Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 22-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3030-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/18-son qarori (roʻyxat raqami 3030, 2018-yil 2-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2018-yil 9-iyul, 27-son, 553-modda) bilan tasdiqlangan Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisida nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank Raisining birinchi oʻrinbosari I. NORQULOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-oktabr,
26/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 26-oktabrdagi 26/2-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Quyidagi mazmundagi 365-band bilan toʻldirilsin:
“365. Bank qarz oluvchining va (yoki) garovga qoʻyuvchining sugʻurta kompaniyasi va (yoki) baholovchini tanlash huquqini cheklamasligi lozim.”.
2. Quyidagi mazmundagi 373 va 374-bandlar bilan toʻldirilsin:
“373. Qarz oluvchi-yuridik shaxsning xorijiy valyutada kredit olishga boʻlgan tanlovi va bunday tanlovga koʻra xorijiy valyuta kursining oʻzgarishi natijasida xorijiy valyutada olingan kredit boʻyicha milliy valyutadagi qarz yukining oshishi bilan bogʻliq ravishda kelib chiqadigan oqibatlar bank va qarz oluvchi oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasida aks ettirilishi shart.
374. Bank qarz oluvchi tomonidan shartnomaga asosan kredit (qarz) boʻyicha qarzdorlik summasini toʻlash majburiyati toʻliq bajarilgan sanadan boshlab uch ish kunidan kechiktirmagan holda mazkur qarz boʻyicha:
garovda turgan mulkni taqiqdan chiqarish;
garov sifatida boʻlgan mol-mulkka nisbatan bankning huquqlari toʻgʻrisidagi yozuvni garov reyestridan chiqarish choralarini koʻrishi shart.”.
3. Quyidagi mazmundagi 381 — 383-bandlar bilan toʻldirilsin:
“381. Bank tomonidan mijozning bank hisobvaragʻi va (yoki) bank omonati, shu jumladan, bank kartalari boʻyicha (bank kartalaridan foydalanayotgan paytda “PIN-kod”ni notoʻgʻri terilishi oqibatida blokirovkaga tushgan holatlar bundan mustasno) amaliyotlar toʻxtatib qoʻyilganda, bank amaliyot toʻxtatilgan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda hisobvaraq yoki omonat egasiga uning hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatish toʻxtatilganligi va uning sabablari yuzasidan xabarnoma (maʼlumotnoma) yuborishi shart.
382. Bank tomonidan kreditlar, mikroqarzlar va lizing boʻyicha qarzdorliklarni soʻndirish uchun bank hisobvaragʻi va (yoki) bank omonatidan (shu jumladan, bank kartalari boʻyicha) mablagʻlar hisobvaraq (omonat) egasining topshirigʻisiz hisobdan chiqarilganda, bank ushbu mablagʻ hisobdan chiqarilgan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda hisobvaraq (omonat) egasiga uning hisobvaragʻidan qancha miqdordagi mablagʻ qanday sabablarga asosan va kimning foydasiga chiqarilganligini koʻrsatgan holda xabarnoma (maʼlumotnoma) yuborishi shart.
383. Mazkur Nizomning 381 va 382-bandlarida nazarda tutilgan xabarnomalar (maʼlumotnomalar) mijozlarga shaxsan, pochta yoki elektron aloqa vositalari va boshqa kommunikatsiya kanallari orqali topshirilishi mumkin. Xabarnomani (maʼlumotnomani) olish usuli isteʼmolchi tomonidan mustaqil ravishda tanlanadi va tanlangan usul bank hisobvaragʻi yoki omonati shartnomasida koʻrsatilishi lozim. Mijoz xabarnoma (maʼlumotnoma) yetkazish usulini bankka shaxsan yoki pochta orqali yozma ariza taqdim etish yoʻli bilan oʻzgartirish huquqiga ega. Bunda mijozdan qabul qilingan ariza bank tomonidan uning bank hisobvaragʻi boʻyicha yigʻmajildida yoki omonat hisobvaraqlari boʻyicha alohida kartotekada saqlanadi.
Xabarnomani (maʼlumotnomani) mijozga yetkazish usuli oʻzgarganligi munosabati bilan bank hisobvaragʻi yoki omonati shartnomasiga oʻzgartirishlar kiritish talab etilmaydi.”.
4. Quyidagi mazmundagi 501-band bilan toʻldirilsin:
“501. Bankning mansabdor shaxslari tomonidan shaxsiy qabulni oʻtkazishga doir talab bilan jismoniy shaxslardan va yuridik shaxslarning vakillaridan yozma murojaatlar kelib tushganda, bank ushbu murojaatlar kelib tushgan sanadan boshlab 7 kundan kechiktirmagan holda ushbu shaxslarga bankning mansabdor shaxslariga qabul sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda qabul belgilanganligi, shuningdek qabulni amalga oshiradigan bank mansabdor shaxslarining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimini koʻrsatgan holda xabarnoma yuborishi lozim.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 10/19/3030-3/4059-son)