Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MURUVVAT YoRDAMI DASTURLARINI MUVOFIQLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-iyuldagi 268-sonli “Muruvvat yordamidan va begʻaraz texnik koʻmakdan maqsadli foydalanilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Muruvvat yordami yuklarini qabul qilish, hisobga olish, transportda tashish, qoʻriqlash, omborga joylashtirish, taqsimlash va ulardan foydalanishni nazorat qilishni takomillashtirish, shuningdek, muruvvat yordami boʻyicha amalga oshirilayotgan dasturlarni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi muruvvat yordami boʻyicha respublika komissiyasining tarkibi va komissiyaning doimiy ishlovchi ishchi guruhi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-2-ilovalar berilmaydi.
2. Respublika komissiyasiga muruvvat yordami yuklarini qabul qilish, taqsimlash, ularning sanitariya va bojxona xavfsizligi nazoratiga rioya qilinishini tashkil etish, shuningdek, muruvvat yordami koʻrsatuvchi xalqaro xayriya tashkilotlarining dasturlarini muvofiqlashtirish yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasiga keltirilayotgan muruvvat yordamini qabul qilish, transportda tashish, taqsimlash va ularni nazorat qilish hamda muruvvat yordami dasturlarini muvofiqlashtirish tartibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari muruvvat yordami komissiyalarini tuzsinlar va ularga muruvvat yordamini qabul qilish, transportda tashish, taqsimlash va nazorat qilishning belgilangan tartibini amalga oshirishni taʼminlash masʼuliyatini yuklasinlar.
5. Vazirlar Mahkamasi binosida Respublika komissiyasi ishchi guruhining faoliyat koʻrsatishi uchun joy, zarur asbob-uskunalar va aloqa vositalari ajratilsin.
6. Tashqi ishlar vazirligi:
muruvvat yordami yuklarini kuzatib boruvchi va muruvvat yordami dasturlari doirasida ishlarni tashkil etuvchi hamda ijtimoiy sohada begʻaraz texnikaviy koʻmaklashuvchi shaxslarga haq olmasdan viza bersin;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻz faoliyatini muruvvat yordami dasturlari va ijtimoiy sohada begʻaraz texnikaviy koʻmaklashish doirasida amalga oshirayotgan xalqaro tashkilotlarni, ularning xodimlarini diplomatik korpusning texnik xodimlariga tenglashtirilgan holda, akkreditatsiyadan oʻtkazsin;
Respublika komissiyasiga yangidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan xalqaro xayriya va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar roʻyxatini oʻz vaqtida taqdim etsin.
7. Ichki ishlar vazirligi:
muruvvat yuklarini transportda tashishda qoʻriqlash va kuzatib borish tadbirlarini taʼminlasin;
muruvvat yordami dasturlari va ijtimoiy sohada begʻaraz texnikaviy koʻmaklashish doirasida ishlovchi chet el fuqarolarining milliy pasportlarini haq olmasdan roʻyxatdan oʻtkazsin.
8. Adliya vazirligi xalqaro xayriya kompaniyalarini belgilangan tartibda jamoat tashkilotlari sifatida oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazsin.
9. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Respublika komissiyasiga muruvvat yordami yoʻli bilan keltirilayotgan dori-darmonlar va tibbiy texnika birinchi navbatda berilishi kerak boʻlgan muassasalar roʻyxatini har yili taqdim etsin;
tibbiy muruvvat yordami yuklarini “Dori-darmon” uyushmasi va “Oʻztibbiytexnika” respublika ishlab chiqarish birlashmasi omborlariga joylashtirsin;
oziq-ovqatdan iborat muruvvat yordami yuklarini sanitariya-bakteriologiya nazoratidan oʻtkazsin.
10. Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Mehnat vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qizil Yarim oy jamiyati Markaziy qoʻmitasi, “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston bolalar jamgʻarmasi, “Mahalla” va “Ekosan” xayriya jamgʻarmalari, Nogironlar jamiyati, Chernobilchilar jamiyati, Afgʻonistonda jang qilganlar jamiyati, boshqa jamoat tashkilotlari:
Respublika komissiyasini xalqaro xayriya tashkilotlari va jamgʻarmalari bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan dasturlar haqida xabardor qilib tursinlar;
Respublika komissiyasiga ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan muassasalar roʻyxati va shaxslar sonini har yili taqdim etsinlar.
11. “Oʻzbeksavdo” davlat-aksionerlik uyushmasi muruvvat yordami yoʻli bilan keltirilayotgan oziq-ovqat va sanoat yuklarini oʻz boʻlinmalari omborlariga bepul joylashtirsin.
12. Muruvvat yordami yuklari poshlinasiz keltirilishiga ruxsat berilsin, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining “Oʻztashqitrans” respublika tashqi savdo birlashmasi ularni haq olmasdan birinchi navbatda deklaratsiya qilsin.
13. Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi muruvvat yordami dasturlari va ijtimoiy sohada begʻaraz texnikaviy koʻmaklashish doirasida xalqaro tashkilotlarda ishlayotgan mutaxassislarga mehmonxonalarda yashaganliklari uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflarga muvofiq qoʻllashga ruxsat bersinlar,
14. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi, “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi muruvvat yuklarini aniq oluvchilarga oʻz vaqtida yetkazib bersinlar. Transport xizmatlari haqi muruvvat yordamini oluvchi tegishli vazirliklar, idoralar, tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan toʻlansin.
15. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-fevraldagi 50-F-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari I. X. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 25-aprel,
146-son
Oʻzbekiston Respublikasiga keltirilayotgan muruvvat yordamini qabul qilish, transportda tashish, taqsimlash va ularni nazorat qilish hamda muruvvat yordami dasturlarini muvofiqlashtirish
tartibi
I. Oʻzbekiston Respublikasida muruvvat yordami dasturlarini muvofiqlashtiruvchi organlar
1. Oʻzbekiston Respublikasida ijtimoiy sohadagi muruvvat va begʻaraz texnikaviy yordam dasturlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Muruvvat yordami boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etilgan.
2. Muruvvat yordami boʻyicha respublika komissiyasining oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, korxonalar va Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. Respublika komissiyasining protokoli qabul qilingan qarorlarning bajarilishi uchun asos hisoblanadi.
3. Komissiya oʻz faoliyatini oʻz huzurida tashkil etilgan ishchi guruh, hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar, jamoat tashkilotlari huzurida tashkil etilgan komissiyalar orqali amalga oshiradi.
4. Respublika komissiyasining ishchi guruhi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzbeksavdo” davlat-aksionerlik uyushmasi, “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda tashkil etiladi. Ishchi guruhga, shuningdek, muruvvat yordami yuklari yoki muruvvat yordami koʻrsatish va begʻaraz yordam berish dasturlari xususiyatiga bogʻliq ravishda boshqa vazirliklar va tashkilotlar vakillari ham jalb qilinadilar. Ishchi guruh, rahbariga paydo boʻladigan masalalarni tezkorlik bilan hal qilish uchun tegishli tashkilotlar va muassasalarga kirish huquqini beruvchi guvohnoma beriladi.
5. Ishchi guruh, muruvvat yordami yukini oluvchi bilan birgalikda koʻrsatib oʻtilgan yuklarni qabul qilishni, deklaratsiyalashni, transportda tashishni, qoʻriqlashni, omborga joylashtirishni, sanitariya-epidemiologiya va bojxona nazoratini taʼminlashni, yetkazib berishni hamda bu yuklardan joylarda foydalanilishini nazorat qilishni tashkil etishda qatnashadi.
6. Respublika komissiyasi aʼzolari Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining xodimlari bilan birgalikda Respublika komissiyasi tomonidan protokol tuzib tasdiqlanadigan muruvvat yordami yuklarini qabul qilish va taqsimlash hujjatlarini tayyorlash uchun muruvvat yordami koʻrsatayotgan donor mamlakatlar, BMT muassasalari, xalqaro xayriya tashkilotlari va firmalar vakillari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
7. Ishchi guruh, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda donor mamlakatlar va xalqaro xayriya tashkilotlari bilan muruvvat qoʻmaklashuvi va begʻaraz yordam boʻyicha loyihalarni, dasturlarni tayyorlashni amalga oshiradi, bu hujjatlar keyinchalik Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Ishchi guruh tomonidan muruvvat yordami dasturlari boʻyicha maʼlumotlar toʻplanadi va axborot banki tayyorlanadi.
II. Keltirilayotgan muruvvat yordamini qabul qilish, transportda tashish, taqsimlash va nazorat qilish tartibi
1. Vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlariga moʻljallanayotgan muruvvat yordami toʻgʻrisida xabar kelganda ular tomonidan:
Respublika komissiyasi xabardor qilinadi;
Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligida muruvvat yordamini kuzatib kelayotgan va tashkil etayotgan yoki ijtimoiy sohada muruvvat yordami dasturlari va begʻaraz texnikaviy yordamni amalga oshirayotgan shaxslarga viza berish, roʻyxatga olish rasmiylashtiriladi;
muruvvat yordami yuklari oʻz vaqtida deklaratsiyalanishi va poshlinasiz olib kirilishi uchun “Oʻztashqitrans” va Davlat soliq qoʻmitasi Bojxona bosh boshqarmasi boʻlinmalari muruvvat yordami yuklarining xususiyatlari va kelish muddatlaridan xabardor qilinadi.
2. Muruvvat yordami yuklari Toshkent, Nukus shaharlariga, viloyatlar markazlariga aviatsiya, temir yoʻl va avtomobil transportida keltirilganda tegishli transport va bojxona xizmatlari oluvchilarni yuklarning muruvvat yordami tusida ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni Respublika komissiyasiga taqdim etishlari zarurligidan xabardor qiladi.
3. Muruvvat yordami yuklari aeroportlar va temir yoʻl stansiyalariga keltirilganda transport-yuk tashish xizmatlari mazkur yuklarni qabul qilish, transportda tashish va saqlash qoidalari va texnologiyalariga rioya qilish yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlarni koʻradilar.
4. Oʻzbekiston Respublikasiga keltirilayotgan muruvvat yordamini qabul qilish, hisobga olish, saqlash va taqsimlash uchun javobgarlik muruvvat yordamini olayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar, vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
5. Aeroportlar, temir yoʻl stansiyalari, “Dori-darmon” uyushmasi, “Oʻztibbiytexnika” respublika ishlab chiqarish birlashmasi, “Oʻzbeksavdo” davlat-aksionerlik uyushmasi omborlarida turgan muruvvat yordami yuklaridan saqlanganligi, xabar qilinganligi, bojxona tadbirlari, deklaratsiyalash va boshqa xizmatlar uchun poshlina va yigʻimlar olinmaydi.
6. Muruvvat yordami yuklarini aeroportlar, temir yoʻl stansiyalaridan oluvchi omborigacha transportda tashish hokimliklar, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari va Respublika komissiyasi belgilagan oluvchilarning buyurtmanomalari boʻyicha “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi, “Oʻztashqitrans” tashqi savdo birlashmasi boʻlinmalari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari”, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Muruvvat yordami yuklari tashilganligi uchun haqni oluvchi toʻlaydi va bu xarajat keyinchalik tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar mablagʻlaridan qoplanadi.
7. Muruvvat yordami va begʻaraz yordam yuklari berayotgan tashkilotlar yuklarni Oʻzbekiston Respublikasiga “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi transportida keltirish toʻgʻrisida yordam soʻrab Respublika komissiyasiga murojaat qilganda transportda tashish haqini toʻlash masalalari Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda hal qilinadi.
8. Muruvvat yordami yoʻli bilan keltirilayotgan dori-darmonlar va tibbiy asbob-uskunalar “Dori-darmon” uyushmasi va “Oʻztibbiytexnika” respublika ishlab chiqarish birlashmasi omborlariga joʻnatiladi, bu yerda Sogʻliqni saqlash vazirligi farmakologiya qoʻmitasiga ulardan foydalanish uchun ruxsat soʻrab buyurtmanoma beriladi. Oziq-ovqatdan iborat muruvvat yordami yuklari “Goʻsht-sut”, “Baqqollik” respublika aksionerlik birlashmalarining tegishli omborlariga, boshqa yuklar “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasining tegishli omborlariga joʻnatiladi,
9. Muruvvat yordami yoʻli bilan keltirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi omborlarida isteʼmolchilarga berilishdan oldin ular isteʼmol qilishga yaroqliligi toʻgʻrisida xalqaro sertifikat mavjudligiga qaramasdan tanlab sanitariya-bakteriologiya nazoratidan oʻtkaziladi. Oziq-ovqat mahsuloti isteʼmolga yaroqsizligi aniqlangan hollarda mahsulotning bu turi ajratib olinadi va donor mamlakat oldindan xabardor qilingan holda Respublika komissiyasining qarori bilan yoʻq qilinadi.
10. Muruvvat yordami yuklarining respublika hududida transportda tashish chogʻida saqlanishini taʼminlash Ichki ishlar vazirligining tegishli transport organlari va Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalari zimmasiga yuklanadi.
11. Muruvvat yordami yuklari donor mamlakatlar, muruvvat koʻrsatuvchi tashkilotlar va agentliklardan ijtimoiy va texnik koʻmaklashish doirasida maqsadli olinganda yordamni oluvchilar 10 kun muddatda barcha saqlash tadbirlariga, shu jumladan bojxona tadbirlariga, sanitariya-epidemiologiya va farmakologiya nazoratiga rioya qilinishi uchun muruvvat yordami toʻgʻrisidagi axborotni Respublika komissiyasiga taqdim etadilar.
12. Oluvchi maqsadli muruvvat yordami yuklarini olganda va ijtimoiy sohada muruvvat yordami dasturi va begʻaraz texnikaviy koʻmaklashish doirasidagi tadbirlarni amalga oshirganda viloyat va idoraviy komissiyalar tomonidan koʻrsatilayotgan yordamdan foydalanish samaradorligi nazorat qilinadi va baholanadi.
13. Muruvvat yordami yuklarini taqsimlashda Respublika komissiyasi aholining tegishli ashyolar bilan taʼminlanganligi, ijtimoiy himoyalanganlikni kuchaytirish prinsipidan kelib chiqadi, shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qizil Yarim oy jamiyati, xayriya jamgʻarmalari va jamoat tashkilotlari ehtiyojlarini hisobga oladi.
14. Keltirilayotgan muruvvat yordami yuklaridan zaxira jamgʻarmasi respublika komissiyasining qaroriga koʻra Qizil Yarim oy jamiyati Markaziy qoʻmitasi huzurida tashkil etiladi.
15. Respublika komissiyasiga har yili:
Sogʻliqni saqlash vazirligining muruvvat yordami koʻrsatilishi kerak boʻlgan muassasalari roʻyxati;
Ijtimoiy taʼminot vazirligining muruvvat yordami koʻrsatilishi zarur boʻlgan internat-uylari va tibbiy muassasalari roʻyxati;
Qizil Yarim oy jamiyati xizmat koʻrsatayotgan yolgʻiz keksa fuqarolar, urush va Mehnat faxriylari, nogironlar, baynalmilalchi jangchilar, koʻp bolali oilalar kontingenti, jamiyatning davolash-profilaktika va boshqa muassasalari roʻyxati, shuningdek, favqulodda hollarda ishlatish uchun zarur boʻlgan dori-darmonlar, oziq-ovqatlar va asbob-uskunalar hajmi va roʻyxati;
Oʻzbekiston bolalar jamgʻarmasi mutasaddi boʻlgan bolalar uylari, koʻp bolali va kam taʼminlangan oilalarning bolalari roʻyxati;
“Sogʻlom avlod uchun”, “Mehr-shafqat”, “Ekosan”, “Mahalla” jamgʻarmalari, Nogironlar jamiyati, Chernobilchilar jamiyati orqali muruvvat yordami koʻrsatilishi kerak boʻlgan shaxslar kontingenti va muassasalar roʻyxati taqdim etiladi.
16. Muruvvat yordami yuklari bevosita isteʼmolchilar tomonidan olingandan keyin hokimliklar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi muruvvat yordami komissiyalari bir oy muddatda Respublika komissiyasiga tegishli tovarlar taqsimlanganligi va ulardan qanday foydalanilayotganligi toʻgʻrisida tasdiqlangan shaklga (ilova qilinmoqda) muvofiq hisobot taqdim etadilar.
III. Muruvvat yordami va texnikaviy koʻmaklashish doirasida ish olib borayotgan xalqaro xayriya tashkilotlarining ish tartibi va ularni muvofiqlashtirish
1. Muruvvat yordami dasturlarini muvofiqlashtirish maqsadida muruvvat yordami koʻrsatayotgan yoki ijtimoiy sohada begʻaraz texnikaviy koʻmaklashayotgan xalqaro tashkilotlar Respublika komissiyasiga oʻz faoliyatlari va oʻz ishlarida rejalashtirilayotgan loyihalar toʻgʻrisida axborotnoma taqdim etadilar.
2. Muruvvat yordami koʻrsatuvchi yoki begʻaraz texnikaviy koʻmaklashuvchi xalqaro tashkilotlar Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilinadilar va jamoat tashkilotlari sifatida Adliya vazirligida roʻyxatga olinadilar.
3. Ijtimoiy sohada muruvvat yordami dasturlari va begʻaraz texnikaviy koʻmaklashish doirasida xalqaro tashkilotlarda ishlovchi mutaxassislarga quyidagi imtiyozlar beriladi:
a) xayriya tashkilotlarini Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazishda va Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilishda poshlina toʻlashdan:
ularning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketishlari va kelishlari bilan bogʻliq vizalar va har qanday boshqa xizmatlar uchun haq toʻlashdan;
Ichki ishlar vazirligining Kelish-ketish va fuqarolik boshqarmasi boʻlinmalarida milliy pasportlarni roʻyxatdan oʻtkazganlik va boshqa xizmatlar uchun poshlina toʻlovlaridan;
ijtimoiy sohada muruvvat yordami dasturlari va begʻaraz texnikaviy koʻmaklashish doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga keltiriladigan va foydalaniladigan mol-mulk uchun har qanday tariflar, yigʻimlar, boj poshlinalari va boshqa toʻlovlardan ozod qilinadilar;
b) “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasining ichki va xalqaro yoʻllari uchun chiptalarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflarga muvofiq Oʻzbekiston milliy valyutasiga sotib olishga ruxsat etiladi;
v) “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi aviareyslarida 50 kilogrammgacha boʻlgan muruvvat yordami yukini tekin olib yurish huquqi beriladi;
g) turar joyi boʻyicha bepul tibbiy xizmat koʻrsatiladi va bolalari maktablarda oʻqitiladi;
d) mehmonxonalarda yashaganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflarga muvofiq haq toʻlashga ruxsat etiladi.
4. Xalqaro tashkilotlarning xodimlari muruvvat yordami va begʻaraz texnikaviy koʻmaklashish dasturlari doirasida boʻlish joylari koʻrsatilmagan haqiqiy kirish vizalari mavjud boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi hududida yurishlari mumkin, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan tasdiqlanadigan obyektlar bundan mustasnodir.
Oʻzbekiston Respublikasiga keltirilayotgan muruvvat yordamini qabul qilish, transportda tashish, taqsimlash va ularni nazorat qilish hamda muruvvat yordami dasturlarini muvofiqlashtirish tartibiga
ILOVA
ILOVA
MURUVVAT YoRDAMI BOʻYIChA HISOBOT
|
|
yuklarni yetkazib kelish sanasi |
|
Umumiy ogʻirligi, tonna |
Qiymati |
Hujjat va sana | |||
| | dori-darmonlar, oʻram, quti | oziq-ovqat mahsulotlari, tonna | kiyimbosh, dona | boshqalar (tib-texnika mahsulotlari) | | | | |
Qilingan ish haqidagi hisobot muruvvat yordami yuki olingan va taqsimlangandan soʻng 1 oy davomida Respublika komissiyasiga taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.