Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ELCHIXONALARIDA SAVDO-IQTISODIY MASALALAR BOʻYICHA MASLAHATCHI LAVOZIMINI JORIY ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish, diplomatiya vakolatxonalari tomonidan savdo-iqtisodiy tusdagi masalalarni samarali hal etish, hamkorlikning yangi sohalari va istiqbolli shakllarini aniqlash, shuningdek, chet el investitsiyalarini jalb etishga koʻmaklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1-ilovaga muvofiq chet ellardagi elchixonalarining shtat jadvaliga qoʻshimcha ravishda savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi lavozimi kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi elchixonalarining shtat jadvaliga 1-ilovaga muvofiq tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1-ilovaga muvofiq savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilarning shtat birliklarini moliyaviy taʼminlash uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi lavozimi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi nomenklaturasiga kiradi;
savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi lavozimga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining taqdimnomasiga koʻra Tashqi ishlar vazirining buyrugʻi bilan tayinlanadi;
lavozimga kadrlar tanlash va ularni keyinchalik almashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchini mablagʻ bilan taʼminlash, unga ish haqi toʻlash va uning ijtimoiy-maishiy xarajatlari elchixonani mablagʻ bilan taʼminlash smeta xarajatlari hisobiga amalga oshiriladi;
savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Elchisi rahbarligida amalga oshiriladi va u Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga hisob beradi;
savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi elchixonadagi ish davrida diplomatiya xodimiga berilgan barcha imtiyozlar va shaxsiy daxlsizlikdan foydalanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi normativ-huquqiy qoidalarining barcha talablarini bajaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 8-iyul,
238-son
Shtat jadvaliga savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi lavozimi joriy etish moʻljallanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi elchixonalari
1. Oʻzbekiston Respublikasining Avstriyadagi elchixonasi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Belgiyadagi elchixonasi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasi.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi.
6. Oʻzbekiston Respublikasining Xitoydagi elchixonasi.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Latviya, Litvadagi elchixonasi.
8. Oʻzbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi.
9. Oʻzbekiston Respublikasining AQSHdagi elchixonasi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi.
11. Oʻzbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi.
12. Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi.
13. Oʻzbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi elchixonasi.
14. Oʻzbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi.
Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasi tarkibidagi savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi (maqomi va funksional vazifalari) toʻgʻrisida
NIZOM
1. Savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi (keyingi oʻrinlarda maslahatchi deb ataladi) savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasining vakili hisoblanadi.
2. Maslahatchining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi, Oʻzbekiston Respublikasi Elchisining rahbarligi ostida amalga oshiriladi va oʻz faoliyati haqida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga hisob beradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi elchixonalaridagi maslahatchilar lavozimlarini toʻldirish Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tomonidan oʻz kadrlar apparati hisobiga amalga oshiriladi.
Maslahatchi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda bir vaqtning oʻzida Tashqi ishlar vazirligi ixtiyoriga xizmat safariga yuborilgan holda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirining buyrugʻi bilan lavozimga taqdim etiladi.
Tashqi ishlar vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining taqdimnomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi elchixonasiga savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchini lavozimga belgilangan tartibda tayinlaydi.
Maslahatchi lavozimini egallab turgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi elchixonalarida xizmat muddati tamom boʻlgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining kadrlar apparatiga qaytadilar.
4. Maslahatchi Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi elchixonasida ishlash uchun odatda ikki yilgacha muddatga yuboriladi, bu muddat yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.
5. Zarur hollarda tegishli tayyorgarlik koʻrish, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, vakolatxonalari va chet eldagi muassasalari apparatining ishi, amaliyoti va oʻziga xosligini oʻrganish uchun maslahatchi Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida uch oydan koʻp boʻlmagan muddatda stajirovka oʻtaydi.
6. Zaruriyatga koʻra, unga yuklangan funksiyalarni operativ hal etish uchun maslahatchi Elchining roziligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida xodimlarning qoʻshimcha shtatini shakllantirishga oid takliflar kiritadi.
7. Maslahatchi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy suverenitetini va iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash prinsiplariga, xalqaro iqtisodiy huquqning umum tomonidan tan olingan normalari va prinsiplariga amal qilishi zarur.
Ushbu prinsiplarni taʼminlash uchun maslahatchi quyidagi asosiy vazifalarni hal etadi:
oʻzi turgan mamlakatda Oʻzbekiston Respublikasi davlat tashqi iqtisodiy siyosati oʻtkazilishiga koʻmaklashadi;
tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha takliflar ishlab chiqilishida va xalqaro shartnomalar tuzishga doir muzokaralarda qatnashadi;
tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha xalqaro shartnomalar bajarilishini kuzatadi;
tashqi iqtisodiy faoliyatning oʻzbekistonlik qatnashchilari bilan oʻzi turgan mamlakatning ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi hamkorlikning rivojlanishiga koʻmaklashadi;
tashqi iqtisodiy faoliyatning oʻzbekistonlik qatnashchilari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishi, ularning oʻzi turgan mamlakatdagi faoliyatini nazorat qiladi;
tashqi iqtisodiy faoliyatning oʻzbekistonlik qatnashchilariga axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatadi.
8. Ushbu vazifalarni hal etish uchun savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi:
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy siyosatini yuritish manfaatlarini koʻzlab oʻzi turgan mamlakatning rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan aloqaga kirishadi;
eksport nazoratini, Oʻzbekiston tovarlarini eksport qilishdan olinadigan valyuta tushumlarini taʼminlash tadbirlarida qatnashadi;
oʻzi turgan mamlakatning savdo rejimlarini, shuningdek savdo-iqtisodiy hamkorlikning ahvoli va istiqbollarini tahlil etadi, shuning asosida uning samaradorligini oshirish yuzasidan oʻz tavsiyalarini tayyorlaydi va tegishli hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi rahbariyatiga yuboradi;
oʻzi turgan mamlakatning iqtisodiy, valyuta-moliyaviy ahvolini, uning tashqi iqtisodiy aloqalari rivojlanishining holati va tamoyillarini, tashqi iqtisodiy, tadbirkorlik va investitsiya faoliyati sohasidagi qonunchiligini, tovarlar va xizmatlar bozorida tijorat ishlari xususiyatlarini, sifatga, sertifikatsiyalashga, standartlarga, ekologik normativlarga qoʻyiladigan talablarni oʻrganadi, ushbu masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligini xabardor qiladi;
oʻzi turgan mamlakatning davlat boshqaruvi organlari oldida tashqi iqtisodiy faoliyatning oʻzbekistonlik qatnashchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini koʻradi hamda ushbu mamlakatlar davlat boshqaruvi organlaridan ushbu shart-sharoitlar uchun zarur boʻlgan dastlabki axborotni oladi;
oʻzi turgan mamlakatda davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berishga doir majburiyatlar bajarilishini, kredit bitimlari amalga oshirilishini, shuningdek hukumatlararo bitimlar doirasida komplekt asbob-uskunalar yetkazib berilishini nazorat qiladi;
sheriklar izlash va tanlashda, Oʻzbekiston Respublikasining va oʻzi turgan mamlakatning tashkilotlari va firmalari oʻrtasida tashqi savdo bitimlari tuzishga oid muzokaralar oʻtkazilishiga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi va oʻzi turgan mamlakatning ishbilarmon doiralari uchun yarmarkalar, taqdimotlar va uchrashuvlar tashkil etilishi yuzasidan ularning oʻtkazilishiga koʻmaklashadi;
savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari boʻyicha hukumatlararo komissiyalar ishida va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining topshirigʻi boʻyicha xalqaro iqtisodiy tashkilotlar faoliyatida qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasining oʻzi turgan mamlakatga nisbatan tashqi-iqtisodiy siyosati strategiyasi boʻyicha takliflarni belgilangan tartibda tayyorlaydi;
oʻzi turgan mamlakatda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga biriktirilgan davlat mulkini boshqaradi;
oʻz faoliyatida raqobat kurashining nohalol usullariga yoʻl qoʻyuvchi firmalar hisobini yuritadi va zarur hollarda ular toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga maʼlum qiladi;
tashqi iqtisodiy faoliyatning oʻzbekistonlik qatnashchilariga nisbatan yoʻl qoʻyilgan kamsitish va majburiyatlarni buzish hollarini aniqlaydi, ularni bartaraf etishga doir takliflar kiritadi.
Keyingi tahrirga qarang.