Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisida
Quyida Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi:
Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi toʻgʻrisida 1991-yil 31-avgustdagi Qonuniga va Tojikiston Respublikasining davlat suvereniteti haqida 1990-yil 31-avgustdagi Deklaratsiyaga, Tojikiston Respublikasining davlat mustaqilligi toʻgʻrisida 1991-yil 9-sentabrdagi Bayonotga asoslanib,
oʻzbek va tojik xalqlarining tarixiy taqdiri ajralmas yaqinligiki hamda Oʻzbekiston bilan Tojikiston xalqlari oʻrtasida tartib topgan siyosiy, iqtisodiy madaniy, ilmiy va boshqa xil aloqalarini mustahkamlashga, qardoshlarcha doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, hamkorlik va oʻzaro yordam munosabatlarini rivojlantirishga boʻlgan azmu-qarorni hisobga olib,
oʻz munosabatlarini ikkala davlat xalqlarining davlat mustaqilligini, oʻz taqdirini oʻzi belgilashga boʻlgan daxlsiz huquqini oʻzaro eʼtirof etish va hurmat qilish, teng huquqlik va bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik, tazyiqning iqtisodiy va boshqa har qanday usullaridan voz kechish, nizoli muammolarni kelishuv vositalari bilan bartaraf etish prinsiplari xalqaro huquqning hamma eʼtirof ztgan boshqa koidalari va meʼyorlari asosida rivojlantirishga intilib,
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro foydali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash ikkala davlat xalqlarining tub milliy manfaatlariga muvofiq keladi, deb hisoblab,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavi, Xelsinki Yakunlovchi Akti, yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi hamda Yevropa va Osiyo havfsizlik va hamkorlikka oid boshqa asosiy hujjatlarning maqsad va prinsiplariga oʻzlarining sodiqligini tasdiqlab, quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarda mustaqil, teng huquqli, doʻst davlatlar sifatida harakat qiladilar va oʻz munosabatlarini davlat suverenitetini hurmat qilish, bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik qoidalari asosida rivojlantiradilar.
2-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasining hududiy yaxlitligini va hozirgi mavjud chegaralarining buzilmasligini tan oladilar va hurmat qiladilar.
3-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar inson huquqlari va asosiy erkinliklarini taʼminlaydilar, oʻz fuqarolarining millati, jinsi, tili, dini yoki boshqa tafovutlaridan qatʼiy nazar ularga teng huquqlar va erkinliklarni kafolatlaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonning har biri oʻz hududida yashovchi ikkinchi Tomon fuqarolarining millatidan, diniy eʼtiqodi, yoki oʻzgacha tafovutlaridan qatʼiy nazar ularga inson huquqlari toʻgʻrisidagi umum eʼtirof etilgan xalqaro meʼyorlarga muvofiq fuqarolik, ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalardagi huquq va erkinliklarni kafolatlaydi.
4-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro huquq meʼyorlariga muvofiq ozchilikdan iborat boʻlgan millatlarni huquqlari va manfaatlarini kafolatlaydilar, ularga oʻzlarining etnik, madaniy, til, din sohasidagi oʻziga xos xususiyatlarni saqlab qolish va rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni taʼminlaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Tojikiston Respublikasida yashovchi oʻzbeklarning va Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi tojiklarning oʻz milliy madaniyati va tilini saqlab qolish hamda rivojlantirishga boʻlgan huquqini taʼminlaydilar va bu sohadagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
5-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, insonparvarlik va ekologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytiradilar va chuqurlashtiradilar.
6-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida, xalqaro tashkilotlarning ishida bahamjihat harakat qiladilar, qurolsizlanish jarayonini davom ettirishga, kollektiv xavfsizlik tizimlarini vujudga keltirish va mustahkamlashga, Oʻrta Osiyo-Qozogʻiston mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga koʻmaklashadilar. Tomonlar bir-birini qiziqtiruvchi masalalar boʻyicha muntazam suratda maslahatlashuvlar oʻtkazib turadilar.
7-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiy sohada teng huquqli va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantiradilar, umumiy iqtisodiy makon va Yevroosiyo bozori shakllanishiga koʻmaklashadilar. Tomonlar iqtisodiy islohotlarni, jumladan, strukturaviy, pul-kredit, valyuta, soliq va narx siyosatini amalga oshirish chogʻida oʻz harakatlarini muvofiqlashtiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning iqtisodiy va savdo munosabatlari oʻzaro eng koʻp qulaylik sharoitini yaratib borish asosida quriladi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiy, savdo, ilmiy-texnikaviy sohalardagi munosabatlar quyidagi pogʻonalarda rivojlanishini taʼminlaydilar:
davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, mahalliy davlat maʼmuriyati;
hududiy va mahalliy oʻzini-oʻzi boshqaruv organlari;
banklar va moliya tizimi;
korxonalar, birlashmalar, tashkilotlar va muassasalar;
qoʻshma korxonalar va tashkilotlar;
xususiy tadbirkorlar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar boj sohasida oʻzaro kelishilgan siyosatni oʻtkazadilar, oʻz hududlarida tovarlar, sarmoyalar va xizmatlarning erkin harakatini taʼminlaydilar, har bir davlatning tartibga soladigan ularning ayrim turlari bundan mustasnodir.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiy axborotni ayirboshlashda hamkorlik qiladilar. Ular har birining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qilishi mumkin boʻlgan iqtisodiy sohadagi qarorlar toʻgʻrisida bir-birlarini oldindan xabardor qiladilar, Tomonlarning iqtisodiy ahvolini izdan chiqaruvchi bir tomonlama chora-tadbirlarni amalga oshirishdan tiyilib turadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, jumladan, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida, oʻzaro mahsulot yetkazib berish va xizmatlar, toʻlovlar, narxlar hamda qimmatboho qogʻozlarning harakati toʻgʻrisida, shuningdek jahon narxlari boʻyicha oʻzaro hisob-kitobga oʻtish muddatlari va shartlari toʻgʻrisida alohida-alohida bitimlar toʻzadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro iqtisodiy, moliyaviy hamda boshqa tashkilotlar va muassasalarda bahamjihat harakat qiladilar.
8-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tadbirkorlik faoliyati hamda boshqa xoʻjalik faoliyati uchun qulay iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy shart-sharoitlarni, jumladan, sarmoyalar ragʻbatlantirilishi va oʻzaro himoya qilinishini taʼminlaydilar. Tomonlarning fuqarolari, korxonalari, ularning birlashmalari va boshqa iqtisodiy hamkorlik subyektlari oʻrtasidagi turli kooperatsiya shakllarini va bevosita aloqalarini har tomonlama ragʻbatlantiradilar.
9-modda.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan birining ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan davlat mulkining, yuridik shaxs va fuqarolari mol-mulkining huquqiy tartibi mulk joylashgan Tomoning qonunlari bilan yoʻlga solib turiladi. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarining har biri va hududida ikkinchi tomonning mulkka egalik huquqini kafolatlaydi.
Bir Tomonning ikkinchi Tomon hududida joylashgan mol-mulkiga taalluqli masalalar alohida bitimlar bilan yoʻlga solinadi.
10-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar energetika, axborot, barcha aloqa turlari, shu jumladan, sunʼiy yoʻldosh aloqasi va telekommunikatsiya sohasida xamkorlik qiladilar, mazkur sohalarda tarkib topgan komplekslar hamda yagona tizimlarni saqlab qolishga, ulardan oqilona foydalanishga va ularni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
11-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har bir Tomon sanoatining asosiy tarmoqlarini va agro-sanoat kompleksi tarmoqlarini eng maqbul tarzda rivojlantirishni taʼminlash ishida, shuningdek seysmologiya va zilzilaga bardoshli qurilish sohasida hamkorlik qiladilar.
12-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar transport sohasida iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantiradilar va kuchaytiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz hududida joylashgan havo portlari, temir yoʻl va avtomobil tarmogʻi hamda quvurlar orqali ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonning transport ishlari bajarishini, shuningdek alohida bitimlarda koʻzda tutilgan shartlarda ikkinchi Tomonning passajirlari va yuklari erkin ravishda hamda boj haqi olinmay oʻtishini taʼminlaydi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Osiyo qitʼasi boʻylab oʻtadigan temir yoʻl va avtomobil magistralini barpo etishda Tomonlarning iqtisodiy imkoniyatidan foydalanish, shuningdek tranzit yuk tashish sohasida, xamkorlikni rivojlantirish zarurligini tasdiqlaydilar.
13-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar taʼlim, fan va texnika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar, oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot va loyiha konstruktorlik muassasalari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni ragʻbatlantiradilar, ayniqsa fan, texnika va ilgʻor texnologiyaning ustuvor tarmoqlarida birgalikdagi dasturlar va ishlanmalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar kadrlar tayyorlash, bir-birlariga olimlar, mutaxassislar, aspirantlar va studentlarni yuborish uchun qulay sharoitlar yaratib, maʼlumot, ilmiy unvonlar va darajalar toʻgʻrisidagi Tomonlarni diplomlarini tan oladilar.
14-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar madaniyat, sanʼat, taʼlim, turizm va sport sohalarida hukumat va nohukumat tashkilotlari, muassasalari hamda xususiy shaxslar oʻrtasidagi hamkorlik va muloqotlariga butun choralar bilan koʻmaklashadilar, erkin axborot ayirboshlashga imkoniyat yaratadilar. Tomonlar ushbu masalalar boʻyicha alohida bitim toʻzadilar.
15-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot fani va amaliyotini rivojlantirish, uning moddiy texnikaviy bazasini mustahkamlashda hamkorlik qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar bir Tomonning aholisi davolanishi va maslahat yordami olishi uchun ikkinchi Tomonning noyob va ixtisoslashtirilgan tibbiy sogʻlomlashtirish muassasalaridan foydalanish huquqini saqlab qoladilar.
16-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz fuqarolarini boshqa mamlakatlarga borishlarini va u yerdan kelishlari uchun kerak boʻlgan oʻzaro kelishilgan tartibki taʼminlaydilar. Tomonlar boshqa mamlakatlarning fuqarolari ularning hududiga kelishi va ketishini tartibga soluvchi oʻzaro kelishilgan tadbirlar turkumini ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar. Ular ruxsatnoma berish tartibi masalalari yuzasidan alohida bitimlar toʻzadilar.
17-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Tomonlardan har birining boshqa Tomon hududidagi fuqarolarini nafaqa bilan taʼminlash masalalarini maxsus bitim bilan tartibga soladilar.
18-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalarga muvofiq ish koʻrib, ekologik xavfsizlikni taʼminlashga ustun darajada ahamiyat beradilar. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va tabiatdan oqilona foydalanishni taʼminlash uchun zarur choralarni koʻradilar. Ular tabiatni muhofaza qilishga oid birgalikdagi maxsus dasturlar va loyihalarni ishlab chiqishga hamda amalga oshirishga koʻmaklashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Orol dengizi va Orolboʻyi rayonlaridagi ekologik falokatni keng miqyosdaligini aniqlagan holda uning oqibatlarini bartaraf etish sohasida kuch-gʻayratlarini birlashtiradilar va muvofiqlashtiradilar, bu sohadagi xalqaro hamda mintaqaviy dasturlarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda hamkorlik qiladilar.
19-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri aholining hayot faoliyati uchun xavf tugʻdiradigan ekologik falokatlar va tabiiy vaziyatlarda ikkinchi Tomonga shoshilinch yordam beradi.
20-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro kelishilgan mudofaa siyosatini oʻtkazishda, davlat chegaralarini qoʻriqlashda, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda hamkorlik qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlararo munosabatlarda kuch ishlatish yoki kuch ishlatish bilan dagʻdagʻa qilishga yoʻl qoʻymaslik, boshqa Tomonga qarshi qaratilgan uyushmalarga aʼzo boʻlmaslik, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har siri uchun yuzaga kelgan xavfni bartaraf etishga oid oʻz pozitsiyalarini muvofiqlashtirish va choralar koʻrish maqsadida xalqaro xavfsizlikning barcha masalalari yuzasidan darhol maslahatlashuvlar oʻtkazish majburiyatlarini oladilar. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan biriga qarshi bosqinchilik harakati sodir etilgan taqdirda ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomon unga zarur yordam, jumladan, harbiy yordam beradi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri uning hududi, kommunikatsiyalar tizimi va boshqa infrastrukturasi ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonga qarshi tajovuz yoki oʻzga xil zoʻravonlik harakatlariga tayyorgarlik koʻrish yoxud uni amalga oshirish maqsadida uchinchi davlatlar tomonidan foydalanishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini oladilar.
Oliy ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro xavfsizlik toʻgʻrisida bir-birlari bilan Shartnoma tuzadilar.
21-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar respublikalarning Qurolli Kuchlarini tuzishda, harbiy sanoatni rivojlantirishda va uni konversiyalashda, harbiy sohada texnologiyalarni, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini ayirboshlashda hamkorlik qiladilar.
22-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar hududiy hamkorlikni, huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va ulardan foydalanish sohasida muntazam axborot ayirboshlashni amalga oshiradilar, xalqaro huquqqa oid hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish yuzasidan kuch-gʻayratlarini birlashtiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonning hududida istiqomat qilayotgan oʻz fuqarolarining huquqlarini hishoya qilish uchun zarur boʻlgan fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlarga oid huquqiy yordam toʻgʻrisida shartnoma konsullik bitimi va boshqa hujjatlarni tuzadilar.
23-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar uyushgan jinoyatchilikka, terrorizmga va kontrabandaga, narkotik moddalar va qurol-yarogʻlar gʻayriqonuniy ravishda olib kelinishi va olib ketilishiga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar.
24-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro hayotning va ikkitomonlama munosabatlarning eng muhim muammolari, oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashish maqsadida davlat rahbarlari, parlamentlar, hukumatlar, boshqa davlat idoralari oʻrtasida muntazam uchrashuvlar oʻtkazib turadilar.
25-modda
Mazkur Shartnoma boshqa davlatlarga qarshi qaratilmagan hamda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar qatnashgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquqlari va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
26-modda
Ushbu Shartnoma moddalarini tadqiq etish va bajarish xususida bahslar paydo boʻlgan taqdirda, Tomonlar ularni Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi maslahatlashuvlar va muzakoralar yoʻli bilan hal etadilar.d
27-modda
Ushbu Shartnomaning qoidalari Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida toʻldirilishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.
28-modda
Mazkur Shartnoma Ratifikatsiya qilinadi va Ratifikatsiya Yorliqlari ayirboshlangan kundan kuchga kiradi.
29-modda
Mazkur Shartnoma oʻn yil muddatga tuziladi, Agar Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan biri joriy oʻn yillik davr tugashidan kamida olti oy ilgari uni bekor qilish istagi toʻgʻrisida ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, Shartnomaning amal qilishi kelgusi oʻn yillik davrga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Shartnoma Toshkent shahrida 1993-yil 4-yanvarda ikki nusxada, har biri oʻzbek va tojik tillarida tuzildi, har ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)