O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 22-noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3030-3]
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/18-son qarori (ro‘yxat raqami 3030, 2018-yil 2-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2018-yil 9-iyul, 27-son, 553-modda) bilan tasdiqlangan Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida nizomga ilovaga muvofiq qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank Raisining birinchi o‘rinbosari I. NORQULOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-oktabr,
26/2-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 26-oktabrdagi 26/2-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan qo‘shimchalar
1. Quyidagi mazmundagi 365-band bilan to‘ldirilsin:
“365. Bank qarz oluvchining va (yoki) garovga qo‘yuvchining sug‘urta kompaniyasi va (yoki) baholovchini tanlash huquqini cheklamasligi lozim.”.
2. Quyidagi mazmundagi 373 va 374-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“373. Qarz oluvchi-yuridik shaxsning xorijiy valyutada kredit olishga bo‘lgan tanlovi va bunday tanlovga ko‘ra xorijiy valyuta kursining o‘zgarishi natijasida xorijiy valyutada olingan kredit bo‘yicha milliy valyutadagi qarz yukining oshishi bilan bog‘liq ravishda kelib chiqadigan oqibatlar bank va qarz oluvchi o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasida aks ettirilishi shart.
374. Bank qarz oluvchi tomonidan shartnomaga asosan kredit (qarz) bo‘yicha qarzdorlik summasini to‘lash majburiyati to‘liq bajarilgan sanadan boshlab uch ish kunidan kechiktirmagan holda mazkur qarz bo‘yicha:
garovda turgan mulkni taqiqdan chiqarish;
garov sifatida bo‘lgan mol-mulkka nisbatan bankning huquqlari to‘g‘risidagi yozuvni garov reyestridan chiqarish choralarini ko‘rishi shart.”.
3. Quyidagi mazmundagi 381 — 383-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“381. Bank tomonidan mijozning bank hisobvarag‘i va (yoki) bank omonati, shu jumladan, bank kartalari bo‘yicha (bank kartalaridan foydalanayotgan paytda “PIN-kod”ni noto‘g‘ri terilishi oqibatida blokirovkaga tushgan holatlar bundan mustasno) amaliyotlar to‘xtatib qo‘yilganda, bank amaliyot to‘xtatilgan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda hisobvaraq yoki omonat egasiga uning hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilganligi va uning sabablari yuzasidan xabarnoma (ma’lumotnoma) yuborishi shart.
382. Bank tomonidan kreditlar, mikroqarzlar va lizing bo‘yicha qarzdorliklarni so‘ndirish uchun bank hisobvarag‘i va (yoki) bank omonatidan (shu jumladan, bank kartalari bo‘yicha) mablag‘lar hisobvaraq (omonat) egasining topshirig‘isiz hisobdan chiqarilganda, bank ushbu mablag‘ hisobdan chiqarilgan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda hisobvaraq (omonat) egasiga uning hisobvarag‘idan qancha miqdordagi mablag‘ qanday sabablarga asosan va kimning foydasiga chiqarilganligini ko‘rsatgan holda xabarnoma (ma’lumotnoma) yuborishi shart.
383. Mazkur Nizomning 381 va 382-bandlarida nazarda tutilgan xabarnomalar (ma’lumotnomalar) mijozlarga shaxsan, pochta yoki elektron aloqa vositalari va boshqa kommunikatsiya kanallari orqali topshirilishi mumkin. Xabarnomani (ma’lumotnomani) olish usuli iste’molchi tomonidan mustaqil ravishda tanlanadi va tanlangan usul bank hisobvarag‘i yoki omonati shartnomasida ko‘rsatilishi lozim. Mijoz xabarnoma (ma’lumotnoma) yetkazish usulini bankka shaxsan yoki pochta orqali yozma ariza taqdim etish yo‘li bilan o‘zgartirish huquqiga ega. Bunda mijozdan qabul qilingan ariza bank tomonidan uning bank hisobvarag‘i bo‘yicha yig‘majildida yoki omonat hisobvaraqlari bo‘yicha alohida kartotekada saqlanadi.
Xabarnomani (ma’lumotnomani) mijozga yetkazish usuli o‘zgarganligi munosabati bilan bank hisobvarag‘i yoki omonati shartnomasiga o‘zgartirishlar kiritish talab etilmaydi.”.
4. Quyidagi mazmundagi 501-band bilan to‘ldirilsin:
“501. Bankning mansabdor shaxslari tomonidan shaxsiy qabulni o‘tkazishga doir talab bilan jismoniy shaxslardan va yuridik shaxslarning vakillaridan yozma murojaatlar kelib tushganda, bank ushbu murojaatlar kelib tushgan sanadan boshlab 7 kundan kechiktirmagan holda ushbu shaxslarga bankning mansabdor shaxslariga qabul sanasi va vaqti ko‘rsatilgan holda qabul belgilanganligi, shuningdek qabulni amalga oshiradigan bank mansabdor shaxslarining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimini ko‘rsatgan holda xabarnoma yuborishi lozim.”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 10/19/3030-3/4059-son)