Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi kengashining
Qarori
SUD-HUQUQ TIZIMINI ISLOH QILISh TOʻGʻRISIDA TAKLIFLAR TAYYORLASh KOMIsSIYASINI TUZISh HAQIDA
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning Oliy Majlis oʻn toʻrtinchi sessiyasidagi nutqi yuzasidan” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 14-apreldagi qaroriga muvofiq va sud-huquq islohotini chuqurlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida doimiy asosda ishlaydigan Sud-huquq tizimini isloh qilish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash komissiyasi tuzilsin (1-ilova).
2. Sud-huquq tizimini isloh qilish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash komissiyasiga oʻzining faoliyatiga vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning xodimlarini, olimlar va mutaxassislarni jalb etish huquqi berilsin.
3. Sud-huquq tizimini isloh qilish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash komissiyasi haqidagi Nizom tasdiqlansin (2-ilova).
4. Sud-huquq tizimini isloh qilish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash komissiyasi bir oylik muddat ichida oʻz faoliyatining dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-iyun,
791-I-son
Sud-huquq tizimini isloh qilish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash komissiyasining
TARKIBI
|
Komissiya raisi | ||
| Polvonzoda Abdusamat Abduxamidovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari |
|
Komissiya raisiniig oʻrinbosari | ||
| Oʻrazayev Shavkat Zakariyevich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi |
|
Komissiya kotibi | ||
| Yoʻldoshev Abduqahhor Abdurahmonovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qotibiyati Yuridik boʻlimining mudiri |
|
Komissiya aʼzolari: | ||
| Azimov Murod Karimovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi raisining oʻrinbosari |
| Asatov Sayfulla Asatovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari |
| Ashurov Fayzullo | — | Oʻzbekiston Advokatlar assotsiatsiyasining prezidenti |
| Asqarova Muattar | — | Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi “Axborot” dasturining siyosiy sharhlovchisi, yurist-jurnalist |
| Davletov Abdulla | — | Toshkent davlat yuridik instituti jinoyat protsessi kafedrasining dotsenti, yuridik fanlar nomzodi |
| Yoqubov Sanjar Ahmadjonovich | — | Toshkent shahar advokatlar hayʼatining raisi, yuridik fanlar nomzodi |
| Inogʻomjonova Zumrad | — | Toshkent davlat yuridik instituti jinoyat protsessi kafedrasining mudiri vazifasini bajaruvchi, yuridik fanlar nomzodi |
| Mirboboyev Baxtiyor Shamsutdinovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining oʻrinbosari, yuridik fanlar nomzodi |
| Mirenskiy Boris Aronovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining jinoyat protsessi kafedrasi boshligʻining oʻrinbosari, yuridik fanlar doktori |
| Mustafoyev Boʻritosh Mustafoyevich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat maslahatchisining oʻrinbosari |
| Muhitdinova Farruxa Faxriddinovna | — | Oʻzbekiston Rsspublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, yuridik fanlar nomzodi |
| Nazarov Yoʻldosh Ahmsdovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, Oʻzbekiston Rsspublikasi Prezidenti devonining Qonunchilik va sud hokimiyati organlari bilan aloqalar boʻyicha ekspertlar guruhi rahbari |
| Otaxonov Foziljon | — | Toshkent shahar xoʻjalik sudi raisi, yuridik fanlar nomzodi |
| Rajabova Mavjuda Abdullayevna | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish markazi direktorining oʻrinbosari, yuridik fanlar nomzodi |
| Rashidova Sayyora Sharofovna | — | Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) |
| Rahmonqulov Hojiakbar Rahmonqulovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, yuridik fanlar doktori, professor |
| Saidov Akmal Xolmatovich | — | Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining direktori, yuridik fanlar doktori, professor |
| Tursunov Ahtam Salomovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining direktori, yuridik fanlar nomzodi |
| Toʻxtashev Abdil Qosimovich | — | Oʻzbekiston Sudyalar assotsiatsiyasining raisi |
| Xomenker Lev Moiseyevich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi |
| Ergashev Azimjon | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari |
| Qarshiboyev Nazar | — | Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi sudlar faoliyatini tashkiliy taʼminlash boshqarmasining boʻlim boshligʻi |
| Qodirov Sobir Solihovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi harbiy hayʼatining aʼzosi, adliya podpolkovnigi |
| Gʻulomov Baxtiyor Hisomovich | — | Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisining birinchi oʻrinbosari |
Sud-huquq tizimini isloh qilish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash komissiyasi haqida
NIZOM
1. Sud-huquq tizimini isloh qilish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida tuziladi va doimiy asosda ish olib boradi.
2. Komissiya jamoatchilik asosida ishlaydigan Komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotib va aʼzolardan iborat boʻladi.
Komissiya tarkibi Oliy Majlisi Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
3. Komissiyaning asosiy vazifasi sud-huquq tizimini isloh qilish toʻgʻrisida takliflar tayyorlashdan iboratdir.
4. Komissiya asosiy vazifasiga muvofiq:
oʻz faoliyatining dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga, sudya kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish mexanizmini takomillashtirishga, sud protsessining tortishuv, sudlarda ishlarni koʻrishda davlat ayblovchisi va himoyachining huquqlari tengligi prinsiplarini amaliy jihatdan roʻyobga chiqarishga qaratilgan takliflar tayyorlaydi va, zarurat boʻlganda, tegishli qonun hujjatlarining loyihalarini ishlab chiqadi;
huquqni muhofaza qilish va boshqa davlat organlari, sudlar, advokatura, ilmiy muassasalar hamda boshqa tashkilotlardan sud-huquq islohotini oʻtkazishga taalluqli hujjatlar, yozma xulosalar, hisobot maʼlumotlari va boshqa materiallarni talab qilib oladi;
takliflar va qonun hujjatlarining loyihalarini kelishib olish yoki ekspertiza oʻtkazish uchun tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga, shuningdek olimlar va mutaxassislarga yuboradi;
zarur hollarda oʻz majlislariga sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari, vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlarning vakillarini taklif etadi hamda Komissiyaning sud-huquq tizimini isloh qilishga oid takliflari qanday bajarilayotganligi toʻgʻrisida ularning axborotini tinglaydi;
Komissiya aʼzolarining topshirilgan ishni bajarishga oid axborotlarini tinglaydi.
Komissiya oʻzining asosiy vazifasini bajarish bilan bogʻliq boshqa faoliyatni ham amalga oshiradi.
5. Komissiya oʻz ishini oshkoralik, masalalarni erkin muhokama etish va kollegial tarzda qaror qabul qilish, oʻz aʼzolarining keng tashabbuskorligi asosida olib boradi.
6. Komissiya aʼzolari Komissiya faoliyatida qatnashishlari, belgilangan vazifalar amalga oshirilishiga yordamlashishlari, Komissiya topshiriqlarini bajarishlari shart.
7. Komissiya masalalarni tayyorlash va chuqur ishlab chiqish uchun vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning xodimlarini, olimlar va mutaxassislarni jalb etishga, shuningdek Komissiya faoliyati bilan bogʻliq u yoki bu masalalarni tayyorlash uchun ular orasidan ishchi guruhlari tuzishga haqli.
8. Komissiya majlislari zaruratga qarab, ammo har oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
9. Komissiya majlislari, basharti ularda Komissiya tarkibining kamida yarmi hozir boʻlgan boʻlsa, vakolatlidir. Komissiya aʼzosi majlisga kelishga imkoni boʻlmagan taqdirda bu haqda Komissiya raisini oldindan xabardor etib qoʻyadi.
10. Komissiya koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qaror qabul qiladi. Komissiya qarori uning majlisida hozir boʻlgan Komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
11. Komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar Oliy Majlis rahbariyatiga maʼlum qilinadi va zarur boʻlsa, Oliy Majlis Kengashi muhokamasiga kiritiladi, shuningdek tegishli davlat organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuborilishi mumkin.
12. Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar Komissiya tomonidan yuborilgan, sud-huquq islohotini amalga oshirish bilan bogʻliq takliflarni koʻrib chiqishi hamda ularning natijalari toʻgʻrisida Komissiyaga xabar qilishi shart.
13. Komissiya raisi:
Komissiya faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
zarur materiallarning tayyorlanishini tashkil etadi, Komissiya majlisini chaqiradi va majlislarda raislik qiladi;
Komissiya faoliyati dasturini amalga oshirish jarayoni ustidan nazorat olib boradi;
Komissiya raisining oʻrinbosari, kotib va aʼzolarga topshiriqlar beradi, ularga Komissiya faoliyati bilan bogʻliq materiallar va hujjatlar yoʻllaydi;
sud-huquq tizimini isloh qilish yuzasidan Komissiya tayyorlagan takliflar toʻgʻrisida Oliy Majlis rahbariyatiga va Oliy Majlis Kengashiga axborot beradi;
Komissiya qarorlarini imzolaydi.
14. Komissiya raisining oʻrinbosari rais topshirigʻiga binoan uning ayrim vazifalarini bajaradi hamda rais yoʻqligida yoki uning oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan hollarda raisning vazifasini bajarib turadi.
15. Komissiya kotibi Komissiya faoliyatining tashkiliy jihatdan taʼminlanishini amalga oshiradi hamda uning ish yurituvini olib boradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 6-son, 159-modda)