O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FAN VA TEXNIKA DAVLAT QO‘MITASINING TUZILMASI VA FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-martdagi 77-sonli “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasiga yuklatilgan vazifalarni amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi zimmasiga avval belgilangan funksiyalarga qo‘shimcha ravishda fan va texnikani rivojlantirish istiqbollarini ishlab chiqishni tashkil etish, har yilgi rivojlanish istiqbollarini shakllantirish, respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar loyihalarini tayyorlash hamda fan va texnika sohasida davlat buyurtmalarini taqsimlash yuklatilsin.
3. O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasining Ilmiy-texnika axboroti va texnika-iqtisodiy tadqiqotlar ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasiga berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi Ilmiy-texnika axboroti va texnika-iqtisodiy tadqiqotlar institutini Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi tarkibidagi Ilmiy-texnika axboroti davlat jamg‘armasi qilib qayta tashkil etsin.
5. Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi xodimlarining eng ko‘p soni O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasining Ilmiy-texnika axboroti va texnika-iqtisodiy tadqiqotlar ilmiy-tadqiqot institutini hamda Iqtisodiyot va normativlar ilmiy-texnika institutini hisoblash markazi bilan birga saqlash uchun nazarda tutilgan mablag‘larni va ularning xodimlari sonini qisqartirish hisobiga tegishli mehnatga haq to‘lash fondi bilan birgalikda 325 nafardan iborat qilib (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bunga kirmaydi) belgilansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi respublikaning Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazini saqlashni nazarda tutuvchi 1992-yilgi budjetiga tegishli o‘zgartishlar kiritsin.
7. O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda ikki hafta muddat ichida Ilmiy-texnika axborot va texnika-iqtisodiy tadqiqotlar ilmiy-tadqiqot institutining asosiy fondlari, mol-mulki va moddiy boyliklarini 1992-yil 1-yanvardagi holatiga ko‘ra, shuningdek, pul mablag‘larini Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi balansiga o‘tkazsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi FTDQning Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi zimmasiga O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi faoliyatini axborot bilan ta’minlash va unga nashriyot-matbaa xizmati ko‘rsatish funksiyasi yuklatilsin.
9. Vazirliklar, idoralar, hokimliklar, shuningdek, konsernlar, uyushmalar, korxonalar rahbarlari zimmasiga, idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, davlat ilmiy-texnika siyosatini amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi FTDQning qarorlari va yo‘riqnomalarini ijro etish mas’uliyati yuklatilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari o‘rtoq M. Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-avgust,
360-son
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
1. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi (O‘zbekiston Respublikasi FTDQ) O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan davlat ilmiy-texnika siyosatini shakllantiruvchi va amalga oshiruvchi organ hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi FTDQ o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Kengash qarorlariga, Prezidentning farmonlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi FTDQ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi FTDQ faoliyatining bosh vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
ilmiy-texnika taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa resurslarni ularni rivojlantirish uchun jamlash;
davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashning iqtisodiy-huquqiy va tashkiliy mexanizmlari tizimini barpo etish va uning mavjud bo‘lishini ta’minlash, fan va texnika rivojlanishini rag‘batlantirish va tartibga solish, fan va texnika yutuqlarini xalq xo‘jaligiga joriy etish;
respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat ustuvorliklarini ta’minlash ilmiy-texnika dasturini shakllantirish, ro‘yobga chiqarish va boshqarib borish; fundamental tadqiqotlar davlat dasturlarini ishlab chiqishda akademiya, oliy o‘quv yurtlari va tarmoq fanini muvofiqlashtirish; fan va ishlab chiqarish, vazirliklar, idoralar va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari sohasini davlat ilmiy-texnika siyosati doirasida bu organlarning tegishli tuzilmalari orqali muvofiqlashtirish;
fan va ishlab chiqarishning o‘zaro foydali iqtisodiy negizga, bozorga xos bo‘lgan o‘zaro munosabatlarga o‘xshash shakllariga asoslangan aloqasini rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashish;
patent-litsenziya xizmati, ilmiy-texnika axboroti tizimini, ilmiy kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazishni, ilmiy-texnikaviy loyihalar va dasturlarning davlat ekspertizasini, “fan” tarmog‘i bo‘yicha kapital qurilishni o‘z ichiga oluvchi fan va texnika sohasi infrastrukturasini tashkil etish va rivojlantirish;
xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish hamda uni ro‘yobga chiqarishda davlat manfaatlarini ta’minlash.
3. O‘zbekiston Respublikasi FTDQ o‘zi uchun belgilangan vazifalarga muvofiq:
a) respublika Fanlar akademiyasi, tarmoq akademiyalari, vazirliklar va tashkilotlar bilan birgalikda respublikaning ilmiy-texnikaviy imkoniyatlari holatini muntazam tahlil qilish hamda uning rivojlanish tendensiyalarini jahon fani va texnikasining bir qismi sifatida belgilash ishlarini tashkil etishni ta’minlaydi; ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish muammolarini hal etishga qaratilgan ilmiy-texnikaviy taraqqiyot ustuvorliklarini belgilaydi;
b) fan va texnika rivojlanishi bo‘yicha muhim ilmiy-texnikaviy muammolarni hal etish bilan bog‘liq bo‘lgan davlat buyurtmalarini shakllantiradi; davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larga, markaziy manbalardan ajratiladigan moddiy-texnika resurslariga, shu jumladan, valyuta ajratmalari va import bo‘yicha yetkazib beriladigan mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydi hamda ularni taqsimlash loyihalarini tayyorlaydi;
v) Oliy Kengash qo‘mitalari, Fanlar akademiyasi, tarmoq akademiyalari, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi, shuningdek, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda fan va texnika masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini, ilmiy tadqiqotlarni, tajriba-konstruktorlik ishlarini tashkil etish, joriy etish, ixtirochilik, patent-litsenziya ishlari, kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqadi;
g) fundamental tadqiqotlar davlat dasturlarini ishlab chiqishni va ro‘yobga chiqarishni hamda erishilgan natijalardan foydalanishni muvofiqlashtirishni ta’minlaydi; respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning davlat ustuvorliklarini ilmiy-texnikaviy ta’minlash dasturlarini shakllantirish, ro‘yobga chiqarishni muvofiqlashtiradi va tartibga soladi;
d) yangi texnologiyalar va ishlab chiqarishlarni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlovchi uchinchi tomon sifatida innovatsiyalar egalarining ularning iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarining bozor shakllari rivojlanishiga ko‘maklashadi;
e) patent-litsenziya xizmati, ilmiy-texnika axboroti tizimi organlarining faoliyatiga, ularning idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazishga uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi; ilmiy-texnika taraqqiyotining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha tahliliy axborot tayyorlanishini ta’minlaydi; ilmiy-texnika yutuqlari targ‘ib qilinishini tashkil qiladi, ilmiy-texnika axboroti organlarining noshirlik faoliyatini muvofiqlashtiradi;
j) xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohasida vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi; korxonalar va tashkilotlarning xorijiy yuksak texnologiyalardan foydalanish, qo‘shma ishlab chiqarishlar va korxonalar tashkil etish to‘g‘risidagi takliflarini tezroq ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi; O‘zbekiston Respublikasining xalqaro ilmiy-texnika tashkilotlarida va diplomatik missiyalarda vakillik qilishini ta’minlaydi; ilmiy-texnika yutuqlarini chet elda targ‘ib qilishni tashkil etadi, ularning tashqi bozorda olg‘a tomon harakat qilishiga ko‘maklashadi; litsenziyalarni sotish ishlariga rahbarlik qiladi; o‘z vakolati doirasida olimlar va mutaxassislarning chet el xizmat safarlariga borishini tashkil etadi;
z) xalq xo‘jaligi tarmoqlarining ilmiy-texnikaviy darajasini, imkoniyatlardan foydalanish samaradorligini vaqti-vaqti bilan kompleks tahlil qilishni amalga oshiradi; ilmiy-tadqiqot, loyiha-konstruktorlik va texnologik tashkilotlarni saralab davlat tekshiruvidan o‘tkazadi, zarur xollarda ilmiy muassasalar faoliyati yo‘nalishini o‘zgartirish, kam samara beruvchi tashkilotlar va muassasalarni tugatish to‘g‘risida takliflar kiritadi; vazirliklar va idoralarning yangi tashkilotlar tashkil etish to‘g‘risidagi takliflarini ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha qaror qabul qiladi;
i) kompleks ilmiy tadqiqotlarni loyiha-konstruktorlik va texnologik ishlarni bajarish, xalq xo‘jaligida innovatsiyalarni ko‘lamli o‘zlashtirish paytida fan va texnika sohasidagi ulkan yutuqlar uchun O‘zbekiston Respublikasining mukofotlarini ta’sis etish va faxriy unvonlarini berishni ishlab chiqadi hamda bu haqda belgilangan tartibda taklif kiritadi;
k) O‘zbekiston Respublikasi FTDQ tomonidan taqsimlanadigan davlat budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish; fan va texnika sohasida davlat buyurtmalarining ijrosi; davlat dasturlarining amalga oshirilishi; ilmiy-texnika axboroti va patent-litsenziya xizmati organlari ishi, ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi majburiyatlarining rivojlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasiga quyidagi huquqlar beriladi:
a) davlat ilmiy-texnika siyosatini amalga oshirishni ta’minlash uchun ilmiy-texnikaviy va ekspert kengashlari, vaqtinchalik jamoalar, muhandislik markazlari, kichik va qo‘shma korxonalar, texnopolislar, texnika parklari tashkil etish; innovatsiya jamg‘armalari, birlashmalar, jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarning muassisi va qatnashchisi bo‘lish; noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
b) ilmiy-tadqiqot, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari va korxonalariga ularning roziligi bilan ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar o‘tkazishga davlat buyurtmalari berish;
v) tarmoqlararo yirik ilmiy-texnikaviy dasturlar loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizalar o‘tkazish uchun respublika Fanlar akademiyasini, tarmoq fanlar akademiyalarini, O‘zbekiston Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyatini, ilmiy-tadqiqot, loyiha-konstruktorlik va texnologiya tashkilotlarini, oliy o‘quv yurtlari va boshqa muassasalar, birlashmalar va korxonalarni, shuningdek, alohida olimlar va mutaxassislarni jalb etish;
g) Qo‘mita va o‘ziga qarashli muassasalar xodimlarini xorijiy ilmiy-tashkiliy va patent-axborot markazlariga stajirovkaga, ish tajribasini o‘rganishga, o‘zaro foydali to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, patent jamg‘armalarini shakllantirish uchun yuborish;
d) tarmoqlararo yirik ilmiy-texnikaviy dasturlarni hal etish, muhim xalq xo‘jaligi ahamiyatiga ega bo‘lgan muhim yangi texnika, texnologiya va materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish;
e) ilmiy-texnika taraqqiyotining respublika uchun ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-texnikaviy loyihalar va dasturlar davlat ekspertizasini tashkil etish va o‘tkazish;
j) muzokaralarda ishtirok etish hamda respublika Hukumatining topshirig‘iga ko‘ra davlatlararo ilmiy-texnikaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha shartnomalar va bitimlarni imzolash, respublika tadqiqot va konstruktorlik-texnologiya tashkilotlarining o‘zaro foydali munosabatlar asosida yetakchi xorijiy ilmiy va texnika markazlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishiga ko‘maklashish, ilmiy kadrlarni o‘qish, stajirovka va ishlash uchun chet elga xizmat safariga yuborish to‘g‘risida takliflar kiritish;
z) respublika va xalqaro ilmiy-texnika konferensiyalari, simpoziumlar, seminarlar va kengashlar tashkil qilish;
i) vazirliklar va idoralar, Fanlar akademiyasi va tarmoq akademiyalari, konsernlar, uyushmalar va hokimliklar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, shuningdek, respublika Davlat statistika qo‘mitasidan qo‘mitaga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan materiallarni olish;
k) davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan muhim ishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari uchun davlat budjetidan olinadigan mablag‘lar bo‘yicha, shu jumladan, chet el valyutasida, tanlovlarning g‘oliblariga berish, shuningdek, belgilangan tartibda olimlar va mutaxassislar mehnatiga, shu jumladan, ilmiy-texnika va ekspert kengashlarida ishlash uchun O‘zbekiston Respublikasi FTDQ tomonidan jalb qilinadigan chet el olimlari mehnatiga haq to‘lash uchun o‘z tasarrufida zaxiraga ega bo‘lish;
l) Qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari va korxonalarida tekshirishlar o‘tkazish; o‘z vakolati doirasida vazirliklar va idoralar bajarishi majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qilish.
5. O‘zbekiston Respublikasi FTDQ Raisini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq amalga oshiriladi. Qo‘mita Raisining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi FTDQ Raisining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
O‘zbekiston Respublikasi FTDQ Raisi qo‘mitaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi va u o‘z funksiyalarini amalga oshirishi uchun, shuningdek, o‘ziga qarashli tashkilotlar va muassasalar ishi uchun shaxsan javob beradi, Rais o‘rinbosarlarining, hay’at, ilmiy-texnika kengashi a’zolari va qo‘mita markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining javobgarligi darajasini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi FTDQ Raisi O‘zbekiston Respublikasi vaziri huquqiga egadir.
6. O‘zbekiston Respublikasi FTDQ o‘z vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Kengash qarorlari, Prezidentning farmonlari, respublika Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari asosida va ularni bajarish yuzasidan, idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar. bajarishi majburiy bo‘lgan qarorlar va buyruqlar, yo‘riqnomalar chiqaradi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasida tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan hay’at tuziladi.
Hay’at o‘zining muntazam o‘tkaziladigan majlislarida O‘zbekiston Respublikasi davlat ilmiy-texnika siyosatini shakllantirish va ro‘yobga chiqarish, apparat ishini tashkil etish darajasini oshirish hamda Qo‘mita huquq doirasiga kiruvchi boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi.
Hay’at qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasining qarorlari va buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi FTDQ o‘z huquq doirasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining doimiy ishlovchi qo‘mitalari va komissiyalari, Vazirlar Mahkamasining doimiy organlari, mahalliy boshqaruv organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi FTDQ huzurida tarkibida Respublika ilmiy-texnika kutubxonasi bo‘lgan Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi faoliyat ko‘rsatadi.
Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi ixtirochilik sohasida davlat manfaatlari himoya qilinishini, fan va texnikada mualliflik huquqlari himoya qilinishini, O‘zbekiston Respublikasida kashfiyotlar, ixtirolar, sanoat namunalari va tovar belgilaridan samarali foydalanilishini ta’minlaydi.
Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi to‘g‘risidagi Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
10. O‘zbekiston Respublikasi FTDQ markaziy apparatining tuzilmasi va xodimlari soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Qo‘mita Raisi zarurat bo‘lganda tuzilmaga Qo‘mita markaziy apparati xodimlarining belgilangan soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartishlar kiritadi.
Qo‘mita markaziy apparatining shtat jadvali va uning tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlar O‘zbekiston Respublikasi FTDQ Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
11. O‘zbekiston Respublikasi FTDQ yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi huzuridagi Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi to‘g‘risida
NIZOM
1. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi huzuridagi Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi, davlat ilmiy-texnika siyosatini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-texnika axboroti va patent-litsenziya faoliyati tizimini shakllantirishni hamda uning ishini muvofiqlashtirishni ta’minlovchi organ hisoblanadi.
Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya markazi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek, patent-litsenziya faoliyati sohasidagi xalqaro huquqiy normalarga, Oliy Kengash qarorlariga, Prezidentning farmonlariga, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi FTDQ qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
2. Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi davlat ilmiy-texnika siyosatini shakllantirish va amalga oshirish uchun ilmiy-texnika axboroti va patent-litsenziya faoliyati sohasida takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish;
O‘zbekiston Respublikasida intellektual imkoniyatlarni rivojlantirishga, kashfiyotlar, ixtirolar, sanoat namunalari va tovar belgilaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan fan va texnikada mualliflik huquqini himoya qilish tizimi faoliyatini tashkil etish va ta’minlash;
patent-litsenziya faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, O‘zbekiston Respublikasining davlat manfaatlarini va fuqarolarining huquqlarini himoya qilishni ta’minlovchi patent jamg‘armasini shakllantirish;
ilmiy-texnika, patent va konyunktura-iqtisodiy axborotning xalq xo‘jaligi ehtiyojlariga va davlat ilmiy-texnika siyosatining tegishli vazifalariga yo‘naltirilgan axborot tarmog‘i zamonaviy tuzilmalarini shakllantirish;
patent berish ishlarini yuritish va ilmiy-texnika axboroti sohasida ilmiy-tadqiqot, uslubiyat ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
fan-texnika taraqqiyotining tendensiyalarini, xalq xo‘jaligi tarmoqlarida ishlab chiqarishning texnikaviy va tashkiliy darajasini tahlil qilish; “fan” va “ishlab chiqarish” sohalarining innovatsiya jarayonlarida muvofiqlashuvi va o‘zaro hamkorligini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
patent-litsenziya faoliyati sohasida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni tashkil etish va boshqarib borish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro axborot tizimiga to‘liq kirishini ta’minlash.
3. Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi belgilangan vazifalarga muvofiq:
a) Fanlar akademiyasi, tarmoq akademiyalari, tegishli vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda sanoat va intellektual mulk masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini ishlab chiqadi; patent-litsenziya faoliyati, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish, tadqiqotlar natijalarini joriy etish, axborot ta’minotini tashkil etish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni tuzadi;
b) Davlat patent jamg‘armasini, shuningdek, fan-texnika yutuqlari jamg‘armasini butlaydi; ilmiy-texnika va patent axboroti banklarini shakllantiradi, tarmoq va hududiy ma’lumot bazalari tashkil etish, ulardan samarali foydalanishni ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiradi;
v) mahsulotlarning raqobatga bardoshliligini baholash, jahon bozori va ichki bozorni o‘rganishga, eng avvalo, ilmiy-texnik faoliyat sohasida, shuningdek, O‘zbekiston uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan tarmoqlar bo‘yicha o‘rganishga doir patent-konyunktura tadqiqotlari o‘tkazadi;
g) yetakchi tarmoqlardagi texnikaviy daraja hamda keng joriy etishga tavsiya qilinadigan eng muhim fan-texnika yutuqlari to‘g‘risida rahbar organlarga har oyda bildirishlar tayyorlaydi va taqdim etadi; O‘zbekiston Respublikasi FTDQ topshirig‘iga ko‘ra axborotni tanlab tarqatish tizimi bo‘yicha materiallarni, alohida tarmoqlar va ishlab chiqarishlarni rivojlantirish yo‘llari to‘g‘risidagi tavsiyalar bilan birga ularning holati haqidagi tahliliy ma’lumotlarni tayyorlaydi va taqdim etadi;
d) sanoat mulki obyektlariga berilgan vatanimiz va xorijiy talabnomalarning davlat ekspertizasini tashkil etadi va o‘tkazadi, sanoat va intellektual mulk obyektlarining davlat reyestrlarini yuritadi;
e) ilmiy-tadqiqot, loyiha-konstruktorlik va ishlab chiqarish bo‘linmalari tomonidan bajarilgan litsenziyalarii sotish ishlarini olib boradi va takliflar tayyorlaydi, shuningdek, chet eldan litsenziya sotib olish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
j) ekspertizaning sanoat mulki obyektlariga berilgan talabnomalar bo‘yicha qaroriga e’tiroz va shikoyatlarning Appelatsiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishini tashkil etadi, o‘z huquq doirasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa murojaatlarini ko‘rib chiqadi;
z) boshqa tashkilotlar bilan birgalikda axborot texnologiyalari va tizimlarini takomillashtirish, axborotni qayta ishlash va uzatishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish va rivojlantirish, ma’lumotlar bazasi va banklarini generatsiyalash ishlarini olib boradi;
i) sanoat mulkini va ilmiy-texnika axborotini, shu jumladan, patent ishonchnomalari berilgan xodimlarni himoya qilish masalalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni, ularning malakasini oshirish va attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil qiladi; sanoat mulki, uning huquqiy va patent-axborot ta’minoti sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qiladi va o‘tkazadi;
k) fan-texnika yutuqlari va ilg‘or ishlab chiqarish tajribasi to‘g‘risida tarmoqlararo axborot ayirboshlashni tashkil qiladi; fan-texnika yutuqlarini joriy etish bo‘yicha vazirliklar va idoralarga, konsernlar, uyushmalar va alohida korxonalarga tavsiyalar ishlab chiqadi; yangilikni joriy etishning iqtisodiy samaradorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtiradi;
l) ilmiy-texnika targ‘iboti ishlarini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi; ko‘rgazmalar, kengashlar, seminarlar, tanlovlar va boshqalarni o‘tkazadi;
m) huquqiy muhofaza va sanoat mulki obyektlaridan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, xalqaro ilmiy-texnika aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
n) o‘z huquq doirasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha rasmiy byulletenlar, axborot materiallari, jurnallar va boshqa adabiyotlar nashr etishni tashkil etadi; axborot materiallarini ko‘paytirishni va mikrofilm qilishni amalga oshiradi.
4. Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markaziga quyidagi huquqlar beriladi:
a) ixtirolar, sanoat namunalari, foydali modellar, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilariga berilgan talabnomalarni ko‘rib chiqish; O‘zbekiston Respublikasida amal qiluvchi davlat muhofaza hujjatlarini berish va e’lon qilish;
b) idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi muassasalari va tashkilotlarida bajariladigan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
v) chet elga patent berish va litsenziya faoliyati, fan-texnika yutuqlarini joriy etish ustidan nazoratni amalga oshirish;
g) patent ishonchnomalari berilgan xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish;
d) O‘zbekiston Respublikasi FTDQ roziligi bilan vazirliklar, idoralar, Fanlar akademiyasi, tarmoq akademiyalari, konsernlar, uyushmalar, korxonalar va tashkilotlardan o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan materiallarni olish;
e) munosabatlarni huquqiy tartibga solish, xalqaro hamkorlik, patent-axborot mahsulotlari, ishlar, xizmatlarga tariflar va baholar belgilash, sanoat mulki va ilmiy-texnika axboroti sohasida idoraviy korxonalarni tashkil etish, qayta tuzish va tugatish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasiga takliflar kiritish;
j) O‘zbekiston Respublikasi FTDQ bilan kelishgan holda o‘z huquq doirasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha rasmiy byulletenlar, axborot materiallari va jurnallar nashr etish;
z) innovatsiyalarni realizatsiya qilishni, yangi buyumlarning boshqaruvchi namunalari va o‘rnatiluvchi turkumlarini tayyorlashni jadallashtirish uchun kichik korxonalar, qo‘shma ishlab chiqarishlar, Vaqtinchalik ijodiy va joriy etish jamoalari tashkil qilish.
5. Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi tarkibiga tarkibiy bo‘linmalar sifatida Ilmiy-texnika axboroti davlat jamg‘armasi (bosh tashkilot) va Patent idorasi kiradi, ularning tuzilmasi va ular to‘g‘risidagi nizom FTDQ tomonidan tasdiqlanadi.
6. Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi direktor tomonidan boshqariladi.
Bosh direktor, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter O‘zbekiston Respublikasi FTDQ tomonidan tayinlanadi, Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi bosh direktori yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi.
7. Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi huzurida direktor (Ilmiy kengash raisi), direktor o‘rinbosarlari, asosiy bo‘linmalarning rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi FTDQ vakillari, shuningdek, respublikaning yetakchi mutaxassislaridan iborat tarkibda Ilmiy kengash tashkil etiladi.
Ilmiy kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi FTDQ tomonidan tasdiqlanadi.
Ilmiy kengashning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
davlat ilmiy-texnika siyosatini amalga oshirish doirasida Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
Respublikada ilmiy-texnika axboroti va patent-litsenziya faoliyati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi faoliyatining rejalari va hisobotlarini, kadrlar tayyorlash, bo‘sh lavozimlarga saylash va boshqa masalalarni ko‘rib chiqish.
8. Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi o‘z huquq doirasida qarorlar qabul qiladi, buyruqlar va yo‘riqnomalar chiqaradi, ularning bajarilishini tashkil qiladi va tekshiradi.
9. Respublika ilmiy-metodika va patent-litsenziya axboroti markazining tuzilmasi va xodimlari soni O‘zbekiston Respublikasi FTDQ tomonidan tasdiqlanadi. Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi direktori zarurat bo‘lganda tuzilmaga xodimlarning belgilangan soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartishlar kiritadi.
10. Respublika ilmiy-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z nomi yozilgan gerbli muhrga va to‘rtburchak muhrga ega bo‘ladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1992-yil., 8-son, 22-modda)