Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahridagi ““MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy taʼlim muassasasi filiali faoliyatini tashkil etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy taʼlim muassasasi filialini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 4-iyundagi PQ-4350-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarop qiladi:
1. Toshkent shahridagi ““MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy taʼlim muassasasi filialining (keyingi oʻrinlarda Filial deb ataladi) tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Filial ijrochi direktoriga, zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda ““MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy taʼlim muassasasi (Rossiya Federatsiyasi) bilan kelishgan holda, Filialning tuzilmasiga oliy taʼlim muassasasi uchun belgilangan normativlarga muvofiq xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish hukuqi berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Energetika vazirligi, “Issiqliq elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ ““MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy taʼlim muassasasi (Rossiya Federatsiyasi) bilan birgalikda ikki oy muddatda Filialda pedagogik va ilmiy salohiyatga ega, yuqori malakali, rus va ingliz tillarini oʻzlashtirgan, axborot texnologiyalarini hamda fan va texnikaning eng soʻnggi yutuqlarini oʻquv jarayoniga joriy eta oladigan professor-oʻqituvchilar tarkibini shakllantirish choralarini koʻrsin.
3. Belgilansinki, talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati ““MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy taʼlim muassasasi (Rossiya Federatsiyasi), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Energetika vazirligi bilan kelishilgan holda Filial tomonidan tasdiqlanadi.
4. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ:
2020-yil 1-avgustga qadar Filialga berilgan — Toshkent shahar, Olmazor tumani, Qoraqamish 3-koʻchasi manzilida joylashgan bino va inshootlarning, shu jumladan, oʻquv laboratoriya binolari va sport inshootlarining rekonstruksiya ishlarini tugallash, shuningdek, toʻlaqonli oʻquv jarayonini tashkil etish maqsadida ularni zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari, kompyuter va tashkiliy texnika, oʻquv va ilmiy adabiyotlar, inventarlar, mebel va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlash;
2021-yil 1-avgustga qadar Filial talabalari va oʻqituvchilari uchun yotoqxona binosi qurilishini tugallash choralarini koʻrsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov, Oʻzbekistan Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 4-mart,
121-son
Vazirlar Maqkamasining 2020-yil 4-martdagi 121-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Toshkent shahridagi ““MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy taʼlim muassasasi filialining
TUZILMASI
Filial (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Kafedralar oʻquv yuklamalari shakllanib borishiga muvofiq bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2020-y., 09/20/121/0252-son)