Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tamaki mahsulotlari bozorini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi paytlarda tamaki mahsulotlari aylanmasini tartibga solish boʻyicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda, biroq amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, tamaki mahsulotlarining aksiz soligʻi solinmaydigan yangi turlarini olib kirish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Xususan, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari va tarkibida nikotin mavjud suyuqliklar ommalashib ketmoqda.
Qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, chekiladigan, chaynaladigan, hidlanadigan, shimiladigan (snyus) va chilim uchun tamakiga, tarkibida nikotin mavjud suyuqliklarga talab ortayotganligini inobatga olgan holda, shuningdek, aholini tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish oqibatlaridan himoya qilish, ularning noqonuniy savdosi oldini olish maqsadida:
1. 2020-yil 1-iyundan import qilinadigan qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, chekiladigan, chaynaladigan, hidlanadigan, shimiladigan (snyus), chilim uchun tamaki, nikotinli tamakisiz snyus, tarkibida nikotin mavjud suyuqliklarga aksiz soligʻi kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tamaki, chilim, elektron sigaretlar, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, tarkibida nikotin mavjud mahsulotlar aylanmasini tartibga solishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasining kiritilishi taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli qaroriga asosan 2021-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi “Alohida turdagi tovarlarni markirovkalashning zamonaviy usullarini joriy etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4042-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-aprel,
PQ-4665-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli qaroriga asosan 2021-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2020-y., 07/20/4665/0400-son; 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)