Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDA IQTISODIY TAʼLIM VA BOZOR IQTISODIYOTI ASOSLARI BOʻYIChA MUVOFIQLAShTIRUVChI KENGASh TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 11-dekabrdagi 516-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiy taʼlimning iqtisodiy islohotlar vazifalari va talablariga mos yangi tizimini tashkil etish va aholining iqtisodiy bilimlarini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Iqtisodiy taʼlim va bozor iqtisodiyoti asoslari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash 1-ilovaga* muvofiq tashkil etilsin.
* Ilova berilmaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, AQSh xalqaro rivojlantirish agentligi (YuSEYD), K. Adenauer fondining Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan vakolatxonalarining, shuningdek OʻzByuroKESning Muvofiqlashtiruvchi kengash ishida qatnashish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin va ularning ekspertlari Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibiga kiritilsin.
* Ilova berilmaydi.
3. Iqtisodiy taʼlim va bozor iqtisodiyoti asoslari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashga quyidagi funksiyalar yuklatilsin:
maktablarda, maxsus va oliy oʻquv yurtlarida iqtisodiy taʼlim tizimini rivojlantirish strategiyasini belgilash va ishlab chiqilgan yoʻnalishlarni amalga oshirishga oid ishlarni muvofiqlashtirish;
iqtisodiy taʼlim sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish strategiyasini belgilash va ishlab chiqilgan yoʻnalishlarni amalga oshirishga oid ishlarni muvofiqlashtirish;
iqtisodiy fanlar boʻyicha oʻquv dasturlarini shakllantirish va bozor munosabatlari iqtisodiyoti boʻyicha oʻquv-uslubiy materiallar, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari tayyorlash, shuningdek yetakchi xorijiy iqtisodchilarning oʻquv adabiyotlari va monografiyalarini tarjima qilish hamda respublikada nashr etishni tashkil qilish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
iqtisodiy ixtisoslikdagi ilmiy-tadqiqot institutlarining iqtisodiy bilimlarni va amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotni targʻib qilishga oid faoliyatini faollashtirish ishlarini muvofiqlashtirish;
xorijiy mamlakatlarning universitetlari, oʻquv markazlari hamda boshqa taʼlim va oʻzga tizimlari bilan iqtisodiy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish.
4. Iqtisodiy taʼlim va bozor iqtisodiyoti asoslari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash toʻgʻrisidagi Nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va fan boʻlimi huzurida ikkita katta ekspert shtati ajratishni nazarda tutgan holda Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi tashkil etilsin.
Ishchi organga Muvofiqlashtiruvchi kengash kotibiyati funksiyasi yuklatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda respublikada iqtisodiy taʼlimni kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqsinlar va Muvofiqlashtiruvchi kengashning koʻrib chiqishi uchun kiritsinlar, bunda quyidagilar nazarda tutilsin:
har xil iqtisodiy ixtisosliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning maqbul tuzilmasini belgilash;
taʼlimning yangi shakllarini rivojlantirish, iqtisodiy ixtisoslikdagi oʻquv yurtlarining tuzilmasini takomillashtirish;
iqtisodiy ixtisoslikdagi mutaxassislarni chet tillarga oʻqitishni kengaytirish va chuqurlashtirish.
7. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda:
iqtisodiy taʼlim xalqaro standart tasnifi va kasblarning xalqaro standart tasnifi asosida iqtisodiy ixtisosliklar boʻyicha Davlat majburiy standartlarini ishlab chiqish;
Davlat matbuot qoʻmitasi bilan birgalikda oʻzbek, rus va chet tillarda ommaviy nusxada nashr etiladigan iqtisodiy ixtisoslikdagi zamonaviy oʻquv-uslubiy va ilmiy adabiyotlar, shu jumladan xorijiy oʻquv-uslubiy va ilmiy adabiyotlar roʻyxati;
taʼlim muassasalarining moddiy bazasini takomillashtirish va rivojlantirish hamda oʻqitishning pulli shakllarini kengaytirish hisobiga ilmiy-pedagogik kadrlarning muqim oʻrnashib qolishi;
Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi va Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi bilan birgalikda iqtisodiy taʼlimning barcha shakllari va darajalari (maktablar, oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlari, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish muassasalari) uchun dastur va majburiy iqtisodiy fanlar roʻyxati;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ilmiy-oʻqituvchi kadrlarni va talabalarni chet elda oʻqitish tizimini rivojlantirish, oʻquv-uslubiy adabiyotlar xarid qilish, mutaxassislar ayirboshlash, shuningdek iqtisodiy ixtisoslikdagi kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga oid chet el oʻquv va ilmiy markazlari bilan birgalikda qoʻshma oʻquv yurtlari, ilmiy boʻlinmalar va kurslar tashkil etish boʻyicha takliflar kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Iqtisodiy bilimlar asoslari” maktab kursi dasturini ishlab chiqsin va Muvofiqlashtiruvchi kengashning koʻrib chiqishi uchun kiritsin, ushbu fan boʻyicha mutaxassis oʻqituvchilar tayyorlash chora-tadbirlarini nazarda tutsin.
Muvofiqlashtiruvchi kengash Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Davlat matbuot qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu fan 1996/97 oʻquv yilidan boshlab joriy etilishini taʼminlasin.
9. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Mehnat vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda oʻrta va oliy boʻgʻin rahbar kadrlarining iqtisodiy qayta tayyorgarligi va ularning malakasini oshirishning maxsus tizimini tashkil etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsinlar va Muvofiqlashtiruvchi kengashning koʻrib chiqishi uchun kiritsinlar, unda BMT, Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, YUSEYD, K. Adenauer fondi va boshqa xalqaro, mintaqaviy va milliy tashkilotlarning respublikaga koʻrsatayotgan moliyaviy imkoniyatlaridan foydalanishni nazarda tutsin.
10. “Oʻzteleradio” kompaniyasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, Davlat mulki qoʻmitasi, Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda iqtisodchi olimlar, rahbar xodimlar va mutaxassislarni jalb etgan holda 1996-yil sentyabrgacha boʻlgan muddatda bozor iqtisodiyoti asoslari va respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, shuningdek xorijiy mamlakatlardagi iqtisodiy islohotlar tajribasi bilan tanishtirish boʻyicha oʻquv tele- va radioeshittirishlarning maxsus turkumini tayyorlasin va namoyish qilishni boshlasin.
11. Belgilab qoʻyilsinki, Muvofiqlashtiruvchi kengashning qarorlari barcha vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 19-iyun,
221-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Iqtisodiy taʼlim va bozor iqtisodiyoti asoslari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash
TUZILMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Iqtisodiy taʼlim va bozor iqtisodiyoti asoslari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QISM
Mutaxassislarning iqtisodiy tayyorgarlik darajasi respublikada islohotlarni muvaffaqiyatli olib borishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash va uning mehnat faoliyatini faollashtirish muammolarini hal etish koʻp jihatdan kishilarda qadriyatlarga yangicha qarashlarni shakllantirish, ularning yangi iqtisodiy sharoitlarga moslashuvini tezlashtirish bilan belgilanadi.
Qoʻyilgan muammolarni hal etishning kompleks xususiyati vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va jamoatchilik keng tabaqalarining aniq maqsadli va kelishilgan faoliyati zarurligini keltirib chiqaradi. Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi huzurida Iqtisodiy taʼlim va bozor iqtisodiyoti asoslari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilmoqda.
II. MUVOFIQLAShTIRUVChI KENGASh FUNKSIYALARI VA VAZIFALARI
Muvofiqlashtiruvchi kengash oʻz ishini iqtisodiy taʼlimning va aholining Oʻzbekiston Respublikasidagi iqtisodiy islohotlar vazifalari va talablariga mos boʻlgan iqtisodiy bilimlarini shakllantirishning zamonaviy tizimlarini yaratishga yoʻnaltiradi.
Quyidagilar muvofiqlashtiruvchi kengash funksiyalari hisoblanadi:
maktablarda, oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlarida iqtisodiy taʼlim tizimini rivojlantirish strategiyasini belgilash va ishlab chiqilgan yoʻnalishlarni amalga oshirishga oid ishlarni muvofiqlashtirish;
iqtisodiy taʼlim sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish strategiyasini belgilash va ishlab chiqilgan yoʻnalishlarni amalga oshirishga oid ishlarni muvofiqlashtirish;
iqtisodiyot yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining iqtisodiy bilimlarni va amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni targʻib qilish boʻyicha faoliyatini jadallashtirishga oid ishlarni muvofiqlashtirish;
xorijiy mamlakatlarning iqtisodiy taʼlim sohasidagi universitetlari, oʻquv markazlari va boshqa taʼlim hamda oʻzga tuzilmalari bilan xalqaro hamkorlikni tashkil etish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish.
Muvofiqlashtiruvchi kengash oʻz funksiyalariga muvofiq quyidagi vazifalarni hal etadi:
aholining asosiy guruhlari boʻyicha ularning iqtisodiy bilimi holatini oʻrganish va uni tahlil qilish;
mamlakatda iqtisodiy taʼlimni rivojlantirish va takomillashtirishning yagona davlat dasturini ishlab chiqish;
ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olib iqtisodiy taʼlimning samarali shakl va usullarini joriy etish;
oʻquv muassasalarida, korxonalarda, biznes, tadbirkorlik va investitsiya faoliyati sohasida, yashash joyi boʻyicha va oilada iqtisodiy taʼlim va oʻqitish shakllarining asosiy bosqichlarini belgilash;
olimlar va mutaxassislarni jahon standartlari va taʼlimning turli daraja va shakllari talablariga javob beruvchi yangi oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻquv-uslubiy hamda koʻrgazmali qoʻllanmalar, oʻquv texnologiyalarini ishlab chiqishga jalb etish;
maktablar, litseylar, kollejlar, texnikumlar va oliy oʻquv yurtlari mutaxassislari, rahbarlari va oʻqituvchilar tarkibini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning kompleks dasturini yaratish hamda amalga oshirish;
turli vazirliklar va idoralarda iqtisodiy taʼlimning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga oid tavsiyanomalar ishlab chiqish;
boshqaruv kadrlarini testdan oʻtkazishning samarali usullari asosida attestatsiya qilishning yangi tizimini ishlab chiqish;
vazirliklar va idoralarning xalqaro hamkorlikni tashkil etishdagi, iqtisodiyot mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishdagi, shuningdek talabalar, oʻqituvchilar, oʻquv dasturlari va materiallar almashishdagi, birgalikda ilmiy boʻlinmalar yaratishdagi faoliyatlarini muvofiqlashtirish;
iqtisodiy fanlarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini va iqtisodiyot sohasining ilmiy-pedagogik kadrlarini tayyorlashni muvofiqlashtirish hamda iqtisodiy taʼlimdagi fan yutuqlaridan foydalanishga oid tavsiyanomalar ishlab chiqish;
iqtisodiy taʼlim islohotlarining ustuvor yoʻnalishlarini birinchi navbatda moliyalashtirish, taʼlim sohasidagi aktiv faoliyatni moddiy barqarorlashtirish boʻyicha tavsiyanomalar ishlab chiqish;
nashriyotlarning iqtisodiy adabiyotlar nashr etishga oid faoliyatini kelishish, taʼlim ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ularni nashr etish navbatlarini belgilash;
ommaviy iqtisodiy oʻqitish yagona dasturiga muvofiq ommaviy axborot vositalarida iqtisodiy bilimlarni targʻib qilishning asosiy yoʻnalishlari, shakllari va usullarini ishlab chiqish;
vazirliklar va idoralar, korxonalar va muassasalarning iqtisodiy taʼlim sohasida tajriba almashuvini tashkil etish.
III. MUVOFIQLAShTIRUVChI KENGAShNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
Iqtisodiy taʼlim va bozor iqtisodiyoti asoslari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:
iqtisodiy taʼlimni tashkil etish va takomillashtirish masalalari yuzasidan takliflarni tayyorlash va hukumatga kiritish;
vazirliklar va idoralarning iqtisodiy taʼlim masalalari yuzasidan axborotlarini tinglash;
dasturlarning ustuvorligini hisobga olgan holda vazirliklar va idoralarning ayrim taʼlim dasturlarini moliyalashtirishga oid takliflar kiritish;
iqtisodiy taʼlimni isloh qilishning hamda iqtisodiy taʼlim davlat dasturi bajarilishining yakunlari va borishini muhokama qilish;
iqtisodiy yoʻnalishdagi oʻquv yurtlarining ilmiy-pedagogik, oʻquv-uslubiy va moddiy-texnik bazalarini takomillashtirishga oid takliflar kiritish;
vatanimizdagi va xorijiy ilmiy hamda taʼlim muassasalari, fondlar va jamoat tashkilotlari hamkorligining barcha shakllarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar tizimini shakllantirish.
IV. MUVOFIQLAShTIRUVChI KENGASh IShINI TAShKIL ETISh
Muvofiqlashtiruvchi kengash ishi uning umumiy majlislari, seksiyalari va vaqtinchalik ishchi guruhlar majlislari shaklida amalga oshiriladi. Seksiyalar ishning asosiy yoʻnalishlarini hisobga olgan holda tuziladi.
Zarur boʻlgan hollarda vaqtinchalik seksiyalararo ishchi guruhlari tuziladi. Seksiyalar va ishchi guruhlari Muvofiqlashtiruvchi kengashning umumiy majlisida tasdiqlanadi va unga hisob beradi. Seksiyalar rahbarlari Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi tomonidan tayinlanadilar.
Muvofiqlashtiruvchi kengash ishini uning raisi, u boʻlmaganda esa oʻrinbosar boshqaradi. Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatining bosh yoʻnalishini belgilaydi.
Rais oʻrinbosari Muvofiqlashtiruvchi kengash ishi rejasi va uning qarorlari bajarilishini nazorat qiladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash Kotibiyati uning majlislarini tayyorlaydi, uning qarorlarini manfaatdor vazirliklar va idoralarga yetkazadi, qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini nazorat qiladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash ishi uning kalendar yil uchun tuzilgan rejasiga muvofiq tashkil etiladi. Seksiyalar ishi tegishli rejalar boʻyicha amalga oshiriladi. Muvofiqlashtiruvchi kengash majlisi yilning har choragida oʻtkaziladi. Majlisning kun tartibi uning boshlanishidan 30 kun oldin belgilanadi. Seksiyalar majlisi har oyda oʻtkaziladi. Seksiyalar aʼzolariga bajarilishi uchun ular shaxsan javobgar boʻlgan aniq ishlar biriktirib qoʻyiladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash va uning alohida seksiyalari tarkibidagi kadrlarni yangilab turish Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi tomonidan amalga oshiriladi.