Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VA QIRGʻIZISTON RESPUBLIKASI XOʻJALIKLARI TOMONIDAN YAYLOVLARDAN FOYDALANISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjaliklari tomonidan Qirgʻiziston Respublikasi hududidagi va Qirgʻiziston Respublikasi xoʻjaliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi yaylovlardan ijara shartlari boʻyicha foydalanish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirlari tomonidan 1992-yil 11-aprelda imzolangan Bitim tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Andijon, Namangan, Fargʻona va Toshkent viloyatlarining, shuningdek, tegishli nohiyalarning hokimlari Qirgʻiziston Respublikasining nohiya va viloyat hokimiyat va boshqaruv organlari bilan birgalikda foydalanishga berilgan yaylovlar maydonlarini, ulardan foydalanish tartibi, muddatlari va shartlarini, ijara haqi miqdorlarini kelishib olsinlar va mazkur masalalar yuzasidan shartnomalar tuzsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Andijon, Namangan, Fargʻona va Toshkent viloyatlarining hokimlari zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-may,
234-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 13-maydagi 234-son qaroriga
ILOVA
1992-yil 13-maydagi 234-son qaroriga
ILOVA
BITIM
Qirgʻiziston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli vakillari Qirgʻiziston Respublikasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaning 8-moddasiga amal qilib, quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1. Qirgʻiziston Respublikasining Davlat mustaqilligi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asoslanib, oʻzaro foydali hamkorlik asosida doʻstlikda va murosa qilib yashashga intilib hamda Qirgʻiziston Respublikasining va Oʻzbekiston Respublikasining yer toʻgʻrisidagi qonunlariga amal qilib, vakolatli vakillar, oʻzaro foydali shartlarda Respublikalarning hududlarida yaylov chorvachiligi uchun yaylovlardan foydalanish mumkin, deb hisoblaydilar.
2. Yaylov chorvachiligi uchun yaylov maydonlaridan foydalanish ijara shartlari boʻyicha amalga oshiriladi.
3. Ijaraga beriladigan yaylovlarning maydonlari, ulardan foydalanish muddatlari, shartlari, shuningdek, boqiladigan chorva mollari soni va ijara haqi miqdori nohiya davlat maʼmuriyati boshliqlari tomonidan viloyatlar davlat maʼmuriyati bilan kelishgan holda belgilanadi va shartnoma bilan rasmiylashtiriladi. Shartnomada oʻrmonzorlardan foydalanish qoidalari aks ettirilgan boʻlishi kerak.
Tomonlardan biri shartnoma shartlarini bajarmagan taqdirda ikkinchi tomonning talabi boʻyicha shartnoma bekor qilinishi mumkin.
4. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxlari erkinlashtirilgan, oʻzgargan hollarda bir gektar yaylov uchun ijara haqi miqdori har yili shartnomalar tuzilayotganda tuzatib boriladi.
Ijara haqi, ijaraga beruvchilarning taqdimnomasiga koʻra, har yili 1-apreldan kechikmasdan, 1992-yilda esa 1-sentabrgacha maxsus schyotlarga oʻtkaziladi.
Yaylovni ijaraga olganlik haqi belgilangan muddatda toʻlanmagan taqdirda ijaraga oluvchi yaylovlardan foydalanish huquqidan mahrum qilinadi.
Shartnoma asosida yaylovlardan foydalanishning yuqorida koʻrsatilgan shartlari Qirgʻiziston Respublikasi tomonidan foydalanilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining Toshkent viloyati yaylovlariga ham tegishlidir.
5. Mollarni boshqa joyga koʻchirish respublikalarda belgilangan mollarni koʻchirish trassalari boʻyicha, veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Shartnomaga muvofiq, ijaraga berilgan yaylovlardan faqat ijarachilar tomonidan mol boqish uchun foydalanilishi kerak.
6. Ijaraga olingan yerlarda obyektlar qurish va ulardan foydalanish tegishli viloyat va nohiya davlat maʼmuriyatining ruxsati boʻyicha amalga oshiriladi.
7. Mazkur Bitim bir xil yuridik kuchga ega boʻlgan 2 (ikki) nusxada tuzilgan va imzolangan boʻlib, Qirgʻiziston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatlari tomonidan tasdiqlanadi hamda Bishkek va Toshkent shaharlarida saqlanadi.
Bitim tasdiqlangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Tasdiqlangan Bitimlarning nusxalari Qirgʻiziston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasining tegishli viloyat davlat maʼmuriyatlari boshliqlariga amal qilish va bajarish uchun yuboriladi.
Vakolatli vakillar:
Qirgʻiziston Respublikasi nomidan K.A.ASANOV — Qishloq xoʻjaligi vaziri
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan M.Y. ISLOMOV – Qishloq xoʻjaligi vaziri
Oʻsh shahri, 1992-yil 11-aprel