Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
H. M. ABDULLAYEV YUBILEYIGA TAYYORGARLIK KOʻRISH VA UNI OʻTKAZISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekistonning atoqli olimi, davlat arbobi Habib Muhamedovich Abdullayevning katta xizmatlarini hisobga olib hamda 1992-yil avgust oyida tugʻilganiga 80 yil toʻlishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Akademik H.M. Abdullayev tavalludining 80 yilligi respublikaning ijtimoiy, jamoatchilik va ilmiy hayotida yirik voqea sifatida keng nishonlansin.
2. Yubileyga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tashkiliy qoʻmitasining tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Sentabr oyida H.M. Abdullayev yubileyiga bagʻishlangan tantanali yigʻilish oʻtkazilsin.
4. H.M. Abdullayevning nomini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahar hokimligi bir oy ichida metro stansiyalaridan biriga hamda shaharning markaziy koʻchalaridan biriga uning nomini berish masalasini koʻrib chiqsin.
5. Oʻzbekistonning ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishga olib kelgan ulkan ilmiy yutuqlari uchun beriladigan H.M. Abdullayev nomidagi diplom hamda medal taʼsis etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ikki hafta ichida H.M. Abdullayev nomidagi medalning eskizini va maketini tayyorlasin hamda medal bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalliy sanoat vazirligi 1-avgustgacha fanlar akademiyasining buyurtmasiga binoan medalni ishlab chiqarsin.
6. Toshkent Davlat texnika universitetining geologiya-qidiruv fakultetida H.M. Abdullayev nomidagi stipendiya taʼsis etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:
H.M. Abdullayevning yubileyiga bagʻishlangan ilmiy sessiya oʻtkazsinlar;
yosh olimlar oʻrtasida H.M. Abdullayev asarlarini oʻqish kunlarini oʻtkazishni tashkil etsinlar;
H.M. Abdullayev hayoti va faoliyatiga bagʻishlab radio va televideniyeda eshittirishlar va koʻrsatuvlar tayyorlashni, gazeta va jurnallarda maqolalar chop etishni tashkil qilsinlar.
Qayd qilingan tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Oʻzbekiston Davlat teleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi, gazeta va jurnallar muharririyatlari H.M. Abdullayev hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan tadbirlarni keng yoritsinlar.
9. Oʻzbekiston Davlat teleradiokompaniyasi 30-avgustgacha H.M. Abdullayev hayoti va faoliyati haqida hujjatli telefilm yaratsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Fanlar akademiyasiga 1992-yilda medal ishlab chiqarish, telefilm yaratish va tantanali kechani oʻtkazish uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan 400 ming soʻm ajratsin,
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy masalalar, fan va taʼlim majmui (oʻrtoq M.Q. Qoraboyev)ga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 20-iyul,
333-son