O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 6-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3029-2]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 29-avgustdagi 18/5-sonli “O‘zbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3281, 31.08.2020-y.) asosan 2020-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/9-son qarori (ro‘yxat raqami 3029, 2018-yil 29-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2018-y., 26-son, 532-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-iyul,
16/3-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 20-iyuldagi 16/3-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 33-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Valyuta ayirboshlash operatsiyalari ikki nafar xodim — nazoratchi va kassir ishtirokida amalga oshiriladi.
Valyuta ayirboshlash shoxobchasida ish hajmidan kelib chiqib zaruriyat bo‘lganda bank rahbarining buyrug‘iga asosan xodimlar soni ko‘paytirilishi yoki bitta (bir vaqtning o‘zida nazoratchi va kassir vazifasini bajaruvchi sifatida) xodimgacha kamaytirilishi mumkin. Bunda xodimlar sonini bittagacha qisqartirishga faqat bank va bank xizmatlari ofisida joylashgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari hamda chakana amaliyot kassalarida ruxsat etiladi.”.
2. 44-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44. Taqdim etilgan chet el valyutasining haqiqiyligi va muomalaga yaroqliligi texnik vositalar yordamida tekshirilgandan so‘ng valyuta ayirboshlash operatsiyalari amalga oshiriladi.”.
3. 50-bandning birinchi xatboshisidan “vositachilik haqi undirilgan holda” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
4. 56-bandda:
ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banknota tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini beradigan darajada siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa (siyqalanish banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan holatlar bundan mustasno);”;
beshinchi va oltinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mayda dog‘lar, yozuvlar, shtamp izi bo‘lganda (bunda yozuv yoki shtamp izi ikki donadan ortiq bo‘lsa, banknota tugatilganligi, soxtaligi yoki namunaviyligini tasdiqlovchi shtamplar bundan mustasno) hamda ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lsa;
banknotada diametri 1 mm dan oshmagan va ikkitadan ortiq teshiklar bo‘lsa, bunda teshiklar banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lishi kerak.”.
5. 58-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“58. Mazkur Nizomning 56-bandida ko‘rsatilgan me’yorlardan ortiq bo‘lgan va quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqsiz hisoblanadi:”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.08.2019-y., 1/19/3029-2/3529-son)