Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING 1992-YILGI 12 FOIZLI IChKI YuTUQLI ZAYoMI OBLIGATSIYALARINI MUOMALAGA ChIQARISh ChORA-TADBIRLARI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomi obligatsiyalarini muomalaga chiqarishni operativ taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat banki (oʻrtoq Mullajonov)ning 1992-yilning 20-iyuniga qadar birlashma tomonidan Davlat banki inkassatsiyasiga 1992-yilgi ichki yutuqli zayomi 01-nomerli razryadi obligatsiyalarining Oʻzbekiston jamgʻarmalar banki raznaryadkasiga binoan (1-ilova*) Oʻzbekiston jamgʻarmalar banki, Oʻzbekiston sanoat-qurilish banki va Oʻzbekiston agrosanoat bankining har bir muassasasiga va keyinchalik shu zayomning boshqa razryadlari obligatsiyalarini ana shunday tartibda yetkazishni taʼminlash haqidagi takliflari qabul qilinsin.
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston jamgʻarmalar banki:
ichki yutuqli zayom obligatsiyalarining saqlanishini va banklarning talabnomalariga binoan obligatsiyalar yetkazib berishni taʼminlasin;
Davlat xazinasidan Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi zayomi obligatsiyalarining kelishiga qarab oʻtkazilgan tirajlar boʻyicha yutuq chiqqan obligatsiyalarni bekor qilishga doir tegishli ishlarni tashkil etishni taʼminlasin;
yutuq chiqqan obligatsiyalarni ekspertiza qilishni va ularni yoʻqotishni amalga oshirsin;
zarur hujjatlarning formalarini ishlab chiqishni va ularni bank muassasalariga yetkazishni taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomi obligatsiyalari boʻyicha yutuqlar tirajlarini oʻtkazishning ilova qilinayotgan grafigi tasdiqlansin (2-ilova*).
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomi obligatsiyalarini sotish kurs qiymatining jadvali tasdiqlansin (3-ilova*).
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (oʻrtoq Boqiboyev):
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yilgi ichki yutuqli zayomi obligatsiyalarini muomalaga chiqarishni amalga oshirish, obligatsiyalar depozitini boshqarish ustidan hamma joyda nazorat oʻrnatsin;
1992-yilning 1-iyuliga qadar Oʻzbekiston jamgʻarmalar banki bilan birgalikda yutuqlar tirajlarini oʻtkazish Qoidasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda tirajlarni tasdiqlangan grafikka muvofiq oʻtkazishni taʼminlasin.
6. Bozor munosabatlari sharoitlarida zayom qiymatini saqlashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi, pulning qadrsizlanishini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining 12 foizli zayomi yutugʻining foizli stavkasini vaqti-vaqti bilan qayta koʻrib chiqsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, tiraj oʻtkaziladigan joydagi tegishli hokimlikning oʻrinbosari tiraj komissiyasining raisi etib tayinlanadi. Tiraj komissiyasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston jamgʻarmalar banki, Oʻzbekiston sanoat-qurilish banki, Oʻzbekiston agrosanoat banki:
aholi oʻrtasida 12 foizli ichki yutuqli zayomni ommalashtirish boʻyicha targʻibot-reklama va tushuntirish ishlarini olib borishni taʼminlasinlar. Shu maqsadda matbuotda maqolalar eʼlon qilinsin, mutaxassislarning radio, televideniye orqali chiqishlari uyushtirilsin;
targʻibot-reklama ishlarini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatish uchun joylarga masʼul xodimlarni yuborsinlar;
bank muassasalarini zayom obligatsiyalari bilan doimiy taʼminlash va ularni aholiga sotish ustidan nazorat oʻrnatsinlar.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, nohiyalar va shaharlar hokimliklari zayom shartlari va uning pul muomalasini barqarorlashtirishdagi ahamiyati boʻyicha keng reklama-tushuntirish ishlarini tashkil qilsinlar.
10. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning rahbarlari kasaba uyushmalari organlari bilan birgalikda mehnat jamoalarida jamgʻarma ishiga va obligatsiyalarni ommalashtirishga koʻmaklashish guruhlari tuzsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 15-iyun,
286-son