O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“Faxriy murabbiy” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 5-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 11-mayda ma’qullangan
Senat tomonidan 2020-yil 11-mayda ma’qullangan
1-modda. “Faxriy murabbiy” ordeni ta’sis etilsin.
2-modda. “Faxriy murabbiy” ordeni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3-modda. “Faxriy murabbiy” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi 176-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11-aprelda qabul qilingan O‘RQ-473-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 221-modda; 2019-yil, № 9, 589-modda; 2020-yil, № 3, 200-modda) 8-moddasining birinchi qismiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Faxriy murabbiy” ordeni”;
to‘qqizinchi — o‘n uchinchi xatboshilar tegishincha o‘ninchi — o‘n to‘rtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-iyun,
O‘RQ-622-son
O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 9-iyundagi O‘RQ-622-sonli Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
“Faxriy murabbiy” ordeni to‘g‘risida
NIZOM
1. “Faxriy murabbiy” ordeni bilan yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni yot g‘oyalardan asrash, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, yosh avlod vakillarida faol fuqarolik pozitsiyasi va mafkuraviy immunitetni, tashabbuskorlik, fidoyilik va axloqiy fazilatlarni shakllantirishga munosib hissa qo‘shgan, shuningdek o‘zining chuqur bilimi va boy hayotiy tajribasi bilan yordamga muhtoj hamda og‘ir ahvolga tushib qolgan yoshlar va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta’minlash hamda tadbirkorlikka o‘rgatish, buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida barchaga shaxsiy namuna ko‘rsatib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadi.
2. “Faxriy murabbiy” ordeni bilan:
yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni turli tahdidlar va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, adashgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish bo‘yicha manzilli ishlarga ularni vasiylikka olish orqali bevosita hissa qo‘shganligi;
profilaktik hisobda turgan, huquqbuzarlik sodir qilishga va salbiy illatga moyil bo‘lgan yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni, Vatanga mehr hamda sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishda murabbiy sifatidagi alohida xizmatlari;
uyushmagan yoshlarni hamda kam ta’minlangan, ehtiyojmand va kambag‘al oilalar farzandlarini kasb-hunarlarga o‘rgatish, tadbirkorlik, hunarmandchilik, dehqonchilik va chorvachilikka keng jalb qilib, ularning bandligini ta’minlash borasidagi fidoyiligi;
hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilalarda mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash, notinch va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni tiklash, yolg‘iz ayollarga hayotda mustaqil bo‘lishga ko‘mak berish hamda “Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat” degan ezgu g‘oyani ijtimoiy hayotga keng tatbiq etishda ko‘rsatgan jonbozligi;
mahallasida yoshlar uchun beg‘araz asosda maktab, bog‘cha, madaniyat va sport inshootlarini barpo etganligi hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkillashtirishga rahbarlik qilganligi;
tuman va shaharlarni yot g‘oyalardan xoli hududga aylantirishga qaratilgan ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda erishgan yuksak natijalari hamda ibratli faoliyati uchun mukofotlanadi.
3. “Faxriy murabbiy” ordeni bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash va uni topshirish “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
4. “Faxriy murabbiy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofotini oladi.
5. “Faxriy murabbiy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi.
6. “Faxriy murabbiy” ordeni ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.
7. Har bir mukofotlangan shaxsga “Faxriy murabbiy” ordenini topshirish bilan bir vaqtda mukofotlanganlik to‘g‘risidagi hujjatlar beriladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 9-iyundagi O‘RQ-622-sonli Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
“Faxriy murabbiy” ordenining
TAVSIFI
“Faxriy murabbiy” ordeni 1 mikron qalinlikdagi 999 probali oltin bilan qoplangan latundan tayyorlanadi va ikkita qoplamali medalondan iborat bo‘ladi.
Birinchi medalon diametri 45 millimetrli quyosh timsolidagi sakkiz qirrali yulduzni ifodalaydi. Unga uyg‘unlikda tutashgan diametri 33 millimetrli sakkiz qirrali yulduz qirralari zarhal hoshiyalangan va binafsha rangdagi emal bilan qoplangan.
Ordenning markazida joylashgan ustki medalon diametri 26 millimetrli doira shaklida bo‘ladi. Markazda havorang emal fonida ko‘tarilayotgan quyoshning zarrin nurlari, yosh avlodni tutib turgan faxriy murabbiyning ochiq kaftlari timsoli oq emal fonda aks ettirilgan. Yuqoriroqda O‘zbekiston Respublikasining xaritasi zarhal ko‘rinishda tasvirlangan.
O‘ng va chap tomonlarida qizil emalli islimiy naqsh bilan bezatilgan zarhallangan ochiq darvoza joylashgan. Barcha markaziy kompozitsiyalar oq emalli doira bilan o‘ralgan bo‘lib, pastki qismi beshta zarhallangan sakkiz qirrali yulduz, tepa qismi esa zarhallangan naqsh bilan bezatilgan. Doira chetlari zarhallangan ingichka chiziqlar bilan chegaralangan.
Ustki medalonning yuqori aylanasi bo‘ylab yashil emal fonida — “FAXRIY”, uning pastki qismida — “MURABBIY” yozuvi joylashgan. O‘ng va chap tomonlarida ikkita zaytun novdasi qarama-qarshi ko‘rinishda aks ettirilgan. Harflarning balandligi — 2 millimetr.
Ordenning orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan. Quyi qismiga 2 millimetrli o‘lchamdagi botiq shrift bilan orden raqami tushirilgan.
Tasvirlar va yozuvlar — bo‘rtma.
Ordenning qalinligi — 3,5 millimetr.
Orden chetlari binafsha rang chiziqlar bilan hoshiyalangan hamda o‘rtasidan oq yo‘l o‘tgan to‘q yashil rangdagi shoyi lenta qoplangan besh qirrali qadag‘ichga ilmoqcha va halqa yordamida ulanadi. Lentaning eni — 24 millimetr, binafsha rangli chiziqlarning eni — 1 millimetr, oq rangli chiziqning eni — 2 millimetr.
Qadag‘ichning orqa tomonida ordenni kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama mavjud.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2020-y., 03/20/622/0744)