O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrida barpo etilgan madaniyat obyektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Toshkent shahrida yangi barpo etilgan obyektlardan samarali foydalanish, buyuk o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning boy ijodiy merosini chuqur o‘rganish, keng targ‘ib qilish, yoshlar orasida adabiy muhitni yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida Abdulla Qodiriy uy-muzeyi hamda Olmazor tumanida Abdulla Qodiriy memorial muzeyini (keyingi o‘rinlarda — muzeylar) Madaniyat vazirligi tizimida tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Toshkent shahar hokimligi:
a) Toshkent viloyati hokimligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda:
Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida joylashgan Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar ko‘chasi 6-uy manzilidagi kutubxona va Abdulla Qodiriy memorial muzeyi uchun qurilgan bino tegishli hududi bilan birgalikda Toshkent viloyati “Turon” axborot-kutubxona markaziga (keyingi o‘rinlarda — “Turon” kutubxonasi) operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berilishini;
“Turon” kutubxonasi va Abdulla Qodiriy memorial muzeyi (tekin foydalanish huquqi asosida) ushbu binoga joylashtirilishini ta’minlasin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Abdulla Qodiriy uy-muzeyini Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Termiz tor ko‘chasi, 35, 36 va 37-uy manzillaridagi binoga joylashtirish;
Abdulla Qodiriy uy-muzeyi joylashgan binoning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish;
muzeylarning shtatlar jadvalini belgilangan tartibda ishlab chiqish va tasdiqlash choralarini ko‘rsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
a) bir oy muddatda:
tashkil etilayotgan muzeylarning asosiy vazifalaridan kelib chiqib ularning nizomini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
muzeylar malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
b) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda muzeylar ekspozitsiyasini muzey ashyolari bilan to‘ldirsin;
v) muzeylarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish choralarini ko‘rsin;
g) muzeylarga zamonaviy interfaol axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etsin;
d) Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda muzeylarga sayyohlarni keng jalb etish choralarini ko‘rsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga “Turon” kutubxonasiga bino berilishi munosabati bilan ushbu binoning kadastr hujjatlari rasmiylashtirishini hamda aholiga yanada sifatli axborot-kutubxona xizmatlarini ko‘rsatish, jumladan, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga taalluqli turli adabiyotlar jamlanishi va ulardan samarali foydalanilishini ta’minlash tavsiya etilsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
“Turon” kutubxonasiga berilgan binoni saqlash xarajatlari — Toshkent viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
muzeylarga shtat birliklarini ajratish hamda xodimlariga ish haqi to‘lash — O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi muzeylar uchun belgilangan tartibga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
muzeylarni saqlash xarajatlari — Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari, muzeylarning o‘z daromadlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(5-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga muzeylar va kutubxona faoliyatini keng yoritish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov, Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev va Toshkent viloyati hokimi R.Q. Xolmatov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Mahalla, oila va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniyat, ma’naviyat va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 28-mart,
186-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-martdagi 186-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “2017 — 2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” 2017-yil 11-dekabrdagi 975-son qaroriga kiritilayotgan qo‘shimchalar
1. 2-ilova (2017 — 2027-yillarda yangi tashkil etiladigan davlat muzeylari ro‘yxati)ga quyidagi mazmundagi bo‘lim qo‘shilsin:
|
“ |
Toshkent shahri |
|||
|
9. |
Abdulla Qodiriy uy-muzeyi |
Shayxontohur tumani |
||
|
10. |
Abdulla Qodiriy memorial muzeyi |
Olmazor tumani |
” | |
2. 4-ilova (O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti “hisobidan moliyalashtiriladigan muzeylar, ularning filial va bo‘limlari ro‘yxati)ning “Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan moliyalashtiriladigan muzeylar” bo‘limiga quyidagi mazmundagi 35 va 36-pozitsiyalar qo‘shilsin:
|
“ |
35. |
Abdulla Qodiriy uy-muzeyi |
Toshkent shahri |
|
|
36. |
Abdulla Qodiriy memorial muzeyi |
Toshkent shahri |
”. |
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2020-y., 09/20/186/0380-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)