O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining
Qarori
Hayvonlarning egalaridan identifikatsiya qilish xizmatlari uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori va shartlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 26-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3177]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-martdagi PQ-4254-son “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-sentabrdagi 748-son “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qaror qiladi:
1. Hayvonlarning egalaridan identifikatsiya qilish xizmatlari uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori va shartlari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Rais B. NORQOBILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-avgust,
7-son
O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019-yil 1-avgustdagi 7-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Hayvonlarning egalaridan identifikatsiya qilish xizmatlari uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori va shartlari to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-sentabrdagi 748-son “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq identifikatsiya qilish xizmatlari uchun hayvonlarning egalaridan undiriladigan to‘lovlar miqdori va shartlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom qoidalari tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z ehtiyojlari uchun saqlayotgan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ko‘paytirayotgan, boqayotgan hayvonlari identifikatsiya obyekti bo‘lib hisoblanadi.
2-bob. Hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori va shartlari
3. Hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmatlari uchun hayvon egalaridan quyidagi miqdorlarda to‘lov undiriladi:
har bir qoramol, ot, eshak va tuyalar uchun — O‘zbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining (keyingi o‘rinlarda BHM deb yuritiladi) 2 foizi;
har bir qo‘y, echki va cho‘chqalar uchun — BHMning 1,5 foizi;
har bir it va mushuklar uchun — BHMning 1 foizi.
Qo‘y va echkilarga guruh usulida veterinariya pasporti rasmiylashtirilganda, identifikatsiya qilish xizmatlari uchun to‘lovlar qo‘y va echkilarning har biriga alohida undiriladi.
4. Veterinariya pasporti yo‘qolganda yoki yaroqsiz holga kelib qolganda uning dublikati bepul beriladi.
5. Hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmatlari tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari va hayvon egalari o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Shartnomada hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmatini ko‘rsatish muddatlari, narxi, hisob-kitob tartibi, tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, shuningdek qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa shartlar belgilanadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
7. To‘lov tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlarining budjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriga ko‘ra, cheklanmagan holda, tijorat banklari, elektron to‘lov tizimi va boshqa to‘lov turlari orqali, naqd va naqdsiz shaklda amalga oshiriladi.
8. Tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari tasdiqlangan shakldagi kirim orderi va ikki nusxada kvitansiyani rasmiylashtiradi hamda pullik tushumlarning hisobini olib boradi.
Kvitansiyaning bir nusxasi hayvon egasiga beriladi, ikkinchi nusxasi tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari buxgalteriyasida saqlanadi.
9. Tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmatlari bo‘yicha tushumlarning statistik, buxgalterlik hisobi va hisobotini olib boradi hamda hududiy Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasiga topshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi ushbu hisobotlarni Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga yuboradi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
3-bob. Yakuniy qoidalar
10. Hayvonlarni identifikatsiya qilishda veterinariya muassasasi va hayvon egalari o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarish jarayonida yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar muzokara o‘tkazish orqali hal qilinadi. Kelishmovchiliklarni muzokara orqali hal qilishning iloji bo‘lmaganda, ular sud tartibida hal etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
12. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri D. KUCHKAROV
2019-yil 1-avgust
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2019-yil 1-avgust
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A. XAITOV
2019-yil 1-avgust
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.08.2019-y., 10/19/3177/3646-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)