Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Soliq toʻlovchilarini qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 2-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3232]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2022-yil 27-apreldagi 2022-14-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3364, 29.04.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-iyuldagi PQ-4389-son “Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Soliq toʻlovchilarini qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Rais B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 31-mart,
2020-11-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2020-yil 31-martdagi 2020-11-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Soliq toʻlovchilarini qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-iyuldagi PQ-4389-son “Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻi soliq toʻlovchilarini (bundan buyon matnda soliq toʻlovchilar deb yuritiladi) soliq organlarida qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish (bundan buyon matnda roʻyxatdan oʻtkazish deb yuritiladi) tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Soliq toʻlovchilarni soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazish qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarining yagona avtomatlashtirilgan tizimida (bundan buyon matnda tizim deb yuritiladi) hisobga olish orqali amalga oshiriladi.
2. Soliq toʻlovchilar soliq organlarida qoʻshilgan qiymat soligʻining toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtadilar va bu qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olishning sharti hisoblanadi.
2-bob. Soliq toʻlovchilarni roʻyxatdan oʻtkazish
1-§. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun murojaat qilish
3. Soliq toʻlovchilar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida soliq organlarida majburiy va ixtiyoriy tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
4. Quyidagi soliq toʻlovchilar majburiy tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi:
tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan soliq davrida 1 milliard soʻmdan oshgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari, agar tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish joyi deb Oʻzbekiston Respublikasi eʼtirof etilsa;
faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasalar orqali amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari;
oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma) doirasida amalga oshiriladigan faoliyat boʻyicha — oddiy shirkatning ishlarini yuritish vazifasi zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxs — oddiy shirkatning ishtirokchisi;
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtuvchi (import) yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
aksiz soligʻi toʻlanadigan tovarlarni (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar va (yoki) foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshiruvchi shaxslar;
yuridik shaxslar — qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari, basharti ularda ellik gektar va undan ortiq sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi ekin maydoni mavjud boʻlsa yoki paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchilar;
benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
lotereyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
boʻsh turgan binolar, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar va qurilishi tugallanmagan obyektlar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdori boʻlgan yuridik shaxslar, ulardan samarasiz foydalanilayotganligi boʻyicha qonunda belgilangan tartibda xulosa kiritilganda;
markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalari hisobidan obyektlarni (joriy va kapital taʼmirlash bundan mustasno) qurishni bajaruvchi yuridik shaxslar.
5. Quyidagi soliq toʻlovchilar ixtiyoriy tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi:
yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxslar;
majburiy tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlmagan yuridik shaxslar;
soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi 100 million soʻmdan oshgan, biroq 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar.
6. Soliq toʻlovchini majburiy ravishda roʻyxatdan oʻtkazish soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etilgan arizasiga asosan, u hisobga qoʻyilgan joydagi soliq organi tomonidan amalga oshiriladi, bunda ariza soliq toʻlovchining qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashga oʻtishi kerak boʻlgan oyning 5-sanasidan kechiktirmasdan taqdim etilishi kerak.
7. Yuridik shaxsni ixtiyoriy ravishda roʻyxatdan oʻtkazish soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etilgan arizasiga asosan, u hisobga qoʻyilgan joydagi soliq organi tomonidan amalga oshiriladi, bunda ariza qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashga oʻtiladigan oyning birinchi sanasi boshlangunga qadar yuborilishi zarur.
8. Soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi 100 million soʻmdan oshgan, biroq 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni ixtiyoriy ravishda roʻyxatdan oʻtkazish soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etilgan arizasiga asosan, u hisobga qoʻyilgan joydagi soliq organi tomonidan amalga oshiriladi, bunda ariza yakka tartibdagi tadbirkorning daromadlari belgilangan summadan oshgan sanadan 5 kundan kechiktirmay taqdim etilishi lozim.
9. Soliq toʻlovchi tomonidan soliq organiga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali ariza yuborilgan sana arizaning taqdim etilgan sanasi deb hisoblanadi.
10. Qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi toʻlashni tanlagan yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxslar, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran, tadbirkorlik subyektini — yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 5-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etilgan arizasiga asosan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
2-§. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan murojaatlarni koʻrib chiqish
11. Soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchining roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi arizasi kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kun ichida soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan koʻrib chiqiladi va soliq toʻlovchini qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida tizimda roʻyxatdan oʻtkazish haqida qaror qabul qilinadi.
12. Soliq toʻlovchini roʻyxatdan oʻtkazish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi (bundan buyon matnda Davlat soliq qoʻmitasi deb yuritiladi) tomonidan soliq organiga taqdim etilgan roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi ariza va soliq organining roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi qarori asosida mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda soliq toʻlovchiga roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi (bundan buyon matnda guvohnoma deb yuritiladi) rasmiylashtiriladi.
13. Soliq toʻlovchi tizimda roʻyxatdan oʻtkazilganidan soʻng, unga tizim orqali avtomatik ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻi roʻyxat raqami beriladi va guvohnomada koʻrsatiladi.
Soliq toʻlovchi qoʻshilgan qiymat soligʻi roʻyxat raqamini hisobvaraq-fakturada yoki uning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatda koʻrsatishi shart.
14. Soliq toʻlovchi roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga elektron shakldagi guvohnoma yuboriladi.
3-bob. Soliq toʻlovchilarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish
15. Yuridik shaxsning nomi, yakka tartibdagi tadbirkorning F.I.O. oʻzgargan taqdirda, soliq toʻlovchi qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida qayta roʻyxatdan oʻtkaziladi, bunda soliq toʻlovchining qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi Davlat xizmatlari markazidan kelib tushgan maʼlumotlar asosida soliq organlari maʼlumotlar bazasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish yoʻli bilan tizimda avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
16. Soliq toʻlovchini qayta roʻyxatdan oʻtkazish, soliq toʻlovchi hamda uning kontragentlari tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻining hisoblanishiga taʼsir qilmaydi va qoʻshilgan qiymat soligʻi roʻyxat raqamini oʻzgarishiga olib kelmaydi.
17. Soliq toʻlovchining qayta roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumot bir ish kuni ichida soliq organi tomonidan soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
4-bob. Soliq toʻlovchilarni roʻyxatdan chiqarish
18. Soliq organlari tomonidan quyidagi hollarda soliq toʻlovchini roʻyxatdan chiqarilishi toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadi:
yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati tugatilgan taqdirda, soliq organlari tomonidan Tadbirkorlik subyektlarini yagona davlat reyestriga kiritilgan maʼlumotlar asosida;
soliq tekshiruvlari oʻtkazish jarayonida bank operatsiyalarining xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati xususiyatiga va turiga, shuningdek xarid qilinadigan va realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomenklaturasiga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda;
soliq tekshiruvi jarayonida, soliq toʻlovchi tomonidan bitim tuzishda koʻzlangan asosiy maqsad qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlamaslik yoki uni hisobga olish ekanligi hamda bitim (operatsiya) boʻyicha majburiyat shartnoma tarafi boʻlmagan shaxs yoki bitimni (operatsiyani) bajarish majburiyati shartnoma yoki qonun boʻyicha yuklatilmagan shaxs tomonidan bajarilganligi aniqlangan taqdirda;
agar, soʻnggi kalendar yil davomida soliq toʻlovchisining soliq solinadigan aylanmasi hajmi 1 milliard soʻmdan oshmagan boʻlsa ixtiyoriy tartibda roʻyxatdan chiqariladi, bunda soliq toʻlovchining soliq solinadigan aylanmasi hajmi 1 milliard soʻmdan oshmagan taqdirda, yil tugaganidan keyin besh kun ichida, soliq toʻlovchi tomonidan ixtiyoriy tartibda roʻyxatdan chiqarish toʻgʻrisida mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq elektron shakldagi ariza taqdim etadi;
soliq toʻlovchi sud tomonidan soxta tadbirkorlik bilan shugʻullanganligi eʼtirof etilgan taqdirda, soxta tadbirkorlik bilan shugʻullanish holatlari aniqlanganligi toʻgʻrisidagi sudning qarori kuchga kirgan taqdirda.
19. Soliq toʻlovchi 18-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida keltirilgan holatlar boʻyicha soliq toʻlovchini roʻyxatdan chiqarilishi haqidagi soliq organining qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, ushbu qaror ustidan belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
20. Soliq toʻlovchining roʻyxatdan chiqarilganligi toʻgʻrisida qaror soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan bir kun ichida, soliq toʻlovchi sud tomonidan soxta tadbirkorlik bilan shugʻullanganligi eʼtirof etilgan taqdirda, soxta tadbirkorlik bilan shugʻullanish holatlari aniqlanganligi toʻgʻrisidagi sudning qarori kuchga kirgan kundan boshlab uch ish kuni ichida qabul qilinadi. Qarorda soliq toʻlovchining roʻyxatdan chiqarilgan sanasi koʻrsatilishi shart.
21. Soliq toʻlovchilarning roʻyxatdan chiqarilganligi haqidagi axborot Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi va bir kun ichida soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
5-bob. Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarining reyestrini yuritish
22. Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarining hisobining yuritilishini taʼminlash maqsadida Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarining yagona reyestri (bundan buyon matnda reyestr deb yuritiladi) yuritiladi.
23. Reyestrga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchining roʻyxat raqami;
yuridik shaxs rahbarining F.I.O., yuridik shaxs nomi, yakka tartibdagi tadbirkorning F.I.O., ularning joylashgan joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
soliq toʻlovchining roʻyxatdan oʻtkazilganligi, qayta roʻyxatdan oʻtkazilganligi, roʻyxatdan oʻtkazilishi bekor qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
soliq toʻlovchining roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi arizasida koʻrsatiladigan maʼlumotlar.
24. Davlat soliq qoʻmitasi reyestrni shakllantirish va yuritish bilan birga:
reyestrni yuritishga oid tashkiliy va metodologik prinsiplarni ishlab chiqadi;
roʻyxatdan oʻtkazishni tashkillashtiradi;
reyestr maʼlumotlari bazasining administratori vazifasini bajaradi, xususan, maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish, maʼlumotlarning ishonchliligi va dolzarbligini nazorat qilish, ularni saqlash hamda himoya qilinishini nazorat qiladi;
reyestr bazasining avtomatlashtirilgan tarzda yuritilishini taʼminlaydi;
reyestr maʼlumotlaridan erkin foydalanilishini taʼminlaydi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
25. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi v.v.b. I.K. JASIMOV
2020-yil 31-mart
Soliq toʻlovchilarni qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Izoh. Mazkur ariza soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda taqdim etiladi.
Soliq toʻlovchilarni qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Izoh. Mazkur ariza soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda taqdim etiladi.
Soliq toʻlovchilarni qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
Soliq toʻlovchilarni qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
4-ILOVA
Izoh. Mazkur ariza soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda taqdim etiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.05.2020-y., 10/20/3232/0566-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)