OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSh PROKURATURASI HUZURIDAGI IQTISODIY JINOYATLARGA QARShI KURAShISh DEPARTAMENTINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSh PROKURATURASI HUZURIDAGI IQTISODIY JINOYATLARGA QARShI KURAShISh DEPARTAMENTINING
Qarori
Nobank kredit tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 28-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2925-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining 2017-yil 9-avgustdagi 344-V va 26-son qarori (roʻyxat raqami 2925, 2017-yil 4-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 36-son, 968-modda) bilan tasdiqlangan Nobank kredit tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 26-fevral,
344-V-3-son
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshligʻi D. RAXIMOV
Toshkent sh.,
2020-yil 26-fevral,
10-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2020-yil 26-fevraldagi 344-V-3 va 10-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Nobank kredit tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-bandda:
oʻn beshinchi xatboshi “ular tomonidan taqdim etilgan hujjatlar” degan soʻzlardan keyin “, ochiq manbalar va maʼlumotlar bazalarida mavjud boʻlgan qoʻshimcha tasdiqlangan maʼlumotlar” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
yigirmanchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yuqori mansabdor shaxslar — chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, maʼmuriy yoki sud organida yoxud xalqaro tashkilotda doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, tashkiliy-boshqaruv vazifalarini bajaruvchi va yuridik ahamiyatga ega boʻlgan harakatlarni sodir etishga vakolatli shaxslar, shuningdek chet davlat korxonalarining yuqori martabali rahbarlari, chet davlatning taniqli siyosatchilari va siyosiy partiyalarining taniqli aʼzolari;”;
yigirma oltinchi xatboshi quyidagi taxrirda bayon etilsin:
“uchinchi tomon — pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasida koʻrsatilgan tashkilotlar.”.
2. 4-bandda:
toʻrtinchi xatboshidagi “yuqori mansabdor shaxslar va ularning yaqin qarindoshlarining” degan soʻzlar “yuqori mansabdor shaxslar, ularning oila aʼzolari va yuqori mansabdor shaxslarga yaqin shaxslarning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻn beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“soʻrovlar boʻyicha mijozlar bazasidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishga va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga aloqador shaxslarni aniqlashdan iborat.”.
3. 6-bandda:
toʻqqizinchi xatboshidagi “yuqori mansabdor shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari” degan soʻzlar “yuqori mansabdor shaxslar, ularning oila aʼzolari va yuqori mansabdor shaxslarga yaqin shaxslar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“xodimlarni tanlash boʻyicha malaka talablari va tartiblari;”;
oʻninchi — oʻn ikkinchi xatboshilar tegishli ravishda oʻn birinchi — oʻn uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. 12-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“iqtisodiyot sohasidagi, boshqaruv tartibiga qarshi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bogʻliq jinoyatlari uchun avval sud tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar.”.
5. 21-bandda:
quyidagi mazmundagi oltinchi — sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“mijoz qonun hujjatlariga muvofiq qisqa muddatli kreditlar, mikrokreditlar, mikroqarzlar, shuningdek isteʼmol kreditlari olish uchun murojaat qilganda;
qarz majburiyatlarini sotib olish va sotish (faktoring) boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirganda;
mijoz mikrokredit tashkiloti lizing beruvchi sifatida ishtirok etadigan mikrolizing olish uchun murojaat qilganida;”;
oltinchi xatboshi toʻqqizinchi xatboshi deb hisoblansin;
toʻqqizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“uchinchi shaxslar mijozning nobank kredit tashkiloti oldidagi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravariga teng yoki undan ortiq boʻlgan summadagi majburiyatlarini bajarish uchun murojaat qilganida, shu jumladan bunday operatsiya oʻzaro bogʻliq boʻlib koʻrinadigan bir yoki bir nechta operatsiyani bajarish orqali amalga oshirilayotgan hollarda;”;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“fuqarolardan shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan koʻchar mol-mulkni saqlash uchun qabul qilishda;”;
b) “b” va “v” kichik bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) mijoz bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravariga teng yoki undan ortiq boʻlgan summada bir martalik maslahat yoki axborot xizmatlaridan foydalanishni soʻrab ariza bilan murojaat qilganda, shu jumladan bunday operatsiya oʻzaro bogʻliq boʻlib koʻrinadigan bir yoki bir nechta operatsiyani bajarish orqali amalga oshirilayotgan hollarda;”;
v) mazkur Qoidalarda belgilangan har qanday istisnolarga qaramasdan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish boʻyicha shubhalar mavjud boʻlganda;”.
6. 22-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mijozning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish;”;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“mijoz nomidan ish koʻrayotgan shaxsni identifikatsiya qilish, shaxsini va vakolatlarini tegishli hujjatlar asosida tekshirish;”;
uchinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻrtinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin;
oltinchi va yettinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mijoz tomonidan amalga oshiriladigan ish munosabatlari va operatsiyalarni, ularning bunday mijoz va uning faoliyati, tavakkalchilik xususiyati, shu jumladan zarur boʻlganda mablagʻlar manbasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida doimiy asosda oʻrganish oʻtkazish.
Nobank kredit tashkilotlari mijoz yoki benefitsiar mulkdorning yuqori mansabdor shaxs ekanligini aniqlash maqsadida tavakkalchiliklarni boshqarish tizimlaridan foydalanishlari shart va mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha yuqorida koʻrsatib oʻtilgan choralarni koʻrish bilan birga, mijoz yoki benefitsiar mulkdor sifatida qatnashayotgan yuqori mansabdor shaxslarga nisbatan:”;
toʻqqizinchi xatboshi “kirishish” degan soʻzdan keyin “(yoki mavjud mijozlar uchun davom ettirish)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Nobank kredit tashkilotlari yuqoridagi choralarni yuqori mansabdor shaxslarning oila aʼzolariga yoki yuqori mansabdor shaxslarga yaqin shaxslarga nisbatan ham koʻrishlari kerak.
Mijozni lozim darajada tekshirish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda nobank kredit tashkiloti bu haqda maxsus vakolatli davlat organiga xabar berishi va bunday mijoz bilan hamkorlik munosabatlariga kirishish yoki bunday mijozning operatsiyalarini amalga oshirishdan voz kechishi yoxud u bilan har qanday amaliy ish munosabatlarini toʻxtatishi lozim.”.
7. 23-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Mijoz yoki mijoz tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiya yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kiritilgan taqdirda nobank kredit tashkilotlari ushbu mijozga nisbatan quyidagi lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan chora-tadbirlarini koʻrishlari shart:”.
8. 27-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Yuridik shaxslarni lozim darajada tekshirish jarayonida nobank kredit tashkiloti pirovard natijada mijozning mulkdori boʻlgan yoki mijozni nazorat qiluvchi mijozning benefitsiar mulkdori — jismoniy shaxsni identifikatsiya qilishi, ishonchli manbadan olingan maʼlumotlardan foydalangan holda, shu jumladan quyida keltirilgan maʼlumotlarni oʻrganish orqali, benefitsiar mulkdorning shaxsini tekshirish yuzasidan oʻrinli choralarni koʻrishi kerak:
mijozning mulk va boshqaruv tuzilmasi;
mijozning taʼsischilari (jamiyat aksiyalarining/ulushlarining kamida oʻn foiziga ega boʻlgan aksiyadorlari/ishtirokchilari) toʻgʻrisidagi;
pirovardida yuridik shaxsning ulushiga (kamida oʻn foiz) egalik qiluvchi jismoniy shaxs(lar)ning (agar mavjud boʻlsa) shaxsiy maʼlumotlari;
agar koʻrilgan choralar boʻyicha nazorat qiluvchi ulushga ega boʻlgan shaxs benefitsiar mulkdor ekanligiga shubha tugʻilsa yoki ulushga boʻlgan mulk huquqi boshqaruvini amalga oshiruvchi shaxslar boʻlmasa, yuridik shaxs ustidan nazoratni boshqa usullar bilan amalga oshirayotgan shaxs(lar)ning (agar mavjud boʻlsa) shaxsiy maʼlumotlari.
Nobank kredit tashkiloti tomonidan koʻrilgan tegishli choralar benefitsiar mulkdorni aniqlash imkonini bermasa, nobank kredit tashkilotlari yuqori rahbarlik lavozimini egallab turgan shaxsni identifikatsiya qilishi va uning shaxsini tekshirish yuzasidan oʻrinli choralarni koʻrishi kerak.”.
9. 29-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
10. 30-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“30. Nobank kredit tashkilotlari mavjud mijozlarga nisbatan ularning ahamiyati va tavakkalchiliklardan kelib chiqqan holda lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrishi va tegishli vaqtda bunday mavjud munosabatlarni lozim darajada tekshirishni, bunday tekshirishlar qachon oʻtkazilganligi va umuman oʻtkazilgan yoki oʻtkazilmaganligini hamda olingan maʼlumotlarni yetarliligini hisobga olgan holda oʻtkazishlari kerak.”.
11. 33-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlar hududida shuʼba korxonalar, filiallar yoki vakolatxonalar tashkil etish.”.
12. 34-bandda:
birinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
ikkinchi — oltinchi xatboshilar tegishli ravishda birinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
13. 40-bandning “z” kichik bandidagi “va ularning oila aʼzolari” degan soʻzlar “, ularning yaqin qarindoshlari va yuqori mansabdor shaxslarga yaqin shaxslar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
14. 42-bandda:
birinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
ikkinchi xatboshi birinchi xatboshi deb hisoblansin.
15. Quyidagi mazmundagi 421-band bilan toʻldirilsin:
“421. Nobank kredit tashkiloti jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida texnologik yutuqlardan foydalanilishining oldini olishga qaratilgan choralarni koʻrishi kerak. Ushbu maqsadlarda nobank kredit tashkiloti:
yangi xizmat turlari va yangi ish amaliyoti ishlab chiqilishi;
yangi va mavjud xizmat turlari uchun yangi yoki rivojlanayotgan texnologiyalardan foydalanilishi sababli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchilik darajalarini aniqlashi va baholashi kerak.
Tavakkalchilikni bunday baholash yangi xizmat turlari, ish amaliyotining tatbiq qilinishidan yoki yangi yoxud rivojlanayotgan texnologiyalardan foydalanilishidan avval oʻtkazilishi kerak.
Nobank kredit tashkiloti ushbu tavakkalchiliklarni monitoring qilish va kamaytirish uchun tegishli choralarni koʻrishi lozim.”.
16. 49-bandda:
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
yettinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
17. 70-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“70. Mijozlarni lozim darajada tekshirish natijasida olingan maʼlumotlar ahamiyati va tavakkalchiliklardan kelib chiqqan holda hamda mijoz maʼlumotlarida oʻzgarishlar boʻlganda, biroq mijoz tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishni amalga oshirish tavakkalchiligi nobank kredit tashkiloti tomonidan yuqori baholanganda yiliga kamida bir marotaba, boshqa hollarda ikki yilda kamida bir marotaba yangilanishi lozim.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2020-y., 10/20/2925-3/0369-son)