O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida zamonaviy tibbiyot klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5187-sonli ““Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tugatishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish to‘g‘risida” 2019-yil 3-yanvardagi PF-5609-son Farmoni ijrosini ta’minlash va “Ilg‘or hudud” sinov loyihasini amalga oshirish doirasida, shuningdek, respublika aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash tizimiga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar hamda innovatsiya texnologiyalarini joriy qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi), O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jizzax viloyati hokimligining:
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida aholiga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni, xalqaro moliya institutlari, investitsiya fondlari mablag‘larini, banklar kreditlari, shu jumladan xorijiy banklar kreditlarini jalb qilish hisobidan tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni nazarda tutuvchi zamonaviy tibbiyot klasterini tashkil qilish bo‘yicha investitsiya loyihasini (keyingi o‘rinlarda loyiha deb ataladi) amalga oshirish;
loyihaning amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan “Medical care cluster” (keyingi o‘rinlarda “Medical care cluster” MChJ deb ataladi) mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish;
“Medical care cluster” MChJ ustav kapitalini “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining ulushi hisobidan shakllantirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “Medical care cluster” MChJ:
loyihaning amalga oshirilishini uslubiy, tashkiliy, ekspert-tahliliy va axborot bilan ta’minlaydi;
loyihaning boshqa ishtirokchilari bilan kelishilgan holda, tibbiyot klasterining bino va inshootlarini loyihalashtirish uchun texnik topshiriqlar ishlab chiqadi;
tibbiyot klasterining bino va inshootlarini joylashtirish uchun zarur bo‘lgan maydonlar qurilishini tashkil qiladi;
manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda qurilish obyektlariga muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini ulash va o‘tkazishni amalga oshiradi, shuningdek, kirish yo‘llarini barpo etadi;
tibbiyot klasteri bino va inshootlarining maydonlarini investorlarga ijaraga beradi;
loyiha ishtirokchilari reyestrini yuritadi va uni tibbiyot klasteri rasmiy veb-saytida joylashtiradi;
loyiha ishtirokchilariga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan xizmatlar (shu jumladan, yuridik va maslahat xizmatlari, buxgalteriya hisobini yuritish xizmatlari) ko‘rsatishni tashkil qiladi;
loyiha ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtiradi, birgalikdagi o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda loyiha ishtirokchilari manfaatlari uchun tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning stajirovka o‘tashini, shuningdek, ularga qo‘shimcha kasbiy ta’lim berilishini tashkil qiladi;
loyiha ishtirokchilariga bozorda tovarlarni (ishlar va xizmatlarni) taklif qilishda ko‘maklashadi;
loyiha ishtirokchilari tomonidan tibbiyot klasteri hududida tibbiy faoliyatning amalga oshirilishi boshlangani to‘g‘risidagi bildirishnomani, shu jumladan qo‘llaniladigan qoidalar, talablar, reglamentlar va normativlar, foydalaniladigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari haqidagi ma’lumotlarni belgilangan tartibda yuboradi;
intellektual faoliyat natijalari uchun huquqlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashadi.
3. Jizzax viloyati hokimligi:
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Medical care cluster” MChJga loyihani amalga oshirish uchun doimiy egalik qilish va foydalanish, shu jumladan bino va inshootlar, klinikalar, shifoxonalar, ta’lim kampuslari va boshqa obyektlar qurish huquqi bilan Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida joylashgan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan umumiy maydoni 10 gektar yer uchastkasi bir oy muddatda ajratilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Energetika vazirligi, “O‘ztransgaz” AJ va “O‘zbektelekom” AK bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq qurilish obyektlariga muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (elektr, gaz, suv ta’minoti, kanalizatsiya, telefon aloqasi va boshqalar) o‘tkazilishini o‘zining va/yoki jalb qilingan mablag‘lar hisobidan belgilangan tartibda ta’minlasin.
4. Agentlik “Medical care cluster” MChJ bilan birgalikda tibbiyot klasteri hududida amalga oshiriladigan va perinatal, klinik-tashhis qo‘yish, reabilitatsiya markazlari, kardiologiya va onkologiya klinikalari, bolalar jarrohligi va travmatologiya kliniklari, shuningdek, tibbiyot universitetini tashkil etishni nazarda tutuvchi loyihalarni moliyalashtirish uchun investorlar jalb qilinishini ta’minlasin.
5. Quyidagilarga, istisno tariqasida:
a) “Medical care cluster” MChJga:
loyihani amalga oshirish doirasida tender savdolari va tanlovlari o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida loyiha va pudrat tashkilotlarini belgilash;
ishga qabul qilingan malakali xorijiy mutaxassislar uchun ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorlarini belgilash;
b) loyihani amalga oshirish doirasida “Medical care cluster” MChJ tomonidan jalb qilinadigan pudrat va subpudrat tashkilotlariga:
tasdiqlangan texnik topshiriqlarga muvofiq klinikalar, shifoxonalar va ta’lim kampuslarini;
tibbiyot klasterining bino va inshootlarini, boshqa obyektlarini qurilish sohasida tegishli litsenziya va (yoki) ruxsatnoma olmasdan, pudrat va loyiha tashkilotlari o‘rtasida konsorsium tashkil etish orqali hamda konsorsium ishtirokchilariga loyihaning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun birgalikda javobgarlik yuklash sharti bilan “fast-track” uslubida, “tayyor holda topshirish” shartlarida qurishga ruxsat berilsin.
6. 2022-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatga:
a) “Medical care cluster” MChJ va loyihani amalga oshirish doirasida MChJ tomonidan jalb etiladigan pudrat tashkilotlari:
yuridik shaxslar daromad solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘ini;
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, tibbiyot klasterini qurish, jihozlash va faoliyatini ta’minlash uchun mo‘ljallangan materiallar, xomashyo, uskunalar, texnologik hujjatlar, alohida maxsus qurilish materiallari, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarni belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kirishda bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan;
b) loyiha ishtirokchilari tibbiyot klasteri faoliyatini tashkil qilish uchun, xususan, tibbiyot xodimi sifatida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash fondidan yagona ijtimoiy to‘lov to‘lashdan ozod etilsin.
7. Belgilansinki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ma’qullangan xalqaro klinik protokollar hamda kasalliklar va holatlarga tashxis qo‘yish hamda ularni davolashning tibbiy uslublari tibbiyot klasteri hududida moslashtirilmasdan hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli ruxsatnomasini olmasdan qo‘llanilishi mumkin.
8. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
tibbiyot klasteri faoliyatini samarali tashkil qilish uchun yetakchi xorijiy boshqaruv kompaniyalarini jalb qilish bo‘yicha uch oy muddatda muzokaralar o‘tkazsin va amaliy choralar ko‘rsin;
xalqaro kompaniyani jalb etgan holda, “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tibbiy-texnik topshiriqni ikki oy muddatda ishlab chiqsin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-oktabr,
838-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 09/19/838/3854-son)