Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
QarorI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1415-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 73, 85-moddalari hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 20-moddalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qarori qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining koʻkrak nishoni tavsifi va namunasi 2 va 2a-ilovalarga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi tavsifi va namunasi 3 va 3a-ilovalarga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasiga transportda bepul yurish huquqini beradigan ilova varaqasining tavsifi va namunasi 4 va 4a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasida belgilangan deputatning va senatorning transportda tekin yurish huquqini amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlari 5-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
Rais M. ABDUSALOMOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-yanvar,
1018-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1018-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
N I Z O M
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) va Senati aʼzosiga (bundan buyon matnda senator deb yuritiladi) guvohnoma va koʻkrak nishon berish, undan foydalanish, shuningdek yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan guvohnoma va koʻkrak nishonni oʻrniga yangisini berish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi deputat va senatorning vakolati hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
2. Deputat va senatorning koʻkrak nishoni deputatlik va senatorlik maqomiga ega boʻlgan mansabdor shaxs sifatida ajratib turuvchi belgi hisoblanadi.
Koʻkrak nishoni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
3. Deputat va senatorga guvohnoma hamda koʻkrak nishon Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatida (deputatlar uchun alohida, senatorlar uchun alohida yuritilgan maxsus qayd daftarida) roʻyxatga olinib, Markaziy saylov komissiyasi Raisi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan topshiriladi.
II bob. Deputat va senatorning guvohnomasi
4. Deputat va senatorning guvohnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) Raisi tomonidan imzolanadi.
5. Deputatga guvohnoma Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 001 raqamidan 150 raqamigacha u saylangan saylov okrugi tartib raqami boʻyicha beriladi.
Senatorga guvohnoma Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 001 raqamidan 084 raqamigacha saylangan hududi boʻyicha senatorning familiyasiga muvofiq alifbo tartibida, 085 raqamidan 100 raqamigacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonidan koʻrsatilgan tartibda beriladi.
6. Deputat va senatorga guvohnoma bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi hududida havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻlovchilar transportida (taksi va shahar yoʻlovchilar transporti bundan mustasno) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekin yurish huquqini beruvchi ilova varaqasi ham qoʻshib topshiriladi.
7. Boʻshab qolgan oʻrinlarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan deputatga guvohnoma 151-tartib raqamidan boshlab beriladi.
Boʻshab qolgan oʻrinlarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi etib saylangan (tayinlangan) senatorga guvohnoma 101-tartib raqamidan boshlab beriladi.
III bob. Guvohnoma yoki koʻkrak nishonni yangisini olish tartibi
8. Deputat va senatorning yaroqsiz holga kelgan guvohnomasi oʻrniga aynan shu raqam bilan yangi guvohnoma beriladi.
Deputat va senatorning yaroqsiz holga kelgan koʻkrak nishoni yangisi bilan almashtiriladi.
Deputat va senatorning yoʻqolgan guvohnomasi oʻrniga yangi (dublikat) guvohnoma navbatdagi tartib raqami bilan beriladi.
9. Guvohnoma yoki koʻkrak nishoni yoʻqotilgan yoxud yaroqsiz holga kelgani haqida deputat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi orqali, senator Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati orqali Markaziy saylov komissiyasiga darhol ariza bilan murojaat qilishi lozim. Arizaga guvohnoma yoki koʻkrak nishonining yoʻqotilgan yoxud yaroqsiz holga kelganligi sabablari koʻrsatilishi va tegishli hujjatlar ilova qilinishi lozim.
Deputat va senator guvohnomasini va (yoki) koʻkrak nishonini yoʻqotgan taqdirda unga ushbu Nizomda belgilangan tartibda guvohnoma va (yoki) koʻkrak nishoni yoʻqolgani haqida ariza bergan kundan boshlab bir oy ichida yangi guvohnoma va (yoki) koʻkrak nishoni beriladi.
Topib olingan guvohnoma (deputat va senatorning guvohnomasi) ichki ishlar organlariga yoki Markaziy saylov komissiyasiga topshirilishi lozim.
10. Deputat va senatorning yaroqsiz holga kelgan guvohnomasi, topib olingan guvohnomalar yoki vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan deputat yoki senatorning Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatiga qaytarilgan guvohnomalari foydalanib boʻlmaydigan holga keltiriladi (kesish yoʻli bilan) hamda belgilangan tartibda yoʻq qilinadi va bu haqda tuzilgan dalolatnoma idoraviy arxivda saqlanadi.
IV bob. Yakunlovchi qoidalar
11. Deputat va senator guvohnomasi hamda koʻkrak nishonidan oʻz vakolatlari muddati mobaynida foydalanadi.
Deputat va senator oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda guvohnomasini koʻrsatib, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga moneliksiz kirish huquqidan, shuningdek ularning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Deputat va senator guvohnoma hamda koʻkrak nishonni avaylab asrashi shart.
12. Deputat va senatorning koʻkrak nishonini va (yoki) guvohnomasini olib qoʻyish, shuningdek koʻkrak nishonini va (yoki) guvohnomani boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
13. Deputat va senatorning vakolatlari muddati tugaganidan keyin guvohnoma va koʻkrak nishoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi hamda deputatlik yoki senatorlik vakolatini oʻtagan shaxsda esdalik sifatida qoladi.
14. Deputat va senatorning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda guvohnoma va koʻkrak nishoni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining devonlari orqali oʻn kundan kechiktirmay guvohnoma va koʻkrak nishoni Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatiga qaytarilishi shart.
15. Deputat Qonunchilik palatasining vakolatlari muddatiga, senator Senatning vakolatlari muddatiga saylangan (tayinlangan) davrda vafot etgan taqdirda guvohnoma va koʻkrak nishoni uning oila aʼzolarida xotira tariqasida qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1018-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi koʻkrak nishonining
T A V S I F I
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) va Senati aʼzosining (bundan buyon matnda senator deb yuritiladi) koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻining hilpirab turgan tasviri koʻrinishida boʻladi.
2. Deputat va senator koʻkrak nishonining asosi mis qotishmadan tayyorlanadi. Koʻkrak nishonning old tomoni sirlangan moviy, oq va yashil rangdagi tasma chiziqlar hamda qizil rangdagi hoshiya chiziq bilan qoplangan. Oq tasma chiziq moviy va yashil tasma chiziqlardan sirlangan qizil rangdagi hoshiya bilan ajralib turadi.
3. Koʻkrak nishon old tomonining yuqori chap burchagida moviy fonda yarim oy va undan oʻngroqda uch qatorda oʻn ikkita besh qirrali yulduz tasvirlangan. Yarim oy vertikal holatda joylashtirilgan, yulduzlar esa undan oʻngroqda, uch qatorda quyidagi tartibda joylashtirilgan: yuqori qatorda uchta, oʻrta qatorda toʻrtta va quyi qatorda beshta yulduz.
4. Deputat koʻkrak nishonining oq tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida “OLIY MAJLIS” degan, yashil tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida “DEPUTATI” degan, senatorning koʻkrak nishoning oq tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida “SENAT AʼZOSI” degan matnlar qizil rangda bitiladi.
5. Koʻkrak nishon toʻgʻnogʻich bilan taqiladi.
6. Koʻkrak nishonning kattaligi 38x28,7 millimetr.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1018-son qaroriga
2-a ILOVA
2-a ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi koʻkrak nishonining
N A M U N A S I
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1018-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi guvohnomasining
T A V S I F I
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) va Senati aʼzosining (bundan buyon matnda senator deb yuritiladi) guvohnomasi 95x65 millimetr oʻlchamdagi toʻq qizil rangli qattiq charm muqovali kitobcha koʻrinishiga ega boʻladi.
2. Deputat guvohnomasining old tomon chap qismining yuqorisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining metaldan tayyorlangan oʻxshash tasviri oʻrnatilgan boʻlib, pastda esa oʻngroqda uch satrda “OʼZBEKISTON OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI DEPUTATI” degan matn joylashtiriladi.
3. Senator guvohnomasining old tomon chap qismining yuqorisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining metaldan tayyorlangan oʻxshash tasviri oʻrnatilgan boʻlib, pastda oʻngroqda esa uch satrda “OʼZBEKISTON OLIY MAJLISI SENATI AʼZOSI” degan matn joylashtiriladi.
4. Deputat va senatorning guvohnomasi ichki soʻl tomonining chapdagi yuqori qismiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan, pastroqda esa — deputat yoki senatorning saylangan yili va vakolati tugaydigan yilni koʻrsatuvchi raqamlar joylashtiriladi.
5. Deputat va senatorning guvohnomasi soʻl tomonining oʻngdagi yuqori qismiga bir satrda “OʼZBEKISTON RESPUBLIKASI” soʻzlari, pastroqda “GUVOHNOMA” soʻzi yozilgan boʻlib, undan oʻngroqda guvohnomaning tartib raqami qoʻyiladi.
Ushbu matndan pastroqda alohida satrda deputat yoki senatorning familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek uch satrda lotin harflarida “Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati” yoki “Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosi” degan matn joylashtiriladi.
6. Guvohnoma ichki oʻng tomonining chap qismida deputat yoki senatorning 30x40 millimetr kattalikdagi rangli fotosurati joylashtiriladi. Fotosurat oʻng tomonining pastki burchagiga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining gerbli muhri bosiladi.
Guvohnoma ichki oʻng tomonining yuqori qismida bir satrda: “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI” soʻzlari, pastroqda bir satrda “GUVOHNOMA” soʻzi joylashgan boʻlib, undan oʻngroqda guvohnomaning tartib raqami qoʻyiladi.
Ushbu matndan pastroqda alohida satrda deputat yoki senatorning familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek uch satrda: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati” yoki “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosi” degan matn joylashtiriladi.
7. Deputat yoki senatorning fotosurati tagiga: “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi” degan matn joylashtiriladi. Markaziy saylov komissiyasining Raisining imzosi, ismining bosh harfi va familiyasi qoʻyiladi.
Guvohnomaning ichki oʻng tomonidagi matnlar kirill harflarida yoziladi.
8. Guvohnomaning ichki tomonlari och sargʻish rangdagi maxsus qogʻozdan tayyorlangan va shaffof plyonka bilan qoplangan.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi rangli tasvirda bosiladi. Deputat va senator saylangan yilini hamda vakolati tugaydigan yilni koʻrsatuvchi raqamlar, lotin harflarida va kirill harflarida yozilgan “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI” soʻzlari, gerbli kichik muhr qizil rangda, qolgan matn esa qora rangda beriladi.
Guvohnomaning ichki oʻng tomonida deputat va senatorning transportda bepul yurish huquqini beruvchi ilova varaqasi uchun maxsus qincha bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1018-son qaroriga
3-a ILOVA
3-a ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi guvohnomasining
N A M U N A S I
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1018-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasiga transportda bepul yurish huquqini beradigan ilova varaqasining
T A V S I F I
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) va Senati aʼzosi (bundan buyon matnda senator deb yuritiladi) guvohnomasining transportda bepul yurish huquqini beradigan ilova varaqasi 80x55 millimetr oʻlchamdagi oq rangdagi, och koʻk rangli tangir tushirilgan qattiq qogʻozdan tayyorlanadi.
2. Deputat, senator guvohnomasining ilova varaqasi old tomoni chap qismining yuqorisda qizil rangda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan. Gerbning oʻng tomonidan uch catrda: “OʻZBEKISTON OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI DEPUTATI” yoki “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING SENATI AʼZOSI” degan matn joylashgan soʻzlari bor.
3. Guvohnoma ilova varaqasining qolgan matni qora rangda bosiladi.
Ilova varaqasining old tomoni oʻng qismining yuqorisida guvohnomaning tartib raqami va “GUVOHNOMAGA” degan yozuv joylashadi. Mazkur matnning yuqorisida deputat yoki senator ismining bosh harfi hamda familiyasi qoʻyiladi. Undan soʻng ilova varaqasida quyidagi mazmundagi matn joylashtiriladi:
“Deputat, senator Oʻzbekiston Respublikasi hududida havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻlovchilar transportida (taksi va shahar yoʻlovchilar transporti bundan mustasno) tekin yurish huquqidan foydalanadi.
Deputat, senator aeroportlar va aerovokzallar, temir yoʻl vokzallari hamda stansiyalarining rasmiy shaxslar va delegatsiyalar uchun moʻljallangan zallaridan tekin foydalanish huquqiga ega.
Deputat, senator oʻz guvohnomasini koʻrsatganidan keyin temir yoʻl vokzallari va stansiyalarining chipta sotadigan kassalari, fuqaro aviatsiyasi agentligi yoki aeroportlar unga poyezdning yotoqli yoki yumshoq oʻrindiqli vagonidan, samolyot salonidan navbatsiz joy berishlari shart. Deputat, senator palataning majlisiga borayotganda unga samolyot chiptasi parvozdan kamida ikki soat oldin, boshqa hollarda esa, kamida bir sutka oldin beriladi.
Chiptasida oʻrindiqning tartib raqami ham koʻrsatiladigan shaharlararo; shuningdek shahar atrofiga qatnaydigan avtobuslarda deputat, senator avtovokzallar va avtostansiyalarning kassalaridan navbatsiz olinadigan tekin chipta bilan yuradi. Qolgan barcha hollarda deputatning, senatorning yoʻlovchilar transportida yurishi (taksi va shahar yoʻlovchilar transporti bundan mustasno) deputatning, senatorning guvohnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Deputat, senator har bir transport turida amalda boʻlgan normalarga mos qoʻl yukini tekin olib yurish huquqiga ega.
Transport tashkilotlari bilan hisob-kitob qilish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi”.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1018-son qaroriga
4-a ILOVA
4-a ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasiga transportda bepul yurish huquqini beradigan ilova varaqasining
N A M U N AS I
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020-yil 6-yanvardagi 1018-son qaroriga
5-ILOVA
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida” 2005-yil 24-yanvardagi 247-son qarori.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida” 2005-yil 24-yanvardagi 248-son qarori.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida” 2005-yil 24-yanvardagi 249-son qarori.