O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 18-maydagi PF-5721-son Farmoniga muvofiq va kelgusida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni ishlab chiqarish, foydalanish va ularning muomalasi sohasida davlat siyosatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining boshqaruv xodimlarining umumiy soni 24 kishidan iborat bo‘lgan markaziy apparati tuzilmasi 1a-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining hududiy filiallari namunaviy tuzilmasi 1b-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda Davlat asillik darajasini belgilash palatasini (keyingi o‘rinlarda Davlat asillik darajasini belgilash palatasi deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tasarrufiga berish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni tugallasin.
3. Belgilansinki:
Davlat asillik darajasini belgilash palatasiga O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining tasdiqnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq boshchilik qiladi;
boshliq maqomiga, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazirning o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
boshliqning Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi.
4. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmasdan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat asillik darajasini belgilash palatasini rivojlantirish va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) tashkil etilsin.
Quyidagilar Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilansin:
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar yoki tarkibida ular mavjud bo‘lgan buyumlar muomalasi qoidalari buzilganligi uchun undiriladigan jarimalar;
asillik darajasi to‘lovlaridan tushadigan pul mablag‘lari;
arizalar ko‘rib chiqilganligi va guvohnomalar berilganligi, yig‘imlar;
litsenziyalar berish to‘g‘risidagi arizalar ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘imlar;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
5. Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagilarda foydalaniladi:
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi va uning hududiy filiallarini saqlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, ularning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, mukofotlar, ijtimoiy to‘lovlar to‘lash;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyatiga xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarni jalb etish, shuningdek, uning xodimlarining malakasini oshirish, tayyorlash va qayta tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni moliyalashtirish;
ilmiy-texnik va ilmiy-metodik adabiyotlar (shu jumladan, davriy nashrlar, broshyuralar, bukletlar, kitoblar, to‘plamlar va boshqa axborot-ma’rifiy materiallar)ni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyati sohasida videoroliklar va taqdimot materiallari bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini, shuningdek, Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyatiga doir ilmiy va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari tomonidan normativ hujjatlar ishlab chiqilishini moliyalashtirish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tadbirlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2019-yilda Davlat asillik darajasini belgilash palatasini saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplash uchun budjetdan zarur bo‘lgan mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin, 2020-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida zarur mablag‘lar nazarda tutilishini ta’minlasin;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasiga ikkita yengil, shu jumladan, bitta biriktirilgan va bitta navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi filiallari hududiy moliya organlarining tegishli binolarida joylashtirilishini ta’minlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-avgust,
677-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-avgustdagi 677-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining
TASHKILIY TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-avgustdagi 677-son qaroriga
1a-ILOVA
1a-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining markaziy apparati
TUZILMASI
Xodimlarning umumiy soni — 47 birlik, ulardan:
boshqaruv xodimlari — 24 birlik;
ishlab chiqarish xodimlari — 23 birlik.
Xizmat ko‘rsatuvchi va texnik xodimlarning soni qonun hujjatlarida belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-avgustdagi 677-son qaroriga
1b-ILOVA
1b-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining hududiy filiali
TUZILMASI
* Probirer (toifalar bo‘yicha) ishlab chiqarish xodimi hisoblanadi.
Cheklangan soni — 3 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-avgustdagi 677-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining (keyingi o‘rinlarda Davlat asillik darajasini belgilash palatasi deb ataladi) maqomi, vazifalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berishi tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan faoliyat ko‘rsatishni tartibga solish, shuningdek, asillik darajasi nazorati sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishida ishtirok etuvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimiga kiradi va o‘z faoliyatida unga hisobot beradi.
5. Davlat asillik darajasini belgilash palatasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
6. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga va bank hisobvaraqlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shuningdek, Davlat asillik darajasini belgilash palatasi nomi yozilgan va O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan blankalariga egadir.
7. Davlat asillik darajasini belgilash palatasining rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi;
qisqartirilgan nomi — Davlat asillik darajasini belgilash palatasi;
b) ingliz tilida:
to‘liq nomi — State Assay office under the Ministry of Finance Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — State assay office.
v) rus tilida:
to‘liq nomi — Gosudarstvennaya probirnaya palata pri Ministerstve finansov Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Gosudarstvennaya probirnaya palata.
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi joylashgan joy (pochta manzili):
100000 Toshkent, Yunusobod tumani, Zarafshon ko‘chasi, 4.
8. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi binosi tegishlicha qo‘riqlanishi zarur bo‘lgan o‘ta muhim obyektlar toifasiga kiradi.
Obyektda kirib-chiqish va ichki rejim, shuningdek, obyektni qo‘riqlash bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirlar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan maxsus nizom bilan tartibga solinadi.
2-bob. Davlat asillik darajasini belgilash palatasining tashkiliy tuzilmasi
9. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi tizimiga:
markaziy apparat;
hududiy filiallar kiradi.
3-bob. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi va hududiy filiallarning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Davlat asillik darajasini belgilash palatasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq faoliyat sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda ishtirok etish;
mineral xom ashyodan qimmatbaho metallarni texnologik jarayonlarda, qayta ishlashda kompleks maksimal ajratib olish, ishlab chiqarish, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan oqilona va tejamli foydalanish, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni sotib olish va sotish ustidan nazorat qilish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq faoliyat sohasida qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
sotishga mo‘ljallangan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarining asillik darajasini aniqlash va ularga O‘zbekiston Respublikasi davlat tamg‘alari qo‘yilishini ta’minlash.
11. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq faoliyat sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda ishtirok etish sohasida:
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq faoliyat sohasida texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlar ishlab chiqilishini amalga oshiradi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, foydalanish, ularning hisobini olib borish va saqlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va nazorat qilishni ta’minlash masalalarida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa organlar bilan hamkorlik qiladi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi tizimi rivojlangan mamlakatlarning normativ-huquqiy hujjatlarini o‘rganadi va tahlil qiladi, davlat asillik darajasi nazoratini tashkil etish sohasida ilg‘or xalqaro tajribani joriy etadi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarga standartlar, texnik shartlar ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
b) texnologik jarayonlarda qayta ishlashda mineral xom ashyodan qimmatbaho metallarni kompleks maksimal chiqarib olish, ishlab chiqarish, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan oqilona va tejamli foydalanish, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni sotib olish va sotish ustidan nazorat qilish sohasida:
affinaj tashkilotlarda qimmatbaho metallarni qayta ishlash, ishlab chiqarish, hisobga olish va saqlash, texnologik doiralarda kompleks maksimal chiqarib olish ustidan doimiy davlat nazoratini ta’minlaydi;
sanoat tashkilotlarining tarkibida qimmatbaho metallar bo‘lgan ikkilamchi xom ashyosini respublikada va chet elda qayta ishlash uchun olib chiqishga tayyorlashda qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etadi, ularning asillik darajasini aniqlash va tahlil qilishda, qayta ishlovchining tashkilotida qimmatbaho metallar chiqarib olinishida, ulardan texnologik buyumlar tayyorlanishida, ular keyinchalik respublikaga yetkazib berilishi uchun qabul qilinishi, test sinovdan o‘tkazilishida ishtirok etadi;
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ijro etishi majburiy bo‘lgan normativ va yo‘riqnoma hujjatlarni kelishadi;
asillik laboratoriyalari va boshqa laboratoriyalar tomonidan amalga oshiriladigan namunalarda qimmatbaho metallar mavjudligi to‘g‘ri aniqlanishi ustidan nazorat qiladi;
v) qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq faoliyat sohasida qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
qonun hujjatlariga muvofiq qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, shuningdek, ulardan tayyorlangan buyumlar muomalasi sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar tomonidan majburiy talablarga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan operatsiyalar sohasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish ustidan nazorat qiladi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini, ular tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotishga qo‘yiladigan buyumlarning asillik va tamg‘alash bo‘yicha qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishini joyning o‘ziga chiqib o‘rganadi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlashga ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomalarini beradi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga litsenziyalar beradi;
g) sotishga mo‘ljallangan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarining asillik darajasini aniqlash va ularga O‘zbekiston Respublikasi davlat tamg‘alari qo‘yilishini ta’minlash sohasida:
zargarlik buyumlari texnik jihatdan tartibga solish sohasida belgilangan normativ hujjatlarga muvofiq bo‘lganda tamg‘alashni amalga oshiradi;
texnik ekspertizani amalga oshiradi va qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardagi har xil materiallar, buyumlarni tahlil qiladi, shuningdek, qimmatbaho toshlar diagnostikasini amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi davlat asillik darajasi tamg‘alarining izlari ekspertizasini o‘tkazadi;
qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlarning asillik va tamg‘alash bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan harakatlarni amalga oshirganlik, shuningdek, boshqa xizmatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan asillik darajasi to‘lovlarini undiradi;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning buyurtmanomalari bo‘yicha asillik darajasi reaktivlari tayyorlanishini amalga oshiradi;
12. Sotish uchun mo‘ljallangan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarining asillik darajasini belgilash va O‘zbekiston Respublikasi davlat tamg‘alari bilan tamg‘alashni ta’minlash hududiy filiallarning asosiy vazifalari hisoblanadi.
13. Hududiy filiallar ularga yuklangan asosiy vazifaga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradilar:
zargarlik buyumlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi belgilangan normativ hujjatlarga muvofiq bo‘lganda ularni tamg‘alaydi;
qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamg‘alash bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan harakatlarni amalga oshirganlik, shuningdek, boshqa xizmatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan asillik darajasi to‘lovlarini undiradi.
4-bob. Davlat asillik darajasini belgilash palatasining huquqlari va javobgarligi
14. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Davlat asillik darajasini belgilash palatasining vazifalari va funksiyalarini bajarish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish yoki ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarurligi to‘g‘risida takliflar kiritish;
o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborotni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan belgilangan tartibda so‘rash va olish;
zarurat bo‘lganda o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha axborotni davlat statistika organlaridan tekin olish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi masalalari bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini tekshirish va o‘rganish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlariga asillik darajasining o‘rnatilgan belgisi namunasi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyati ustidan nazorat qilish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasiga yuklangan vazifalarni bajarishda tekshirishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan texnik vositalar va aloqa vositalarini o‘zi bilan birga olib kirib, Davlat asillik darajasini belgilash palatasi buyrug‘idan ko‘chirmani tekshirishlar reja-jadvalini taqdim etib, xizmat guvohnomasini ko‘rsatib korxonalarga belgilangan tartibda to‘siqsiz kirish;
tekshirish davomida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlash qoidalari buzilishi aniqlangan tekshirish materiallarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud, huquqni muhofaza qiluvchi va tergov organlariga berish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa vazirliklar va idoralarga idoraviy mansub nazorat qiluvchi tashkilotlar, muzeylar, harbiy qismlar, tuzilmalar, bo‘linmalar, tashkilotlardan tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning muomalasiga, ularning parchalari va chiqindilarini to‘plash va qayta ishlovchi tashkilotlarga topshirilishiga tegishli normativ-texnik, buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlar, shuningdek, tekshirish jarayonida yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berilishini va ma’lumotnomalar taqdim etilishini talab qilish;
mansabdor shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga aniqlangan kamchiliklar va qoida buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni belgilangan tartibda berish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar yoki tarkibida ular mavjud bo‘lgan buyumlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, ulardan foydalanish hamda ularning parchalari va chiqindilarini to‘plash va davlat fondiga topshirishda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni yoki tarkibida ular mavjud bo‘lgan buyumlarni olish, sarflash, hisobga olish, saqlash tartibi va qoidalari buzilganligi uchun mansabdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq ma’muriy javobgarlikka tortish;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining jismoniy shaxslariga — rezidentlariga va norezidentlariga shartnoma shartlarida pulli xizmatlar ko‘rsatish;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Davlat asillik darajasini belgilash palatasi mol-mulkini hududiy filiallarga va Davlat asillik darajasini belgilash palatasi hududida qo‘riqlashni amalga oshiruvchi tashkilotlarga bepul foydalanish huquqi bilan belgilangan tartibda berish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasining hududiy filiallari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
15. Quyidagilar Davlat asillik darajasini belgilash palatasining mutlaq huquqi hisoblanadi:
qimmatbaho metallarning hakamlik tahlillarini bajarish;
affinaj tashkilotlarning doimiy davlat nazoratini amalga oshirish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlariga O‘zbekiston Respublikasi davlat asillik darajasi tamg‘alarini qo‘yish;
O‘zbekiston Respublikasi davlat asillik darajasi tamg‘alari izlarini ekspertizadan o‘tkazish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlashga ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomalari berish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga litsenziyalar berish.
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi O‘zbekiston Respublikasi davlat asillik darajalari tamg‘alarining yagona saqlovchisi va foydalanuvchisi hisoblanadi.
16. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi:
Davlat asillik darajasini belgilash palatasiga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishi, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq faoliyat sohasida davlat siyosati amalda ro‘yobga chiqarilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari, shuningdek, o‘z vakolatlari doirasida Davlat asillik darajasini belgilash palatasi doirasida qabul qilinadigan qarorlar;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq faoliyat sohasini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar samarali amalga oshirilishi, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tegishli sohada hududlarning muammoli masalalari hal etilishi uchun javob beradi.
5-bob. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyatini tashkil etish
17. Davlat asillik darajasini belgilash palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq boshchilik qiladi.
Boshliq maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
boshliqning Davlat asillik darajasini belgilash palatasin boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi.
18. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘i bo‘lmagan davrda uning vakolatlari uning o‘rinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
19. Boshliq Davlat asillik darajasini belgilash palatasi ishi tashkil etilishini va uning faoliyatiga umumiy rahbarlik qilinishini ta’minlaydi, shuningdek, faoliyatning sifati va pirovard natijalari uchun javob beradi.
20. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.
6-bob. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi rahbarlarining funksional vazifalari
21. Quyidagilar Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘ining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyatiga rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari bilan Davlat asillik darajasini belgilash palatasiga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks dasturlar va tadbirlar ijro etilishini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi xodimlarining vakolatlarini va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi va uning hududiy filiallari faoliyatini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazorat qilinishini ta’minlash;
kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlar zaxirasini yaratish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi xodimlarini tizimli qayta tayyorlash va malakasi oshirilishini tashkil etish;
xodimlarni malaka oshirishga va xalqaro seminarlarda ishtirok etish uchun yuborish, Davlat asillik darajasini belgilash palatasi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha aholi va biznes vakillari orasida sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq faoliyat sohasiga tegishli masalalarni yoritish va muhokama qilish uchun davra suhbatlari tashkil etish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq faoliyat sohasi masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, ularni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga o‘z vaqtida taqdim etish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasiga taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqilishini, shuningdek, ular belgilangan muddatlarda kelishilishini (qiza qo‘yilishini) ta’minlash;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlari qonun hujjatlari talablariga muvofiq tashkil etilishi, xizmat safarlariga ajratilgan mablag‘larning asoslanganligini, maqsadli va oqilona foydalanilishini ta’minlash;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga o‘z o‘rinbosarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, uning egallab turgan lavozimda bundan buyon bo‘lishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqish to‘g‘risida takliflar kiritish, uning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xodimlarning Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Davlat asillik darajasini belgilash palatasi xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini ta’minlash;
qonun hujjatlariga muvofiq Davlat asillik darajasini belgilash palatasida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi va uning hududiy filiallari ishini tashkil etishning zamonaviy shakllari joriy etilishini ta’minlash;
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, shaxsiy qabullarni, shu jumladan, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini sayyor qabul qilishni muntazam ravishda amalga oshirish;
davlat sirlariga va maxfiy axborotga tegishli axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish va ta’minlash.
22. Quyidagilar Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘i o‘rinbosarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘ining qarorlari, buyruqlari va topshiriqlarini o‘z vaqtida va sifatli ijro etish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘i vaqtincha bo‘lmaganda tegishli buyruq asosida uning vazifalarini ijro etish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi markaziy apparati va uning hududiy filiallari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va bevosita rahbarlik qilish, ularning xodimlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi va uning hududiy filiallari faoliyatini so‘zsiz ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish, xodimlarning hisobotlarini muntazam ravishda eshitish va shaxsiy javobgarligini oshirish;
boshliq tomonidan tasdiqlangan Davlat asillik darajasini belgilash palatasi va uning hududiy filiallari har choraklik rejalarini ko‘rib chiqish, ularning bajarilishi ustidan nazorat qilinishini ta’minlash;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasining markaziy apparatida va uning hududiy filiallarida lavozimlar klassifikatoriga muvofiq kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘iga takliflar taqdim etish, kadrlar zaxirasini shakllantirishda ishtirok etish;
faoliyat sohasi masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini, ularning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga o‘z vaqtida taqdim etish;
takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini to‘liq va har taraflama ko‘rib chiqish;
xizmat safarlarini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirish, xizmat safarlariga ajratiladigan sarf-xarajatlarning asoslanganligini, maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi markaziy apparati va uning hududiy filiallari xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, Davlat asillik darajasini belgilash palatasi majlislarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlar bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
faoliyat sohasiga tegishli masalalar bo‘yicha Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rish, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va ularni Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘iga kiritish;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘iga Davlat asillik darajasini belgilash palatasi markaziy apparati va uning hududiy filiallari xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimda bundan buyon bo‘lishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish uchun takliflar kiritish, funksional majburiyatlar va yuklangan vazifalar bajarilishi uchun ularning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.
7-bob. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi rahbarlarining javobgarligi
23. Asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘i:
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi oldiga qo‘yilgan masalalar va vazifalar bajarilishi;
ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan Davlat asillik darajasini belgilash palatasining javobgarligi sohalari bo‘yicha;
ushbu Nizomning 21-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
24. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘ining o‘rinbosari:
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi va uning hududiy filiallari oldiga qo‘yilgan masalalar va funksiyalarning bajarilishi;
ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan Davlat asillik darajasini belgilash palatasining javobgarligi sohalari bo‘yicha;
ushbu Nizomning 22-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalari sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
8-bob. Davlat asillik darajasini belgilash palatasini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga xaq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish
25. Quyidagilar Davlat asillik darajasini belgilash palatasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari va kreditlari (qarzlari);
Davlat asillik darajasini belgilash palatasining budjetdan tashqari rivojlantirish va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘lari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
26. Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
27. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish va idora qilish Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘i tomonidan Jamg‘armaning tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
28. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘i:
Jamg‘armaning mablag‘larini ushbu Nizomga va Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetasiga muvofiq boshqaradi va Jamg‘arma mablag‘larini idora qiladi va ular maqsadli sarflanishi uchun javob beradi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Jamg‘arma mablag‘laridan moliyalashtiriladigan shartnomalar tuzadi;
Jamg‘arma oldin berilgan mablag‘lari bo‘yicha, shu jumladan, shartnoma shartlarini qayta tuzish, uzaytirish va o‘zgarishi bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari hisobi yuritilishini ta’minlaydi, Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi monitoringini olib boradi.
29. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar, ustamalar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan iborat bo‘ladi.
30. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyatining topshirig‘iga muvofiq Davlat asillik darajasini belgilash palatasi xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar belgilanishi mumkin.
31. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi xodimlarning lavozim maoshlariga oylik mukofotlar, ustamalar va qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi tusdagi qo‘shimcha haqlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq to‘lanadi.
Ayrim tashabbuskor va yuqori malakali xodimlarga Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga belgilangan tartibda lavozim maoshiga (tarif stavkasiga) shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin.
9-bob. Davlat asillik darajasini belgilash palatasining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi oldida hisobot berishi
32. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi o‘z faoliyati haqida muntazam ravishda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi oldida hisobot beradi.
Davlat asillik darajasini belgilash palatasining hisobot berishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
10-bob. Yakunlovchi qoida
33. Davlat asillik darajasini belgilash palatasini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.08.2019-y., 09/19/677/3598-son)