Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini Oliy Majlisga taqdim etish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Rais B. Mustafoyev sudyalar B. Mirboboyev, U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasiga amal qilgan holda, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini Oliy Majlisga taqdim etish haqidagi masalani ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Ishni koʻrishga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari B. Mirboboyev, U. Bozorov va G. Pirjanovlarning Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 536-moddasining birinchi, ikkinchi va beshinchi qismlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi 164-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish zarur deb hisoblab “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq kiritgan tashabbusi asos boʻldi.
Maʼruzachi Konstitutsiyaviy sud Raisi B. Mustafoyevning axborotini, sudyalar B. Mirboboyev, U. Bozorov, G. Pirjanov, S. Hakimovalarning fikrlarini eshitib, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi aniqladi:
1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Qonun bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 2, 5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 11 va 23-moddalar; № 9-10, 165 va 182-moddalar; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda) 536-moddasining birinchi, ikkinchi va beshinchi qismlariga, Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 6, 175-modda) 164-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish lozimligi aniqlandi.
Yuqorida bayon qilinganlarga asoslanib va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 25 va 26-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qildi:
Qonunchilik tashabbusi tartibida quyidagi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etilsin.
Konstitutsiyaviy sud
taqdim etgan loyiha
taqdim etgan loyiha
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
I. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 2, 5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda, 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6,102-modda; № 9,181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 11 va 23-moddalar, № 9-10, 165 va 182-moddalar; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda):
536-moddasining:
birinchi qismi “maʼmuriyatining taqdimnomasiga” degan soʻzlardan keyin “yoxud mahkumning, uning himoyachisining iltimosnomasiga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
ikkinchi qismi “qoʻmondonligining taqdimnomasiga” degan soʻzlardan keyin “yoxud mahkumning, uning himoyachisining iltimosnomasiga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
beshinchi qismidagi “yuzasidan taqdim etilgan” degan soʻzlar “boʻyicha taqdimnoma yoki” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
II. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 6, 175-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda):
164-moddasining:
ikkinchi qismidagi “soʻng” degan soʻzdan keyin “mahkumning oʻzi yoki uning himoyachisi sudga bevosita iltimosnoma bilan murojaat qilmagan taqdirda” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
uchinchi qismidagi “advokati” degan soʻz “himoyachisi” degan soʻz bilan almashtirilsin”.
Toshkent sh.,
2003-yil 4-noyabr