O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 24-maydagi PQ-4337-son qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining:
“O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasini “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda “O‘zbekinvest” EISK” AJ deb ataladi) etib qayta tashkil etish;
“O‘zbekinvest” EISK” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalari (ulushlari) paketi bo‘yicha aksiyador huquqini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. “O‘zbekinvest” EISK” AJning asosiy vazifalari quyidagilar ekanligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
eksportni sug‘urta bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks xizmatlarni, shu jumladan xaridorning krediti, qisqa muddatli debitorlik qarzi, yetkazib beruvchining krediti, tasdiqlangan akkreditiv, eksportchining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun berilgan kredit, eksport faktoringini va eksportni sug‘urta bilan qo‘llab-quvvatlashning boshqa instrumentlarini taqdim etish;
xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga kiritiladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri va portfel investitsiyalarning kompleks sug‘urta himoyasini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonunchiligiga muvofiq boshqa sug‘urtalash turlarini amalga oshirish;
xorijiy mamlakatlarning eksport-kredit agentliklari, sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari bilan tijorat va siyosiy xatarlarni sug‘urtalash bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish;
xalqaro, xorijiy va mahalliy sug‘urta tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda sug‘urta va qayta sug‘urta operatsiyalarini amalga oshirish.
3. Belgilansinki:
“O‘zbekinvest” EISK” AJ ustav kapitali qayta tashkil etilayotgan “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi mol-mulkining qoldiq qiymatini o‘tkazish hisobiga shakllantiriladi;
“O‘zbekinvest” EISK” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketiga bo‘lgan huquqlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bir oy muddatda:
“O‘zbekinvest” EISK” AJning uzoq muddatga mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasini tasdiqlasin;
“O‘zbekinvest” EISK” AJning ustavi ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini, shuningdek, uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.
5. “O‘zbekinvest” EISK” AJga belgilangan tartibda xorijiy banklarda joriy hisobvaraqlarini ochish va bank depozitlari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun ular bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazish, sug‘urta to‘lovlari, sug‘urta va investitsiya faoliyati bilan bog‘liq boshqa operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berilsin.
6. “O‘zbekinvest” EISK” AJ ijro organida rahbar va rahbar o‘rinbosari lavozimlariga nomzodlarni ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat aktivlarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 26-apreldagi 356-son qaroriga muvofiq amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ba’zi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzoqov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-yanvar,
46-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-yanvardagi 46-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim qarorlari
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida” 1997-yil 28-fevraldagi 113-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 2-son, 8-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 27-noyabrdagi 413-son qaroriga 3-ilovaning 7-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 11-son, 72-modda).
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 258-sonli qaroriga asosan 2021-yil 1-iyuldan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2017-yil 14-iyuldagi 499-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 13-apreldagi PF-5012-son farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 13-apreldagi PF-2887-son qarori) ilovaning 6-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 7-son, 146-modda).
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.01.2020-y., 09/20/46/0095-son; 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son)