O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TAShQI IShLAR VAZIRLIGINING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 16-martdagi 140-sonli “O‘zbekiston Respublikasida Tashqi ishlar vazirligining faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish masalalari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatini samarali o‘tkazish, respublikaning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun qulay tashqi sharoitni vujudga keltirish, xalqaro munosabatlarda uning manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari qilib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasining chet mamlakatlar bilan har tomonlama va teng huquqli hamkorlikni o‘rnatish va chuqurlashtirishga qaratilgan tashqi siyosatini ishlab chiqishda va amalga oshirishda ishtirok etish;
O‘zbekistonning, uning fuqarolari manfaatlarini xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda himoya qilish hamda ular nomidan vakillik qilish, respublikaning chet mamlakatlardagi diplomatiya va konsullik muassasalarini tuzish va ularning faoliyatiga rahbarlik qilish, diplomatiya xizmati uchun kadrlar tayyorlashni tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, bajarish va bekor qilish to‘g‘risida belgilangan tartibda takliflar kiritish, respublikaning davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ularning amalda bajarilishini umumlashtirish;
vazirlik vakolati doirasida chet mamlakatlar bilan aloqalarni o‘rnatishda va rivojlantirishda respublikaning davlat va jamoat tashkilotlariga, fuqarolariga yordam ko‘rsatish;
O‘zbekistonda xorijiy davlatlarning diplomatiya missiyalarini ochishga yordam berish, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy vakolatxonalar va ular xodimlarining diplomatik va konsullik daxlsizligiga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshirish, xorijiy diplomatlarni, chet el ommaviy axborot vositalarining muxbirlarini ro‘yxatga olish va akkreditatsiya qilish;
respublikada faoliyat ko‘rsatuvchi xorijiy elchixonalar va konsullik muassasalari bilan diplomatiya, protokol masalalari va boshqa masalalar bo‘yicha aloqa qilish, ular faoliyatining O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq bo‘lishini ta’minlash;
xorijiy davlat, parlament va hukumat delegatsiyalarini qabul qilishni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining davlat, parlament va hukumat delegatsiyalarining chet mamlakatlarga tashriflarini tayyorlashni tashkil etish;
belgilangan tartibda pasport-viza hujjatlarini ishlab chiqish va rasmiylashtirish, hujjatlarni oshkor qilish va fuqarolik holatlari hujjatlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha konsullik masalalarini hal etish, chet eldagi respublika fuqarolari uchun notarial ishlarni bajarish;
O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosati masalalarini yoritishda ommaviy axborot vositalariga yordam berish, respublikada akkreditatsiya qilingan xorijiy jurnalistlar bilan brifinglar, matbuot konferensiyalari va uchrashuvlar o‘tkazish.
2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining o‘z vakolati doirasida qabul qilgan qarorlarini bajarish respublikaning vazirliklari va idoralari, mahalliy boshqaruv organlari, mansabdor shaxslari va fuqarolari uchun majburiydir.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatining tuzilishi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Toshkent diplomatiya korpusiga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi yuridik shaxs huquqlari bilan harakat qiluvchi xo‘jalik hisobidagi diplomatiya xizmati ko‘rsatish xizmatiga aylantirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi apparati xodimlarining eng ko‘p soni, tegishli ish haqi fondi bilan, 160 kishidan (binoni qo‘riqlovchi va unga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) iborat qilib belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga vazirning to‘rt nafar o‘rinbosari, shu jumladan, ikki nafar birinchi o‘rinbosari, o‘n bir kishidan iborat hay’ati bo‘lishiga ruxsat etilsin, hay’atning shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasining ko‘rib chiqishi uchun quyidagilarni kiritsin:
keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining tasdig‘iga taqdim etgan holda diplomatiya va konsullik ustavlari loyihalarini;
vazirlik to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning diplomatiya va konsullik vakolatxonalari to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari va boshqa muassasalarining hamda ularning mansabdor shaxslarining xorijiy davlatlarning muassasalari va mansabdor shaxslari bilan aloqalari tartibi to‘g‘risidagi nizomlar loyihalarini;
O‘zbekiston Respublikasining Davlat protokoli hujjatlarini;
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy muxbirlar faoliyatining asosiy qoidalarini;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda respublikada diplomatiya va tashqi iqtisodiy xizmatlar uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha oliy o‘quv yurtini tashkil etish to‘g‘risida takliflarni.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddat ichida Tashqi ishlar vazirligining faoliyatini ta’minlovchi budjetdan ajratmalarning talab qilinadigan limitlarini so‘m va valyutada qoplash hisob-kitoblarini amalga oshirsin hamda Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritsin.
7. O‘zbekiston shartnomalar va savdo bo‘yicha davlat-aksionerlik uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi obyektlarini hamda O‘zbekistondagi xorijiy davlatlarning diplomatiya va konsullik muassasalarini qurish va ta’mirlash uchun moddiy-texnika resurslari ajratishni nazarda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining talabnomalari bo‘yicha vazirlik apparati uchun zarur miqdorda aloqa vositalarini ajratsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga uning apparatiga va xorijiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatish uchun xizmat garajini tashkil etishga ruxsat berilsin.
10. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vazirligi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1988-yil 23-iyuldagi 253-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining faoliyatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1991-yil 20-sentabrdagi 239-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 25-may,
244-son
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatining
TUZILIShI
|
Nomi |
Soni |
| 1. Rahbariyat | 5 |
| 2. Kotibiyat | 11 |
| 3. Davlat protokoli boshqarmasi | 12 |
| 4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi boshqarmasi | 7 |
| 5. Kadrlar boshqarmasi | 6 |
| 6. Konsullik boshqarmasi | 29 |
| 7. Siyosiy-tahlil bo‘limi | 5 |
| 8. Shartnoma-huquq bo‘limi | 5 |
| 9. Axborot bo‘limi | 7 |
| 10. Iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy aloqalar bo‘limi | 8 |
| 11. Xalqaro tashkilotlar bo‘limi | 7 |
| 12. MDH bo‘limi | 5 |
| 13. Osiyo va Afrika mamlakatlari bo‘limi | 7 |
| 14. Yevropa mamlakatlari bo‘limi | 6 |
| 15. Amerika mamlakatlari bo‘limi | 5 |
| 16. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari bo‘limi | 5 |
| 17. Maxsus bo‘lim | 8 |
| 18. Tarix-arxiv bo‘limi, kutubxona bilan | 4 |
| 19. Ishlar boshqarmasi | 18 |
|
Hammasi: |
160 |
| Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar | 70 |
| Jami: | 230 |