
i) O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali olib o‘tilayotgan O‘zbekiston Respublikasiga keltirish yoki O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish taqiqlangan buyumlarni, shuningdek kontrabanda buyumlarini belgilangan tartibda olib qo‘yish;
k) O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish yoki O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish taqiqlangan materiallar, buyumlar va hujjatlarni, shuningdek kontrabanda buyumlarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali olib o‘tishga intilgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi masalani yo‘l qo‘yilgan huquqni buzishning og‘irligi va holatlarini hisobga olgan holda MXX organlari bilan kelishib hal etish;
l) O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tayotgan xorijiy transport vositalari va O‘zbekiston Respublikasining transport vositalari va ularda tashilayotgan yuklarni mustaqil ravishda yoki bojxona organlari bilan birgalikda belgilangan tartibda tekshirish; transport vositalariga chegara naryadlari bilan hamrohlik qilish; zarur hollarda transport tashkilotlarining mansabdor shaxslaridan ularni tekshirish uchun transport vositalaridagi plombalangan vagonlar, avtomobillar, konteynerlar, tryumlar va boshqa joylarni ochishni talab qilish;
m) zarur muhandislik-texnika inshootlari barpo etish, aloqa va kommunikatsiya liniyalari qurish, texnika va qurol-yarog‘ni chegara va bojxona nazorati amalga oshiriladigan binolarda va boshqa joylarda joylashtirish va ulardan foydalanish; O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tish punktlarida chegara va bojxona nazorati amalga oshiriladigan binolar va boshqa joylarni belgilash hamda ushbu joylarda chet shaxslarning ularga kirishini istisno etish va O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan g‘ayriqonuniy o‘tilishini istisno qilish maqsadlarida qo‘shimcha ravishda rejim qoidalari belgilash;
n) O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va hollarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini himoya qilish uchun qurol, jangovar texnika, maxsus vositalar, xizmat itlarini va jismoniy ta’sir ko‘rsatish choralarini qo‘llash;
o) manfaatdor korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tish punktlarida xorijga boradigan transport vositalarining to‘xtash vaqtini (to‘xtash joylarini) aniqlash;
p) suzishda va O‘zbekiston Respublikasining hududiy suvlarida (hududiy dengizida), O‘zbekiston Respublikasining ichki suvlarida bo‘lgan vaqtda, shuningdek kemalar O‘zbekiston Respublikasi portlarida to‘xtab turgan vaqtda huquq buzilishiga yo‘l qo‘ygan harbiy bo‘lmagan xorijiy kemalar ekipajlari a’zolari va ulardagi boshqa shaxslarning qirg‘oqqa chiqishlarini va qirg‘oqda bo‘lishlarini taqiqlash;
r) jinoyat sodir etgan va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari hamda MDHning boshqa davlatlari qonun hujjatlari bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak bo‘lgan shaxslarni chet elning va O‘zbekistonning harbiy bo‘lmagan kemalaridan tushirish va ushlash, ushbu shaxslarni, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, surishtiruv va tergov organlariga topshirish;
s) MDH mamlakatlarining o‘tkazish punktlari bilan belgilangan tartibda aloqa o‘rnatish va o‘zaro hamkorlik qilish.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tuvchi shaxslar, transport vositalari, yuklar va boshqa mol-mulklar chegara va bojxona nazoratidan o‘tkaziladi, tegishli hollarda esa, shuningdek sanitariya-karantin, veterinariya, fitosanitariya nazoratidan, madaniyat boyliklarini O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish bo‘yicha nazoratdan va boshqa nazoratdan o‘tkaziladi.
Chegara nazorati o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha chegara nazorati operativ-xizmat faoliyati bo‘linmalarining asosini tashkil etadi. U o‘z ichiga quyidagilarni oladi: O‘zbekiston Respublikasiga kelish yoki O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini beruvchi hujjatlarni tekshirish; transport vositalari, yuklar va boshqa mol-mulkni ko‘zdan kechirish; transport vositalarini kuzatib borish, zarur hollarda ularga hamrohlik qilish; O‘zbekiston Respublikasiga kelish yopiq bo‘lgan shaxslar ustidan nazorat o‘rnatish; O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali olib o‘tiladigan materiallar va buyumlar ustidan nazorat o‘rnatish. Chegara nazorati operativ va rejim tadbirlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tuvchi shaxslarni o‘tkazib yuborish chegara nazorati bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga kelish va O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini beruvchi haqiqiy hujjatlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Transport vositalari, yuklar va boshqa mol-mulkni O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish chegara, bojxona nazorati va boshqa nazorat tamomlangandan keyin chegara nazorati bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Chegara nazorati bo‘linmalari transport vositalari, yuklar va boshqa mol-mulkni O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati hamda Chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasi (ChQBB) buyruqlari va ko‘rsatmalariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladilar.
Chegara qo‘shinlari chegara nazorati bo‘linmalari shaxslar, transport vositalari va boshqa mol-mulkni O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazishni kecha-kunduz MXX hududiy organlari va bojxona organlari, shuningdek nazoratning tegishli turlarini amalga oshiruvchi yoki ushbu ishda qatnashuvchi boshqa muassasalar, tashkilotlar va korxonalar bilan o‘zaro mustahkam hamkorlikda amalga oshiradilar. Shaxslar, transport vositalari, yuklar va boshqa mol-mulkning O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazilishi bo‘yicha funksional faoliyat (texnologik sxema) tartibi va izchilligi chegara nazorati bo‘linmalari tomonidan manfaatdor muassasalar, tashkilotlar va korxonalar bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Chegara qo‘shinlari chegara nazorati bo‘linmalari O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tayotgan shaxslar, transport vositalari, yuklar va boshqa mol-mulkning asossiz ravishda ushlab turilishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak.
Bojxona organlari mavjud bo‘lmagan joylarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tish punktlarida yuklar va boshqa mol-mulkni ko‘zdan kechirish va o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi MXX Chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasining farmoyishiga binoan chegara nazorati bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tuvchi yuklar va boshqa mulklarni tekshirish va o‘tkazishni mustaqil amalga oshirish chog‘ida chegara nazorati bo‘linmalari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, O‘zbekiston Respublikasi bojxona qonunchiligiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Bosh bojxona boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadigan qoidalarga amal qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi yoki chet davlat hududida alohida xavfli yuqumli kasalliklarning tarqalishi xavfi bo‘lgan taqdirda xavfli uchastkalarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali qatnovlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan vaqtincha cheklanadi yoki to‘xtatiladi yoxud O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasidan o‘tuvchi odamlar, hayvonlar, yuklar, urug‘liklar, ko‘chatlar va boshqa hayvonot, o‘simlik mahsulotlari uchun karantin o‘rnatilishi mumkin, bu haqda chegara nazorati bo‘linmalari ChQBBning ko‘rsatmasini oladilar.
Alohida hollarda (operativ zarurat, qo‘shinlarni boshqa joyga ko‘chirish, O‘zbekiston Respublikasi havo kemalarining va chet mamlakatlar havo kemalarining maxsus parvozlari va shu kabilar) O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlari tomonidan shaxslarni, transport vositalarini, yuklar va boshqa mol-mulklarni O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazishning alohida tartibi o‘rnatilishi mumkin, bu haqda chegara nazorati bo‘linmalari ChQBBning tegishli ko‘rsatmalarini oladilar.
Chegara nazorati bo‘linmalari xizmat-operativ faoliyatni amalga oshirishda shaxsiy tarkib, operativ kuchlar va vositalar, qurollar va texnika, maxsus texnik vositalar, muhandislik inshootlari va xizmat itlaridan foydalanadilar.
Shaxsiy tarkibdan davlat chegarasini qo‘riqlashda chegara nazorati bo‘linmasi boshlig‘ining qaroriga muvofiq mutaxassisligi, tayyorgarlik darajasi, siyosiy-ma’naviy va ishchanlik sifatlarini hisobga olgan holda foydalaniladi. Shaxsiy tarkibning xizmat vazifalari davlat chegarasini ishonchli qo‘riqlashni ta’minlashi lozim hamda chegara zastavalarining shaxsiy tarkibi uchun belgilangan me’yorlar doirasida rejalashtiriladi.
Chegara nazorati bo‘linmalarining davlat chegarasini qo‘riqlash hamda chegara nazoratini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan shaxsiy tarkibi boshqa vazifalarni bajarishga jalb etilmaydi, o‘quv bo‘linmalarida tayyorgarlikdan o‘tish bundan mustasno.
O‘tkazish punktlarida operativ kuchlar va vositalardan foydalanish maxsus qoidalar bilan tartibga solinadi.
O‘tkazish punktlarida qurollar va texnikadan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Qurolli Kuchlar Ustavlari, chegara qo‘shinlarining Ustavi, MXX va ChQBB buyruqlari, ko‘rsatmalari talablariga qat’iy amal qilingan holda foydalaniladi.
Maxsus texnik vositalar chegara nazoratining ishonchliligi, operativliligi va madaniyatini oshirish uchun mo‘ljallangan hamda ulardan belgilangan maqsadda va maxsus yo‘riqnomalar talablariga muvofiq foydalaniladi. Ularning qo‘llanilishi chegara nazorati bo‘linmalarining ularga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha xatti-harakatlarining yuqori samaradorligini ta’minlashi lozim. Bunga: shaxsiy tarkibning yuqori darajadagi texnik tayyorgarligi, maxsus texnik vositalarni qo‘llashning oqilona taktik usullari va yo‘llari; bo‘linmalarni maxsus texnik vositalar bilan o‘z vaqtida ta’minlash, maxsus texnik vositalarni soz holda hamda qo‘llash uchun doimiy tayyor holatda saqlash; maxsus texnik vositalarni ular ishdan chiqqanda tezda tiklash yo‘li bilan erishish mumkin.
Chegara nazorati bo‘linmalariga kemalar va katerlar dengiz (daryo) chegara qo‘shilmalari (qismlari) tarkibidan beriladi. Ulardan Chegara kemalari bo‘yicha qo‘llanmaga muvofiq foydalaniladi.
Muhandislik inshootlari davlat chegarasini buzuvchilarni o‘z vaqtida ushlash, ularning harakatlanishini qiyinlashtirish, chegara naryadlari faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan hamda ulardan chegara otryadlari va chegara zastavalarida ularni qo‘llash taktikasiga muvofiq foydalaniladi.
Xizmat itlaridan (qidiruvchi, qo‘riqlovchi, qorovul, maxsus) ularni tayyorlash yo‘nalishidan kelib chiqqan holda chegara naryadlarini kuchaytirish, davlat chegarasini buzuvchilarni izlash va ushlash, o‘q otar qurollarni, portlovchi va giyohvandlik moddalarini, bosma materiallarni izlash, obyektlarni qo‘riqlash va boshqa vazifalarni bajarish uchun foydalaniladi. Xizmat itlaridan “Itlar va itchilik xizmati bo‘yicha qo‘llanma”ga muvofiq foydalaniladi.
IV. DAVLAT ORGANLARI, MANSABDOR ShAXSLARNING ChEGARA QO‘ShINLARI ChEGARA NAZORATI BO‘LINMALARI XIZMAT-OPERATIV FAOLIYATINI TA’MINLASh BO‘YIChA VAZIFALARI
Chegara qo‘shinlari bilan kelishuvga binoan O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarini ochishdan manfaatdor bo‘lgan davlat organlari ushbu punktlarda chegara nazorati bo‘linmalarining o‘z funksional vazifalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan texnik vositalar bilan ta’minlangan maxsus binolarni jihozlaydilar.
Chegara nazorati bo‘linmalariga davlat chegarasini qo‘riqlashga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq fuqarolar, joylardagi hokimiyat organlari, o‘tkazish punktlarida joylashgan fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar yordam beradilar. Davlat organlari va jamoat birlashmalari fuqarolarni davlat chegarasini qo‘riqlashda ixtiyoriy ravishda faol qatnashishga jalb etishga ko‘maklashadilar.