Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 10-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1948-19]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 4-yanvardagi 30/18-sonli “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3420, 08.02.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va 2019-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-592-son “Tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi karor qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 16-martdagi 7/2-son qarori (roʻyxat raqami 1948, 2009-yil 27-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 18-son, 229-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank Raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-dekabr,
33/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2019-yil 28-dekabrdagi 33/6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 7-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bank hisobvaragʻi shartnomasi (jismoniy shaxslarning omonati boʻyicha bank omonati shartnomasi) bank va uning mijozlari oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan yozma shaklda yoki masofadan xizmat koʻrsatish tizimlari orqali oferta shartnomasini tasdiqlash orqali amalga oshiriladi.”;
ikkinchi — oltinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oltinchi xatboshidagi “soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni” degan soʻzlar “soliqlar va yigʻimlarni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 8-banddan beshinchi va oltinchi xatboshilar chiqarib tashlansin.
3. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Bank mijozlari boʻlgan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda dehqon xoʻjaliklari bank hisobvaraqlarini ochish uchun asos boʻlgan mazkur Yoʻriqnomada belgilangan barcha hujjatlar hamda ushbu hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar nusxalari har bir mijoz uchun ochilgan yuridik yigʻmajildlarda saqlanadi.
Yuridik yigʻmajildlardagi maʼlumotlar elektron shaklda bankning maxsus dasturiy taʼminotlari orqali har bir mijoz boʻyicha shakllantirilishi mumkin.”.
4. 16-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiruvchi norezident yuridik shaxslar, tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchilar, tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar), shuningdek norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasida qonunchilik bilan belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan doimiy muassasalari milliy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:”;
“d” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiruvchi norezident yuridik shaxslar, tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchilar, tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar), shuningdek norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasida qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan doimiy muassasalari taʼsis hujjatlari (taʼsis shartnomasi, ustav) hamda ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning konsullik yoki notarius tomonidan tasdiqlangan nusxasi;”.
5. 17-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Rezident jismoniy shaxslar bankning masofadan xizmat koʻrsatish tizimlari orqali bank xisobvaragʻi ochishlari mumkin, bunda bank rezident jismoniy shaxslarni identifikatsiyalash va lozim darajada tekshirish boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli choralarni amalga oshirishi lozim.
Bank boshqa bankda ochilgan bank hisobvaraqlariga ega boʻlgan rezident jismoniy shaxslarga masofadan xizmat koʻrsatish tizimlari orqali depozit hisobvaraqlarini ochish uchun ushbu rezident jismoniy shaxslarni identifikatsiyalash va lozim darajada tekshirish imkoniyatiga ega boʻlishi zarur.
Rezident jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki uni oʻrnini bosadigan hujjat) elektron nusxada saqlanishi mumkin.”.
6. 21-bandda:
“v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiruvchi norezident yuridik shaxslar, tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchilar, tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar), shuningdek norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasida qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan doimiy muassasalari (jismoniy shaxslar bundan mustasno) tomonidan ushbu Yoʻriqnomaning 16-bandida keltirilgan hujjatlar;”;
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
7. 24-band “hisobvaragʻi ochiladi” degan soʻzlardan keyin “, kredit masofadan xizmat koʻrsatish tizimlari orqali rasmiylashtirish hollari bundan mustasno” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
8. 39-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tadbirkorlik faoliyati subyekti boʻlmagan rezident yuridik shaxslar hamda Budjetdan mablagʻ oluvchilar, rezident yuridik shaxslarning vakolatxonalari va filiallari, faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiruvchi norezident yuridik shaxslar, tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchilar, tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar), shuningdek norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan doimiy muassasalari taʼsis hujjatlarida (taʼsis shartnomasida, ustavda) koʻrsatilgan maʼlumotlar (muassislar, aʼzolar yoki boshqa maʼlumotlar) oʻzgargan taqdirda, ular taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning nusxasini bankka taqdim qiladi.”.
9. 47-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan harakatsiz holatga oʻtkazilgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar davlat reyestridan chiqarilgan kundan eʼtiboran bank hisobvaragʻi shartnomasi bekor qilinadi.”.
10. 48-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“48. Ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlarini yopish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlarini yopish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.”.
11. 49-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2020-y., 10/20/1948-19/0148-son)