Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklari kredit siyosatiga nisbatan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 29-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 905-6]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 31-avgustdagi 20/8-sonli “Tijorat banklari kredit siyosatiga nisbatan koʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek unga oʻzgartirish va koʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 905-7, 23.09.2021-y.) asosan 2021-yil 24-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyuldagi PQ-4400-son “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan 2000-yil 22-fevralda 429-son (roʻyxat raqami 905, 2000-yil 2-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 5-son) bilan tasdiqlangan Tijorat banklari kredit siyosatiga nisbatan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-avgust,
18/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 10-avgustdagi 18/6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklari kredit siyosatiga nisbatan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1.5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1.5. Bankning kredit siyosati bank Kengashi tomonidan yiliga kamida bir marta tegishli yilning 1-fevraligacha boʻlgan muddatda qayta koʻrib chiqilishi kerak.
Yil davomida zaruratga koʻra kredit siyosatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Agar kredit siyosatining aksariyat qismiga (50 foizdan kam boʻlmagan) oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilayotgan boʻlsa, bunda kredit siyosatini yangi tahrirda qabul qilish maqsadga muvofiq.”.
2. Quyidagi mazmundagi 1.51-band bilan toʻldirilsin:
“1.51. Bankning kredit siyosati, unga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yoki uning yangi tahriri bank Kengashi tomonidan tasdiqlangandan soʻng 15 kun ichida Markaziy bankka taqdim etilishi kerak.
Bank Kengashi tomonidan bankning kredit siyosatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zaruriyati mavjud emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 15 kun ichida Markaziy bankka Kengashning majlis bayonidan koʻchirma taqdim etiladi.”.
3. 2.3-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Kredit siyosati banklarga taqiqlovchi quyidagi qoidalarni oʻz ichiga olishi kerak:
jismoniy shaxslarga xorijiy valyutada kreditlar (qarzlar) berish va kreditlar (qarzlar) boʻyicha ularning majburiyatlarini xorijiy valyutada hisobga olish;
ilgari olingan kreditlar (qarzlar) boʻyicha soʻndirilmagan muddati oʻtgan qarzdorlik mavjud boʻlgan taqdirda jismoniy shaxslarga yangi mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2019-y., 10/19/905-6/3667-son)