Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Xorijda axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshirishning kompleks tizimini yaratish, xalqaro media-makonni jamiyatimiz va davlatimiz hayotida roʻy berayotgan muhim voqealarni xolisona yoritishni taʼminlaydigan sifatli axborot-tahliliy materiallar bilan boyitish, shuningdek, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, mamlakat rahbariyatining respublika ijobiy imijini ilgari surishga qaratilgan xalqaro tashabbuslari toʻgʻrisida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-apreldagi PF-5400-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasidagi “Jahon” axborot agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi va “Dunyo” axborot agentligining tarkibiy boʻlinmasi sifatida Media-markaz tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “Dunyo” axborot agentligi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda sifatli axborot, tahliliy va keng qamrovli bosma materiallar, videoroliklar, telekoʻrsatuvlar, shuningdek, Oʻzbekistonda va xorijiy davlatlarda roʻy berayotgan voqealar joyidan reportajlar tayyorlash hamda ularni tarqatish orqali Oʻzbekiston Respublikasining ishonchli va masʼuliyatli sherik sifatida xalqaro nufuzini mustahkamlashga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari, uning xalqaro tashabbuslari, eksport, investitsiya va turistik salohiyati, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, davlat dasturlarining hayotga tatbiq etilishi haqida xalqaro hamjamiyatni, shu jumladan xorijiy siyosatchi-ekspertlarni xabardor qilish boʻyicha tizimli ishlarda ishtirok etish;
mamlakatda amalga oshirilayotgan jadal oʻzgarishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqaro hamjamiyatga oʻz vaqtida yetkazish, shuningdek, xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan rasmiy axborot almashish mexanizmini yoʻlga qoʻyish maqsadida mahalliy va xorijiy axborot markazlari, media tuzilmalari hamda boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarining xorijga va xorijiy delegatsiyalarning respublikamizga tashriflarini, ularningn yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni, shuningdek, kundalik va dolzarb xalqaro masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining rasmiy pozitsiyasini keng va tezkor yoritish;
respublikaning xorijdagi muassasalari tomonidan chet ellik sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, xorijdan investitsiyalar va sayyohlarni jalb qilish, Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy hamda yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, xorijiy davlatlardagi vatandoshlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida xorijiy va mahalliy jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish;
“Dunyo” axborot agentligining Media-markazi bazasida mahalliy ommaviy axborot vositalari hamda Oʻzbekistonda doimiy va vaqtincha akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy muxbirlar (jurnalistlar) uchun respublika haqida xolis maʼlumotlarni toʻplash va tarqatish imkonini beradigan ish maydonchasini taqdim etish;
Oʻzbekiston Respublikasining turli sohalarda bugungi taraqqiyoti va salohiyatini namoyish etadigan foto va media mahsulotlar ishlab chiqarish, axborot byulletenlari, maʼlumotnomalar, kataloglar, risolalar, gazetalar, jurnallar, boshqa bosma hamda kompyuter mahsulotlarini chop etish va xorijda tarqatish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligining Ustavi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
“Dunyo” axborot agentligi “Jahon” axborot agentligining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
“Dunyo” axborot agentligining direktori Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
“Dunyo” axborot agentligining boshqaruv xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish sharoitlari qoʻllaniladi;
“Dunyo” axborot agentligi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi, boshqa boʻlinmalari, shuningdek, respublikaning xorijdagi muassasalari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, asosiy faoliyatdan olinadigan tushumlar (axborot, tahliliy va keng qamrovli bosma materiallar, videoroliklarni pulli asosda taqdim etish, bosma mahsulotlar chop etish, reklama faoliyati va boshqalar) hisobidan shakllanadigan budjetdan tashqari daromadlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar “Dunyo” axborot agentligining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
6. “Dunyo” axborot agentligi direktoriga zarur boʻlganda, mutaxassislarni mehnat bozoridagi joriy konyunkturani inobatga olgan holda, budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan shartnoma asosida ishga jalb qilish huquqi berilsin.
7. Vazirliklar, idoralar va davlatning boshqa tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari “Dunyo” axborot agentligiga asosiy vazifalarini amalga oshirishda, jumladan, sifatli, ishonchli maʼlumotlar, hujjatlar, materiallar va boshqa axborot mahsulotlarini oʻz vaqtida taqdim etish orqali amaliy yordam koʻrsatsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda, “Dunyo” axborot agentligining moddiy-texnik bazasini shakllantirish va mustahkamlash, shuningdek, “Dunyo” axborot agentligi Media-markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda Media-markazga quyidagi vazifalar yuklansin:
mamlakatda va xorijda matbuot anjumanlari, brifinglar hamda axborot uchrashuvlarini tashkil etish;
xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolaxonalari, konsullik muassasalari, savdo vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillaridan intervyular tashkil etish va olish, keyinchalik tegishli materiallarni milliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatish;
Oʻzbekiston Respublikasining tarixi va madaniyati, eksport, investitsiya va turistik salohiyati, mamlakatning tashqi siyosat yoʻnalishi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va respublikaning xorijdagi muassasalari faoliyati haqida videoroliklar va tahliliy koʻrsatuvlar tayyorlash hamda tarqatish;
respublikaning xorijdagi muassasalari bilan, jumladan, vazirlik va idoralar, viloyat hokimliklari rahbarlari ishtirokida telekoʻprik va videokonferensiyalar tashkil etish.
9. “Dunyo” axborot agentligi 2022-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatga Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha moddiy-texnik bazani rivojlantirish maqsadida olib kelinadigan uskunalar, materiallar va texnika uskunalari uchun bojxona toʻlovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno) toʻlashdan ozod etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda “Dunyo” axborot agentligining xorijdagi muxbirlik punktlarini ochish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda asosli takliflar kiritsin.
11. Belgilab qoʻyilsinki:
“Dunyo” axborot agentligini saqlash, shu jumladan moddiy-texnik taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari uning oʻz daromadlari bilan taʼminlanmagan xarajatlarini qoplash maqsadida ajratiladi;
“Dunyo” axborot agentligiga toʻrtta xizmat, jumladan, ikkita yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit nazarda tutiladi.
12. “Dunyo” axborot agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Toshkent shahri, Amir Temur koʻchasi, 3-uy manzilidagi binosida ijara toʻlovining “nol” stavkasi boʻyicha joylashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida axborot agentligi tashkil etish toʻgʻrisida” 1995-yil 8-noyabrdagi 425-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Komilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-sentabr,
770-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-sentabrdagi 770-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligining
TUZILMASI
* Muxbirlik punktlari Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik missiyalari shtatiga kiradi
Boshqaruv tizimi xodimlarining umumiy cheklangan soni — 39 shtat birligi
Texnik va xizmat koʻrsatish xodimlari soni amaldagi normativ hujjatlar asosida belgilanadi
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-sentabrdagi 770-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligining (keyingi oʻrinlarda “Agentlik” deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini belgilaydi.
2. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining buyruqlari va koʻrsatmalari, ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlari, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda TIV deb ataladi) qarorlariga amal qiladi.
3. Agentlik Tashqi ishlar vazirligining idoraviy mansub tashkiloti hisoblanadi va tuzilmasiga kiradi.
4. Agentlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, asosiy faoliyatdan olinadigan budjetdan tashqari mablagʻlar (pulli asosda axborot, tahliliy va keng qamrovli bosma materiallar, voqealar joyidan videoroliklar va telekoʻrsatuvlarni taqdim etish, bosma mahsulotlarni chop etish, reklama faoliyati va boshqalar), shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Agentlik davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻzining logotipi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat va ingliz tillarida yozilgan muhri, blanki va shtampiga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy hisobraqami hamda xorijiy valyutadagi hisobraqamiga ega boʻladi.
6. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi, qisqartirilgani — “Dunyo” axborot agentligi;
b) ingliz tilida:
toʻliq — “Dunyo” Information Agency of the Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgani — “Dunyo” Information Agency;
v) rus tilida:
toʻliq — Informatsionnoye agentstvo “Dunyo” Ministerstva inostrannix del Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgani — Informatsionnoye agentstvo “Dunyo”.
7. Agentlikning manzili (pochta manzili): Toshkent shahri, Amir Temur koʻchasi, 3-uy.
2-bob. Agentlikning vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda sifatli axborot, tahliliy va keng qamrovli bosma materiallar, videoroliklar, telekoʻrsatuvlar, shuningdek, Oʻzbekistonda va xorijiy davlatlarda roʻy berayotgan voqealar joyidan reportajlar tayyorlash hamda ularni tarqatish orqali Oʻzbekiston Respublikasining ishonchli va masʼuliyatli sherik sifatida xalqaro nufuzini mustahkamlashga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari, uning xalqaro tashabbuslari, eksport, investitsiya va turistik salohiyati, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, davlat dasturlarining hayotga tatbiq etilishi haqida xalqaro hamjamiyatni, shu jumladan xorijiy siyosatchi-ekspertlarni xabardor qilish boʻyicha tizimli ishlarda ishtirok etish;
mamlakatda amalga oshirilayotgan jadal oʻzgarishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqaro hamjamiyatga oʻz vaqtida yetkazish, shuningdek, xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan rasmiy axborot almashish mexanizmini yoʻlga qoʻyish maqsadida mahalliy va xorijiy axborot markazlari, media tuzilmalari hamda boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarining xorijga va xorijiy delegatsiyalarning respublikamizga tashriflarini, ularningn yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni, shuningdek, kundalik va dolzarb xalqaro masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining rasmiy pozitsiyasini keng va tezkor yoritish;
respublikaning xorijdagi muassasalari tomonidan chet ellik sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, xorijdan investitsiyalar va sayyohlarni jalb qilish, Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy hamda yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, xorijiy davlatlardagi vatandoshlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida xorijiy va mahalliy jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish;
“Dunyo” axborot agentligining Media-markazi bazasida mahalliy ommaviy axborot vositalari hamda Oʻzbekistonda doimiy va vaqtincha akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy muxbirlar (jurnalistlar) uchun respublika haqida xolis maʼlumotlarni toʻplash va tarqatish imkonini beradigan ish maydonchasini taqdim etish;
Oʻzbekiston Respublikasining turli sohalarda bugungi taraqqiyoti va salohiyatini namoyish etadigan foto va media mahsulotlar ishlab chiqarish, axborot byulletenlari, maʼlumotnomalar, kataloglar, risolalar, gazetalar, jurnallar, boshqa bosma hamda kompyuter mahsulotlarini chop etish va xorijda tarqatish.
9. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda sifatli axborot, tahliliy va keng qamrovli bosma materiallar, videoroliklar, telekoʻrsatuvlar, shuningdek, Oʻzbekistonda va xorijiy davlatlarda roʻy berayotgan voqealar joyidan reportajlar tayyorlash hamda ularni tarqatish orqali Oʻzbekiston Respublikasining ishonchli va masʼuliyatli hamkor sifatida xalqaro nufuzini mustahkamlashga koʻmaklashish sohasida:
respublikaning savdo-iqtisodiy va investitsiya, iqtisodiyot va investitsiyalar sohasidagi qonunchilik bazasi takomillashtirish, xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalari haqida axborot tarqatish orqali Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va mustahkamlashga koʻmaklashadi;
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar, davlatning ichki va tashqi siyosati haqida axborot, tahliliy va keng qamrovli bosma materiallar, videoroliklar va tahliliy telekoʻrsatuvlar, reportajlar tayyorlash, ularni Oʻzbekistonda va xorijda, shu jumladan xorijiy ommaviy axborot vositalari uchun tarqatadi;
xorijda axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshirish va takomillashtirish boʻyicha TIVning Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi, boshqa boʻlinmalari hamda respublikaning xorijdagi muassasalari bilan yaqin hamkorlik qiladi;
2) Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari, uning xalqaro tashabbuslari, eksport, investitsiya va turistik salohiyati, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, davlat dasturlarining hayotga tatbiq etilishi haqida xalqaro hamjamiyatni, shu jumladan xorijiy siyosatchi-ekspertlarni xabardor qilish boʻyicha tizimli ishlarda ishtirok etish sohasida:
respublikaning xorijdagi muassasalari, xorijiy va mahalliy gazetalar, jurnallar, radio, televideniye, hukumat va nohukumat muassasalar, nohukumat notijorat tashkilotlari va xususiy shaxslarga shartnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari, xalqaro tashabbuslari, uning eksport, investitsiya va turistik salohiyati, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda davlat dasturlarining amalga oshirilish haqida shartnoma asosida axborot taqdim qiladi;
3) mamlakatda amalga oshirilayotgan jadal oʻzgarishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqaro hamjamiyatga oʻz vaqtida yetkazish, shuningdek, xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan rasmiy axborot almashish mexanizmini yoʻlga qoʻyish maqsadida mahalliy va xorijiy axborot markazlari, media tuzilmalari hamda boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish sohasida:
axborot va tajriba almashish, shuningdek, xodimlar malakasini oshirish maqsadida mahalliy va xorijiy yetakchi mediatashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatadi va rivojlantiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida va xorijda axborot, madaniy, xayriya, gumanitar va boshqa jamgʻarmalar, shuningdek, assotsiatsiyalar, jamiyatlar va boshqa tashkilotlarni tashkil etish hamda ularning faoliyatini taʼminlashda ishtirok etadi;
xorijdagi axborot agentliklarining ishlarini tashkil etish, jumladan, axborot toʻplash, tahlil qilish hamda ularni yuridik va jismoniy shaxslarga tarqatish borasida boshqa turdagi xizmatlarni koʻrsatish masalalari boʻyicha ilgʻor tajribani oʻrganadi va joriy qiladi;
xorijiy va xalqaro axborot markazlari bilan Agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha axborot toʻplash va tahlil qilish borasida birgalikdagi ishlarni tashkil qiladi va amalga oshiradi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarining xorijga va xorijiy delegatsiyalarning respublikamizga tashriflarini, ularningn yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni, shuningdek, kundalik va dolzarb xalqaro masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining rasmiy pozitsiyasini keng va tezkor yoritish sohasida:
mamlakatimizga va xorijga oliy darajadagi tashriflar arafasida Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va koʻp tomonlama hamkorligini rivojlantirish toʻgʻrisida axborot-tahliliy materiallar tayyorlaydi;
tashriflar arafasida va davomida Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik sohalari boʻyicha ikki hamda koʻp tomonlama hamkorligini rivojlantirish toʻgʻrisida turkum materiallar tayyorlaydi;
tashriflar yakunlari boʻyicha xorijiy davlatlar ijtimoiy-siyosiy, ekspert-tahlil va ishbilarmon doiralari vakillarining fikrlari va ekspert baholari asosida axborot materiallari tayyorlanishini taʼminlaydi;
oliy darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha axborot dayjestlari tayyorlaydi;
5) respublikaning xorijdagi muassasalari tomonidan chet ellik sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, xorijdan investitsiyalar va sayyohlarni jalb qilish, Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy hamda yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, xorijiy davlatlardagi vatandoshlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida xorijiy va mahalliy jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi missiyalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining bugungi taraqqiyoti, savdo-iqtisodiy va turistik salohiyatiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan tadbirlar (brifinglar, seminarlar, davra suhbatlari, simpoziumlar, taqdimotlar va boshqalar) haqida axborot materiallari tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining turli darajadagi delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga tashriflari haqida video va fotoreportajlar tayyorlaydi hamda ularni respublika ommaviy axborot vositalariga yuboradi;
6) “Dunyo” axborot agentligining Media-markazi bazasida mahalliy ommaviy axborot vositalari hamda Oʻzbekistonda doimiy va vaqtincha akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy muxbirlar (jurnalistlar) uchun respublika haqida xolis maʼlumotlarni toʻplash va tarqatish imkonini beradigan ish maydonchasini taqdim etish sohasida:
mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan xorijiy muxbirlar (jurnalistlar) uchun Oʻzbekiston Respublikasining tashqi va ichki siyosatining dolzarb masalalariga bagʻishlangan brifinglar, davra suhbatlari, matbuot anjumanlari, taqdimotlar tashkil qiladi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining turli sohalarda bugungi taraqqiyoti va salohiyatini namoyish etadigan foto va media mahsulotlar ishlab chiqarish, axborot byulletenlari, maʼlumotnomalar, kataloglar, risolalar, gazetalar, jurnallar, boshqa bosma hamda kompyuter mahsulotlarini chop etish va xorijda tarqatish sohasida:
noshirlik faoliyatini amalga oshiradi, axborot byulletenlari, maʼlumotnomalar, kataloglar, risolalar, gazetalar, jurnallar, boshqa bosma mahsulotlarni chop etadi hamda respublikada va xorijda tarqatadi;
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo va hukumatlararo bitimlarining rasmiy yillik toʻplamlarini chop etadi;
axborot tarqatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tasvir, ovoz va maʼlumotlarni uzatish chastotalari hamda boshqa kanallardan foydalanadi;
keng koʻlamli xalqaro hamkorlik uchun respublikaning imkoniyatlarini namoyish etadigan kompyuter, foto va audiovizual mahsulotlar tayyorlaydi.
10. Media-markaz Agentlikning axborot tarqatish platformasi hisoblanadi va quyidagi vazifalarni bajaradi:
mamlakatda va xorijda matbuot anjumanlari, brifinglar hamda axborot uchrashuvlarini tashkil etish;
xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolaxonalari, konsullik muassasalari, savdo vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillarining intervyusini tashkil etish va oʻtkazish, keyinchalik tegishli materiallarni milliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatish;
Oʻzbekiston Respublikasining tarixi va madaniyati, eksport, investitsiya va turistik salohiyati, mamlakatning tashqi siyosat yoʻnalishi, TIV va respublikaning xorijdagi muassasalari faoliyati haqida videoroliklar va tahliliy koʻrsatuvlar tayyorlash hamda tarqatish, shu jumladan xorijiy siyosatchi-ekspertlar va jurnalistlarga;
respublikaning xorijdagi muassasalari bilan, jumladan, vazirlik va idoralar, viloyat hokimliklari rahbarlari ishtirokida telekoʻprik va videokonferensiyalar tashkil etish.
11. Media-markaz oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi TIV va xorijdagi muassasalari faoliyatini axborot tadbirlari oʻtkazish orqali yoritadi;
oʻtkaziladigan tadbirlarni foto va videotasvirga oladi, ularning efirga uzatilishini taʼminlaydi;
mahalliy va xorijiy muxbirlar hamda ekspertlarni oʻtkaziladigan tadbirlarga taklif qiladi, zarur axborot bilan taʼminlaydi;
milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, tegishli tashkilotlar hamda ekspertlar bilan hamkorlik qiladi;
respublikaning xorijdagi muassasalariga ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda, mavzuga oid videoroliklar, koʻrsatuvlar va dasturlarni tayyorlash, montaj qilish va tarqatishda koʻmaklashadi;
suratga olish va reportajlar tayyorlash uchun voqea joylariga boradi;
respublika vazirliklari va idoralari, xorijdagi muassasalari, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari rahbarlari hamda vakillaridan intervyu oladi.
12. Agentlik Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlarni jamoatchilikka oʻz vaqtida va sifatli yetkazib berish maqsadida respublika qonunchiligi talablariga javob beradigan oʻz rasmiy veb-saytini yaratadi, uning zarur holatda boʻlishi va muntazam toʻldirib borilishini taʼminlaydi, shuningdek, Agentlik oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal qilish uchun internetning boshqa imkoniyatlaridan foydalangan holda, ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston haqidagi axborotni faol tarqatadi.
3-bob. Agentlikning huquqlari va masʼuliyati
13. Agentlik oʻz zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun:
Oʻzbekiston Respublikasining davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlaridan Agentlik vakolatlariga taalluqli masalalar boʻyicha hujjatlar, statistika maʼlumotlari, hisobotlar, tahliliy materiallar, takliflar, xulosalar maʼlumotnomalar va boshqa maʼlumotlarni, shuningdek, boshqa zarur maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
oʻzining axborotnomalari, boshqa bosma va videomahsulotlarni chop etish, respublika va xorijda tarqatish, zarurat boʻlganda, ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun xorijiy fuqarolarni yollash yoki ushbu vazifalarni shartnomalar asosida xorijiy agentliklar, firmalar va boshqa tashkilotlarga topshirish;
oʻz vakolatlari doirasida konferensiya, seminar, simpoziumlar oʻtkazish, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan shunday tadbirlarda qatnashish;
Agentlik faoliyatiga taalluqli masalalarni hal qilish boʻyicha maslahatlashish, takliflarni oʻrganish va tayyorlash uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ilmiy doiralar vakillari, mutaxassislar va ekspertlar, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarni jalb etish;
olinadigan daromaddan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga, oʻz faoliyati maqsadlari va vazifalariga muvofiq foydalanish;
kreditlar olish, oʻz nomidan bitimlar imzolash, mulk xarid qilish, sudlarda daʼvogar va javobgar boʻlish;
respublikaning xorijdagi muassasalarida oʻz muxbirlik punktlarini (press-attashe — muxbirlik punkti mudiri) ochish, ularning faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish huquqiga ega.
Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
14. Agentlik:
oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishi;
xodimlarni tizimliravishda maxsus qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
oʻziga tegishli mulkdan maqsadli foydalanish va uning saqlanishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq buxgalteriya va statistika hisobi va hisobotini yuritish uchun masʼuldir.
4-bob. Agentlik faoliyatini tashkil qilish
15. Agentlik ishlari TIV ish rejalari, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri va uning oʻrinbosarlarining Agentlik vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha topshiriqlariga muvofiq ishlab chiqiladigan istiqbolli va joriy rejalar asosida amalga oshiriladi.
16. Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Agentlik direktori maqomi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Departamenti direktoriga tenglashtiriladi.
17. Agentlik direktori:
a) Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi, jamoada ijro va mehnat intizomi uchun shaxsan javob beradi;
b) davlat va xoʻjalik boshqaruvi idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlatning boshqa organlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va xorij mamlakatlar ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro munosabatlarda Agentlik nomidan vakillik qiladi;
v) Agentlikning barcha xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar, yoʻriqnomalar chiqaradi;
g) Agentlik xodimlari oʻrtasida majburiyatlarni taqsimlaydi va ularning oʻzaro almashinuvini belgilaydi;
d) Agentlik shtatlarini takomillashtirish va xodimlar ish haqini belgilash;
Agentlikka kadrlar tanlash, ularni joy-joyiga qoʻyish va almashtirish, xodimlarni ragʻbatlantirish va ularga nisbatan intizomiy choralar qoʻllash;
Agentlik mablagʻlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetida nazarda tutilgan va tegishli davr uchun tasdiqlangan budjet mablagʻlari diorasida foydalanish boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
e) Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziriga:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Agentlikning tarkibiy birliklarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;
Agentlik xodimlariga ularning malakasi, egallab turgan lavozimi va ish stajiga muvofiq diplomatik daraja berish, shuningdek, mehnatga haq toʻlash fondi doirasida xodimlar lavozim maoshlariga diplomatik daraja, uzoq yillar xizmati, xorijiy tillarni bilgani uchun va boshqa asosda ustamalar toʻlash;
xodimlarni xorijiy davlatlarga qisqa va uzoq muddatli xizmat safarlariga yuborish boʻyicha takliflar kiritadi.
Agentlik direktori Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boshqa vakolatlarni ham bajarishi mumkin.
18. Direktor ikki nafar oʻrinbosarga ega boʻladi va ular Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
19. Agentlik direktori boʻlmagan hollarda, uning vakolatlarini oʻrinbosarlaridan biri bajaradi.
20. Agentlik xodimlari Agentlik direktorining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
21. Agentlik xodimlarining funksional vazifalari Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.
22. Agentlik xodimlari:
maxfiy yozishmalar tartibi hamda xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlarni oshkor etmaslik qoidalariga rioya etishga;
ularning ijrosidagi hujjatlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish, hujjatlarning sifatini toʻlaligicha saqlash, xavfsizlik tartibi, jumladan, yongʻin xavfsizligi tartibiga amal qilish, mol-mulk, shuningdek, kompyuter va boshqa texnika vositalaridan toʻgʻri foydalanish va ularning saqlanishini taʼminlashga majbur.
Agentlik xodimlari oʻzlariga yuklangan vazifa va funksiyalar, Agentlik va TIV rahbariyati topshiriqlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, shuningdek, mehnat intizomiga rioya etish uchun shaxsan javob beradi.
5-bob. Agentlikning mol-mulki va mablagʻlari
23. Agentlikning mol-mulki va mablagʻlari asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan daromadlardan tashkil topadi.
6-bob. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish
24. Agentlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haq, ustamalar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan tashkil topadi. Agentlik xodimlari lavozim maoshiga oylik ustamalar hamda ragʻbatlantiruvchi qoʻshimcha toʻlovlar direktor tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri bilan kelishilgandan soʻng tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq toʻlanadi.
25. Agentlikning xoʻjalik faoliyati natijasida olinadigan oʻz mablagʻlari Agentlik xodimlarining lavozim maoshiga (200 foizgacha) har oylik ustamalar hamda ularni moddiy ragʻbatlantirish manbalari hisoblanadi.
26. Agentlikni saqlash, shu jumladan moddiy-texnika taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari Agentlikning oʻz daromadi bilan taʼminlanmagan xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
27. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.09.2019-y., 09/19/770/3745-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)