Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 13-sentabrdagi PF-5825-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 13-sentabrdagi PF-5825-son Farmoniga muvofiq “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiruvchi hududlarning chegaralari 1-ilovaga muvofiq;
“Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
“Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining ustavi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan:
“Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasiga kelgusi yillarda oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazish sharti bilan 2020-2021-yillar davrida saqlash xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha zarur mablagʻlar ajratilishini;
“Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining ustav fondini shakllantirishga 1,0 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
4. Qashqadaryo viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining maʼmuriy kengashiga “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tasdiqlangan tuzilmasiga va xodimlari soniga investitsiyalar hajmi va “Chiroqchi” EIZ (keyingi oʻrinlarda — “Chiroqchi” EIZ) hududida joylashtirilgan investitsiya loyihalari sonidan kelib chiqib, zaruratga koʻra oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda har yili Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda unga “Chiroqchi” EIZning muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish boʻyicha loyihalar kiritilishini belgilangan tartibda nazarda tutsin.
6. Qashqadaryo viloyati hokimligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda “Chiroqchi” EIZning bosh rejasini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda tasdiqlangan bosh reja asosida “Chiroqchi” EIZ hududida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini joylashtirish va tashkil etish dasturini Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va Qashqadaryo viloyatining mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
bir oy muddatda Direksiyaning Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik maydoni, 1-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirilishini hamda Direksiyasi uchun Chiroqchi tumani hokimligining maʼmuriy binosidan tekin foydalanish huquqi bilan zarur inventarlar bilan jihozlangan xizmat xonalari ajratilishini va keyinchalik Direksiya uchun zamonaviy maʼmuriy bino qurilishini;
Keyingi tahrirga qarang.
Direksiyani malakali mutaxassislar bilan taʼminlashni, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning mazkur yoʻnalishdagi ilgʻor tajribasi asosida mutaxassislarning malakasini muntazam ravishda oshirib borishni hamda Direksiyaga zarur inventarlar, tashkiliy texnika hamda samarali faoliyat olib borish uchun talab etiladigan vositalarni xarid qilish va saqlash uchun mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
7. Qashqadaryo viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining maʼmuriy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Qashqadaryo viloyati iqtisodiyotining ehtiyojlari, shuningdek, mavjud mineral-xomashyo, qishloq xoʻjaligi resurslarini va infratuzilmasini inobatga olgan holda, “Chiroqchi” EIZ hududida import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish boʻyicha manzilli dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
“Chiroqchi” EIZ hududida oʻzlashtirish uchun taklif qilinayotgan import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning muntazam ravishda tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini taʼminlasin;
“Chiroqchi” EIZ hududida loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, ular bilan tizimli ishlarni olib borish, shuningdek, “Chiroqchi” EIZ hududida ishlab chiqarishlarni joylashtirish boʻyicha investitsiya buyurtmanomalarini sifatli va oʻz vaqtida koʻrib chiqsin;
“Chiroqchi” EIZ hududida ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish boʻyicha tegishli choralar koʻrsin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga 2020-yil 15-iyul va 2021-yil 15-yanvarga qadar axborot berilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov va Qashqadaryo viloyati hokimi Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-may,
267-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-maydagi 267-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiruvchi hududlarning chegaralari
1-boshlangʻich nuqta Chiroqchi tumanidan oʻtuvchi A-378 Qarshi-Samarqand avtomobil yoʻlining janubiy-sharqiy tomonida “Chorvador” MFY hududida joylashgan.
1-nuqtadan chegara Chiroqchi tumanidan oʻtuvchi A-378 Qarshi-Samarqand avtomobil yoʻli boʻylab janubiy-sharqiy yoʻnalishda 400 metr masofada 2-nuqtagacha davom etadi.
2-nuqtadan chegara ochiq maydon boʻylab shimoliy-sharqiy yoʻnalishda 1500 metr masofada 3-nuqtagacha davom etadi.
3-nuqtadan chegara Mullaquvvat qishlogʻi hydudi boʻylab shimoliy-gʻarbiy yoʻnalishda 400 metp masofada 4-nuqtagacha davom etadi.
4-nuqtadan chegara ochiq maydon boʻylab shimoliy-sharqiy yoʻnalishda 1500 metr masofada 1-nuqtagacha davom etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-maydagi 267-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy soni — 5 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-maydagi 267-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) operativ boshqaruv uchun oʻziga berilgan davlat mulki negizida davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etilgan tijorat tashkiloti hisoblanadi. U oʻziga biriktirilgan mulkka nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan doirada oʻz faoliyati maqsadlariga, mulkdor (yoki uning topshirigʻiga binoan masʼul etib tayinlangan davlat organi — muassis) topshiriqlariga muvofiq egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Direksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Ustavga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Direksiya yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mulkka, mustaqil balansga, banklarda hisobvaraqlariga, shu jumladan valyuta hisobvaraqlariga, emblemaga, shtamplar va blankalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va boshqa rekvizitlarga ega boʻladi.
4. Direksiyaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi direktsiyasi” davlat unitar korxonasi;
qisqartirilgan nomi — “Chiroqchi” EIZ direktsiyasi” DUK;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvennoye unitarnoye predpriyatiye “Direksiya svobodnoy ekonomicheskoy zoni “Chirokchi”;
qisqartirilgan nomi — GUP “Direksiya SEZ “Chirokchi”;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — “Directorate of free economic zone “Chirokchi” State Unitary Company;
qisqartirilgan nomi — “Directorate of FEZ “Chirokchi” SUC.
5. Direksiyaning joylashgan joyi (pochta manzili): Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik maydoni, 1-uy.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Direksiyaning muassisi (keyingi oʻrinlarda — Muassis) hisoblanadi.
7. Direksiya oʻz nomidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi va amalga oshirishi, majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi, nizolarni hal etishda boshqa organlarda vakillik qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Direksiya Muassisning roziligiga koʻra tijorat tashkilotlarining, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq yuridik shaxslarning qatnashishiga yoʻl qoʻyiladigan notijorat tashkilotlarda ishtirokchi (aksiyador, aʼzo) boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Direksiya boshqa davlat korxonasining muassisi boʻlishi mumkin emas.
2-bob. Direksiya faoliyatining maqsadi va asosiy yoʻnalishlari
10. “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi oʻrinlarda — “Chiroqchi” EIZ) rivojlantirish davlat dasturlarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini, shuningdek, “Chiroqchi” EIZ hududida alohida huquqiy rejimga rioya etilishini taʼminlash orqali operativ boshqarish, “Chiroqchi” EIZ ishtirokchilariga xizmatlar koʻrsatishdan hamda ushbu Ustavda nazarda tutilgan boshqa ishlarni (xizmatlarni) bajarishdan (koʻrsatishdan) foyda olish Direksiya faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
11. Quyidagilar Direksiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
“Chiroqchi” EIZ hududida maxsus huquqiy rejimning amal qilishini taʼminlash;
salohiyatli investorlar va “Chiroqchi” EIZ ishtirokchilari bilan oʻzaro hamkorlikni, shu jumladan investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqish va tanlab olish uchun qabul qilishni, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanish uchun zarur ruxsatnomalar berishni “yagona darcha” prinsipi asosida tashkil etish;
“Chiroqchi” EIZ hududidagi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini monitoring qiladi, shuningdek, “Chiroqchi” EIZ ishtirokchilari tomonidan investitsiya bitimiga kiritilgan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish;
“Chiroqchi” EIZ rivojlantirish dasturi amalga oshirilishini taʼminlash;
“Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilarining reyestrini yuritish;
“Chiroqchi” EIZ hududida ekologik nazorat, shuningdek, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishining nazoratini tashkil etish;
Keyingi tahrirga qarang.
“Chiroqchi” EIZ ishtirokchilari bilan shartnomalar asosida marketing xizmatlari, shuningdek, mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda targʻib qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
“Chiroqchi” EIZ investorlarni jalb etish tadbirlarini amalga oshirish;
“Chiroqchi” EIZ hududiga qiziqish bildirgan investorlarni, erkin iqtisodiy zona ishtirokchilarini axborot bilan taʼminlash, shu jumladan ularning davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlarini tashkil etish;
“Chiroqchi” EIZ hududidagi yer uchastkalarini, shuningdek, binolar va inshootlarni erkin iqtisodiy zona ishtirokchilariga egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga berish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etish.
“Chiroqchi” EIZ faoliyatini boshqarish boʻyicha boshqa funksiyalarni amalga oshirishga haqlidir.
12. Direksiya qonun hujjatlarida faoliyatning taqiqlanmagan boshqa turlarini ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Direksiya faoliyatini boshqarish
13. Direksiya Muassisga va Maʼmuriy kengashga hisobot beradi.
14. Muassis quyidagi huquqlarga ega:
Direksiya faoliyatining maqsadi va yoʻnalishlarini belgilash;
Direksiya Ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
Direksiyaning ortiqcha, foydalanilmayotgan yoxud belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qoʻyish va tasarruf etish;
Direksiyaga berilgan mulkdan foydalanishdan olingan sof foydaning bir qismini yoki hammasini olish;
Direksiya mulki bilan amalga oshirilgan bitimlarni haqiqiy emas deb hisoblash va Direksiyaga yetkazilgan zararlarni qoplash toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilish;
Direksiyani qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash va oraliq, tugatish balansini tasdiqlash;
mehnatga oid qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Direksiya rahbari bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin toʻxtatish yoki bekor qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
15. “Chiroqchi” EIZning mustaqil budjeti va “Chiroqchi” EIZni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi Maʼmuriy kengash tomonidan nazorat qilinadi.
16. Maʼmuriy kengash tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor Direksiyaning joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Direksiyaga Maʼmuriy kengashning Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishilgan taqdimnomasiga koʻra, Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
17. Direksiya erkin iqtisodiy zona ishtirokchilarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Direksiya ijro etuvchi organ hisoblanadi.
19. Direktor:
qonun hujjatlari talablarini bajarishga, Direksiya xodimlarining mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini taʼminlash tadbirlarini ishlab chiqadi va joriy etadi;
Keyingi tahrirga qarang.
“Chiroqchi” EIZni rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishini tashkil qiladi;
Direksiyaning asosiy faoliyatini takomillashtirishga, boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Direksiya nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi, barcha tashkilotlarda, shu jumladan xorijiy tashkilotlarda uning manfaatlarini ifoda etadi;
xodimlarni ishga qabul qiladi, ular bilan mehnat shartnomalarini (kontraktlarni) tuzadi, oʻzgartiradi va ularning amal qilishini toʻxtatadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
Direksiyaning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Direksiyaning ichki ish tartibini va xoʻjalik faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlaydi;
Direksiya tomonidan qonun hujjatlariga rioya qilinishini tashkil etish va nazorat qilishni taʼminlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
Direksiyaga yuklangan maqsadlar va vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
20. Direktor:
Muassisga Direksiya faoliyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda hisobot beradi;
oʻz huquqlarini amalga oshirishda va vazifalarni bajarishda Direksiya manfaatlarini koʻzlagan holda harakat qilishi lozim hamda budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar, ish haqining oʻz vaqtida toʻlanishi, mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi barcha talablarning va ularga tenglashtirilgan toʻlovlarning toʻlanishini, ishlab chiqarish faoliyati bilan bevosita bogʻliq ehtiyojlarga mablagʻlar oʻtkazilmaganligi, Direksiyaning xatti-harakatlari (harakatsizligi) uchun, shu jumladan Direksiyaga berilgan davlat mol-mulki yoʻqolgan taqdirda, yetkazilgan zarar yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
“Chiroqchi” EIZning Maʼmuriy kengash tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan mustaqil budjeti mablagʻlarining tasarruf etuvchisi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga “Chiroqchi” EIZning mustaqil budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni kelishish uchun belgilangan tartibda taqdim etadi.
21. Direktor oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi, shuningdek, Direksiyaga berilgan davlat mulkining saqlanishi va undan maqsadli foydalanilishi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Direksiyaning ustav fondi
22. Direksiyaning ustav fondi “Chiroqchi” EIZ faoliyatini operativ boshqarishni amalga oshirish uchun Muassis tomonidan oʻziga berilgan mablagʻlar, mol-mulk va boshqa aktivlar yigʻindisidan iborat boʻladi.
23. Direksiya ustav fondining miqdori 1 mlrd soʻmni tashkil qiladi.
5-bob. Direksiyaning ustav fondini koʻpaytirish va kamaytirish tartibi
24. Direksiyaning ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, Muassis qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Direksiya mulkini tasarruf etish
25. Muassis tomonidan Direksiyaga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar Direksiya mol-mulkini tashkil qiladi.
26. Direksiyaning asosiy fondlari va aylanma mablagʻlari boʻlinmaydi va ulushlar (hissalar, paylar) boʻyicha taqsimlanishi mumkin emas.
27. Maʼmuriy kengash Direksiyaga berilgan davlat mulkidan belgilangan maqsadda foydalanilishini va uning saqlanishini, shuningdek, oʻzgaga berilishini Muassis nomidan nazorat qiladi.
28. Direktor Muassis bilan kelishgan holda, Direksiya mulkini quyidagicha tasarruf etishi mumkin:
asosiy vositalarni sotish, ijaraga yoki garovga berish;
mol-mulkni boshqa xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga ulush sifatida kiritish;
boshqa xoʻjalik jamiyatlarining aksiyalarini (ulushlarini) sotib olish va sotish;
mol-mulkni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqacha tarzda tasarruf etish.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Direksiya budjetini shakllantirish
29. Quyidagilar Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
davlat mulki boʻlgan va “Chiroqchi” EIZ hududida joylashgan binolar va inshootlarni ijaraga berishdan olingan daromadlarning bir qismi;
xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlar;
EIZ ishtirokchilarining ajratmalari va EIZ ishtirokchilari sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun toʻlovlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
Keyingi tahrirga qarang.
8-bob. Zaxira fondini va boshqa fondlarni shakllantirish tartibi
30. Direksiya oʻz tasarrufida qoladigan sof foyda hisobiga zaxira fondini, shuningdek, boshqa fondlarni tashkil etishi mumkin, ularning miqdori va shakllantirish tartibi Muassis tomonidan tasdiqlanadi.
9-bob. Daromadni (foydani) taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi
31. Direksiyaning sof foydasi Direksiya tasarrufida qoladi va undan Muassis qaroriga binoan foydalaniladi.
32. Muassis oʻz qarori bilan boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga homiylik xayriyasi sifatida yoʻnaltiriladigan pul mablagʻlarining cheklangan summasini, ularni tasarruf etish huquqini Direktorga bergan holda belgilaydi.
33. Direksiyaning xoʻjalik faoliyati natijasida koʻrilgan zararlari ushbu maqsadlar uchun tashkil etilgan zaxira fondi mablagʻlari hisobidan qoplanishi mumkin.
10-bob. Hisobotlarni taqdim etish tartibi
34. Direksiya hisobot davri tugagach, vakolatli organlarga moliya hisobotini va roʻyxati qonun hujjatlarida belgilanadigan boshqa hujjatlarni taqdim etadi hamda hujjatlarning saqlanishi va ularning davlat tomonidan saqlashga berilishi yuzasidan belgilangan tartibda javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Direksiyaning xoʻjalik subyekti sifatidagi faoliyati Maʼmuriy kengash tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Direktor har chorakda Direksiya faoliyatining natijalari va tasdiqlangan rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
11-bob. Direksiyaning javobgarligi
37. Direksiya oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli mulk bilan javob beradi. Muassis Direksiyaning mulki yetarli boʻlmagan taqdirda, uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlikni amalga oshiradi.
38. Direksiya Muassis majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
12-bob. Direksiyani tugatish va qayta tashkil etish
39. Direksiya Muassisning qaroriga koʻra, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda yoki sud qaroriga binoan tugatilishi yoxud qayta tashkil etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Direksiyani tugatish Direksiya faoliyatining huquq va majburiyatlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga oʻtmagan holda toʻxtatilishiga sabab boʻladi.
Direksiya qayta tashkil etilgan taqdirda, uning huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga oʻtadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2020-y., 09/20/267/0536-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)